a’zolari ikki yoki undan ortiq davlat fuqarolari, shu jumladan, yollanma shaxslar bo’lgan ekstremistik guruhlar tomonidan sodir etilishi;
ekstremistik guruhlar tarkibida qo’poruvchilik harakatlari bo’yicha xorijlik yo’riqchilarning qatnashishi;
ekstremistik guruh a’zolarining boshqa davlatlar hududida tashkil etilgan maxsus lagerlarda tayyorgarlik ko’rishi;
tayyorgarlik ko’rish va qo’poruvchilikni sodir etishda xorijiy davlatlar va ekstremistik uyushmalar yordamidan, xalqaro tus olgan noqonuniy qurol-yarog’ savdosi va narkobiznesdan keladigan moliyaviy manbalardan foydalanilishi.
Muayyan mamlakat hududida sodir etilgan terrorchilik xurujida qayd etilgan u yoki bu belgilarning bo’lishi, unga xalqaro maqom berilishi va shundan kelib chiqib, unga mos choralar ko’rilishiga olib keladi.
Islom niqobidagi ekstremizmning g’oyaviy ildizlari. Islom niqobi ostida paydo bo’lgan ekstremistik harakatlar tarixiga e’tibor beradigan bo’lsak, ularning ildizlari uzoq o’tmishga, hatto islom tarixining birinchi asriga borib taqalishini ko’rish mumkin. Uning ilk vakillaridan biri sifatida 657 yili xalifa Ali (r.a.) askarlaridan ajralib chiqqan, o’zlarini haqiqiy musulmon, saflariga qo’shilmaganlarni «dindan qaytgan» deb e’lon qilib, ularga qarshi murosasiz kurash olib borgan «xorijiylar» (arabcha–ajralib chiqqanlar, isyonchilar) diniy-siyosiy oqimi faoliyati misol bo’la oladi.
Xorijiylik yo’nalishi va ta’limoti. Xalifa Usmon ibn Affon (r.a.) (644-656) davriga kelib islom jamoasi ichida fitnalar paydo bo’ldi. Usmon (r.a.)ga uyushtirilgan suiqasd (656 y.) ham ana shu siyosiy kurashlarning natijasi edi. Xalifa o’ldirilgach, uning o’rniga Ali ibn Abu Tolib (r.a.) (656-661) saylandi.
657 yil (37 hijriy)da SHomning (Suriya) shimoli-sharqida joylashgan Siffin mavzesida xalifa Ali (r.a.) qo’shini bilan u yerning hokimi Muoviya (r.a.) qo’shini o’rtasida «Jamal voqeasi»dan bir oy o’tib, to’qnashuv sodir bo’lgan. Ushbu to’qnashuv 656 yil uchinchi xalifa Usmonning (r.a.) o’ldirilishi munosabati bilan Ali (r.a.) va Muoviya (r.a.) tarafdorlari o’rtasidagi keskin qarama-qarshiliklar sabab bo’ldi. Marhum xalifaning yaqin qarindoshi bo’lgan Muoviya (r.a.) xalifalik taxtini egallagan Ali (r.a.)dan aybdor jinoyatchilarni jazolashni talab qilib, shundan so’nggina Ali (r.a.)ga bay’at qilishni ma’lum qildi. Jang to’qqiz kun davom etdi. Ali (r.a.)ning qo’li baland kelib turganda, Muoviya (r.a.) tarafdorlari hiyla ishlatdilar. Ular Amr ibn Oss (r.a.) ko’rsatmasi bilan katta nayzalar uchiga yangi ko’chirilgan Mushaf varaqlarini ilib, Qur’on bilan hukm chiqarishni talab qildilar. Muoviya (r.a.)ning janjalni sulh orqali hal qilish haqidagi taklifini Ali (r.a.) qabul qilgach, jang to’xtatildi. Ali va Muoviya (r.a.)lar o’rtasida hijriy 37 yil safar oyining 15 kuni (mil. 657 yil 8 sentyabrь)da sulh tuzildi. Mazkur «Siffin» jangi musulmonlar uchun juda katta yo’qotish bo’ldi. Unda hammasi bo’lib to’qson ming musulmon halok bo’ldi. Aynan «Jamal» va «Siffin» janglari musulmonlar o’rtasida dastlabki bo’linishlar va turli firqalar kelib chiqishiga sabab bo’ldi. Ahli sunna va-l-jamoa e’tiqodiga ko’ra, sahobiylar orasida yuz bergan bu vaziyatlarda ular ayblanmay, ularning bari haqni izlagan mujtahidlar hisoblanadilar. Umumiy qoidaga asoslanib, ulardan qaysi birlari to’g’ri ijtihod qilgan bo’lsalar, ikki ajr, xato ijtihod qilgan tarafga esa bir ajr beriladi.
XalifaAli (r.a.) bilan Muoviya (r.a.) o’rtasidagi tuzilgan bitimdan Kufa yaqinida turgan 12 ming kishidan iborat qo’shinning bir qismi norozi bo’ldi. Ular «hukm chiqarish faqat Allohning iznidadir», degan shior bilan qo’shinni tark etib, Kufa yaqinidagi Harura qishlog’iga ketdilar. Bu firqaning Kufadagi «xypyj» (bo’ysunmaslik) voqeasi ularning «xavorij» (qarshi chiquvchilar) nomini olishlariga sabab bo’ldi. Bu voqea Harura qishlog’ida yuz berganligi bois avvaliga ularni «haruriylar» deb ham ataganlar. Ular o’zlarini «SHurot» (Jonlarini Alloh yo’lida tikkan kishilar) deb nomlaganlar. Yana ularning «Muhakkima» («hukm Allohning iznida» deguvchilar) degan nomlari ham bo’lgan.
Xorijiylar o’zlariga Abdulloh ibn Vahb ar-Rosibiyni amir etib saylab, Ali (r.a.) va Muoviya (r.a.)ni yo’q qilish payiga tushdilar. Xalifa Ali (r.a.)ni 661 yilda xorijiy Abdurrahmon ibn Muljam o’ldirgach, xorijiylar ikki firqaga bo’linib, biri Iroqda qoldi, ikkinchisi Arabiston yarim oroliga ketdi. Umaviylar davrida xorijiylarga qarshi keskin kurash olib borildi. CHunki ular Umaviylar davlatiga katta xavf solardilar. Bu davrda xorijiylar kuchayib, Kirmon, Fors, Yamoma, Hadramavt, Toif va Yaman kabi shahar va o’lkalarni egalladilar.
Hokimiyat Umaviylardan Abbosiylar sulolasi (749-1258) qo’liga o’tganidan keyin ham bu toifa bir muddat o’z kuchini yo’qotmadi. Biroq Abbosiylar uzoq vaqt ularga qarshi uzluksiz olib borgan kurashlaridan so’nggina xorijiylar inqirozga yuz tutdi.
Demak, islomda dastlab paydo bo’lgan firqa «xorijiylar»dir. «Xorijiylar» o’z talqinlaridagi «sof» islom qoidalariga qat’iy rioya qilish tarafdori edi. Aynan ular o’z qarashlari va faoliyatiga qo’shilmaganlarni imonsizga chiqarish, ularga qarshi «jihod» olib borish haqidagi g’oyalarni ishlab chiqib, terror uslubini qo’llash orqali hukmdorlarni jismonan yo’q qilish amaliyotini boshlab bergan edi. Bunday g’oyalar kelib chiqishiga ko’ra hokimiyat uchun kurashning zo’ravonlikka asoslangan usullaridan bo’lib, minglab kishilarning halok bo’lishiga olib kelgan. O’z davrida ular bilan bahs munozara qilish, ularning fikrlariga raddiya berish, to’g’ri yo’l ko’rsatish maqsadida mashhur sahobiy Abdulloh ibn Abbos (r.a.) ularning huzuriga jo’natilgan edi. Abdulloh ibn Abbos asosan ularning «Allohning hukmi» borasidagi xato qarashlariga raddiya bergan. Natijada jami olti minglik xorijiylardan ikki ming nafari noto’g’ri yo’lda ekanliklarini anglagan holda undan qaytganlar.