Iqlim hosil qiluvchi jarayonlar. Iqlim hosil qiluvchi alohida omillarning o‘zaro ta’sirlashuvi Yer sharida va uning alohida qismlarida iqlimiy sharoitni yaratadi. Ana shunday holatlarni iqlim hosil qiluvchi jarayonlar deb atash qabul qilingan. Ularga quyidagilar kiradi: issiqlik almashinuvi, namlik almashinuvi, umumiy va mahalliy atmosfera sirkulyatsiyalari. Issiqlik almashinuvi– bu yer sirti va atmosfera tizimida issiqlikni qabul qilib olish, uzatish, ko‘chirish va yo‘qotish jarayonidir. Issiqlikning kirib kelishi va sarflanishi radiatsiyaning yo‘qotilishi va atmosfera hamda yer sirtining nurlanishi ko‘rinishlarida yoki issiqlik o‘tkazuvchanlik hamda atmosferada suvning boshqa holatlarga o‘tishidagi issiqlik uzatish jarayonlari kiradi. Ancha katta miqdordagi issiqlik adveksiya (issiqlik va sovuqlikning havo oqimlari bilan gorizontal ko‘chishi) yo‘li bilan uzatiladi.
Namlik almashinuvi– bu bug‘lanish, atmosferada suv bug‘larining ko‘chishi, ularning bulutlik va tumanlarning hosil bo‘lishi bilan birgalikda kechadigan kondensatsiyalanishi, yog‘inlarning yog‘ishi va, nihoyat, oqim hosil bo‘lish hodisalaridan tarkib topgan iqlim hosil qiluvchi jarayondir. Shunday qilib, yer sirtidan suvning atmosferaga ko‘tarilishi va yana qaytib yer sirtiga tushishi uzluksiz davom etadi.
Mahalliy sirkulyatsiyanisbatan uncha katta bo‘lmagan yuzada kechadigan atmosfera sirkulyatsiyasidir. U ba’zan quruqlik – suv chegaralaridagi harorat farqlari tufayli (briz shamollari) yuzaga kelsa, ba’zan yer sirtining bir xil emasligi natijasida (tog‘-vodiy shamollari, fyonlar va boshqalar) paydo bo‘ladi.
Barcha iqlim hosil qiluvchi omillar o‘zaro bog‘liqdir, masalan, yer sirti atmosferasining issiqlik rejimiga bulutlik ta’sir etadi, chunki u Quyoshdan kelayotgan to‘g‘ri radiatsiya oqimini to‘sib qoladi. O‘z navbatida bulutlar namlik almashinuvi elementlaridan biri hisoblanadi. Iqlimning har bir elementi rejimi iqlim hosil qiluvchi har uchchala jarayonlarining o‘zaro ta’sirlashuvi natijasidir. Yer sharida atmosfera yog‘inlarining taqsimlanishi buning yorqin misolidir, chunki atmosfera yog‘inlarining hosil bo‘lishida namlik almashinuvi ham, issiqlik almashinuvi ham, atmosfera umumiy sirkulyatsiyasi ham ishtirok etadi.