Jamiyat tushunchasi. Jamiyatning vujudga kelishiga doir qarashlar. Jamiyatning vujudga kelishi haqida ajdodlarimiz hayotining arxeologlar topgan va odamlarning ko‘plab avlodlari bosib o‘tgan murakkab va fojialarga to‘la tarixiy yo‘ldan dalolat beradigan izlarga qarab xulosa chiqarish mumkin. SHunga qaramay inson va jamiyat kelib chiqishining to‘liq manzarasi fanda hanuzgacha yaratilmagan. Jamiyat kelib chiqishining diniy talqini ham (u o‘z mifologiyasini haqiqat deb tan olishni talab qiladi), idealistik konsepsiya (o‘zining spekulyativligi tufayli) va materializm (ilmiy dalillar etarli emasligi bois) ham asosli e’tirozlar uyg‘otadi. Kant materializmdan inson ruhining tabiatini tushuntiruvchi tamoyil sifatida foydalanish hech qachon mumkin emas, deganida, ma’lum ma’noda haq edi. Ammo, daliliy ma’lumotlar ozligiga qaramay, biz jamiyatning vujudga kelish manzarasini ancha aniq yaratish imkonini beradigan ilmiy dalillarga ishonch bilan qarash lozim deb hisoblaymiz.
Jamiyatning kelib chiqishini ilmiy tavsiflash borasidagi qarashlar.Bunday qarashlar mehnat va mehnat qurollari markscha nazariyasi doirasida amalga oshirilgan. Bu nazariyaga ko‘ra mehnat, so‘ngra burro nutq inson jamiyatini yaratgan. Inson hayotida mehnat qurollarining ahamiyatini rad etmagan holda, bu farazni tasdiqlovchi aniq ilmiy dalillarga duch kelmadik. Z.Freyd inson vijdonini uning kelib chiqish manbai deb hisoblagan. Etnografik tadqiqotlar bu farazni umuman tasdiqlamaydi. Y.Xeyzinga o‘yin va o‘yin faoliyatiga madaniyatning insonni shakllantiruvchi asosiy tamoyil sifatida qaraydi. Ernst Kassirer (1875-1945) ilgari surgan farazga ko‘ra, simvolik shakllar, ya’ni inson va uning ongi paydo bo‘lishini belgilagan ramzlar va belgilar madaniyatning turli shakllarini birlashtiruvchi oliy va universal tamoyil hisoblanadi. Kassirer fikriga ko‘ra qadimgi ajdodlarimiz ularning yashab qolishini ta’minlovchi etarli tabiiy kuchga ega bo‘lmagan. Inson o‘zining hayvonlar xulq-atvorini kuzatish va ularga taqlid qilish qobiliyati bilan yashab qolish imkoniyatini qo‘lga kiritgan. O‘z navbatida taqlidga asoslangan xulq-atvor ramziy belgilar, keyinchalik esa nutq vujudga kelishiga asos bo‘lgan.
To‘plangan tajribani belgilar tizimida qayd etish va avloddan-avlodga o‘tkazish qobiliyatining shakllanishi hayvonlar to‘dasi kishilik hamjamiyatiga aylanishining muhim omili bo‘lgan deb taxmin qilish mumkin. Bunday qobiliyatga hayvonlarning biron-bir turi ega emas. Namoyish etish, o‘rnak ko‘rsatish, taqiqlar va cheklashlar tizimi muloqotning nafaqat noverbal, balki asta-sekin shakllangan verbal vositalarida ham o‘z ifodasini topgan. Muloqot mehnat ko‘nikmalarini mustahkamlash, ovqat topish va unga ishlov berishni tartibga keltirish, o‘z kollektiv harakatlarini muvofiqlashtirish imkonini bergan. Etnografik ma’lumotlar tajribani avloddan-avlodga o‘tkazish va kollektiv faoliyat ko‘nikmalarini shakllantirish shakli sifatida o‘yin ulkan ahamiyat kasb etganidan dalolat beradi.