21 bilet O’zbekiston Respublikasi davlat ramzlarining qabul qilinishi



Yüklə 1,66 Mb.
səhifə2/47
tarix20.09.2023
ölçüsü1,66 Mb.
#145633
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   47
21 bilet

Oq rang – tinchlik va poklik timsolidir. Yosh mustaqil davlat o’z yo’lida baland dovonlardan oshib o’tishi kerak. Bayrog’imizdagi oq rang yo’limizning musaffo va charog’on bo’lishi uchun yaxshi niyat ramzidir.
Qizil yo’llar bu har bir tirik jonning qon tomirida urib turgan hayotiy kuch, tiriklik ramzidir.
Yashil rang – serne‘mat va orombaxsh tabiat timsoli. Hozirgi vaqtda butun dunyoda atrof-muhitni muhofaza qilish harakatlari keng yoyilmoqda, uning ramzi ham yashil rangdir.
Yarim oy – O‘zbekiston xalqining ko’p asrlik an‘analariga muvofiq keladi. Yarim oy va yulduzlar – musaffo osmonning va tinchlikning ramzlaridir.
Bayrog’imizda 12 yulduz tasviri bor, bu o’lkamizda qadimdan buyon barkamollik, mukammallik timsoli hisoblanadi.
Darhaqiqat, O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i to’g’risidagi Qonunning 2-moddasida ko’rsatilganidek, O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i O’zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir.
Mazkur qonunning 3-moddasiga binoan, bayrog’imiz xalqaro munosabatlarda O’zbekiston Respublikasining timsoli bo’ladi. Binobarin, bayrog’imiz xalqaro maydonda O’zbekiston Respublikasi delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safari chog’ida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalarda, jahon ko’rgazmalarida, sport musobaqalarida ko’tarilib, yurtimizni ulug’laydi. O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i to’g’risidagi qonunida bayroq ko’tariladigan joylar va uning ko’tarilish vaqtlari aniq va ravshan belgilab qo’yilgan. O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i qonunda belgilangan tegishli joylarda doimiy ravishda ko’tarilgan holda turadi.O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i unga nisbatan lozim darajadagi hurmat ta‘minlangan holda umummilliy bayramlar va tantanali tadbirlar vaqtida ko’tarilishi mumkin.
Qonun bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’ining tasviri tushirilgan belgilar: O’zbekiston Respublikasi Fuqaro havo kemalari davlat reyestri yoki O’zbekiston Respublikasi Davlat havo kemalari reyestriga kiritilgan havo kemalariga, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Aviatsiya ma‘muriyati hisobida turuvchi eksperimental havo kemalariga; qonun hujjatlarida belgilangan hollarda avtomototransport vositalari va ular tirkamalarining davlat ro’yxatidan o’tkazish raqam belgilariga; O’zbekiston Respublikasining asosiy chegara belgisiga qo’yiladi.
O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’ining tasviri tushirilgan belgilardan O’zbekiston Respublikasiga tegishlilikni belgilash maqsadida predmetlarda, o’quv-tarbiya jarayonida, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofotlarining elementi sifatida foydalanilishi mumkin.
Shuni yodda tutish kerakki, O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’ining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo’l qo’yilmaydi. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’ining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o’tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas. Ayni vaqtda, nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlari mamlakatimiz Davlat bayrog’iga o’xshash bo’lishi mumkin emas.
Qonunda bayrog’imizning qanday shakl va ko’rinishda bo’lishi ham aniq ko’rsatilgan. Chunonchi, qonunning 4-moddasiga binoan, O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i - bayroqning butun uzunligi bo’ylab o’tgan to’q moviy rang, oq rang va to’q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to’g’ri to’rtburchak shaklidagi matodir. Bayroqning uzunligi 250 sm.ga, kengligi 125 sm.ga teng. Moviy rang, oq rang va yashil rangli enlarining kengligi bir xil. Har bir en 40 sm.ga teng. Bayroqning o’rtasidagi oq rangli enning chetlaridan kengligi 2,5 sm.ga teng qizil hoshiyalar o’tgan.
Bayroqning yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida o’n ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan. Yangi oy va yulduzlarning tasviri moviy rangli yuqori enning o’rtasidan 70x30 sm.ga teng to’g’ri to’rtburchakka sig’adigan qilib joylashtirilgan. Yangi oy vertikal holatda do’ng tomoni dastaga qaratilgan, dastadan 20 sm masofada joylashtirilgan bo’lib, diametri 30 sm.li doiraga sig’adi.
Yulduzlar diametri 6 smli doiraga sig’adi. Doiralar orasidagi masofa 6 sm. Yulduzlar uzunasiga va tikkasiga quyidagi tartibda joylashadi: yuqori qatorda uchta, o’rta qatorda to’rtta va quyi qatorda beshta yulduz. Quyi qatordagi yulduzlar yangi oyning pastki uchidan 3,5 sm masofada joylashadi.
Qonunda Davlat bayrog’ining qachon, qanday voqealar munosabati bilan, qay vaqtda, soat nechadan nechagacha, qanday tartibda ko’tarilishi aniq ko’rsatib qo’yilgan. Bunga ko’ra, O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i bayram kunlarida Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlarining qarorlari bilan belgilangan markaziy ko’chalarda, maydonlarda, boshqa jamoat joylarida va obyektlarda soat 6 da ko’tariladi va soat 22 da tushirib qo’yiladi. Bayroq O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Senati a‘zolari, xalq deputatlari Kengashlarining deputatlari saylovi yoki referendum kunlarida – ovoz berish o’tkazilayotgan binolar va xonalarda ovoz berish yoki referendum o’tkazish davrida ko’tarib qo’yiladi. U xorijiy davlatlar davlat va hukumat boshliqlarining, boshqa rasmiy delegatsiyalarning xalqaro huquq normalariga, diplomatik protokol qoidalariga, shuningdek, O’zbekiston Respublikasida bo’lishining tasdiqlangan dasturiga muvofiq, transport vositalarida, vokzallarda, aeroportlarda, yurish yo’nalishi bo’yicha va boshqa tashrif obyektlarida xorijiy davlatlar davlat va hukumat boshliqlarining, boshqa rasmiy delegatsiyalarning tashrif buyurishidan 24 soat oldin ko’tariladi va ular jo’nab ketganidan keyin 24 soat mobaynida tushirib qo’yiladi.
O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i bilan bir vaqtda boshqa davlatning bayrog’i ko’tarilsa, qonunga muvofiq, O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i (binoning old tomoniga qarab turganda) o’ng tomondan, boshqa davlatning bayrog’i chap tomondan ko’tarilmog’i kerak. O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i bilan bir vaqtda Qoraqalpog’iston Respublikasining Davlat bayrog’i ko’tarilganda, O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i (binoning old tomoniga qarab turganda) chap tomondan ko’tarilishi kerak.
O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i bilan bir vaqtda bir qancha davlatlarning bayroqlari ko’tarilganida, O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i alohida, qolganlari esa o’zbek alfaviti bo’yicha ko’tariladi. O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i boshqa dav-latlarning bayroqlari bilan bir xil balandlikda joylashtirilishi kerak.
O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i bilan bir vaqtda Qoraqalpog’iston Respublikasining Davlat bayrog’i ko’tarilganda, Qoraqalpog’iston Respublikasi Davlat bayrog’i-ning o’lchami O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’ining o’lchamidan katta bo’lmasligi kerak, O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’ining ko’tarilish balandligi esa Qoraqalpog’iston Respublikasi Davlat bayrog’ining ko’tarilish balandligidan past bo’lmasligi kerak.
O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i bilan bir vaqtda xorijiy davlatlar va (yoki) xalqaro tashkilotlar bayroqlari ko’tarilganda O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i xalqaro huquq normalariga va diplomatik protokol qoidalariga muvofiq ko’tariladi. O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i xorijiy davlatlar va (yoki) xalqaro tashkilotlar bayroqlari bilan bir xil balandlikda joylashtirilishi hamda bir xil o’lchamga ega bo’lishi kerak.
O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i binolarning asosiy kirish joyida yoki buning uchun maqbul bo’lgan boshqa joyda yoxud tegishli tutqichi bo’lgan dastada, yo bo’lmasa flagshtogda bayroqning dastasi binoning old tomoni bilan ko’pi bilan 45 gradusli burchak hosil qiladigan tarzda ko’tariladi. O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’ini tayyorlash, saqlash va yo’q qilish tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Ko’tarib qo’yilgan O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’ining matosi yer sathidan kamida 2,5 metr balandlikda bo’lishi kerak. Motam munosabati bilan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq, O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i motamga moslab ko’tariladi. Bunday hollarda O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’i dastasi yoki flagshtokning yuqori uchiga bayroq enining 1/20 qismiga teng bo’lgan kenglikdagi qora tasma bog’lanadi, tasmaning ikki uchi bayroqning butun eni uzunligida osilib turadi. Bayroq motam munosabati bilan flagshtokda ko’tarilgan taqdirda u flagshtok uzunligining 1/3 bo’lagicha tushirib qo’yiladi.
O’zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek, O’zbekistonda turgan boshqa shaxslar O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’ini hurmat qilishlari shart. O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo’ladi. O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’ini behurmat qilganlik O’zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda jazolanadi.
Mamlakatimizda Konstitutsiya va qonun bilan o’rnatilgan hamda tasdiqlangan davlat ramzlaridan biri – uning gerbidir. Davlat gerbi davlat mustaqilligining ramziy belgilaridan biri hisoblanadi. «Gerb» so’zi nemischa «erbo» so’zidan olingan bo’lib, shohlar va hukmdorlarga davlat, sarhad, hudud va boshqa nasldan-naslga meros qoluvchi mulk belgisini anglatadi.
Bundan 2500 yil muqaddam Erondan Oltoyga qadar cho’zilgan sarhadlarda hukm surgan qadimgi turk hoqoni O’g’izxon davrida ham turkcha «tamg’a» so’zi aynan shu ma‘noni bildirar edi. XII asrning mashhur tarixchisi Rashiddin Hamadoniy «Tanlangan tarixlar» nomli kitobida shahodat berishicha, O’g’izxon o’z mol-mulkini o’g’illariga ulus sifatida kichik davlatlarga bo’lib berib, in‘om etgan. Ushbu davlatlar xukmdorlari ham o’zlarining xonlik tamg’alariga ega edi. Ko’rinib turibdiki, «tamg’a» so’zining ma‘nosi haqiqatan ham nemischa «erbo» so’zining ma‘nosiga to’la mos keladi.
Gerb – qaysi davlatga tegishli bo’lsa, o’sha davlatning tarixiy an‘analarini ifodalovchi ramziy ahamiyatga ega bo’lgan tasvirlar va narsalar yig’indisi. O’zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to’g’risida”gi qonun 1992 yil 2 iyulda O’zbekiston Respublikasining Oliy Kengashi tomonidan qabul qilingan. Unga 1999 yil 15 aprelda, 2003 yil 25 aprelda, 2004 yil 3 dekabrda va 2010 yil 24 dekabrda qabul qilingan qonunlarga muvofiq qo’shimchalar kiritilgan.
O’zbekiston Respublikasining Davlat gerbi davlatimizning siyosiy, milliy, xo’jalik, jug’rofiy, etnik va boshqa o’ziga xos xususiyatlarini hamda boy tarixiy an‘analarini mujassamlashtirgan. Shuningdek, gerbimizda O’zbekistonning ijtimoiy va davlat tuzilishi tamoyillari o’ziga xos tarzda ifoda etilgan. «O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to’g’risida»gi qonunga binoan, O’zbekiston Respublikasining Davlat gerbi respublika davlat mustaqilligining ramzidir.
O’zbekiston Respublikasining Davlat gerbi quyidagi ko’rinishga ega: tog’lar, daryolar va so’l tomoni bug’doy boshoqlaridan, o’ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g’o’za shoxlaridan iborat chambarga o’ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi. Gerbning yuqori qismida respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan bo’lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi – qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida respublika Davlat bayrog’ini ifoda etuvchi chambar lentasining bandida «O`zbekiston» deb yozib qo’yilgan.
O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli ko’rinishida: Humo qushi va daryolar – kumush rangda; quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va «O`zbekiston» yozuvi – oltin rangda, g’o’za shoxlari va barglari, tog’lar va vodiy – yashil rangda; chanoqlardagi paxta – oq rangda; lenta – O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’ining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda; sakkizburchak – oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda; yarim oy va yulduzlar – oq rangda tasvirlangan. Qonunda O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushiriladigan obyektlar batafsil sanab ko’rsatilgan.
O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviridan O’zbekiston Respublikasiga tegishlilikni belgilash maqsadida predmetlarda, o’quv-tarbiya jarayonida, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi davlat mukofotlarining elementi sifatida foydalanish mumkin. Shuni yodda tutish lozimki, O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo’l qo’yilmaydi.
O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o’tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas. Nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlari O’zbekiston Respublikasining Davlat gerbiga o’xshash bo’lishi mumkin emas. O’zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek, O’zbekistonda turgan boshqa shaxslar O’zbekiston Respublikasining Davlat gerbini hurmat qilishlari shart. O’zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo’ladi. Shu tariqa, O’zbekistonning davlat gerbi ham davlat mustaqilligining ramzi bo’lib, respublikaning rasmiy belgisi sifatida faqat qonunda ko’rsatilgan obyektlarga tushiriladi.
O’zbekistonning Konstitutsiyaviy tarzda mustahkamlangan Davlat bayrog’i, Davlat gerbi bilan bir qatorda Davlat madhiyasi ham mavjud.
Zero, dunyodagi har qanday mustaqil davlat o’z madhiyasiga ega. Umuman, madhiya haqida so’z ketar ekan, uning qachon, qayerdan kelib chiqqanligini va nima sababdan bo’lganligini bilib olish muhim. Madhiya – grekcha madhiya so’zidan olingan bo’lib, u dasturiy xarakterdagi she‘rni tantanali qo’shiq qilib tarannum etilishi ma‘nosida qo’llaniladi. Madhiyalarning bir necha turlari mavjud. Masalan, davlat, inqilob, harbiy, diniy va hokazo madhiyalar bor. Bularning ichida eng asosiysi davlat madhiyasi hisoblanadi. Davlat madhiyalari hozirgi zamon barcha mustaqil davlatlarida mavjud bo’lib, u davlat bayrog’i va davlat gerbi bilan bir qatorda davlatning rasmiy tantanavor ramzi bo’lib hisoblanadi. Xuddi, shuningdek, O’zbekiston ham mustaqil davlat sifatida o’z davlat madhiyasiga ega.
O’zbekistonning davlat madhiyasi uzoq ijodiy izlanishlar natijasida atoqli shoir Abdulla Oripov tomonidan yozilgan, unga san‘at arbobi Mutal Burxonov tomonidan kuy bastalangan. Dadil aytish mumkinki, madhiyamizda o’zbek xalqining shodiyona fikr-o’ylari va his-tuyg’ulari bekamu ko’st o’z ifodasini topdi. 1992 yil 10 dekabrda qabul qilingan «O’zbekiston Respublika-sining Davlat madhiyasi to’g’risida»gi qonunga binoan, O’zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi O’zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir. O’zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasiga zo’r ehtirom bilan qarash O’zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchidir. O’zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi qonunda belgilangan vaqt va marosimlarda ijro etiladi.
O’zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi unga nisbatan lozim darajadagi hurmat ta‘minlangan holda umummilliy bayramlar va tantanali tadbirlar vaqtida ijro etilishi mumkin. O’zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi orkestr, xor, ham orkestr-ham xor tomonidan yoki o’zga vokal va cholg’u asboblari bilan ijro etilishi mumkin. Bunda ovoz yozib olish vositalaridan foydalanilishi mumkin.
O’zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi vokal hamda vokal-cholg’u asboblari bilan ijro etilgan taqdirda to’liq ijro etiladi, cholg’u asboblarining o’zida ijro etilgan taqdirda esa madhiya qisman ijro etilishiga yo’l qo’yiladi - ashulaning boshlanishi va naqorat bir martadan aytiladi. O’zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi madhiyaning ushbu Qonun bilan tasdiqlangan matni va musiqaviy tahririga aynan muvofiq holda ijro etilmog’i lozim.
O’zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ko’pchilik huzurida ijro etilganda, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo’lsa, hozir bo’lgan kishilar madhiyani tik turib va o’ng qo’l kaftini ko’krakning chap tomoniga qo’yib, harbiy yoki davlatning boshqa xizmatidagi maxsus kiyimdagi shaxslar esa qo’lini bosh kiyimiga qo’yib tinglaydi.
Agar O’zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ijro etilishi O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’ining ko’tarilishi bilan birgalikda amalga oshirilsa, hozir bo’lgan kishilar unga yuzi bilan buriladi.
Islom Karimov ta‘kidlaganidek, «Davlatimiz ramzlari – bayroq, tamg’a, madhiya O’zbekiston xalqlarining shon-sharafi, g’ururi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o’zida mujassamlashtirdi. Mana shu ramzlarni e‘zozlash – o’zining qadr-qimmatini, o’z mamlakatiga va shaxsan o’ziga bo’lgan hurmatni mustahkamlash demakdir» (Karimov I.A. O’zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura. T.1 – Toshkent: O’zbekiston, 1996.).
Milliy valyuta – so’mning muomalaga kiritilishi. Mustaqil, erkin davlatning asosiy belgisi, asl poydevori – milliy valutadir. O‘z valutasiga ega bo’lmagan davlat o’z manfaatlarini ko’zlab muslaqil ravishda moliya-kredit, bank siyosatini yurita olmaydi, o’z taqdirini, tashkilotlar, xo’jaliklar va fuqarolar taqdirini belgilay olmaydi. Ichki bozorni naqd pul bilan ta‘minlash, pul chiqarish miqdori, uning xarid kuchi, kelajak istiqboli uchun sarmoya ajratish, kimga qarz berish va kimdan qarz olish, qarzni to’lash va undirib olish, foiz stavkalarini belgilash lcabi masalalarni mustaqil hal qila olmaydi. Pirovardida bunday davlat boshqa kuchli davlatlar ko’rsatmalariga qaram bo’lib qoladi, uni hech kim haqiqiy mustaqil davlat deb tan olmaydi. Shu boisdan milliy valutaga o’tish O‘zbekiston uchun oliy maqsad edi.
Biroq milliy valutaga o’tish oson ko’chmaydi, yangi valutani muomalaga kiritish inqilob bilan teng. Dunyo tajribasi ko’rsatadiki, davlatlar o’z milliy valutasiga erishish uchun uzoq va mashaqqatli yo’llar bosib o’tgan, bor qudratini safarbar etgan.
O‘zbekistonda milliy valutani muomalaga kiritish uchun ham ma‘lum vaqt, tajriba kerak edi. Avvalo, haqiqiy mustaqil iqtisodiyotga erishish lozim edi. Shu boisdan O‘zbekiston mustaqillikning dastlabki payti 1991-1993-yillarda sobiq Ittifoqdan meros qolgan rubl zonasida bo’lib turdi. Biroq sovetlardan keyingi makonda yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarishning keskin pasayishi natijasida rublning qadri ham shunga mos ravishda tushib bordi. 1993-yil may oyi boshlarida 800-900 rublning qadri 1 AQSH dollari darajasiga tushib ketgan edi. Shu yili Rossiyada oldingi rubl kursiga tenglashtirilgan yangi namunadagi rubl chiqarildi. Rossiya hukumati 1993-yil 26-iyulda O‘zbekiston mutasaddi vakillarini Moskvaga taklif qilib, birgalikda rubl zonasida bo’lamiz deb aytdi. Keyinroq Rossiya, O‘zbekiston va Qozog’iston rahbarlari Moskvada uchrashib, rubl zonasini saqlashga, O‘zbekiston va Qozog’istonni 1993-yilgi yangi rubl namunasi bilan ta‘minlashga qaror qilindi.
Biroq, amalda boshqacha yo’l tutildi, to’g’rirog’i Rossiya hukumati bu tadbirlardan o’z manfaati yo’lida foydalanmoqchi bo’ldi. Rossiya hukumati O‘zbekiston oldiga o’z shartlarini qo’ydi. Birinchidan, kerakli rublni davlatlararo qarz sifatida, keyinchalik boylik yoki mahsulot bilan to’lash sharti qo’yildi. Ikkinchidan, rublni olishdan oldin uning 50 % miqdoridagi AQSH dollari yoki O‘zbekiston oltinini garovga qo’yish talab qilindi. Uchinchidan, O‘zbekistonda muomalada bo’lgan 1961-1992-yilgi namunadagi pulni (rubl) yangi 1993-yil namunasidagi rublga uchga bir nisbati bilan almashtirish sharti qo’yildi. To’rtinchidan, birorta shart bajarilmay qolsa, tovon puli to’lash majburiyati belgilandi. Beshinchidan, O‘zbekiston Markaziy banki Rossiya Markaziy bankiga hisobot berishi, ya‘ni tobe bo’lishi kerak edi.
O‘zbekiston bunday shartlarga rozi bo’lolmas edi, rozi bo’lmadi ham. Shu boisdan muomalaga yangi milliy valuta kiritish ishiga jiddiy kirishildi. O‘zbekiston rahbariyati „katta og’a ning o’yinlariga qarshi oldindan chora-tadbirlar ko’rib qo’ygan edi. 1992-yildayoq muomalaga chiqarishga mo’ljallangan so’m-kupon nusxalari tayyorlab qo’yilgan edi. Nihoyat, 1993-yil 1-noyabrda O’zbekistonda so’m-kupon muomalaga kiritildi, uning kursi oldin muomalada bo’lib kelgan rublga tenglashtirilgan edi. Shu yil noyabr oyi davomida aholi qo’lidagi rubl namunasidagi pullarini jamg’arma banklari orqali so’m-kuponga almashtirish ta‘minlandi. So’m-kupon joriy etilayotgan dastlabki paytlarda chetdan rubl oqib kelmoqda, degan mishmishlar ko’paydi. Bozorda narxlar osmonga chiqdi. Toshkent bozorlarida bir kg go’sht 25 ming so’m-kupongacha ko’tarildi. Hukumat buning oldini olish choralarini ko’rdi. Aholi ortiqcha tashvish, aziyat chekmadi, aksincha aholi, iqtisodiyot himoya qilindi. O‘zbekiston rahbariyati so’m-kuponlar asosida zarur tajriba orttirdi, haqiqiy milliy valutani joriy qilish tadbirlarini ko’rdi.
1994-yil 16-iyundagi ,,O‘zbekiston Respublikasining milliy valutasini muomalaga kiritish to’g’risidagi Prezident farmoni va Yazirlar Mahkamasining qaroriga binoan 1994-yil 1-iyuldan boshlab milliy valuta – so’m muomalaga kiritildi. 1 so’m kursi 1000 so’m-kuponga tenglashtirilgan holda joriy qilindi.
Milliy valuta – so’m O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qiymati 1,3,5,10,25,50,100 so’m bo’lgan bank qog’oz pullari (banknotlar) holida muomalaga chiqarildi. Aholi qo’lidagi so’m-kuponlar jamg’arma banklari orqali 1000 ga 1 qiymatda almashtirildi. Keyinroq 200, 500, 2001 yilda 1 000, 2013 yilda 5 000, 2017 yilda 10 000 va 50 000, 2019 yilda 100 000 so’mlik qog’oz pullari ham muomalaga kiritildi. Shuningdek, qiymati har xil miqdordagi tangalar ham naqd pul holida muomalaga chiqarildi.
Milliy valuta – milliy iftixor, davlat mustaqilligining ramzi, suveren davlatga xos belgidir.
Bu respublikaga tegishli umumiy boylik va mulkdir(I.Karimov. Asarlar. 3-jild, 331-bet.).
Milliy valutaning muomalaga kiritilishi mamlakatimiz hayotida muhim voqea bo’ldi. O‘zbekistonning xalqaro maydonda mavqeyi oshdi, o’zining pul-kredit, moliya siyosatini amalda mustaqil yuritadigan bo’ldi. Bu iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish uchun qulay imkoniyat yaratdi. 2003-yil 15-oktabrdan boshlab, so’m qisman konvertatsiyalanadigan valuta maqomiga ko’tarildi.
O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – mustaqil davlatning asosiy qonuni.
Konstitutsiya eng oliy qonun sifatida O’zbekistonning mustaqilligi va suveren huquqlarini mustahkamlash va amalda ta‘minlashning huquqiy negizi bo’lib xizmat qiluvchi hujjat hisoblanadi. Respublikaning jamiyat va davlat qurilishi, uning iqtisodiy va siyosiy tizimining asosiy tartib - qoidalari, fuqarolarning huquq, erkinlik va burchlari, davlat hokimiyati va boshqaruv idoralarining milliy davlat va ma‘muriy-hududiy tuzilishi, davlatning ichki va tashqi siyosati masalalariga oid barcha vazifalar Konstitutsiyada o’z ifodasini topgan. Konstitutsiya O’zbekistonni mustaqil davlat maqomiga ega bo’lishiga qonuniy asos soldi. O’z ona vatanining mustaqil davlat bo’lishi va bunga erishish uchun asrlar davomida iztirob chekib, muntazam kurashib kelgan O’zbekiston xalqi o’z maqsadiga erishdi, o’z davlatchiligiga o’zi ega bo’ldi.
Konstitutsiya – davlatning Asosiy Qonuni bo’lib, shaxs, jamiyat va davlat o’rtasida vujudga keladigan eng muhim ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi, oliy yuridik maqomga ega normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi. Shu jihatdan Konstitutsiya o’z mazmun - mohiyatiga ko’ra jamiyat va davlatning rivojlanish qonuniyatlarini o’zida namoyon etadi.
O’zbekiston Oliy Kengashining 1990 yil 20 iyunda bo’lib o’tgan ikkinchi sessiyasida qabul qilingan qaroriga asosan, respublika Prezidenti I.A.Karimov raisligida 64 kishidan iborat Konstitutsiya komissiyasi tuzildi. Komissiya tarkibiga davlat idoralari va jamoat tashkilotlarining taniqli arboblari, xalq deputatlari, fan vakillari kiritildi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992 yil 2 iyulda qabul qilingan qarori bilan Konstitutsiya komissiyasi tarkibi qisman o’zgardi.
Konstitutsiyaviy komissiyaning birinchi majlisi 1991 yil 21 aprelda Prezident I.A.Karimov raisligida bo’lib o’tdi.
O’zbekiston Konstitutsiyasi loyihasini ishlab chiqishga oid barcha tayyorgarlik ishlari muvofiqlashtirishini ta‘minlash maqsadida Konstitutsiyaviy komissiya a‘zolari, shuningdek, yetakchi olimlar va mutaxassislar ishtirokida 32 kishidan iborat ishchi guruhi tuzildi. O’zbekiston Konstitutsiyaviy nazorat komissiyasining raisi O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining akademigi SH.Z.O’razayev guruh rahbari etib tasdiqlandi.
Reja bo’yicha 1991 yil avgust oyida Konstitutsiyaviy komissiyaning raisi I.A.Karimov Konstitutsiyaviy komissiyaning yalpi majlisida O’zbekistonning yangi Konstitutsiyasi konsepsiyasining loyihasi to’g’risidagi ma‘ruzasida ishchi guruh oldiga qo’yilgan vazifalarni bajarishda jahon tajribasini o’rganish va unga amal qilish, boshqa mamlakatlarning inson huquqlari borasida, demokratiya va qonunchilik sohasida qo’lga kiritilgan yutuqlarini hisobga olish, kishilar diliga yaqin va ularga tushunarli bo’lgan iboralar vositasida siyosiy va yuridik hujjat yaratishga harakat qilishni ta‘kidlab o’tdi.
Konstitutsiyaviy komissiyaning a‘zosi akademik SH.Z.O’razayev quyidagilarni qayd qilgan: Prezidentimiz shunday ham juda taqchil vaqtidan fursat ajratib, Konstitutsiya loyihasini tayyorlash bo’yicha tuzilgan ishchi guruhning a‘zolarini qabul qilar, loyihani qayta-qayta o’qib chiqar, uning matnini chuqur mushohada qilar va unga tuzatishlar kiritardi. Bu kishining g’oyat ajoyib tahlil qobiliyati, kelajakni oldindan ko’ra olishi, nozik his etish iste‘dodi bizni nihoyatda hayratga solardi. U mehnatga doimo tayyor, hamisha izlanishda, ishning mohiyatini tushunishga va u bo’yicha eng maqbul qaror chiqarishga intilardi. Konstitutsiyaviy komissiyaning raisi loyihaning har bir tafsilotiga e‘tibor berar, unga o’z qo’li bilan tuzatishlar va aniqliklar kiritardi, ishga astoydil yondashish, ishbilarmonlik va bilimdonlik namunasini ko’rsatar edi. Prezident – o’ziga nisbatan juda talabchan shaxs. Ko’pincha, nazarimizda uning bu talabchanligi o’ziga nisbatan shafqatsizlikka yaqinlashib ketardi. U yarim tungacha ishlar va ishning juda katta qismini o’z zimmasiga olardi. Kunlar ketidan kunlar, shanba va yakshanba dam olish kunlari ham shu tariqa o’tardi (Уразаев Ш.З. Как готовился проект Конститусии Республики Узбекистан // Народное слово, 1992, 26 декабрь.).
1991 yilning noyabr oyigacha Konstitutsiya loyihasining 158-moddadan iborat birinchi varianti tayyor bo’ldi. I.A.Karimov loyihaning bu varianti bilan tanishib chiqib, unga mazmuni, shakli va tahriri jihatdan jiddiy o’zgartishlar kiritdi. Loyihaning ikkinchi varianti 149-moddadan tashkil topdi. I.A.Karimovning ko’rsatmasi va shaxsan u kishining tahriri bilan loyihaning uchinchi varianti 137-moddadan tashkil topdi. Matbuotda e‘lon qilish oldidan loyiha yana bir bor diqqat bilan o’rganib chiqilib, 127 moddaga keltirildi.
Loyiha matbuotda e‘lon qilinishidan oldin I.A.Karimov uni sinchiklab o’qib chiqdi, ba‘zi moddalarga o’zgartish kiritishi natijasida ular to’laroq mazmun, aniq ravshanlik kasb etib, yanada tushunarliroq bo’ldi. Konstitutsiyaviy komissiyaning qarori bilan loyiha 1992 yil 26 sentabrda umumxalq muhokamasi uchun matbuotda e‘lon qilindi. Muhokama davomida uning asosiy bo’limlari, boblari va moddalari yuzasidan tegishli takliflar Konstitutsiyaviy komissiyaga kelib tushdi. Respublika matbuotining o’zida Konstitutsiya loyihasiga bag’ishlangan yuzdan ortiq materiallar e‘lon qilindi. Kelib tushgan takliflarning soni 6 mingtadan oshib ketdi.
Konstitutsiya loyihasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Kengashi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya kabi demokratik davlatlar mutaxassislarining sinchkov ekspertizasidan o’tdi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining loyihasi 1992 yil 21 noyabrda yana bir bor matbuotda e‘lon qilindi. Bundan maqsad fuqarolarni Konstitutsiya loyihasiga kiritilgan o’zgartishlar va to’ldirishlar bilan tanishtirish va ularni hisobga olgan holda muhokamani davom ettirishdan iborat edi. Loyihaning yangi nusxasi e‘lon qilinishi bilan yana yangi takliflar kela boshladi. Qoraqalpog’iston Respublikasida xalq noiblari ishtirokida bo’lib o’tgan yig’ilishda loyiha bo’yicha ayrim istaklar bildirildi. Konstitutsiyaviy komissiyaga kelib tushgan ko’p sonli takliflar, mulohazalar, fikrlar har tomonlama o’rganilib, Konstitutsiya loyihasiga deyarli 80 yaqin o’zgartish, qo’shimcha va aniqliklar kiritildi.
Mustaqil O’zbekiston davlatining Konstitutsiyasi O’zbekiston Respublikasi XII chaqiriq Oliy Kengashining XI sessiyasida 1992 yil 8 dekabrda qabul qilindi. U oliy maqomli Qonun sifatida biz qurayotgan jamiyatning ravnaqi uchun, uning har bir a‘zosining kundalik turmushiga, faoliyatiga madad, muqaddas orzu - umidlarini ro’yobga chiqishi uchun ishonch bag’ishlaydi.
Islom Karimov ushbu sessiyada Konstitutsiyani xalqchil qomus deb atab, uning loyihasi ustida taxminan ikki yil davomida ishlangani, ikki yarim oy mobaynida umumxalq muhokamasidan o’tganligi va shu vaqt mobaynida u xalqning fikr xazinasi durdonalari bilan boyitilganligini, sayqal topganligini ta‘kidladi (Karimov I.A. O’zbekiston: milliy mustaqillik, iqtisod, siyosat va mafkura. 1-jild. - T.: O’zbekiston, 1996. – 118 bet.).
Konstitutsiyamizning eng muhim mohiyati shundan iboratki, unda fuqarolar manfaatining ustunligi qonuniy ravishda mustahkamlangan va kafolatlangan, inson huquqlari, uning kamoloti uchun zarur bo’lgan shaxsiy daxlsizlik, siyosiy erkinlik, ijtimoiy va iqtisodiy imkoniyatlarga erishish uchun umid qilgan va intilgan umuminsoniy g’oyalar yo’lida erishilgan qoidalarni o’ziga singdirgan.
Konstitutsiyani ishlab chiqish, muhokama qilish va qabul qilish jarayoni I.A.Karimovning Konstitutsiya davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan Qomusnoma bo’lganligi, u xalqimizning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettirishi, uning xalqimiz tafakkuri va ijodining mahsuli ekanligi haqidagi xulosasining to’g’riligi va asoslanganligini tasdiqlaydi (Karimov I.A. Buyuk kelajagimizning huquqiy kafolati. –T.: Sharq, 1993. 6-bet).
Mustaqil davlatimiz Konstitutsiyasi asosida respublikamizda demokratik huquqiy jamiyat asoslari faol rivojlanmoqda. Avvalgi partiyaviy yakkahokimlik tizimining illatlari qat‘iyan tugatilib, ko’ppartiyaviylik, g’oyalar va fikrlar xilma-xilligiga yo’l ochildi. Yagona mafkuraning yakkahokimligiga barham berildi. Umumbashariy qadriyatlarning ustuvorligi, chinakam demokratiya, inson erkinliklari va huquqlarining butun dunyo tan olgan meyor va qoidalari tobora qaror topmoqda.
Konstitutsiyamiz mamlakatimizning mustaqillik yillarida siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo’lidagi barcha g’alabalarimizni ifodalovchi hamda kelajak yo’limizni ko’rsatuvchi muhim qonundir. I.A.Karimov ta‘kidlaganidek, Tom ma‘nodagi tarixiy bu sanani har safar bayram qilar ekanmiz, Konstitutsiyamiz – Asosiy Qonunimiz qabul qilinishi bilan biz O’zbekiston kelajagini, yangidan barpo etilayotgan davlatimizning chuqur mazmuni, ma‘no va mohiyatini, siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va ma‘naviy taraqqiyotining, yurtimiz qiyofasini, uning xalqaro hamjamiyatdagi o’rni va nufuzini tubdan o’zgartirib yuborgan mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilishning pirovard maqsadlarini aniq-ravshan belgilab olganimizni haqli ravishda yuksak baholaymiz (Karimov I.A. Bizning yo’limiz – demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va modernizatsiya jarayonlarini izchil davom ettirish yo’lidir. 20-jild. - T.: O’zbekiston, 2012.- 63- 64 betlar.). Konstitutsiyamiz qabul qilingandan keyin yigirma yildan ortiqroq vaqt mobaynida siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayot sohalarida ulkan va jiddiy ijobiy o’zgarishlar yuz berdi.
Konstitutsiyaga o’zgartirish kiritish uchun o’rnatilgan tartib boshqa oddiy qonunlarga o’zgartirish kiritishdan jiddiy farq qiladi. Bu jahon qonunchilik tajribasida ham o’rnatilgan tartibdir. Shunday ekan, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish Konstitutsiyaning 127-moddasining 1-qismiga muvofiq quyidagicha bayon qilingan: O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o’zgartirishlar tegishincha O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a‘zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko’pchiligi tomonidan qabul qilingan qonun yoki O’zbekiston Respublikasining referendumi bilan kiritiladi.
Har qanday jamiyatda ijtimoiy munosabatlar rivojlanib borishi natijasida davlat va jamiyat hayotida muhim o’zgarishlar qilish zaruriyati vujudga keladi. 1993 yil 28 dekabrda birinchi bor Konstitutsiyaga o’zgartish va qo’shimcha kiritilgan bo’lib, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risidagi Qonunga asosan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasi 1-qismi (O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 150 nafar deputatdan iborat)dagi 150 nafar deputatdan degan so’zlar deputatlardan degan so’z bilan almashtirildi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasiga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti 2000 yil 25 may kuni Oliy Majlisning ikkinchi chaqiriq, ikkinchi sessiyasida doimiy asosda ishlaydigan ikki palatali parlament tizimiga o’tish va 2004 yilda bo’ladigan saylovlarda parlamentni ikki palatali qilib tashkil etish haqida taklif kiritdi. Oliy Majlisning navbatdagi sakkizinchi sessiyasida bu masalani hal etishning dastlabki muhokamasi bo’lib, 2002 yil 4 aprelda Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to’g’risidagi Konstitutsiyaviy Qonun qabul qilindi.
Mazkur Qonun asosida 2003 yil 24 apreldagi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risidagi Qonunga muvofiq Konstitutsiyaning XVIII, XIX, XX, XXIII boblariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritildi.
Konstitutsiyaning O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deb nomlangan XVIII bobi ilgari bir palatali parlamentga bag’ishlangan bo’lsa, endilikda mazkur bobda ikki palatali parlament – O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senati (yuqori palata)ga bag’ishlangan. Kiritilgan o’zgartish va qo’shimchalarga muvofiq Konstitutsiyaning 76-moddasida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi bo’lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ikki palatadan - Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senatdan (yuqori palata) iborat. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati vakolat muddati – besh yil, degan qoida bilan mustahkamlandi.
Konstitutsiyaning O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga bag’ishlangan XIX bobiga ham o’zgartish kiritildi. Kiritilgan o’zgartishga muvofiq Konstitutsiyaning 89-moddasidan O’zbekiston Respublikasining Prezidenti Vazirlar Mahkamasining Raisi hisoblanadi degan qoida chiqarib tashlandi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim vakolatlari O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi yuqori palatasi Senatga o’tkazildi. Jumladan, 93-modda 6-bandiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti O’zbekiston Respublikasi chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash uchun nomzodlarni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etishi, shu moddaning 23-bandiga ko’ra esa, amnistiya to’g’risidagi hujjatlarni qabul qilish haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdimnoma kiritishi belgilandi. Ilgari O’zbekiston Respublikasi chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash va amnistiya to’g’risida hujjatlarni qabul qilish bevosita Prezident vakolatiga kiritilgan edi.
Konstitutsiyaning Vazirlar Mahkamasiga bag’ishlangan XX bobiga kiritilgan o’zgartish va qo’shimchalarga muvofiq, ilgari Konstitutsiyaning 98-moddasida Vazirlar Mahkamasi tarkibini O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tuzadi va u Oliy Majlis tomonidan tasdiqlanadi degan qoida mavjud bo’lgan bo’lsa, kiritilgan o’zgartishga ko’ra, 98-moddaning ikkinchi qismida Vazirlar Mahkamasi tarkibi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shakllantiriladi. O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan ko’rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Vazirlar Mahkamasining a‘zolari O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri taqdimiga binoan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi, degan qoida belgilandi.
Shuningdek, Konstitutsiyada O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri vakolatlari kengaytirilib, 98-modda, 5-qismiga O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo’ladi, Vazirlar Mahkamasining majlislariga raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig’iga binoan xalqaro munosabatlarda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko’radi, O’zbekiston Respublikasi qonunlarida, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi, 6-qismiga esa O’zbekiston Respublikasining Prezidenti ushbu Konstitutsiyaning 89-moddasi va 93-moddasiga asoslangan holda Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qilishga, Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarini, O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri farmoyishlarini bekor qilishga haqli degan qoidalar kiritildi.
Mazkur kiritilgan o’zgartish va qo’shimchalarga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga Vazirlar Mahkamasi a‘zolarini tasdiqlash uchun taqdim qilish vakolati berildi.
Konstitutsiyaning saylov tizimi deb nomlanadigan XXIII bobiga ham o’zgartish va qo’shimchalar kiritildi. Ilgari 117-modda 2-qismidagi O’zbekiston Respublikasida Prezident saylovi, hokimiyatning vakillik organlari saylovi umumiy, teng, to’g’ridan-to’g’ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo’li bilan o’tkaziladi. O’zbekiston Respublikasining 18 yoshga to’lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar degan qoida o’rniga O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning Konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – dekabr oyi uchinchi o’n kunligining birinchi yakshanbasida o’tkaziladi. Saylovlar umumiy, teng, to’g’ridan-to’g’ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo’li bilan o’tkaziladi. O’zbekiston Respublikasining 18 yoshga to’lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar, degan qoida kiritildi.
Shu moddaning 3-qismi O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a‘zolari Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishincha qo’shma majlislarida mazkur deputatlar saylanganidan so’ng bir oy ichida ular orasidan yashirin ovoz berish yo’li bilan saylanadilar, degan qoida bilan to’ldirildi.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 6-bo’limiga ham o’zgartish kiritildi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining dastlabki 127-moddasi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o’zgartirishlar O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi jami deputatlarning uchdan ikki qismidan iborat ko’pchiligi tomonidan qabul qilingan qonunlar bilan kiritiladi, deb belgilangan edi.
Kiritilgan o’zgartish va qo’shimchalardan so’ng mazkur moddada O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o’zgartirishlar tegishincha O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a‘zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko’pchiligi tomonidan qabul qilingan qonun yoki O’zbekiston Respublikasining referendumi bilan kiritiladi, degan iboralar o’z ifodasini topdi.
Shuningdek, davlat boshqaruvini yanada demokratlashtirish, hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi tarmoqlari, hukumat va mahalliy davlat hokimiyati organlarining ular zimmasiga Konstitutsiya bilan yuklatilgan vakolatlarni amalga oshirishdagi roli va mas‘uliyatini oshirish, mamlakat Prezidenti vakolatlarini aniq-ravshan belgilash hamda huquqiy meyorlar doirasida cheklash, shuningdek, islohotlarni amalga oshirishda, mamlakatni yangilash va modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning roli hamda ta‘sirini kuchaytirish maqsadida 2007 yil 11 aprelda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga (89-moddasiga, 93-moddasining 15-bandiga, 102-moddasining ikkinchi qismiga) tuzatishlar kiritish to’g’risidagi Qonun qabul qilindi. Mazkur Qonun 2008 yil 1 yanvardan e‘tiboran kuchga kirdi. Kiritilgan tuzatishlarga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 89-moddasi O’zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshlig’idir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta‘minlaydi degan tahrirda, 93-moddasining 15-bandi viloyatlar hokimlarini hamda Toshkent shahar hokimini qonunga muvofiq tayinlaydi hamda lavozimidan ozod etadi degan tahrirda, 102-moddasining 2-qismi Viloyat va Toshkent shahar hokimi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonunga muvofiq tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi degan tahrirda bayon etildi.
2008 yil 25 dekabrdagi Saylov to’g’risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqidagi Qonun bilan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasining birinchi qismi (O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hududiy saylov okruglari bo’yicha ko’ppartiyaviylik asosida saylanadigan bir yuz yigirma deputatdan iborat)ga o’zgartish kiritildi. Ushbu Qonun 2009 yilning 1 iyulidan kuchga kirgan. Unga ko’ra, mazkur moddaning birinchi qismi O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qonunga muvofiq saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iborat, degan tahrirda bayon etildi.
O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning 2010 yil 12 noyabrdagi O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo’shma majlisidagi Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi nomli ma‘ruzasida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining bir qator moddalariga o’zgartishlar kiritish yuzasidan bildirilgan takliflar alohida o’rin olgan. I.Karimov tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan mazkur takliflar 2011 yil 18 apreldagi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida (78, 80, 93, 96, va 98-moddalariga)gi Qonunda o’z ifodasini topgan. Qonunning asosiy maqsadi demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish, davlat hokimiyatining uchta subyekti: davlat boshlig’i – Prezident, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar o’rtasidagi vakolatlarning yanada mutanosib taqsimlanishini ta‘minlash, shuningdek, sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarni amalga oshirishda, mamlakatni yangilash va modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning roli hamda ta‘sirini kuchaytirishdan iborat.
Bu borada O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasi birinchi qismining 15-bandiga qo’shimcha kiritilgan bo’lib, unga ko’ra Oliy Majlis palatalariga mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining dolzarb masalalari yuzasidan Bosh vazirning hisobotlarini eshitish va muhokama qilish huquqi berilmoqda. Mazkur yangilik mamlakatimiz parlamentining roli va ta‘sirini kuchaytirish orqali davlat hokimiyati tizimida o’zaro bir-birini tiyish va muvozanat saqlash prinsipining yanada samarali amalga oshirilishini ta‘minlashda muhim o’rin tutadi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasi 6-bandiga kiritilgan normaga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga O’zbekiston Respublikasi Prezidentining O’zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisini tayinlash to’g’risidagi farmonini tasdiqlash huquqi berilmoqda. Shunga muvofiq holda, Konstitutsiyamiz 93-moddasining 12-bandidagi O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va degan so’zlardan keyin uning o’rinbosarlari degan so’zlar chiqarilib, ularning o’rniga Hisob palatasi raisini degan so’zlar bilan to’ldirildi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti vakolatlari mustahkamlangan Konstitutsiyamizning 93-moddasi 8-bandidan ijro etuvchi hokimiyat devonini tuzadi va unga rahbarlik qiladi degan so’zlarni chiqarish yuzasidan kiritilgan o’zgartish ham muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda Konstitutsiyamizning 89-moddasiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshlig’idir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta‘minlaydi. Shu nuqtai nazardan, Bosh vazirning Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etishi, unga rahbarlik qilishi va uning ishi samaradorligi uchun shaxsan javob berishi, davlat boshlig’i bo’lgan Prezident, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar o’rtasidagi vakolatlarning yanada mutanosib taqsimlanishini ta‘minlash uchun zarur shart-sharoitlarni yuzaga keltirish asnosida ham Asosiy Qonunimizdan ushbu norma chiqarildi.
Kiritilgan yana bir muhim o’zgartish O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 15-bandini viloyatlar hokimlarini hamda Toshkent shahar hokimini qonunga muvofiq tayinlaydi hamda lavozimidan ozod etadi degan so’zlardan oldin O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan degan so’zlar bilan to’ldirish borasida. Ushbu normaning kiritilishi, avvalo, davlat boshqaruvini yanada liberallashtirish bo’yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar bilan bog’liq.
Qonundan o’rin olgan normalardan biri O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 16-bandini O’zbekiston Respublikasi Prezidenti O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qilishga haqli degan so’zlar bilan to’ldirishga oid. Kiritilgan mazkur norma davlat boshlig’i sifatida mamlakat Prezidentining davlat va jamiyat hayotining ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy ahamiyatga ega masalalar yuzasidan o’tkaziladigan Vazirlar Mahkamasi majlislarida ishtirok etish huquqini mustahkamlaydi. Zero, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlislari mamlakat ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan o’tkaziladi. Shuningdek, davlat boshqaruvining, xo’jalik va ijtimoiy-madaniy qurilishning eng muhim masalalari ham Vazirlar Mahkamasining majlislarida hal etiladi.
Qonunga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 96-moddasi yangi tahrirda bayon etildi. Unga ko’ra, O’zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o’z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risidagi Qonunga to’liq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi o’tkaziladi. Ta‘kidlash joizki, mamlakat Prezidenti turli sabablarga ko’ra o’z vazifasini bajara olmaydigan vaziyat yuzaga kelgan taqdirda noaniqlikka, ushbu moddani turlicha talqin etishga yo’l qo’ymaslik maqsadida mazkur moddaning yangi tahriri berildi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga kiritilgan qo’shimchalarga muvofiq demokratik tartib-qoidalarga javob beradigan yangi Konstitutsiyaviy qoida joriy etildi. Unga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O’zbekiston Respublikasi Oliy
Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko’p deputatlik o’rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko’p deputatlik o’rinlarini qo’lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi. Ushbu qo’shimchalarning kiritilishi tarixiy ahamiyatga ega bo’lib, mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada rivojlantirish, huquqiy demokratik davlat va ochiq fuqarolik jamiyati qurishda yangi bosqichning boshlanishi hisoblanadi. Konstitutsiyaga kiritilgan yana bir muhim o’zgartirish O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish huquqining berilishi bilan bog’liq. Xususan, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasida belgilanishicha, O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi o’rtasida doimiy ziddiyatlar kelib chiqqan taqdirda Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga rasman kiritilgan taklif bo’yicha Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo’shma majlisi muhokamasiga kiritiladi.
Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi tegishincha O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a‟zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi. Bunday holatda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni lavozimidan ozod etish bo’yicha qaror qabul qiladi. Bunda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birga iste’foga chiqadi. Mazkur norma davlat hokimiyati tarmoqlari o’rtasidagi vakolatlarning yanada mutanosib taqsimlanishini ta‘minlash bilan bir qatorda, davlat ahamiyatiga molik muhim masalalarni hal qilishda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytiradi va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining davlat hokimiyati organlari tizimidagi o’rnini ancha oshiradi.
2011 yil 12 dekabrdagi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasiga tuzatish kiritish to’g’risidagi Qonun bilan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasiga tuzatish kiritildi. Unga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Konstitutsiyaviy vakolat muddati yetti yildan besh yilga qisqartirildi.




  1. Yüklə 1,66 Mb.

    Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   47




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin