al-hadis al-qudsiy. Ma’nosi Alloh taolodan bo’lib, aytilishi, ya’ni lafzi Rasululloh (s.a.v.)dan bo’lgan hadislar. SHuningdek, u «Hadisi Rabboniy», «Hadisi ilohiy» deb ham aytiladi. Uni Alloh taolo o’z nabiyiga ilhom berish, tushida ko’rsatib bildirish orqali xabar beradi, qudsiy hadisning martabasi Qur’oni karim bilan hadisi nabaviy o’rtasidadir;
al-hadis an-nabaviy (bunda ma’no ham, lafz ham Payg’ambarniki deb hisoblanadi).
Ilk islom davrida hadislarning Qur’oni karim oyatlariga aralashib ketishi oldini olish uchun ularni yozish ta’qiqlangan edi. Qur’on oyatlarining aksar qismi nozil bo’lgandan so’ng hadislarni yozma qayd qilib borishga ijozat berilgan va ba’zi sahobalar tomonidan yozib borilgan.
Ilk hadis to’plami xalifa Umar ibn Abdulaziz ko’rsatmasiga binoan muhaddis Muhammad ibn Shihob Zuhriy (670-721) tomonidan yozilgan. Shu davrdan e’tiboran hadis to’plamlarini yozish odat tusiga kirib, boshqa olimlar ham bu ishni davom ettirdilar.
Hijriy III – milodiy IX asr hadis ilmi tarixida oltin davr hisoblanadi. Bu davrda hadislarni ishonchli manbalarga asoslanib, maromiga yetkazib, ilmiy ravishda tartibga solish olimlar orasida eng sevimli hamda zaruriy mashg’ulot darajasigacha yetgan. Shuningdek, bu asrda to’plangan hadislar ilmiy nuqtai nazardan muayyan qonun-qoidalarga tayangan holda tartibga tushirilgan.
IX asr mavjud hadis to’plamlari qayta ishlangan holda ularni boblar bo’yicha tasnif qilib, musannaflar yozish davri bo’ldi. Musannaflar tuzilishi mobaynida hadislar, asosan ularning isnodlari tanqidiy o’rganilib, sahih (ishonchli)lari hasan va zaif (ishonchsiz)laridan ajratildi. Islom olamida shunday musannaflardan oltitasi XII – XIII asrlardan boshlab alohida e’tiborga molik deb sanala boshlandi. Faqat sahih hadislarni birinchi to’plagan kishi muhaddislar imomi nomi bilan mashhur bo’lgan Imom Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (vaf. 870 y.) edi. U faqat sahih hadislarni jamlab, mavzularni boblarga ajratdi va o’z asarini «al-Jome’ al-musnad as-sahih al-muxtasar min umur Rasululloh (s.a.v.) va sunanihi va ayyamihi» (qisqacha «al-Jome’ as-sahih») deb nomladi. Imom Buxoriydan keyin bu ishni uning shogirdi Imom Muslim ibn Hajjoj Qushayriy (vaf. 875 y.) davom ettirdi. Mazkur muhaddislardan tashqari Imom Abu Dovud (vaf. 888 y.), Imom Abu Iso Termiziy (vaf. 892 y.), Imom Nasoiy (vaf. 916 y.), Imom Ibn Moja (vaf. 887 y.) kabi olimlar ham faoliyat yuritib, o’zlarining «Sunan» asarlarini yozib hadis ilmida o’chmas iz qoldirdilar.