Islom dini paydo bo’lishidagi ijtimoiy sharoit (Tayanch atamalar: Islom dini, Islomda mazxablar, Xorijiylik, Sunniylik, Qur’oni Ka’rim, xadis, Imon, aqida, mazhab, oqim, firqa, hanafiylik, shofeiylik, molikiylik, hanbaliylik, fiqh, fatvo, mujtahid, sunniylik,tariqat.)
Islom dini shakllanishidagitarixiy sharoit.Islomning vujudga kelishini tahlil etish o’sha tarixiy davr-VI-VII asrlarga xos xususiyatlar, arab qabilalari o’rtasida hukmron bo’lgan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar va ularning diniy-g’oyaviy hayoti bilan qisqacha tanishib chiqishni taqozo etadi.
Arabiston yarimoroli iqlim sharoiti noqulay qumli sahrolar va tog’lardan iborat bo’lib, ko’chmanchi aholisi badavlat V-VII asrlarda chorvachilik bilan shug’ullanar edi. Yarimorolning nisbatan yaxshi iqlim sharoitiga ega bo’lgan qismida joylashgan Yaman nomli kichik bir viloyat, qadimdan rivojlangan qishloq xo’jalik va madaniyat markazlaridan biri bo’lgan. U yerda quldorlik tuzumi taraqqiy etgan, so’nggi quldorlik davlati bo’lgan Xim’yariylar podsholigi eramizning II asrida tashkil topgan va VI asr boshlarida tanazzulga yuz tutgan. Lekin yarimorolning boshqa hududlari-suvsiz sahrolardan iborat bo’lganligi sababli o’troq dehqonchilik faqat va ayrim joylarda sahrolar o’rtasidagi onda-sonda uchraydigan kichik vohalardagina birmuncha taraqqiy etgan edi. Bu yerlarda dehqonchilik ham noqulay iqlim sharoiti tufayli har tomonlama cheklangan edi, asosan xurmo va arpa yetishtirilardi.
Og’ir iqlim sharoiti va ishlab chiqaruvchi kuchlar zaif rivojlanganligi sababli Arabiston yarimorolida yashagan ko’pchilik qabilalar taraqqiyot jihatidan Misr, Vizantiya, Eron, Mesopotomiya kabi qadimiy madaniyat markazlari aholisiga nisbatan ancha orqada qolib ketgan edi. Yarimorolning g’arbiy qismida Qizil dengiz qirg’oqlari bo’ylab cho’zilgan va Hijoz deb nom olgan hudud bu davrda iqtisodiy jihatdan birmuncha rivojlangandi. Buning sababi suvli vohalarda dehqonchilik bilan shug’ullanish imkoniyati mavjud bo’lganligidan va janubdan shimolga tomon qadimiy karvon yo’li o’tganligida edi. Tarixiy manbalarga ko’ra, VI asr o’rtalarida bu yo’l janubda Yaman orqali Habashiston va Hindiston bilan, shimolda Suriya orqali Misr, Vizantiya va Eron bilan bog’langan. o’z davri uchun katta iqtisodiy ahamiyatga ega bo’lgan Hijozdagi ayrim aholi manzillari, shaharlar, xususan yo’l ustida joylashgan Yasrib (Toif) shahri, VI asrda ancha kengaygan va gavjum savdo markazlariga aylangan edi.
Makka savdo markazi sifatida katta ahamiyatga ega bo’lib, atrofdagi qabilalarga boshqalarga nisbatan kuchliroq ta’sir ko’rsatar edi. Makkada Ukaz nomli katta bozor joylashgan edi. Arab qabilalari o’rtasida Makkaning diniy markaz sifatida roli ham ancha oshgan edi. Makkada Ka’batilloh ibodatxonasi turli arab qabilalarining 360 xudosining sanam, ya’ni butchalari mavjud bo’lgani tufayli bu shahar o’z atrofida yashovchi ko’p qabilalar uchun e’tiqod markazi - ziyoratgohga aylangan edi. Arablarda ham tijorat, ham ziyorat deb bejiz aytmaganlar.
V-VII asrlarda Makkada arablarning quraysh qabilasi hukmron bo’lib, bularning yuqori tabaqalari savdo-sotiq avj olishi natijasida ancha boyib ketgan; pul muomalasi, sudxo’rlik rivojlangan, shuningdek, qul savdosi va qullarning mehnatidan foydalanish ham ancha kengaygan.
SHarqshunos olimlarning tadqiqotlari shundan dalolat beradiki, qadimiy Yamanni istisno qilganda, Arabiston yarimorolida yashovchi qabilalar uchun V-VI asrlarni iqtisodiy urug’-qabilachilik tuzumi yemirila boshlagan va quldorlik munosabatlari vujudga kela boshlagan davr, deb tavsiflash mumkin va lozim. o’sha davrda kuchli imperiyalar bo’lgan Vizantiya va Eron o’rtasida Yamanni qo’lga kiritish va karvon yo’llarida o’z hukmronligini o’rnatish uchun kurash davom etgan.
Yaman sosoniylar hukmronligiga o’tgan davrlarda (572-628 yillar) Eron ko’rfazi orqali Hindistonga boradigan yo’l tez rivojlana boshlagan va shu munosabat bilan Hijoz orqali o’tgan karvon yo’li inqirozga uchragan. Bu hol faqat Hijoz shaharlarigagina emas, balki barcha arab qabilalari hayotiga ham jiddiy ta’sir ko’rsatgan va Arabistonda ijtimoiy-iqtisodiy inqirozning boshlanishiga sabab bo’lgan.
Savdodan keladigan daromad kamayib ketishi natijasida quraysh zodagonlari o’rtasida sudxo’rlik avjga chiqqan; qullar, kambag’allarni ezish kuchaygan Makka va Hijozning boshqa shaharlarida mazlumlar bilan zolimlar orasidagi qarama-qarshiliklar keskinlashgan. Bir tomondan, qul egalari bilan qullar o’rtasida, ikkinchi tomondan, qabila zodoganlari bilan oddiy mehnatkashlar o’rtasida sinfiy qarama-qarshiliklar kuchaygan. Qabilalarning yuqori tabaqalari, ayniqsa, Makka zodagonlari qo’shni mamlakatlarni bosib olib katta boylik, o’ljani qo’lga kiritish va shu orqali hokimiyatni mustahkamlash, iqtisodiy inqirozdan qutilish haqida tez-tez o’ylay boshlaganlar.
Ammo tarqoqlik va kelishmovchiliklarga barham berish, barcha arab qabilalarini, ularning iqtisodiy va harbiy imkoniyatlarini yagona davlatga birlashtirish zarur edi.
Arab xalqi hayotni VI asr oxiri VII asr boshlarida yuz bergan jiddiy tarixiy voqelar arab qabilalarining ijtimoiy hayot taqozasi bilan vujudga kelgan markazlashishga intilishga undagan. Islom ayni shu intilishni o’zida aks ettirgan g’oya, mafkura sifatida yuzaga kelgan, markazlashgan arab davlatining vujudga kelishi, qo’shni malakatlarning bosib olinishi, arab xalifaligining kengayishi jarayonida kuchli g’oyaviy qurol sifatida xizmat qilgan.
Markaziy va SHarqiy Arabiston yarim oroli sahrolarida yashagan arab badaviylari o’rtasida ibtidoiy tuzumga xos bo’lgan politeistik ma’jusiylik diniy tasavvurlari hukmron edi.
V-VI asrlarda bu qabilalarning diniy e’tiqodlari totemizm, fetishizm va animizm kabi diniy tasavvurlarning qorishig’idan iborat edi. Ko’p qabilalar alohida toshlarga e’tiqod qilar, insonga yordam beradigan ezgu ruhlar, yovuz jinlar va ayyor shaytonlar to’g’risidagi tasavvurlar keng tarqalgan edi.
Har bir qabila o’z xudosining sanamiga sig’inar, topinar edi. Bu hol dinshunoslikda ko’p xudolilikning arablarga xos ko’rinishi, deb tavsiflangan. Qur’onda bunday e’tiqod shirk deb nom olgan. Bundan tashqari arab qabilalari o’rtasida Quyosh va Oyga topinish ham mavjud edi.
V-VI asrlarda arab qabilalari urug’-qabilachilik tuzumi yemirila boshlagan, ibtidoiy diniy tasavvurlar tanazzulga yuz tutgan edi. Qabilalar o’rtasida markazlashishga bo’lgan intilishning g’oyaviy in’ikosi sifatida yakka xudolikka xos diniy aqidalarning kurtaklari shakllana boshlagan. Yakka xudolilik to’g’risidagi bunday diniy ta’limot islomdagina emas, balki u paydo bo’lmasdan birmuncha vaqt ilgari Arabistonning ayrim joylarida targ’ib qilina boshlagan edi. Islom esa ana shu targ’ibotlarning galdagi shakllanishi va tarkib topishining natijasi sifatida vujudga kelgan.
Islomdan ilgari arab qabilalari orasida yakka xudolilik to’g’risida targ’ibot yuritgan, o’zini payg’ambar deb e’lon qilgan shaxslar tarixiy manbalarda “xaniflar”, ya’ni xaq-haqiqat izlovchilar nomi bilan ma’lumdir. Islomning paydo bo’lishi arab qabilalari o’rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning muayyan bosqichi bilan bog’liq bo’lgan.
Hijozda “xaniflar” deb atalgan yagona xudoga e’tiqodning bir necha tarafdorlari Muhammad payg’ambargacha ham bo’lgan va ular xristian yoki yahudiy bo’lmaganlari holda yakka xudoga va oxirat kuniga ishonganlar. Ulardan Musaylima, Sajjoh, Tulayx, Asvod kabilarning nomlari rivoyatlarda saqlanib qolgan.
Muhammad payg’ambar hijriy 11-yilning rabi-al-avval (632 yil iyunь) oyida Madinada 63 yoshida vafot etgan. Bu davrda anchagina mustahkam musulmon davlati vujudga kelgan; u Yamandan Sino yarimoroligacha, Qizildengiz sohillaridan markaziy qum sahrolari-Sahroi Kabirgacha cho’zilgan katta hududni o’z ichiga olgan edi. Muhammad vafotidan keyin uning o’rinbosarlari-xalifalar davlatni boshqara boshlaganlar. SHu munosabat bilan musulmonlar davlati o’zining bundan keyingi tarixida “Arab xalifaligi” deb nom olgan. Muhammad vafot etgan birinchi kunlardanoq musulmonlar jamoasining yo’lboshchilari o’rtasida hokimiyat uchun kurash va o’zaro ixtiloflar boshlangan. Bu kurashda muhojirlar guruhi g’olib chiqqan va Muhammadning ilk safdoshlaridan biri Abu Bakr xalifa deb e’lon qilingan.
Abu Bakr hukmronligining (632-634 yillar) dastlabki yilla-ridanoq bir qator arab qabilalari o’rtasida Madina hukmronligiga qarshi o’z mustaqilligi uchun harakat boshlangan. Bundan tashqari ayrim joylarda o’zini payg’ambar deb e’lon qilgan mahalliy targ’ibotchilar rahbarligi ostida islomga qarshi diniy-g’oyaviy mustaqillik uchun kurash boshlangan. Vizantiyaning kuchsiz qo’shinlari jiddiy qarshilik ko’rsatishga ojizlik qilganlar. Xalifa Umar zamonida istilolar yanada kchaygan; 634 yili Basra, 640 yili Quddusi SHarif olingan va Falastin, Suriya yerlari to’la ravishda xalifalik qo’liga o’tgan. SHu vaqtning o’zida Mesopotamiya va Eronga ham yurishlar boshlangan. 637 yili arab qo’shinlari sosoniylar poytaxti Ktesifonga bostirib kirganlar, 644-645 yillarda Hindiston chegaralariga yaqinlashganlar. 639 yilda Misrga qarshi hujum boshlangan, shimoliy va shimoli-sharqiy tomonga yurish boshlagan arab qo’shinlari 640 yilda Armanistonni bosib olganlar, 647 yilgacha arablar SHimoliy Afrika qirg’oqlarini Tunisgacha bosib olganlar.
Ulardan keyingi xalifalar-Usmon (644-656) va Ali (656-661) zamonlarida ham istilolar davom etgan. Kavkaz va Markaziy Osiyo tomoniga harbiy yurishlar kuchaygan. Qisqa vaqt ichida Gruziya, Ozarbayjon, Eronning shimoliy qismi, Xuroson, Marv yerlari arablar qo’l ostiga o’tgan va xalifalik qo’shinlari Amudaryo sohilla-riga chiqqan. SHunday qilib, 30 yildan ozroq muddat ichida arab xalifaligi yuqorida eslatilgan yurtlarni, o’sha zamondagi eng katta imperiya bo’lgan Vizantiyaga qarashli katta territoriyani ham bosib olgan, sosoniylar imperiyasini tamomila yiqitgan.Natijada Amudaryo sohillaridan SHimoliy Afrikagacha, Tbilisi va Darbanddan Yaman hamda Ummongacha cho’zilgan yangi imperiya vujudga kelgan. Arab qo’shinlari badaviylar va boshqa har xil qabilalardan yollab olib tuzilgan bo’lib, o’z zamonining harbiy san’at va texnika darajasidan ham ancha orqada edi. Osonlik bilan erishilgan g’alabalarning asosiy sababi ularga jiddiy qarshilik ko’rsatadigan kuchning yo’qligida, borlarining ham tarqoqligida edi. Qadimiy imperiyalar-Vizantiya va Eron o’zaro urushlar tufayli holdan toygan, ularning qudrati so’nib, chiriy boshlagan edi. SHimoliy Hindiston, Markaziy Osiyo va Kavkazda ham yirik davlatlar yo’q edi; mayda feodal davlatlar o’zaro urushlar natijasida kuchsizlangan va tarqoq holda edi. SHuning uchun ham arab qo’shinlari nisbatan qisqa davr ichida ana shunday katta hududlarni bosib olishga muvaffaq bo’lgan edilar.
2. Muxammad payg’ambar(a.s.) xayoti vafaoliyati. Islomda payg’ambar sifatida e’tirof etilgan, quraysh qabilasining hoshimiylar xonadonidan bo’lgan Muhammad ibn Abdullo islom da’vatida tarqalishida va ta’limotini shakllantirishda yetakchi rol o’ynagan.
Payg’ambar forscha so’z bo’lib, xabarchi, darakchi demakdir. Arabcha nabiy deyiladi. Rasul so’zi arabcha bo’lib, ma’nosi elchidir. Binobarin, payg’ambarlar ilohiy ta’limot va din aqidalarini o’z ummatlariga yetkazuvchi xabarchidir, Ollohning elchisidir. Payg’ambarlarning adadi Qur’on, Hadis va boshqa manbalarda qat’iy belgilanmagan. Ba’zi manbalarda ularning soni 124 ming deyiladi. Qur’oni Karimda 25 nafar payg’ambarning nomi tilga olingan. Ular Odam, Idris, Nuh, Xut, Solih, Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Yaqub, Yusuf, Lut, Ayyub, Zi-l-Kifl, Yunus, Muso, Xorun, SHuayb, Ilyos, al-Yasa’, Dovud, Sulaymon, Zakariyo, Yahyo, Iso va Muhammaddir. Islom ta’limotiga ko’ra barcha payg’ambarlarga barobar iymon keltiriladi.
Tarixiy manbalardagi va Qur’on oyatlaridagi ayrim ishoralarga ko’ra, Muhammad payg’ambar 57071 yilda Makkada tug’ilgan, yoshligida yetim qolgan, avval bobosi qo’lida, u vafot etgach, amakisi qo’lida tarbiyalangan, balog’atga yetgach, savdogarlar qo’lida xizmat qilgan. 25 yoshida beva boy xotin Xadichaga uylangan va uning mablag’lari bilan mustaqil savdogarlik qila boshlagan. Savdo karvonlari bilan Suriya, Falastin va Mesopotamiyaning ayrim shaharlarida bo’lgan; u yerlardagi diniy e’tiqodlar bilan tanishgan, ruhoniylar bilan suhbat qilgan. U taxminan 39-40 yoshlarga kirganda Makkada yakka xudo - Ollohga e’tiqod qilish to’g’risidagi targ’ibotni boshlagan. Diniy nazariyada islom Olloh yuborgan so’nggi mujassam din ekanligi, Qur’on Ollohning mo’’jiza kalomi bo’lib, Muhammad payg’ambarga vahiy tarzida tushgan, tilovati ibodat hisoblanuvchi kitob deb talqin qilingan. Ilk vahiy-diniy ta’limotga ko’ra ramazon oyining yigirma yettinchi kuniga o’tar kechasi, milodiy hisob bilan 610 yilning 31 iyulidan 1 avgustiga o’tar kechasi boshlangan va 23 yil davom etgan. Vahiy tusha boshlagan tun “Laylatul qadr” deb atala boshlagan. Bu hodisa Qur’onning 97- “al-Qadr” surasida ifodalangan. Muhammad payg’ambar targ’iboti boshlangan dastlabki yillarda juda oz kishi uning izidan borgan. SHu bilan birga qurayshiylarning ummaviylar xonadoniga mansub bo’lgan va Makkada siyosiy hokimiyat tepasida turgan zodagonlar o’sha davrdayoq uning targ’ibotiga qarshilik ko’rsata boshlaganlar. Badaviylar ham uni avval boshqa qo’llab-quvvatlamaganlar. Makkada ahvoli jiddiylash-gach, Muhammad Makka hukmdorlari bilan raqobatlashib kelgan qabilalarning vakillari bilan muzokaralar olib borgan va 622 yili ularning yordamida Madinaga hijrat qilgan, keyin butunlay ko’chib ketgan.
Musulmonlarning hijriy yili hisobi shu ko’chish arabcha “hijra” dan boshlangan. Makkadan ko’chib borganlar islom tarixida “muhojir” (ko’chib kelgan) lar, madinalik qabilalardan islomni qabul qilganlar esa “ansor” (yordamchi) lar deb nom olganlar. Oradan 2 yil o’tgach xat qilishga uning o’zi ham Makkaga kelgan. Bu haqda “Muhammadning nutqi” degan ma’lumot saqlangan.
Makka zodagonlari manfaatiga zid targ’ibot olib borgan Muhammadni ta’qib etish kuchaygan. Ayniqsa, o’zi ma’jusiy bo’lsa-da, unga homiylik qilgan amakisi Abu Tolibning vafotidan keyin Muhammad payg’ambarning hayoti xavf ostida qolgan. U o’ziga sodiq barcha kishilar bilan Hijozning shimolida joylashgan, uning davrida “Madina”, ya’ni shahar deb qayta nomlangan Yasrib shahriga ko’chib ketishga majbur bo’lgan. Qur’on oyatlarining mazmuniga qaraganda, bu ko’chish ancha vaqt davom etgan. Muhammad orqasidan odamlar birmuncha vaqt davomida guruh-guruh bo’lib kelib turganlar. Makkadan ko’chib kelganlarning ko’pchiligi-muhojirlar deb tavsif-langan kambag’allar va nochor kishilar edi. SHuning uchun ham dastlabki davrlarda ansorlar ularga yordam ko’rsatganlar.
Madina shahrida Muhammad targ’ibotini qo’llab-quvvatlagan va unga ergashgan muhojir va ansorlardan iborat musulmonlar jamoasi (umma) vujudga kelgan. Bu jamoaga Madina arablarining a’zo bo’lib kirishi hijriydan keyingi yillarda davom etgan. Muhammad katta kuchga aylangan jamoaga rahbarlik qilar ekan, o’z tarafdorlariga rasul-Ollohning elchisi, odamlarga ilohiy yo’l-yo’riq va qonunlarni yetkazuvchi payg’ambar bo’lib tanila boshlagan.
Muhammad boshchiligidagi Madina shahri arablari makkalik-larni ham islomga bo’ysundirishni, bu ikki shahar o’rtasidagi kelishmovchilikka chek qo’yishni asosiy maqsadlaridan biri qilib qo’ygan edilar. SHu munosabat bilan 624 yilda Badr quduqlari oldida, 625 yilda Uxud tog’i etagida janglar bo’lgan.
626 yilda makkaliklar madinaliklarga uzil-kesil zarba berish maqsadida Madina jamoasiga qarshi yirik safarga otlanishgan. Muhammad Madinani uzoq qamal sharoitiga tayyorlagan, shahar atrofiga chuqur handaqlar qazilgan va u yerlarga kamonchi o’qchilar joylashtirilgan. Ammo Madinani qamal qilish uzoqqa bormagan, chunki bosqinchilarning ko’pgina otlari handaqlarga tushib ketgan, qishning sovug’i, izg’irin shamoliga qamalchilar bardosh berolmadilar, aksincha, ularning o’zlari o’rtasida nizolar chiqa boshlagan. Madina qamalining bekor qilinishi, Madina jamoasini yanada jipslash-tirgan, unga yangidan-yangi badavlat qabilalar kelib qo’shilgan. Natijada musulmonlar jamoasi tez kengayib va kuchayib borgan, u yerda qabilalar birin-ketin islom dinini qabul qila boshlaganlar. Madinadagi musulmonlar jamoasi qisqa vaqt ichida kichik, lekin kuchli davlatga aylana borgan.Muhojir va ansorlar orasidan bir guruhi Muhammad payg’ambarga yaqin turar, uning maslahatchilari hisoblanar edi. Bular islom tarixida “sahobalar” yoki “ashoblar” deb nom olgan.
628 yili musulmonlar jamoasi uchun ayniqsa muhim bo’lgan bir voqea yuz bergan. Muhammad hali ham Ka’bani muqaddas deb e’tirof etishini namoyish qilish maqsadida bir guruh musulmonlar bilan birga, barcha qabilalar hajga boradigan mavsumda Makkaga jo’nagan. Ammo uning kelishidan shubhaga tushgan ummaviylar Makkadan ancha narida-Xudaybiya vodiysida uni to’xtatganlar. Muzokaralar boshla-nib, o’rtada shartnoma tuzilgan. SHartnomaga asosan madinaliklarga kelasi yildan boshlab hajga kelishga ijozat berilgan. SHartnoma tuzilgan vaqtda Muhamad va uning hamrohlari orqaga qaytib ketishni, makkaliklar esa, o’z navbatida, kelasi yildan boshlab madinaliklarnin hajga kelishi uchun sharoit yaratib berishni o’z zimmalariga olganlar. SHunday qilib, “Xudaybiya sulhi” deb nom olgan bu hujjatda Makka zodagonlari Madina musulmonlar jamoa-sini mustaqil davlat sifatida birinchi marta e’tirof etishga majbur bo’lganlar.
Bundan keyingi davr mobaynida Madina davlati yanada kuchaygan, atrofdagi arab qabilalariga qarshi yurishlar qilinib, ularning ko’pchiligi bo’ysundirilgan. Bu davlatning mavqei Makkaga nisbatan jiddiy ravishda kuchaya borgan. Natijada Makka zodagonlari Muhammad payg’ambar bilan kelishish yo’llarini izlay boshlaganlar.
629 yil oxirlarida makkaliklar rahbari Abu Sufyon maxfiy ravishda Madinaga kelgan va Muhammad payg’ambar bilan muzokara olib borib, agar u Makkaning diniy markaz bo’lib qolishiga rozi bo’lsa, shaharni musulmonlarga jangsiz topshirishga rozi ekanligini bildirgan. Muhammad payg’ambar bunga rozi bo’lgan va o’rtada hufyona shartnoma tuzilgan.
630 yil bahorida Madina qo’shinlari Makkaga yaqinlashganlar va hech qanday qarshiliksiz shaharga kirib borganlar. Zodagonlar Muhammad payg’ambarni peshvoz chiqib kutib olganlar. SHu vaqtdan boshlab u bilan Makka hukmronlari o’rtasidagi raqobat va qarama-qarshiliklar tugagan. Ular Muhammad payg’ambarning yaqin yordamchi-lariga aylanib, musulmonlar davlatida yuksak lavozimlarni egallay boshlaganlar.
Markazlashgan xalifalik davlati vujudga kelgach, xalifalik tarkibiga kirgan yuzlab xalqlar va elatlarga arab tili va o’rta asr arab madaniyatini, islom qadriyatlarini yoyishga samarali harakat qilingan.
3. Islomda mazhablarning paydo bo’lishi, ilk ixtiloflar. Muhammad (s.a.v.) vafotlaridan so’ng musulmonlar jamoasi orasida ilk bo’linishlar yuzaga kela boshladi. CHunki musulmon jamoasiga endi kim boshchilik qiladi, degan masalada barchaning fikri bir xil emasdi. Bunga sabab Rasululloh tomonlaridan jamoaga keyingi rahbar kim bo’lishi ochiq-oydin aytilmaganida edi. Ammo Payg’ambarga «xalifa» (o’rinbosar) bo’lishga sahobiy Abu Bakr Siddiq uchun alohida «ishora» berilgani manbalarda qayd etilgan. Jumladan, Payg’ambar alayhis-salom vafotlari arafasida faqat Abu Bakr Siddiqning orqasida turib namoz o’qiganlari, o’zlari betob bo’lganlarida aynan Abu Bakrni musulmonlarga imom qilib tayinlaganlari mazkur «ishora» sifatida qabul qilingan edi.
Xalifa Abu Bakr (632-634) va Umar ibn Xattob (634-644) rahbarligi davrida ixtiloflarga birmuncha barham berildi.
644 yilda xalifa Umar (r.a.) suiqasd natijasida halok bo’ladilar. SHundan so’ng, Usmon ibn Affon (r.a.) uchinchi xalifa etib saylanadilar. Usmon (r.a.) davrlarida xalifalikning turli yerlarida yangi musulmonlar orasida fitnalar qo’zg’ala boshlaydi. Fitnachilar hazrati Usmonni yuqori lavozimlarga o’z qarindoshlarini qo’yganda ayblab bosh ko’tarishadi.
656 yili Basra, Kufa va Misrlik bir necha ming fitnachilar Madina atrofini o’rab olib bir qator talablarni qo’yadilar. Xalifa Usmon (r.a.) ularning barcha talablarini qondiradilar. SHunga qaramay, qo’zg’olonchilar “Usmon bizni o’ldirmoqchi bo’ldi”, deb yolg’on xabar tarqatadilar va halifaning uyiga bostirib kirib uni qatl etadilar. Aynan Usmon ibn Affonning (r.a.) o’ldirilishi keyingi bo’linishlar, ixtiloflar va fitnalarning boshlanishi bo’ldi.
Musulmon davlatining to’rtinchi rahbari etib Rasululloh (s.a.v.)ning jiyanlari va kuyovlari bo’lgan Ali ibn Abu Tolib (r.a.) saylandilar. O’sha davrdagi qoidaga binoan xalifa Madinada saylanar, keyin esa boshqa hududlarning barchasi o’sha xalifaga bay’at berishi lozim edi. Xalifa Aliga Misr va SHom (Suriya) voliylari (hokimlari)dan tashqari barcha hudud ahli bay’at qiladi. Misr voliysi Amr ibn Oss (r.a.) va SHom amiri Muoviya ibn Abu Sufyon (r.a.)lar qarindoshlari Usmon ibn Affonning o’ldirilishidan qattiq qayg’uga tushdilar va uning qotillaridan qasos olinmaguncha yangi xalifaga bay’at qilmaslikka qaror qiladilar.
Xalifa Ali (r.a.) esa davlat ichidagi nozik ijtimoiy-siyosiy vaziyatni inobatga olgan holda fitnachilarga nisbatan chora ko’rishni kechiktiradilar. SHu payt, Makkada Oisha (r.a.), Zubayr ibn Avvom (r.a.), Talxa ibn Ubaydulloh (r.a.)lar boshchiligida bir qator sahobalar qo’shin to’plab Usmon (r.a.)ning qotillaridan o’zlari qasos olishga qaror qilib, xalifa ruxsatisiz Basra va Kufaga yo’l oladilar. Bundan xabar topgan Xalifa Ali ularni bu ishdan qaytarish uchun yo’lga chiqadilar va Kufa shahri yaqinida ularga yetib olib muzokaralar o’tkazadilar. Natijada, ikki tomon kelishuvga erishib makkaliklar ortga qaytishga va bundan buyon xalifaning izmidan chiqmaslikka kelishadilar. Biroq, o’sha tuni bir guruh odamlar ikki tomonga ham hujum qilib hazrat Ali va makkaliklar qo’shinini urishtirib qo’yadi. Mazkur voqea tarix kitoblarida “Jamal voqeasi”, yoki “Jamal jangi” deb ataladi.
657 yilda Xalifa Ali va bay’at qilishni istamagan SHom (Suriya) hokimi Muoviya o’rtasida «Siffin» deb ataluvchi joyda jang bo’lib o’tadi. Bu voqea, islomdagi ilk bo’linishlarning boshlanishiga sabab bo’ldi. Musulmonlarning qoni to’kilishini istamagan ikkala taraf sulh tuzishga va xalifalik saylovini qaytadan o’tkazishga kelishib oldilar.
Xorijiylik.Hazrat Alining yon berganidan norozi bo’lgan uning 12 ming askari bo’ysunishdan bosh tortib, Harura nomli qishloqqa ketdilar. Bu guruh keyinchalik «Xorijiylar» (yoki al-xavorij, xorijiya) deb ataldi. Ba’zi manbalarda ularning nomi ilk to’plangan joylariga nisbat berilib, «Haruriya» deb ham ataladi.
Xavorijlar o’zlariga Abdulloh ibn Vahb Rosibiyni amir etib saylab, Ali va Mu’oviyani yo’q qilish payiga tushdilar. Xalifa Alini 660 yilda xorijiy Abdurrahmon ibn Muljam o’ldirgach, xavorijlar ikki firqaga bo’linib, biri Iroqda qoldi, ikkinchisi Arabiston yarim oroliga ketdi. Umaviylar davrida xavorijlarga qarshi keskin kurash olib borildi. CHunki ular Umaviylar davlatiga katta xavf solardilar. Bu davrda xavorijlar kuchayib, Kirmon, Fors, Yamoma, Hadramavt, Toif va Yaman kabi shahar va o’lkalarni egalladilar.
Hokimiyat Umaviylardan Abbosiylar sulolasi (749-1258) qo’liga o’tganidan keyin ham bu toifa bir muddat o’z kuchini yo’qotmadi. Biroq Abbosiylar uzoq vaqt ularga qarshi uzluksiz olib borgan kurashlaridan so’nggina xavorijlar inqirozga yuz tutdi.
Xavorijlar ta’limotlari asosi quyidagilardan iborat:
ular gunohkorni «kofir» deb e’lon qildilar. SHunga ko’ra xalifa Usmonni Abu Bakr va Umar yo’lidan yurmagani uchun kofir deyishadi. Ali, Muoviya, Abu Muso Ash’ariy, Amr ibn Oslar muxolif guruhlarda qatnashganlari uchun ular nazdida kofirlar;
«zolim» podshohga qo’lda qilich bilan qarshi chiqishni diniy vazifa (vojib) deb biladilar. O’z e’tiqodini yashirish tamoyili (taqiya) rad etadilar. O’zlari harbiy jihatdan zaif bo’lsalar ham, qudratli «zolim» podshohga qarshi chiqish vojib bo’laveradi, deb hisobladilar;
xalifalikka har qanday odam, Quraysh qabilasidan yoki arab bo’lishligidan qat’i nazar, musulmonlar tomonidan saylanishi mumkin. Xalifalik, shialar aytganidek, ma’lum jamoat (sulola) ichida cheklanmagan;
namoz, ro’za, zakot va boshqa amallarni imonning bir bo’lagi, deb hisoblaydilar. Kishi to barcha amallarni bajarmaguncha, dili bilan tasdiqlab, tili bilan aytishi musulmon deb tan olinishi uchun kifoya emas.
VII asr ikkinchi yarmida xavorijlar orasida yigirmaga yaqin turli guruhlar paydo bo’ldi. Ular ichida eng yiriklari – ibodiylar, azoriqalar hamda sufriylar bo’lib, o’z yo’lboshchilari nomi bilan shunday atalganlar.
Shialik. Siffin jangi natijasida haruriylar bilan deyarli bir paytda o’zini “shiatu Ali” (Alining guruhi) deb atagan aliparast oqim ham yuzaga keldi. VII asr oxirlariga kelib SHialik, Iroq va Eronda keng tarqalgan va islomdagi mustaqil diniy yo’nalishga aylangan. SHialik boshda har qanday ixtilof va aqidaviy farqlardan xoli holda, faqat siyosiy harakat sifatida namoyon bo’lgan edi. Keyinroq diniy ixtiloflar, aqidaviy farqlar vujudga kelgan.
SHia so’zining to’liq shakli “ash-SHia” (tarafdorlar, guruh, partiya) yoki “SHiatu Ali” (Ali tarafdorlari) bo’lib, bu nom hazrat Aliga ergashganlar va ularning avlodlariga nisbatan berilgan.
SHialikda imomat asosiy diniy ruknlardan hisoblanib, u jamiyat manfaatlaridan emas, balki din ruknlaridan kelib chiqadi deb e’tiqod qilinadi. Ularning ta’limotiga ko’ra, rahbar xalq tomonidan saylanmay, balki rahbarlik meros sifatida o’tadi. Rasululloh Alini xalifa etib tayinlagan, undan keyin esa xalifalik uning avlodlarida qonuniy meros sifatida vasiyat yo’li bilan uzatiladi. Ular Alining xalifalikka haqli ekanligini ilohiy deb biladilar, imomlik ularda payg’ambarlik kabi ilohiy mansab hisoblanib, Alloh bandalari orasidan payg’ambarlarini tanlab, ularni gunohlardan saqlagani va ularga “ilmi ladun” (Alloh huzuridan berilgan ilm) bergani kabi, xalifalarni ham shunday tanlaydi deydilar. Abu Bakr, Umar va Usmonlar esa bu huquqni Alidan zo’rlik bilan tortib olishgan, Ali o’sha davrda xalifalikni boshqarganmi yoki yo’qmi bundan qat’i nazar, Alining xalifaligi Rasululloh vafotlarining birinchi kunidan boshlangan, deb da’vo qiladilar.
Sunniylik (Ahli sunna val-jamoa)yo’nalishi 657 yilgi voqealar va ularning natijasida kelib chiqqan firqabozlik sharoitida ham o’rta yo’lni tutgan, davlat rahbarlariga qarshi bormagan, o’zlarini sunnatga amal qiladigan va jamoatdan ajralmaydiganlar guruhi sunniylar yoki “ahli sunna val jamoa” deb ataldi. Bugungi kunda sunniylar dunyo musulmonlarining 92,5 foizini tashkil etadi.
Sunniylik doirasida to’rt fiqhiy mazhab (arab. yo’l) va ikki aqidaviy ta’limot mavjud bo’lib, xavorij va shia firqalaridan farqli ravishda ular bir-birlarini rad etmaydilar. Bugungi kunga qadar ham, sunniy ulamolar to’rttala fiqhiy va ikkala aqidaviy mazhablarning to’g’ri ekani, ularning bir-birini to’ldirishi, bunday farqlilik tarixiy, ijtimoiy omillar mahsuli ekani va bu musulmonlar uchun osonlik yaratishiga ittifoq qilishgan.
Keyingi davrda paydo bo’lgan «vahhobiylik», «hizbut tahrir» kabi yo’nalishlarni fiqhiy mazhablarga tenglashtirib bo’lmaydi. CHunki ular shar’iy masalalarda o’z mustaqil yechimlarini bergan tizimga ega emas. Ularga diniy-siyosiy harakat va noqonuniy siyosiy partiyalar sifatida qarash mumkin.
VIII-IX asrlarga kelib Islom dini doirasida aqidaviy ixtiloflar ham yuzaga keldi. Islom dinida Alloh taolo, uning sifatlari, insonlarning taqdiri, qiyomat, jannat va do’zax, gunoh va savob kabi mavzular aqidaviy masalalar sirasiga kiradi. Zikr etilgan unsurlarni o’rganuvchi fan yana kalom ilmi deb ham ataladi. Qur’onda ham hadislarda ham bu borada tortishish, o’zicha hukm chiqarish qoralangandir. SHu sababli ham avval boshida ulamolar kalom ilmi bilan shug’ullanishni qattiq qoralaganlar.
“Mo’’tazila”, “jabariyya”, “qadariyya”, “mushabbiha” kabi bir qator adashgan oqimlar yuzaga kelgach oddiy musulmonlarga sof aqidani tushuntirib berish ehtiyoji tug’igan edi. SHundan so’ng kalom ilmi bilan shug’ullanishga ruxsat beriladi.
Kalom borasida bahs yuritgan ilk oqim “mo’’tazila” hisoblanadi. Ushbu ta’limot islom tarixidagi adashgan firqalardan bo’lib, Hasan al-Basriyning (v. 110/728 y.) sobiq shogirdlari bo’lgan Vosil ibn Ato (v. 748 y.) va Amr ibn Ubaydga (v. 761 y.) borib taqaladi. Umaviy xalifa Hishom ibn Abdilmalik davrida ushbu ikki shogird Hasan al-Basriy davrasidan o’zlarining “manzila baynal manzilatayn” (arosat) mavzuidagi aqidalari bilan ajralib chiqadalar va «mo’’tazila» (ajralganlar) nomini oladilar. Mo’’taziliylar abbosiylar xalifaligi davrida muhim o’rin tutganlar.
Mo’’taziliylar abbosiy xalifa Xorun ar-Rashid davrida ta’qib ostiga olingan bo’lsalar, Ma’mun, al-Mo’’tasim va al-Vosiq davrlarida (813-847) suyukli peshvolarga aylanadilar va yirik davlat mansablariga ham sazovor bo’ladilar. Ma’mun davrida mo’’taziliylar “mihna” degan jamoa tuzib, o’zlarining aqidaviy qarashlarini mahalliy ulamolarga majburlab sindirishga harakat qilganlar.
Mo’’taziliylar ta’limoti “al-adl” (Allohning adolati), “tavhid” (Allohning yagonaligi), “al-va’d val va’iyd” (va’da va jazolash), “manzila baynal manzilatayn” (Oraliq holatda qolish), “al-amr bil ma’ruf van nahiy anil munkar” (Yaxshilikka chaqirish va yomonlikdan qaytarish) deb nomlanuvchi besh tamoyilga tayanadi.
Xalifa Mutavakkil davriga kelib mo’’taziliylar yana siquvga olindi va bora-bora butunlay yo’q bo’lib ketdi.
Mo’’taziliylar bilan deyarli bir davrda yuzaga kelgan aqidaviy oqimlardan biri “qadariyya”dir. Qadariylar iroda erkinligini mutlaqlashtirib, inson barcha amallarini o’z ixtiyori bilan qiladi, avvaldan taqdir belgilab qo’yilmaydi, degan aqidani ilgari surdilar. Mo’’taziliylar mazkur fikrni qo’llab quvvatlagani bois, ular ham taqdir masalasida qadariylar deya ataldi. Ularga nisbatan ulamolar tomonidan: «Qadariylar ushbu ummatning majusiylaridir», degan hadis keltiriladi. Zero, taqdirga ishonish imonning 7 ta shartidan biri hisoblanadi.
Keyinroq shakllangan jabariylar esa insonning barcha qiladigan ishlari Alloh tomonidan avvaldan belgilab qo’yiladi degan aqidani mutlaqlashtirdilar. Bu insoniyatni taraqqiyotga intilishdan to’xtatib qo’yadigan aqida bo’lgani sababli ulamolar bu fikrni qo’llab-quvvatlamadilar.
Allohning zoti va sifatlari masalasida esa “mushabbiha” (o’xshatuvchilar) yoxud “ahlu-t-tashbih” (o’xshatish ahli) yuzaga keldi. Ular Allohning Qur’oni karimda kelgan sifatlarini to’g’ridan-to’g’ri o’z aqllari bilan talqin qila boshladilar. «Allohning «qo’li» ularning qo’llari uzradir» (Fath surasi, 10), «Uning Kursiysi osmonlar va Yerni (ham) o’z ichiga sig’dira olur» (Baqra surasi, 255) kabi oyatlardagi «qo’li», «kursiysi» so’zlaridan Allohning ham inson kabi badan va a’zolari bor ekan, u ham inson kabi o’tirish uchun kursiyga muhtoj ekan, deya xulosa chiqardilar.
Ismlari zikr etilgan oqimlarning buzg’unchi g’oyalariga bir qator ahli sunna ulamolari raddiyalar berganlar. Natijada, moturidiya va ash’ariya ta’limotlari yuzaga keldi. Mazkur ikki yo’nalish ham sunniylik doirasida to’g’ri hisoblanib, ular o’rtasidagi farqliliklar lafziy xarakter kasb etadi xolos.