O’zbekiston Respublikasi davlat ramzlarining qabul qilinishi.
Davlat ramzlari haqida so’z ketganda, avvalo, uning tushunchasini aniqlashtirish lozim. Umuman, davlat ramzlari tushunchasi huquqiy adabiyotlarda turlicha ta‘riflanadi. Masalan, yuridik lug’atlarda quyidagicha ta‘rif berilgan: Davlat ramzlari – Konstitutsiya yoki alohida qonun bilan mustahkamlangan maxsus, odatda, tarixiy shakllangan, o’ziga xosligini ifodalovchi, ba‘zan, shuningdek, ma‘lum bir g’oyaviy ma‘noni ifodalaydigan belgilaridir. Odatda, davlat ramzlariga davlat bayrog’i, davlat gerbi, davlat madhiyasi, davlat ranglari, davlat boshlig’i shtandarti, davlat muhri, davlat shiori kiradi. Ba‘zida ayrim Konstitutsiyalar davlat ramzlariga bayram kunlarini ham qo’shadilar (Қаранг: Символи государственние // Большой юридический словар / Под ред. А.Й.Сухарева, В.Д.Зоркина, В.Е.Крутских. –Москва, 1999. –623-624-б.). Shuningdek, mamlakatimizda 1998 yilda chop etilgan ilmiy-ommabop lug’atda Davlat ramzlari – davlat mustaqilligini shartli ravishda belgilovchi tashqi belgi, nishona yoki timsollardir, bular muayyan davlatning bayrog’i, gerbi, milliy valyutasi va madhiyasi. Ular mazkur davlatning tuzumini, xalqning tabiat-mentalitetini, iqtisodiy asoslarini va boshqa muhim belgilarini anglatadi, - deb ta‘riflanadi (Qarang: Davlat ramzlari // Mustaqillik ilmiy-ommabop lug’at. –T.: 1998. – 45 b.).
Har qanday mustaqil davlat singari O’zbekiston Respublikasi ham o’z oliy davlat hokimiyati tomonidan belgilangan va Asosiy Qonun – Konstitutsiyaning 5-moddasida mustahkamlangan davlat ramzlari – Bayrog’i, Gerbi va Madhiyasiga ega. Davlat ramzlarining mavjudligi O’zbekistonning amalda mustaqilligini yaqqol tasdiqlaydi.
O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’i, gerbi va madhiyasining ishlab chiqilishi va qabul qilinishi jarayoni ikki yarim yil davom etdi. Davlat bayrog’i, gerbi va madhiyasini qabul qilish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, uning tomonidan tayyorlangan loyihalar umumxalq muhokamasidan o’tkazildi. Bunda, ayniqsa, Prezident I.A.Karimovning umumxalq muhokamasi davomida tushgan takliflarni umumlashtirib, davlat bayrog’idagi uchta asosiy ranglarni – moviy, oq va yashil yo’llarni o’z qo’li bilan chizib komissiyaga taqdim etganligini va bu O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’ining qabul qilinishida asos bo’lganligini ta‘kidlash joiz. O’zbekistonning davlat ramzlari muqaddas bo’lib, ularni hurmat qilish, qonunda belgilangan tartibda e‘zozlash hamda ulardan faxrlanish mamlakatimiz har bir fuqarosining insoniy va fuqarolik burchidir. Zero, davlat ramzlarini har qanday yo’l bilan kamsitish, tahqirlash, qadr-qimmatini pastga urish uchun qonunda tegishlicha javobgarliklar nazarda tutilgan.
Davlat ramzlarining davlat hayotida tutgan o’rni va ahamiyatini to’laroq tushunib olish uchun, avvalo, ularning mohiyatini, nima uchun zarurligini bilib olish kerak. Davlat ramzlari orasida Davlat bayrog’i salmoqli o’rin tutadi. Chunki u ko’zga yaqqol tashlanib, boshqa ramzlardan hajmi, tasviri, keng foydalanilishi va boshqa jihatlari bilan alohida ajralib turadi. Davlat bayrog’i – tasviri qonun tomonidan (ko’pincha Konstitutsiya bilan) o’rnatiladigan, biror davlatni boshqa davlatlardan farqlovchi rasmiy belgisi, nishoni. U davlat mustaqilligi, suvereniteti ramzi hisoblanadi. Davlat bayroqlari, ularning rangi, tuzilishi va emblemalari o’zboshimchalik bilan, ixtiyoriy sur‘atda belgilanmaydi. Ular qonun bilan belgilanadi va ma‘lum ramziy ahamiyatga ega bo’ladi.
Davlat bayrog’i, odatda, har qanday suveren mamlakatning davlat muassasalari, elchixonalari, konsulliklari, missiyalari, bojxonalari va shu kabi idoralarning binosida ko’tariladi. Elchixonalar, missiyalar, konsulliklar milliy bayramlari kuni o’z davlatining bayrog’ini osib qo’yadilar. Davlat bayroqlari, shuningdek, xalqaro konferensiyalar ochilishida, rasmiy marosim-uchrashuvlar vaqtida, xalqaro sport sovrinlari berilayotgan vaqtda va hokazo holatlarda ham ko’tariladi.
Davlatimiz bayrog’i muqaddas va daxlsizdir, u davlatimiz mustaqilligining ramziy belgisidir. Mustaqil O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i 1991 yil 18 noyabrda Oliy Kengash tomonidan qabul qilingan qonun bilan tasdiqlangan. Ushbu qonunga 1992, 1999, 2004 va 2010 yillarda qator qo’shimcha va o’zgartishlar kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i ramzi mamlakatimiz hududida ilgari mavjud bo’lgan g’oyat qudratli saltanatlar bayroqlariga xos bo’lgan eng yaxshi an‘analarni davom ettirgan holda respublika tabiatiga xos xususiyatlarni, xalqimizning milliy va madaniy o’zligini ham aks ettiradi.
Bayroqdagi moviy rang – mangu osmon va musaffo suv ramzidir. Yaxshilikni, donishmandlikni, shon-shuhratga sadoqatni bildiruvchi moviy rang Sharqda azaldan qadrlanadi, o’z vaqtida buyuk Amir Temur ham o’z bayrog’iga bu rangni tanlagan.