4.1-rasm. Metall temir-tersaklari va ularni chiqindilari Rangli metallarning noqonuniy aylanishini oldini olish birinchi navbatda qonunni himoya qiladigan organlarga mas’uliyat yuklaydi. Prezidentimizning mazkur sohaga doir qarori ayni o‘z vaqtida chiqarilgan muhim davlat hujjati sanaladi. Ushbu qarorda rangli metall ishlab chiqarish va sohaga doir barcha ishlarning olib borilishi haqida aniq ko‘rsatmalar berilgan. Rangli metall davlat mulki hisoblanadi. Shuning uchun ham, davlat mulkini o‘z mulkim deb qarash, moddiy boyliklarni ko‘z qorachig‘idek asrash har bir fuqaroning muqaddas burchi bo‘lib qolishi kerak. Ko‘rilayotgan choralarga qaramay, tarkibida rangli metallar bo‘lgan mexanizm va agregatlarni talon-toroj qilish bilan bog‘liq huquqbuzarlik faktlari, rangli metall parchalari va chiqindilarini yashirincha tayyorlash, ularni mamlakat tashqarisiga kontrabanda yo‘li bilan olib chiqib ketish hollari uchrab turibdi.
"O‘zikkilamchiranglimetall" OAJ va uning hududiy bo‘linmalari rangli metall parchalarini to‘liq yig‘ib olish, temir-tersak topshiruvchilar bilan shartnomalarni o‘z vaqtida tuzish, ularni rag‘batlantirishning ta’sirchan tizimini joriy etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmayaptilar. Rangli metall parchalari va chiqindilarining hosil bo‘lishi hamda ulardan foydalanishni hisobga olish va hisobot berish, ular aylanishini nazorat qilishning tegishli tizimi mavjud emas.
Ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish, rangli metallarning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yish, ularning faoliyat ko‘rsatayotgan ishlab chiqarish qurilmalaridan o‘g‘irlanishining oldini olish, shuningdek rangli metall parchalari va chiqindilari hosil bo‘lishi hamda ulardan foydalanish to‘liq hisobga olinishini ta’minlash, ularni kompleks qayta ishlash korxonalarini rivojlantirish maqsadida «Rangli metall parchalari, chiqindilarini yig‘ish, tayyorlash va qayta ishlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorida "O‘zikkilamchiranglimetall" OAJ va uning quyidagi hududiy bo‘linmalarini qayta tashkil etish va ularning negizida "Toshkent rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlash zavodi" ochiq hissadorlik jamiyatini tashkil qilindi:
"Toshkent rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlash zavodi" OAJ Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi hamda "O‘zikkilamchiranglimetall" OAJ va uning hududiy bo‘linmalarining huquq va majburiyatlari bo‘yicha, shu jumladan jalb etilgan kreditlar bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Metall temir-tersak va ularni chiqindilarini effektiv foydalanish uchun ularni yig‘ishni tashkil qilish kerak. Har qaysi korxona o‘zida mavjud bo‘lgan temir-tersaklarni emirilmasdan, ya’ni ishlab chiqarishga yaroqsiz holga kelmasdan oldin, turli xil chiqindilardan tozalangan holda ikkilamchi metallurgiya korxonalariga topshirish kerak. Hozirgi kunda ikkilamchi metallurgik korxonalari tashkilotlar, tumanlar bilan shartnoma tuzilgan holda temir-tersak va ularni chiqindilarini qabul qilib olayapti. Bu shartnomaga ko‘ra ikkilamchi metallurgiya korxonalari, temir-tersak va ularni chiqindilarini etkazib bergan tashkilotga o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlardan berishi kerak. Temir-tersak va ularni chiqindilarini yig‘ganda turli xil metall va qotishmalarni aralashib ketishini oldini olish kerak. Aralashgan chiqindilarni qayta ishlash turli xil qiyinchiliklar tug‘diradi. Bularni alohida navlarga, markalarga ajratish ko‘pincha qo‘shimcha mehnat va sarf xarajat talab qiladi. Buning uchun temir-tersak va chiqindilarni yig‘gan joyni o‘zida mutaxassis ishtirokida uni navlarga, sinflarga ajratish kerak. Har bir korxonada temir-tersak va chiqindilarni yig‘adigan maxsus usti yopiq maydonchalar tashkil qilishi kerak. Bu maydonchalarda maxsus yashiklarga temir-tersak va chiqindilar navlariga va turilarga qarab joylashtiriladi.