Minerallarning rangi va chizig`ining rangi - bir qator hollarda muhim diagnostik belgi bo`lib xizmat qiladi. Tabiatda minerallar juda xilma-xil rangda uchraydi. Ular oq, shaffof, pushti, qizil, qora va h.k. rangda bo`lishi mumkin. Ularning rangi turmushda yaxshi tanish bo`lgan narsalar rangiga qiyoslab aniqlanadi. Chunonchi, sutdek oq, somondek sariq va h.k.
Ayrim minerallarga ularning rangiga qarab nom berilgan. Masalan, lazurit va azurit havo rangli, xlorit yashil rangli (grek. "xloros"-yashil), rodonit - pushti (grek. "rodon"-pushti), rubin - qizil (lot. "rubens"-qizil), auripigment - oltin rangli (lot. "aurum"-oltin, "pigment"-bo`yoq).
Minerallar rangi uch xil o`ziga xos omillar bilan belgilanadi:
a) idioxromatik (grek. "idios"-o`zining, shaxsiy) - mineralning o`z xususiyatlari bilan belgilanadi. Rangning bu turi mineralning kristall panjarasida rang beruvchi ionlarning yoki xromoforlarning mavjudligi bilan bog`liq. Bunday xromoforlarga titan, vanadiy, xrom, marganes, temir, kobalt, siyrak elementlar va boshqalar kiradi. Masalan, ikki yoki uch valentli marganes minerallarga pushti rang bersa, yetti valentli marganec to`q siyohrang beradi;
b) ko`pgina minerallar rangi boshqa kimyoviy elementlarning aralashishiga bog`liq bo`lgan alloxromatik (grek. "allos"-chet, begona) xususiyatga ega. Masalan, kvars tarkibiga kiruvchi moddaga qarab oq, shaffofdan to qora ranggacha bo`ladi;
с) va nihoyat, ayrim minerallar rangi ularning yuzasidan qaytgan nurning tarqalishiga qarab o`zgarib turadi. Bunday rang p s ye v d o x r o m a t i k (grek. "psevdo"-yolg`on, qalbaki) rang deyiladi. Masalan, labrador aslida qora rangli bo`lsa-da, yuzasiga nur tushganda har xil ranglarda tovlanish (krizatsiya) xususiyatiga ega.
Ba`zi minerallarni aniqlashda uning chinnida qodirilgan chizig`ining rangidan foydalaniladi.
Mineral chizig`ining rangi - kukun holidagi mineral rangidir, shunday kukunni tekshirilayotgan mineral bilan biskvit deb ataladigan xira (sirlanmagan) chinni taxtachaga chizib osonlikcha aniqlash mumkin.
Ayrim hollarda mineral chizig`ining rangi mineral rangi bilan bir xil bo`ladi. Masalan, azurit chizig`ining rangi-ko`k, auripigmentniki sariq.
Ayrim minerallar chizig`ining rangi esa, aksincha mineral rangdan farq qiladi. Masalan, piritning rangi - somondek sariq, chizig`ining rangi esa qora.
Temir rudalarini behato aniqlashda mineral chizig`ining rangi katta yordam beradi. Ko`rinishi bir xil bo`lgan qo`ng`ir temir rudasi, gematit va magnetitni olsa, temir rudasi chizig`ining rangi sariq-qo`ng`ir, gematitniki qizil, magnetitniki qora bo`ladi.
Ulanish yuzasi- bu minerallarning zarb ta`siridan ma`lum bir kristallografik yo`nalishi bo`yicha tekis yuza hosil qilib ajralishi xususiyatidir. Ulanish yuzasi o`ta mukammal (sludalar), mukammal (dala shpatlari, kalsit, piroksen va amfibollar), ulanish yuzasi nomukammal, ya`ni u juda xilma-xil yo`nalishlarda sinadi (apatit, olivin, berill).