TIM BT va STI 4-KURS (QS) 4-MA\'RUZA 2021-2022 (5)
Sinf rahbari ishini rejalashtirish. Sinf rahbari o‘quv yili oxirida sinf jamoasi ishini tahlil qilishga alohida e'tibor beradi. Bunda rejada belgilangan vazifalarni qanday hal etilganligini, sinf ijtimoiy hayotida qanday ishtirok etganligni, mamlakatimizdagi va chet ellardagi voqyealarga qanday qaraganligini, amalga oshirilgan ishlardan qaysilari muvaffaqiyatli bo‘lgan va an'anaga aylanishi kerakligini, o‘quvchilar o‘rtasida qanday munosabatlar vujudga kelganligini, sinf faollarining tashabbuskorligi, mustaqilligi, obro‘-e'tibori va boshqa masalalarni atroflicha tahlil qilish muhimdir.
Sinf rahbari tajriba orttirgan sari ancha murakkab masalalar bilan qiziqa boshlaydi. Uni sinfdagi ishlar qanchalik muvaffaqiyatli o‘tgani emas, balki ular o‘quvchilarga qanday ta'sir ko‘rsatgani, sinfning ijtimoiy foydali ishlarda ishtirok etishi emas, balki ishtirok etish sabablari qiziqtiradi. Shuni nazarda tutish kerakki, sinf rahbari o‘z sinf jamoasi oldiga qo‘yadigan aniq tarbiyaviy vaziflaari dastlabki vaqtlarda uncha murakkab bo‘lmasligi mumkin.
Masalan, sinf rahbari sinfga kelgandan so‘ng deyarli hamma o‘quvchilar yaxshi ishlashini, lekin ularning bir-biri bilan aloqasi yo‘qligini aniqladi. Bunday sinfda shunday bir ish topish kerakki, bu ish hamma o‘quvchilarni yagona maqsadga olib borsin. Bolalarga bu vazifa mamlakatimizdagi O‘zDEU avtomobil zavodi uchun metallom yig‘ish va jo‘natish shaklida yetkazadi. O‘z mazmuniga ko‘ra juda oddiy bo‘lgan bu topshiriq o‘quvchilarda qiziqish uyg‘otadi, ularda temir-tersak yig‘ishda bir-birlari bilan musobaqalashib, uni tezroq bajarish ishtiyoqini hosil qiladi.
Boshqa bir sinf rahbari o‘z ishlarini tahlil qilib chiqib, shunday xulosaga keldi sinfda ko‘p ishlarni o‘zi bajaradi, o‘quvchilar esa shaxsiy hayot egalari bo‘lib emas, balki ko‘pincha ishning ijrochilari bo‘lib qoladilar. Shuning uchun u o‘quvchilarning tashabbus va mustaqilligini rivojlantirish, barcha o‘quvchilarni sinf ijtimoiy faoliyatiga jalb etish va har bir o‘quvchida o‘ziga yoqadigan ish bo‘lishga erishish vazifasini qo‘ydi. Shunday vazifa qo‘ygach, sinf rahbari o‘quvchilarning ko‘pchilik qismini zarur malaka va ko‘nikmalar bilan qurollantirish uchun o‘z diqqat-e'tiborini sinf faollarini tarbiyalashga qaratish kerakligini tushunadi. Ana shu tahlitda izchil ish olib borilsa, tarbiyaviy vaziflaar o‘quvchilar uchun qiziqarli, istiqbolli vazifalarga aylanadi.
Sinf rahbari turli rejalar tuzib olishi mumkin kelajakka mo‘ljallangan, ya'ni istiqbolli (yillik, bir necha yillik) va muvaqqat (oylik, haftalik, kunlik).
Xo‘sh rejaning asosiy manbai nimalardan iborat bo‘lishi kerak.
Bosh manba hukumatimizning farmon va qarorlari, prezidentimiz qator risolalari hamda xalq ta'limi tizimning rasmiy yo‘l yo‘riqlari, hujjatlari hisoblanadi.
Rejaning yana bir muhim manbai o‘tgan o‘quv yilidagi tarbiyaviy tadbirlarning yutuq va kamchiliklari tahlilidir.
Reja quyidagi bir qator talablarga javob berishi kerak.
1. Rejaga Istiqlol g‘oyalarini singdirish.
2. Rejaning shakl va yo‘nalishlari rang-barang hamda istiqbolli bo‘lishi.
3. Reja uzluksiz va izchil bo‘lishi.
4. Rejaning aniqligi.
Ushbu talablarning qisqacha mazmuni bilan tanishib chiqamiz.