1.Islom dini shakllanishidagi tarixiy sharoit. Muhammad payg’ambar (a.s.) hayoti va faoliyati. Islom dini tarafdorlari jahon aholisining 20 foizga yaqin qismini tashkil etadi (173 ta mamlakatda 1,9 mlrd. e’tiqodchi). Eng katta musulmon jamoalari Indoneziya (165 mln.), Pokiston (125 mln.), Bangladesh (120 mln.), Hindiston (93 mln.), Eron (63 mln.), Turkiya (61 mln.), arab mamlakatlaridan eng yirigi Misrda (48 mln.), Nigeriyada (43 mln.) mavjuddir. Darvoqe, arablar barcha musulmonlarning 20 foizini tashkil etadilar.
Islom tarixida bu din kelmasidan avvalgi muddat johiliya yoki johiliyat davri deb yuritiladi. «Johiliya» so’zi adabiy arab tilida «bilmaslik», ya’ni «yagona xudo – Allohni tanimaslik» ma’nolarini beradi. Bu istiloh musulmon mualliflari tomonidan Arabiston yarim orolining islomdan oldingi davr tarixiga nisbatan ishlatila boshlandi. Bu bilan yangi davr tarixchilari qadimgi davrda Ichki Arabiston aholisi orasida «ko’pxudolik» (al-Vasaniya) hukm surardi, degan fikrga urg’u berishni istaydilar.
Arab yerlari Osiyoning janubi-g’arbidagi yarim orolda joylashgan bo’lib, shimol tomondan – SHom (Suriya) sahrolari, sharqdan Fors (Arab) ko’rfazi, Umon dengizi, janub tomondan Hind okeani va g’arbdan Qizil dengiz bilan chegaralangan. Mana shu bepoyon o’lka bu erda yashagan somiy tillarning birida so’zlashuvchi arablar nomi bilan Arabiston yarim oroli deb atalgan. Zamonaviy tadqiqotlarning ko’rsatishicha, islom paydo bo’lishi arafasida yarim orol hududida madaniyat nuqtai nazaridan uch sivilizasiya mavjud bo’lgan:
mustaqil ma’noga ega bo’lgan Janubiy Arabiston (tili – janubiy arab tili);
nisbatan chetki ta’sirlardan uzoqroqda joylashgan Ichki Arabiston;
Vizantiya va Eron imperiyalari madaniy an’analari bilan bog’liq SHimoliy Arabiston.
Islomning paydo bo’lishi tarqoq arab qabilalari uchun olamshumul voqeaga aylandi. Tarixda birinchi arab davlati – Arab xalifaligi vujudga keldi. Arab istilolari oqibatida mazkur uch sivilizasiya vakillari aralashib ketdi. Lekin ularning o’tmishda nisbiy mustaqil rivojlanganliklari arablar nasabi haqidagi tasavvurda saqlanib qoldi. Unga binoan, arablarning barchalari nasab jihatidan ikki katta avlod vakillaridir: qahtoniylar – janub arablari, adnoniylar – shimol arablaridir. Mana shu ikki avloddan barcha arab qabilalari tarqalgan. Lekin tadqiqotlarning ko’rsatishicha, mazkur tasavvur VII asr oxirlari – VIII asr boshlarida Suriya va Iroqda hokimiyat uchun harbiy kurash olib borgan arab qabilalari ittifoqlari (Kalbiylar, Asadiylar va boshqalar) vakillari tomonidan shakllantirilgan. Qadimgi arablar orasida ko’chmanchilik mafkurasi qoldiqlari, qabilaviy tuzum tasavvurlari kuchli bo’lsa-da, islom dini paydo bo’lishi davrlarida ularning katta (2/3) qismi o’troq holda shahar va qishloqlarda yashagan. Islom dini shakllangan va rivojlangan Makka va YAsrib shaharlari YAqin SHarq sivilizasiyasi qadimiy markazlaridan nisbatan uzoqroqda joylashgan. Arabiston yarim orolining Makka, Madina, Toif, Xaybar singari bir qancha eng muhim shaharlarini o’z ichiga olgan qismi qadimdan Hijoz deb atalgan.
Bu yarim orolning katta qismida islom vujudga kelguniga qadar «ko’pxudolik» e’tiqodi hukm surardi. Qadimgi arablarning diniy tasavvurlari jumlasiga totemizm, fetishizm, animizm elementlari va o’tmish ajdodlar ruhiga sig’inishni kiritish mumkin. Totemizmning yaqqol dalili sifatida ko’pgina qabilalarning nomlarini keltirish kifoya: asad (arslon), kalb (it), bakr (bo’taloq), sa’lab (tulki), zi’b (bo’ri) va h.k.
Arabistonda har xil xudolarning timsoli – sanamlar kulti bir vaqtda paydo bo’lgan emas, albatta. Ular uzoq vaqt shakllangan. Biroq keyingi davr islom tarixchilarining xabar berishlariga qaraganda, Arabistonga dastavval sanam keltirgan va unga ibodat qilishni targ’ib qilgan shaxs Amr ibn Luhay ismli kishi bo’lgan. Rivoyatga ko’ra, u SHomga tijorat maqsadida tez-tez safar qilib turar edi. Amr ibn Luhay ba’zi shomliklar odatlaridan qattiq ta’sirlanib, ularning butlaridan birini Makkaga olib kelgan. Keyinchalik butlarga sig’inish arablar orasida keng tarqalib ketgan. Harqalay, but-sanamlarga sig’inish – dinning yangi bosqichi bo’lgan. Ibn al-Kalbiyning (vaf. 763 y.) «Kitob al-asnom» asarida ta’kidlanishicha, mil. av. VIII asrdayoq har bir arab qabilasi o’z sanamiga ega edi. Tez-tez bo’lib turadigan qabilalararo urushlardan so’ng, odatda, mag’lub qabila g’olib qabila sanamiga sig’ina boshlardi. Ba’zida g’olib qabila mag’lub qabilaning sanamini ham o’z sanamlari safiga qabul qilishi mumkin edi. Arabistonning turli erlarida muayyan sanamlarning qarorgohi mavjud bo’lib, ular ziyoratgohlar sifatida ma’lum edi. Ulardan biri Makka Ka’basi edi. Makka eski Arabistonning diniy markaziga aylangach, u erdagi Ka’baga sanamlar to’plandi. Ibn al-Asirning (vaf. 1232 y.) uqtirishicha, Makka fath etilgan 630 yili Ka’ba ichida 360 ta sanam bo’lgan. Sanamlar uchun bu raqam juda katta ko’rinadi, ammo muayyan sanam bir necha qabilada ehtirom qilingan bo’lsa, u Ka’baga shuncha nusxada qo’yilgan bo’lishi mumkin.
Islomdan oldin Arabistonda yahudiy jamoalari mavjud bo’lgan. Arabiston yahudiylari haqida, asosan, Qur’on, hadis, tafsir, sira (Payg’ambar hayoti va muqaddas urushlari haqida hikoya qiluvchi adabiyot janri) va tarix kitoblari xabar beradi. Bu mavzuga aniqlik kiritadigan va hozirga qadar topilgan hujjatlarning eng qadimiysi – YAngi Bobil podshohi Nabonidga (mil. av. 555-539) tegishli xronikadir. Unda aytilishicha, mil. av. 552-542 yillarda SHimoliy Arabistondagi Tayma shahrini o’ziga poytaxt qilib olgan Nabonid bu erdagi shaharlarni o’zlashtirish maqsadida Bobildan talaygina aholini ko’chirgan; ularning ko’pchiligini yahudiylar tashkil qilgan. Ma’lumki, bundan oldinroq (mil. av. 586 y. ) Navuxodonosor II Quddusni zabt qilganida salkam 30 ming yahudiyni asir olib, Bobilga keltirgan va «Bobil asirligi» 50 yil davom etgan edi. SHundan so’ng ham ba’zi yahudiylar Falastinga qaytmay, Bobilda qolib ketgandilar.
Hijoz shaharlariga xristianlar (sharqiy cherkovlar vakillari) asosan Vizantiya qaramog’i ostidagi Falastin va SHomdan ko’chib kelganlar. Islom vujudga kelishi arafasida Dumat al-Jandal, Eylat, Tayma, YAsrib, Makka va Toifda ham talaygina xristianlar bor edi. Habashiston xristianlari bilan aloqalar haqida efiop askarlarining yurishlari va ilk musulmonlarning hijralari dalolat beradi.
Qadimgi Arabiston jamiyatida «haniflar» nomi bilan ma’lum bir jamoa mavjud edi. Bu jamoa vakillari diniy tasavvurlarini fanda «noma’lum monoteizm» deb atash qabul qilingan. Ular sanamlarga sig’inmas, balki yagona Xudoga ibodat qilar hamda ochiqdan-ochiq butparastlarni tanqid qilishar edi. Ular bir erda muqim turmay, o’lka bo’ylab darbadar hayot kechirardilar. Ushbu toifa kishilaridan Zayd ibn Amr, Varaqa ibn Navfal, Ubaydulloh ibn Jahsh va Usmon ibn Huvayris, Quss ibn Sayyidolarni keltirish mumkin. Ular keyinchalik ilk islom jamoasida ma’lum mavqega ega bo’ldilar.
Sosoniylar Eroni dinlari ham Arabiston yarim orolida mavjud edi. Ular haqida adabiyotlarda kam gapiriladi. Vaholanki, zardushtiylik va manixeizm ta’limotlari ham bu mintaqalarda keng tarqalgan edi. Bu davrda o’zini «Payg’ambarlar muhri» (Xotam al-anbiyo’) deb atagan Moniy va uning «o’zga dinlar ta’limotini to’g’rilovchi» dini atrof hududlarga etib ulgurgan edi. CHunki Laxmiylar davlati Sosoniylar ta’siri ostida bo’lib, islom dini shakllanishi arafasida Eron YAmanni zabt etgan edi.
YAngi dinning shakllanishida Arabiston yarim orolida mavjud holatning ta’siri, albatta katta bo’ldi. Ammo bu jarayonlarda birinchi arab davlati vujudga kelishi va uning mafkurasining shakllanishi muhim o’rin tutadi. Ularni to’laqonli idrok etishda Muhammad payg’ambar hayoti, uning yangi din targ’ibotchisi va davlat arbobi sifatidagi faoliyati asosiy o’rinni egallaydi.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam hayoti. Muhammad sollallohu alayhi vasallam Makkada tavallud topishlari milodiy sananing 571 yil 21 aprel kuniga to’g’ri keladi. Otasi Abdulloh Qurayshning Banu Hoshim, onasi Omina bint Vahb – Banu Zuhra urug’idan edilar.
Ota-onadan etim qolgan Muhammad payg’ambar to sakkiz yoshgacha bobosi Abdulmuttalib qo’lida tarbiyalandi. So’ngra uni amakisi Abu Tolib o’z himoyasiga oldi. Payg’ambar yoshlik chog’larida ikki marta SHomga, bir marta YAmanga karvon bilan safarga chiqdi.
Arablar orasida o’zaro qon da’vosi sababi bilan bo’lgan urushlarning eng og’ir kechgani «Fijor jangi» hisoblanadi. Islomdan avval ham arablarda muharram, rajab, zulqa’da va zulhijja oylari muqaddas sanalib, ularda urush taqiqlangan edi. Mazkur urush mana shu oylarda bo’lganligi uchun unga«Fijor jangi»(«Gunohkorlar urushi») deb nom berilgan. Bu urushda Quraysh tarafida Muhammad payg’ambar ham ishtirok etdi. To’rt yil davom etgan bu urush sulh bilan nihoyalandi.
Muhammad payg’ambar 25 yoshga to’lganida Banu Asad urug’idan bo’lgan boy ayol Xadicha bint Xuvaylidga uylandi. Muhammad payg’ambarning etti farzandidan (Moriyadan tug’ilgan Ibrohimdan boshqa) oltitasi (Zaynab, Umm Kulsum, Ruqayya, Fotima, Qosim, Abdulloh)ning onasi Xadicha bint Xuvaylid edi.
Makkadagi Ka’ba binosi ustida tomi bo’lmaganidan, yomg’ir suvlari uni emirib yuborgan edi. Keyinchalik binoni sel oqimidan saqlash uchun bir to’siq qurilgan bo’lsa-da, u ham yillar o’tib emirilgan edi. Payg’ambar davrida Makka ahli Ka’bani yangidan qurishga qaror qildilar. Bu qurilishda Payg’ambar ham qatnashdi.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam 40 yoshga etganida ko’proq yolg’izlikni qo’msaydigan bo’lib qoldi. SHunday paytlarda Makkadan 3 mil uzoqdagi Hiro tog’ida joylashgan g’orga chiqib ketar, erlik aholi odaticha ramazon oyini u erda ibodat bilan o’tkazardi. G’amlagan oziqalari tugagach, Xadicha oldiga qaytib, bir oz vaqtdan so’ng yana o’sha g’orga ketar edi. U erda o’zini sukunatga berib, chuqur o’yga tolar, g’oyibdan quloqlariga «Sen Allohning elchisisan» degan tovushlar eshitilar edi. Ko’p tush ko’rar, tushida ko’rgan narsalari o’ngida to’g’ri chiqar edi.
Islom tarixida ilk vahy «Alaq» surasining boshidagi besh oyatdir. Xadicha vahy nozil bo’lishi haqidagi xabarni yaxshilikka yo’yib, Varaqa ibn Navfal nomli samoviy kitoblardan boxabar bo’lgan qarindoshidan bo’lib o’tgan voqeaning tafsilotini so’radi. Varaqa ibn Navfal buni payg’ambarlikning nishonasi deb ta’bir qildi. Nozil bo’layotgan vahiylarda Payg’ambarga o’z qavmini qiyomat haqida ogohlantirish, yagona, barchani yaratgan Parvardigordan qo’rqishga chaqirish uchun ko’rsatmalar bo’ldi. SHundan so’ng Muhammad sollallohu alayhi vasallam yashirin da’vatga o’tdi. Birinchi bo’lib Xadicha bint Xuvaylid va amakivachchalari Ali ibn Abi Tolib islomni qabul qilishdi. Vaqt o’tishi bilan musulmonlar soni 30 kishiga etdi. Ular o’z dinlarini yashirin saqladilar. Bu holat uch yil davom etdi.
Ochiq da’vatdan so’ng Makka mushriklari Abu Bakr, Usmon ibn Affon kabi islomni qabul qilgan ulug’ va badavlat zotlarga hech narsa deya olmasalar-da, ammo zaif, kambag’al, himoyasiz musulmonlarni qattiq siquvga oldilar. Habashistonga borishni istagan 11 erkak va to’rt ayoldan iborat bo’lgan birinchi guruh Makkadan yashirin ravishda chiqib, Qizil dengiz bo’ylab ketdi. Ularning ichida Usmon ibn Affon va xotini Ruqayya (Payg’ambarning qizi), Abu Huzayfa va xotini, Zubayr ibn al-Avom, Abdurrahmon ibn Avf, Abdulloh ibn Mas’ud bor edilar. Guruh boshlig’i Usmon ibn Maz’un edi. Bu 15 kishi vahyning beshinchi yili Habashistonga (Oqsum podshohligi) etib keldilar. Ularni Habashistonda xristianlar juda yaxshi kutib oldilar. U erda yaxshi, sokin hayot kechira boshladilar. Ularning bunday osoyishta hayot kechirayotganliklarini eshitgan boshqa musulmonlar ham bir yildan so’ng ikkinchi guruh holida u erga hijrat qildilar. Bu guruhning boshida Ja’far ibn Abi Tolib (Alining akasi) bo’lib, ular 80 kishi edilar. Habashiston xalqi va uning podshohi Najoshiy muhojirlarga juda yaxshi munosabatda bo’ldilar.
Makkaliklarning qattiq qarshiliklaridan ko’p ozor chekkan Payg’ambar Toifga yo’l oldi. Biroq toifliklardan hech kim islomni qabul qilmadi. SHu qiyinchilik yillarida «Isro va Me’roj» voqeasi yuz berdi. Qur’ondagi «Isro» va «Najm» suralarida bu hodisa haqida so’z yuritilgan.
Da’vatning o’ninchi yili haj mavsumida Payg’ambar Makkaning shimolida «Aqaba» deb ataladigan bir tepalikda YAsrib (Madina) shahridan kelgan olti kishini uchratib, ularni islomga da’vat etdilar. Ular islomni qabul qildilar. Ushbu uchrashuv islom tarixida «Birinchi Aqaba bay’ati» deb nom oldi. Unda As’ad ibn Zarora, Rafi’ ibn Molik, Avf ibn Horis, Qutba ibn Omir, Uqba ibn Omir, Jobir ibn Abdullohlar Payg’ambarga din shartlarini bajarishga «bay’at» (qasamyod) qildilar. Keyingi ikki haj mavsumida ham Aqaba bay’ati bo’lib o’tdi. Ikkinchi uchrashuvda madinaliklardan 12 kishi, uchinchisida esa 75 kishi ishtirok etdilar. Bu voqealardan so’ng Payg’ambar Madinaga hijrat qilishga qaror qildi.