Moturidiylik va ash’ariylik. Mutakallimlar Qur’on oyatlari, hadislar va sahobiylarning tutgan yo’li asosida aqida masalalarini mufassal bayon etib berganlar. Aqida borasida faoliyat olib borgan olimlar orasida Abu Mansur Moturidiy va Abul Hasan Ash’ariy alohida o’rin egallaydi. Bu olimlar Ahli sunna val jamoa aqidasi bo’yicha Imom deb tan olindilar. «Ahli sunna val jamoa» to’rt fiqhiy mazhabdan biriga amal qilib kelayotgan bo’lsalar, aqidaviy masalada moturidiylik va ash’ariylikning aqidaviy ta’limiga asoslanadi. Bunga ko’ra, hanafiy mazhabi moturidiylik, molikiy, shofeiy va hanbaliy mazhabi ash’ariylik ta’limotida deb qaraladi. SHu o’rinda bu ikki maktab vakillari haqida biroz ma’lumot berib o’tish o’rinlidir. Moturidiylik aqidaviy maktab asoschisi buyuk kalom imomi va fakih Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hanafiy Moturidiy Samarqandiy (853-944) bo’lib, u asli Samarqandning Moturid qishlog’ida (hozirgi Jomboy tumanida joylashgan) dunyoga kelgan va taxallusi shu qishloqqa nisbatan olingan. Abu Mansur Moturidiy dastlabki ta’limni o’z qishlog’ida olib, keyinchalik Movarounnahrning o’sha davrdagi diniy va ma’rifiy markazi bo’lgan Samarqandda davom ettiradi. Moturidiy Abu Bakr Ahmad Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad Iyodiy, Imom A’zam mazhabidagi buyuk olim Nasr ibn Yahyo Balxiy, Muhammad ibn Fadl kabilarni o’zining ustozi deb bilgan. Moturidiy fiqh va kalom masalalariga qiziqib, o’z zamonasining taniqli hanafiy mazhabi olimlaridan saboq oladi. SHu vaqt davomida ko’plab mashhur faqihlar va muhaddislar bilan muloqotda bo’lib, bahs-munozaralari bilan taniladi va shu sohaga oid asarlar yozib qoldiradi. Bunday asarlar qatoriga «Kitab at-Tavhid», «Kitab al-maqomat», «Kitab rad avoil al-adilla li-l-Ka’biy», «Kitab al-usul», «ar-Radd ala usul al-Qaromita», «Kitab ta’vilot ahli sunna» va boshqalarni keltirish mumkin.
Bugungi kunga qadar Abu Mansur Moturidiyning ko’plab asarlari saqlanib qolmagan, ulardan yetib kelganlari esa asosan xorijiy mamlakatlarning kutubxona va qo’lyozma fondlarida saqlanadi.
Imom Moturidiyning «Kitab ta’vilot ahli sunna» (boshqa bir nomi «Ta’vilot al-Qur’on») asarida sunniy aqidaga zid qarashlarni rad etish yo’lidan boradi va Abu Hanifaning qarashlariga suyangan holda sof aqida yo’lini tutadi. Moturidiyning shu birgina asari keyingi davrlarda yashagan ko’p allomalarning asarlariga xamirturush vazifasini bajardi.
Musulmon olimlar aqida masalasida asosan ikki manbaga tayanganlar: birinchisi naqliy dalillar, ya’ni Qur’on oyatlari, hadislar va ularga qo’shimcha tarzda sahobiy va tobeiylar ijmosi (mujtahid olimlarning biror fikrga ittifoq qilishi) hamda ijtihod (olimning biror masaladan shariy hukm olish uchun qilgan urinishi)laridir. Ikkinchisi esa, aqliy dalillar. Imom Moturidiy ham naqliy, ham aqliy dalillarni uyg’unlashtirgan holda ilmiy xulosalar chiqarganiga duch kelamiz. CHunonchi, ko’pchilik odamlarning aql-tafakkuri ko’p hollarda naqliy dalillarni qabul qila olmaganidan imom Moturidiy o’z o’rnida aqliy dalillardan ham foydalangan. SHuni ham alohida ta’kidlash lozimki, moturidiylik (ash’ariylik ham)da ham aqliy dalillar naqliy dalillardan keyingi o’ringa qo’yiladi. O’sha davrda mo’’taziliylar naqliy dalillardan oldinga aqliy dalillarni qo’yib, agar aqliy dalil naqliy dalilga, ya’ni oyat va hadislarga qarshi chiqsa, ularni inobatga olmaganlar.
Imom Moturidiyning asosiy xizmatlari shundan iboratki, o’sha davrdagi aqidada adashgan oqimlarning salbiy ta’sirining oldini olish, ularning qarashlariga qarshi asosli va kuchli dalillar keltirib raddiya berish, haqiqiy islom aqidasini himoya qilish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan javob berish, shu bilan birga musulmonlar uchun aqida borasida asosli qo’llanmalar yaratish va tarqatishdan iborat bo’lgan deyish mumkin.
Imom Moturidiy ko’plab shogirdlar yetishtirdi, ular o’z ustozlarining ta’limotini davom ettirishgani tufayli hanafiy mazhabida kalom ilm bo’yicha maktab vujudga kelganini ko’rish mumkin.
Moturidiy «Imom al-huda» (hidoyat yo’li imomi) va «Imom al-mutakallimin» (mutakallimlar imomi) kabi nomlar bilan dovruq qozongan.
Ash’ariy ta’limotining asoschisi Abul Hasan Ali ibn Ismoil ibn Ishoq ibn Solim ibn Abdulloh ibn Muso Abu Muso Ash’ariydir (873-941). U boshlang’ich saboqlarni o’z otasidan oladi, keyinchalik o’z zamonasining taniqli olimlari Abu Ishoq Marvaziy va Ibn Surayjdan fiqh ilmini o’zlashtiradi, Zakariyo ibn Yahyo Sojiydan hadis ilmini o’rganadi. U taxminan qirq yoshlaridan keyin Bog’dodga ko’chib kelib, umrining oxirigacha shu shaharda yashab qoladi. U umri davomida yuzga yaqin asarlar yozgan bo’lib, ulardan «al-Fusul fi-r-radd ala-l-mulhidin», «ar-Radd ala-l-mujassima», «Izoh al-burhon fi-r-rad ala ahl az-zayg’ va-t-tug’yon», «an-Naqs ala-l-Jubboiy», «Maqolot al-mulhidin», «Tafsir Abu-l-Hasan», «Imomat Abu Bakr Siddiq» kitoblari ilm ahlining nazariga tushgan. Imom Ash’ariy aqiydaviy dalil-isbot keltirishda naqldan va aqldan foydalanib, aqliy va mantiqiy dalillardan hujjat sifatida foydalanadi. SHuningdek, falsafiy masalalardan ham o’z o’rnida iste’foda etganiga duch kelish mumkin. CHunki Ash’ariy mo’’taziliy, faylasuf, qarmatiy, botiniy, rofiziy va boshqalarga raddiyalar bergani bilan aqida ilmi sohasida tanilgan allomalardan biridir.
Abul Hasan Ash’ariy ahli sunnat va jamoaning ash’ariya e’tiqodiy ta’limotini tarqatayotgan vaqtda Samarqandda Abu Mansur Moturidiy ham moturidiya ta’limotiga asos solgan edi. Bu ikki imom bir vaqtda yashab, bir-birlari bilan uchrashmagan bo’lsa-da, ularning aqidaviy qarashlari deyarli bir xil. Bu ikki alloma qarashlarida ayrim masalalarda lafziy ixtiloflar ko’zga tashlansa-da, ularning asl maqsadi bir-biridan farq qilmaydi. Boshqacha aytganda, ikki ta’limot orasidagi ba’zi ixtiloflar lafziy bo’lib, mohiyatan bir-birini qo’llab-quvvatlaydi. SHu nuqtai nazardan olib qaraganda, bu ikki alloma o’zaro bir-birini adashganlikda yoki bid’atchilikda ayblamaydi hamda o’zaro bir-birlarini «ahli sunna val jamoa» deb e’tirof etadilar.
Ash’ariy va moturidiylik orasidagi asosiy farq imon masalasiga borib taqaladi. Moturidiy ta’limotiga ko’ra, imon til bilan iqror bo’lib, dil bilan tasdiqlashdan iborat, ammo amal imon tarkibiga kiritilmaydi. Ash’ariylikda esa, imonga amalni ham qo’shiladi. SHu sababdan moturidiylik tarqalgan yurtlarda imon keltirgan kishi musulmon hisoblanadi, ammo amal qilmagani uchun gunohkor bo’ladi, deb yuritiladi.
O’rni kelganda aytib o’tish lozimki, manbalarda «moturidiya mazhabi», «ash’ariya mazhabi» degan atamalar uchrab turadi. Bundan imom Moturidiy imom Abu Hanifaning aqidaga doir ta’limotini rivojlantirgan bo’lsa, Imom Ash’ariy imom SHofeiyning e’tiqodiy qarashlarini takomillashtirdi, degan fikrga kelish mumkin. Hozirgi kunda moturidiylikka hanafiy mazhabi yo’lini tutganlar ergashsa, ash’ariylikka molikiy, hanbaliy, shofeiy mazhabidagilar amal qiladilar.
Mazkur ikki allomaning ta’limotlari islom olamida keng tarqaldi va asrlar davomida musulmonlarni sof e’tiqodda bardavom bo’lishiga, oyat va hadislarning ma’nolarini to’g’ri anglab, hayotga tadbiq etib kelishlariga, e’tiqodi noto’g’ri turli oqimlar ta’siriga tushib qolmaslikka sababchi bo’ldi. Abu Mansur Moturidiy va Abul Hasan Ash’ariylarning sof aqidani musulmonlarga yetkazishdagi xizmatlari beqiyos bo’lib, ularning aqidaviy ta’limotiga hozirgacha musulmonlar tomonidan alohida e’tibor bilan amal qilib kelinmoqda. Ular o’z asarlarida islom aqidasini yoritish barobarida adashgan oqimlarga raddiyalar ham berganlar. SHu bois Imom Moturidiy «hidoyat imomi» deb yuritilsa, imom Ash’ariy «ahli sunna homiysi» degan nomga sazovor bo’lganlar.