5- mavzu. Bilish falsafasi (gnoseologiya). (2-soat) Bilish amali
Emotsiyalar. iroda, ishonch, ideal. Ilgari sezgilar hodisalarning muhim jihatlariga
nisbatan neytral deb qaralar edi. Odatda bu neytrallik mavjud bo‘lmaydi. Bu holda sezgilar
sub’ektga yuz berayotgan voqeaning shaxsiy ma’nosini tushunish imkonini beruvchi
kechinmalar sifatida amal qiladi. Hodisalar va holatlar ahamiyatini bevosita his etish emotsiyalar
deb ataladi. Ijobiy emotsiyalar – lazzatlanish, quvonch, hayrat, muhabbat va sh.k. Salbiy
emotsiyalar - qo‘rquv, hayiqish, nafrat, qayg‘u va sh.k. Insonning emotsiyalar dunyosi juda
murakkab bo‘lib, uni psixologiya atroflicha o‘rganadi. Falsafiy jihatdan emotsiyalar dunyosini
ekzistensializm ko‘proq o‘rgangan bo‘lib, bu erda ekzistensial deganda ko‘pincha vaziyatli
emotsiyalar (kuchli ruhiy hayajonlanish, ehtiroslar) emas, balki inson borlig‘ining barqaror
strukturalari tushuniladi. Inson emotsiyalariga uning butun hayot tajribasi kuchli ta’sir
ko‘rsatadi. Ba’zan bir so‘z bilan ifodalangan qisqacha xabar inson o‘limiga sabab bo‘lgan hollar
ma’lum.
Iroda inson ruhiyatining har xil shakllari orasida – sub’ektning o‘z faoliyatini o‘zi
tartibga solishi muhim ahamiyatga ega. Kant va Fixte uchun iroda axloqiy tamoyillarni ro‘yobga
chiqarish manbai, inson amaliy faoliyatining negizi hisoblanadi. SHopengauer va Nitsshe uchun
iroda – borliqning irratsional impulsi. Bu erda iroda ruhiyat doirasidan butunlay chiqariladi.
Ishonch insonning qadriyatlari va mo‘ljallari dunyosida biron-bir narsa yoki hodisani
haqiqiy deb qabul qilish muhim ahamiyatga ega. Ishonchga shubha zamin hozirlaydi, u bir
qancha ruhiy holatlar natijasida ishonchga aylanadi. Ilohiyotchilardan farqli o‘laroq, faylasuflar
shubha va ishonchning o‘zaro nisbatiga ko‘proq e’tibor beradilar. Diniy e’tiqod odatda
vahiyning bevosita mahsuli sifatida isbotlashga muhtoj emas deb qaraladi. SHveysariyalik
taraqqiyparvar ilohiyotchi Karl Bart e’tiqodning isboti uning o‘zida deb hisoblagan. Faylasuf
Karl YAspers uchun falsafiy e’tiqod – falsafiy mushohada yuritish natijasidir.
Ideal – pirovard kelajakning muayyan obrazi emas, balki qayta ko‘rilishi mumkin
bo‘lgan har xil nazariy va boshqa tasavvurlarning kelajakka qaratilgan majmui. Ideal doim ham
pirovard maqsadning ustunligiga bog‘lanmaydi. Muayyan pirovard maqsadning ustunligi,
ayniqsa, agar u olis kelajakda bo‘lsa, utopiyaga olib keladi. Ayrim utopistlar erkinlikning
ustunligini tan oladi, boshqa utopistlar bu o‘ringa adolatni qo‘yadi, utopistlarning uchinchi
toifasi faqat ijtimoiy mulkni tan oladi, to‘rtinchi toifasi esa, aksincha, xususiy mulkni hamma
narsadan ustun qo‘yadi. Xullas, ideal yaratish, agar unga etarli darajada mas’uliyat bilan
yondashilmasa, utopiyaga olib keladi. Ayni vaqtda, ideal yaratish – inson yutuqlarining muhim
negizi. Agar insoniyat ideal yaratish bilan shug‘ullanmaganida, o‘zining hozirgi taraqqiyotiga
erisha olmagan bo‘lar edi. Biroq ideal yaratish jarayoni oqilona kechishi uchun rivojlangan,
zamonga hamohang falsafa bo‘lishi lozim. To‘g‘ri falsafiy mo‘ljallar utopizmdan saqlaydi.
Asosan XX asrda shakllangan noklassik falsafa ideallar bilan juda ehtiyot bo‘lib muomala qiladi.