Mazhabsizlik va uning oqibatlari. Bugungi kunda turli guruhlar tarafidan mazhablarni inkor qilish holatlari uchrab turibdi. Ular mazhabsizlik g’oyasini ilgari surib, asosiy maqsadlari asrlar davomida amal qilinib kelinayotgan fiqhiy mazhablarni inkor qilishdan iborat. Mazhabsizlik g’oyasi deyarli 12 asrdan ortiq vaqt mobaynida yashagan minglab ulamolarning butun umrlarin davomida olgan ilmlari va qoldirgan meroslarini, yozgan asarlarini bekorga chiqaradi. SHu bilan birga asrlar davomida amal qilinib kelinayotgan an’analar noto’g’ri, ularga amal qilgan musulmonlar esa adashgan ekan degan xulosaga olib keladi. Bundan tashqari musulmonlar birligini xavf ostida qoldiradi. Zero, Muhammad payg’ambar (alayhis-salom) hadislarida: «Alloh ummatimni zalolatda jamlamaydi», «Musulmonlar yaxshi deb bilgan narsa Allohning huzurida ham yaxshidir» (hadislarni Hokim Naysaburiy rivoyat qilgan), deyilgan. Mazhablar ham musulmonlarning birligi. Olimlar butun umrini shariat ilmiga bag’ishlab, undagi o’ta nozik masalalarni o’rganish uchun umrining ko’p yillarini bag’ishlaganlar, Qur’on va hadislarda uchraydigan va barcha insonlar tushunishi qiyin bo’lgan holatlarni fahmlash va tushunishga oson shaklga keltirib so’ngi xulosalarni berganlar.
Mazhabsizlik g’oyasini soxta salafiylar ilgari surmoqda. Ularning fikricha, fiqhiy mazhablar tomonidan ishlab chiqilgan qoidalarni to’g’ri tushunish usuli sifatida tan olinmaydi, balki shariat ahkomlarini to’g’ridan-to’g’ri amalga tatbiq etish lozim deb hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, mazhabsizlarning da’vosi bo’yicha har bir kishi, o’zi Qur’ondan yoki hadisdan hukm olishi mumkin. CHunki mujtahidlarning xulosasi boshqalar uchun asos bo’la olmaydi, har bir odam o’zi fatvo berishi mumkin. Ularning bu g’oyasiga amal qilinsa, barcha Qur’on va hadisdan hukm olishga o’tsa, jamiyat hayoti o’z-o’zidan izdan chiqadi. CHunonchi tibbiyot, arxitektura va hokazo soha vakillari ham o’zlari mustaqil tarzda Qur’on yoki hadislarni o’rganib o’z masalalarini hal etishlari lozim bo’lib qolar edi.
Mazhabsizlikni targ’ib qilayotgan soxta salafiylik mafkurasiga ko’ra fiqhiy mazhablar tomonidan ishlab chiqilgan kategoriyalar shariatni to’g’ri tushunish uslubi sifatida tan olinmaydi, to’g’ridan-to’g’ri shariat ahkomlarini amalga tatbiq etish eng to’g’ri yo’l hisoblanadi.
Bu yo’l bilan minglab olimlarning mashqqat bilan amalga oshirgan ishlarini bekorga chiqaradi. SHu bilan birga asrlar davomida musulmonlar tomonidan amal qilinib kelinayotgan an’analarni noto’g’riga chiqarib, «o’tmishdagi musulmonlarni adashgan edilar» degan buzuq xulosani beradi. Buning natijasida musulmonlar orasida parokandalik yuz beradi. Hozirgi kundagi ahli sunna val jamoa musulmonlarining barchasi to’rt mazhabdan biriga ergashadi. SHu bilan birga ular bir-birini inkor qilmaydi va aqidada bir hisoblanadi.
Mazhabsizlarning da’volaridan yana biri faqat sahih hadisga amal qilish lozim, chunki mujtahidlar har xil fatvo chiqarganlar, shuning uchun bu bo’linish hisoblanadi, deydilar. Aslida mazhablardagi bir masalaga turlicha qarash mujtahidning o’sha masalani qanday tushunishi bilan bog’liq. Arab tili boy til bo’lgani sababli, bir olim Qur’ondagi so’zning bir ma’nosini qabul qilgan bo’lsa, ikkinchi mujtahid boshqa ma’nosini olgan. Hukm ham, hadislardan hukm olish ham shunga yarasha bo’lgan. Bir mujtahid bir hadisni olgan va unga qarshi bo’lgan hadisni esa, hukmi o’chgan deb, boshqa mujtahid esa, o’sha hadisni hukmi o’chmagan deb qabul qilgan.
Bulardan tashqari Payg’ambar (alayhis-salom) tomonidan sahobiylarga ham o’z o’rniga qarab turlicha masalahatlar berilgan. Sahobiylar esa, turli joylarga tarqalib, borgan joylarida o’zlari bilgan ilm bilan boshqalarni tanishtirganlar. SHunga o’xshash va boshqa sabablar bilan mazhablar orasida bir masalaga turlicha fatvolar berish holatlari paydo bo’lgan. SHunday bo’lsada mazhablar bir-birlarining hukmlarini xato deb hisoblamaydilar va boshqa hukmni hurmat qiladilar.
SHu o’rinda fatvo va muftiy haqida to’xtalib o’tish o’rinli. «Fatvo» deb lug’atda «mushkul ishga javob qidirish», «savolga javob berish», «shariat masalalari yuzasidan fatvo chiqarmoq», «maslahat bermoq», «muftiyning xulosasi» degan ma’nolarni bildiradi. Istilohda esa, «dalilga asoslanib, shar’iy hukmni so’rovchiga bayon qilib berish» ga fatvo deyiladi. Zamonaviy hanfiy mazhabi olimlaridan biri fatvoni «diniy masalalarga javob berishdir», degan. «Muftiy» deb shariat hukmlari borasida fatvo beradigan odamga aytiladi. Faqih Qarofiy shunday degan: «Muftiylar Alloh taoloning tarjimonlaridir. CHunki ular nass (Qur’on va hadis)ga tayangan holda hukm chiqaradilar». Imom SHotibiy: «Muftiylar ummat uchun Rasululloh (alayhis-salom) maqomlarida bo’ladilar. Bunga dalil qilib: «Olimlar payg’ambarlarning merosxo’rlaridir. Payg’ambarlar dinor yoki dirham emas, balki ilmni meros qilib qoldirganlar» (imom Termiziy rivoyati), hadisini keltiradilar» deb sharhlagan.
Bugungi kundagi hanafiy olimlaridani biri shunday deydi: «Mohir ustozlarning huzurida fiqhni o’rganmagan kimsaning fatvo berishi mumkin emas. Ustozlar huzurida fiqhni o’rgangan kishining fatvo berishi mumkin bo’lmaganidek, o’zi (mutaqil ravishda) fiqhiy kitoblarni mutolaa qilgan kimsaning ham fatvo berishi mumkin emas. Hatto u ahkom usullari, qoidalari va illatlari bilan tanishib chiqib, malaka hosil qilgan bo’lsa ham, mo’’tabar kitoblarni boshqalardan ajratib olgan bo’lsa ham mumkin emas».
Hatto Payg’ambar (alayhis-salom) zamonlarida Qur’on oyatlari nozil bo’layotganini o’z ko’zlari bilan ko’rgan va din ilmlarini U zotdan to’g’ridan-to’g’ri olgan sahobalar ham fatvo berishdan ehtiyot bo’lib va xato qilishdan qo’rqib javob berishni bir-birlariga havola qilib «falonchidan so’ra» deganlar.
Yuqoridagilardan shunday xulosa qilish mumkinki, barcha odamlarga, hatto u diniy kitoblarni o’qib tushunsa ham diniy masalalarda fatvo berishi mumkin emas. Balki fatvo berish chuqur bilimli, shu sohada o’zini ko’rsatgan mutaxassis kishilarga mumkin bo’ladi. Bu fikrni qo’llash quyidagi rivoyat qo’llaydi. Kishilar muhaddis olim, hanbaliy mazhabi asoschisi Ahmad ibn Hanbaldan yuz ming hadisni yod bilgan odam fatvo bersa bo’ladimi, deb so’raganlarida, u kishi, yo’q, deb javob berganlar. So’rovchilar yodlanishi lozim hadislarning sonini yuz mingdan oshirib borganlar, imom Ahmad yo’q, deb javob beraverganlar, besh yuz mingga yetganlarida, umid qilaman, deganlar.
Odamlar shariat bilimlarini bilish darajasiga ko’ra xos va ommaga bo’linadi. Xos kishilar muayyan soha bilan shug’ullanib, uni mukammal o’rgangan mutaxassislar hisoblanadi. Omma esa, o’zlarining kasblari bilan mashg’ul bo’lib, kerakli vaqtda mutaxassisga murojaat qilib, o’z masalasini xal qiladilar. SHariy hukmlar masalasida ham xos kishilar – mujtahid-faqihlar shug’ullanib, ommaga uning masalalarini yetkazib, tushuntirganlar. Omma esa unga amal qilgan. SHariy nuqtai nazardan odamlar mujtahid va muqallidga bo’linadi. Manbalarda mujtahid deb ijtihod qilish (muayyan ilmiy salohiyatga ega faqih olim shariatning mufassal dalillaridan shar’iy hukmlarni chiqarib olishi, ya’ni istinbot qilish jarayoni) faoliyati bilan shug’ullanadigan kishiga aytilgan. Mujtahid olimlar shariatning mustaqil manbasi emas. Balki mujtahid shariat qonunlarini sharhlovchisi va uning manbalarni tushuntiruvchisi deb tan olinadi.
Omma ijtihod qila olmaydigan, boshqacha qilib aytganda, mustaqil tarzda shariat manbalarini tushunmaydi va ulardan qanday hukm olinishini bilmaydigan kishilardir. Ular mujtahidga taqlid qiladi va u muqallid-taqlid qiluvchi deyiladi. Taqlid qiluvchi mujtahidning hukmiga amal qiladi. Musulmonlarning asosiy qismi shu guruh – taqlid qiluvchilar guruhidan iborat. SHu kungacha yashagan musulmon olimlarining faoliyati natijasida mazhablar jamiyatda o’z o’rniga ega bo’lgan. Mazhabsizlik va shunga o’xshash fikrlarni islom dushmanlari musulmonlar orasida tarqatishga harakat qilmoqda. Olimlardan SHoh Valiulloh Dehlaviy to’rt mazhabdan biriga taqlid qilish haqida: «Bilginki, ushbu to’rt mazhabning birini ushlashda (taqlid qilishda) ummat uchun katta foyda va afzallik bor. Ulardan yuz o’girishda katta fasod bor», degan.
Aslini olganda, musulmonlar Payg’ambar (alayhis-salom)ga ergashadi, mujtahidlarga taqlid qiladi xolos. Ulamolarning tutgan yo’llari haqida mashhur muhaddis Zahabiy: «Biz, to’rt imom (Abu Hanifa, Molik, SHofeiy, Ahmad), ikki Sufyon (Sufyon Savriy va Sufyon ibn Uyayna), Avzoiy, Dovud Zohiriy, Ishoq ibn Rohuvayh va boshqa imomlar haq yo’lda bo’lganlar, deb ishonishimiz lozim. Ular o’zlari haqda aytilayotgan ayb (gap)lardan pok bo’lib, ularga e’tibor qaratilmaydi. Boshqa mujtahid muayyan bir mazhabga ergashishi shart... Ikki haram imomi (Juvayniy) ta’kidlaganidek, sahobiy va tobeiylarga ergashib bo’lmaydi, chunki ularning mazhabi yozilmagan va shakllantirilmagan. Qozilik masalalari va fatvo berishda to’rt mazhabdan boshqasiga taqlid qilinmaydi», degan. Boshqa bir olim Tojuddin Subkiy shunday yozadi: «Ushbu to’rt mazhab (hanafiy, molikiy, shofeiy, hanbaliy), Alloh rahmati ila, e’tiqodda bir bo’lgan. Ularning ayrim izdoshlari mo’’taziliylar va mujassimaga qo’shilib ketganlariga qaramasdan, mutlaq ko’pchiligi haqiqatga rioya qilganlar...». «Ahli sunna val-jamoa» olimlari to’rt mazhabdan biriga taqlid qilish shart ekani borasida ixtilofga bormaganlar.
Xulosa qilib aytish mumkinki, islomdagi fiqhiy mazhablar musulmonlarning birligini saqlashga va xalqning diniy hukmlarga rioya etishlaridagi qiyinchiliklari oldini olishga xizmat qilgan. Biroq mazhablarni inkor qilish musulmonlar qalbiga turli shubhalarni solish barobarida sof islom aqidasini buzish va jamiyatda ixtilofli holatlarni keltirib chiqarishga qaratilgan.