Real resurslar deb jamiyatni ayni xolatdagi rivojlanish bosqichida qidirib topilgan, zaxiralari aniqlangan va jamiyat tomonidan faol ishlatilayotgan resurslarga aytiladi. Ishlab chiqarishni rivojlanishi, ilmiy ishlar va ishlanmalarni amaliyotga tadbiq etila borishi bilan real resurslar ham o‘zgarib boradi. Masalan, insonlarning u yoki bu sohani takomillashtirib borish jarayonida bir energetik resurslar boshqasiga almashtiriladi. Masalan, sanoat korxonalari paydo bo‘layotgan dastlabki davrlarda yonilg‘i sifatida kit moyidan foydalanilgan. Kitlarni ovlash sanoatni rivojlantirishi uchun muhim hisoblansa-da, kitlarni keskin kamayib ketishiga sabab bo‘ldi. Shu bilan birga kitlarni ovlashni ta’minlash masalasi ham qiyinlashib bordi. Energiya xom ashyosini boshqa turiga almashtirish ehtiyoji tug‘ildi. Endi o‘rmon yonilg‘i resursi sifatida ishlatila boshlandi. Bu xol ham o‘rmonzorlar maydonini keskin kamayib ketishiga olib keldi. Shuningdek, o‘rmonlarni kesib ishlatish iqtisodiy jixatdan o‘zini oqlamay qoldi. Shundan so‘ng avval ko‘mir, so‘ngra gaz konlarini qidirib topish va ishlatish amalga oshirildi. Jamiyatning hozirgi rivojlanish davrida energiya resurslari manbai sifatida gidroelektrostansiyalar energiyasidan foydalanish yetakchi o‘rinni egalladi. Shunga qaramasdan yer ostidan qazib olinadigan energiya xom ashyolariga (ko‘mir, neft, va gazga)bo‘lgan ehtiyoj tobora oshib bormoqda. Chunki dunyo bo‘yicha elektr energiyasining 60% i issiqlik elektr stansiyalari (IES) hisobiga olinmoqda. Katta miqdorda energiya talab qilinadigan sanoat korxonalarini energiya bilan ta’minlash uchun energetik resurslarning boshqa turlaridan foydalanishga e’tibor qaratilmoqdaki, bu xol insoniyatni bitmas tugalmas energiya bilan ta’minlashga xizmat qilishi mumkin. Kelajakda termoyadro energetikasi, shamol generatorlari va quyosh energiyasidan foydalanish imkoniyatlari shular jumlasidandir. Insoniyat o‘tmishda energiya inqiroziga bir necha marta uchraganligi ma’lum, ammo inson bu muammolarni muvofaqiyatli xal qila olgan.
Potensial tabiiy resurslardeb jamiyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida qidirib topilgan, qisman va miqdoran aniqlangan resurslarga aytiladi. Ammo ulardan foydalanish turli sabablarga ko‘ra ayni paytda davlat tomonidan maqsadga muvofiq emas deb topilgan bo‘lishi mumkin. Boshqa so‘z bilan aytganda, ulardan foydalanish uchun texnik vositalar yetarli bo‘lmagan, xom ashyolarni qayta ishlash texnologiyalari ham ishlab chiqilmagan yoki umuman yaratilmagan bo‘lishi mumkin. Masalan, tosh davrida metall potensial resurs emas edi. Chunki inson uni ajratib olish texnologiyasini bilmas edi. Bronza asriga kelib temir rudalari potensial resurslarga aylanib qoldi. Chunki insonlar rudadan temirni ajratib olish texnologiyasini o‘zlashtirib oldilar.
Yer sayyorasining potensial yer resurslariga cho‘llar, tog‘liklar, botqoqliklar, sho‘rlangan hududlar, doimiy muzliklar ham kiradi. Hozirgi davrga kelib insonlarning yer resurslariga bo‘lgan extiyojlarini tobora oshib borayotganligiga qaramasdan mavjud barcha yerlarni qishloq xo‘jaligi uchun o‘zlashtirishni imkoniyati yo‘q. Masalan, botqoqliklarni o‘zlashtirishda drenajlar o‘tkazish, sho‘rlangan hududlar tuzini yuvish va oqavalarni chiqarib yuborish uchun drenajlar yotqizish ishlariga katta miqdorda sarf-harajatlar talab etiladi, shuningdek, yerlarning sho‘rini yuvish uchun chuchuk suv bilan ta’minlashning iloji yo‘q. Doimiy muzliklar bilan qoplangan hududlarda dexqonchilik qilishning iloji bo‘lmasada sanoat korxonalari qurish, qazilma boyliklarni qazib olish imkoniyatlari mavjud. Potensial resurslarga bir qator kosmik resurslar-quyosh energiyasi, dengiz suvlarining ko‘tarilishi va qaytishi, shamol energiyalari va boshqalar ham kiradi. Olimlar tomonidan potensial kosmik resurslardan foydalanish usullarini yaratishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Kelajakda quyosh radiasiyasini quyosh energiyasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aylantirishning nisbatan arzon usullarini yaratish bir qator mamlakatlarni isitish tizimlari uchun sarf etiladigan energiyaning 50 foizini qoplashi mumkinligi hisoblab chiqilgan. +uyosh energiyasidan foydalanish sayyoramizning ekologik inqirozdan qutqarishda asosiy omil hisoblanadi. Uning yerdagi asosiy manbai esa yashil o‘simliklardir. O‘zbekistonda quyosh energiyasidan foydalanish, yangi texnologiyalar va texnik vositalarni joriy etish bo‘yicha sohalararo «O‘zgeleotexnika» ilmiy texnik markazida, «Fizika-quyosh» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining energetika va avtomatika ilmiy tadqiqot va loyixa institutlarida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.