5- mavzu. Bilish falsafasi (gnoseologiya). (2-soat) Bilish amali
Ratsionalizm (ratsionalistlar) insonda tug‘ma g‘oyalar, adolat, insoniylik, uyg‘unlik
g‘oyalari va tajribadan olinishi mumkin bo‘lmagan boshqa g‘oyalar mavjudligidan kelib chiqadi.
Zotan, tajriba to‘la adolat, yalpi insoniylik mavjud emasligini, bizni qurshagan dunyoda
uyg‘unlik ustidan xaos hukm surishini ko‘rsatadi. Bunda ayrim ashaddiy ratsionalistlar (masalan,
Platon, Avgustin va ularning hamfikrlari) ko‘rsatib o‘tganidek g‘oyalar inson aqliga xos tug‘ma
g‘oyalar bo‘lib, ularni inson faqat o‘z aqlidan olishini qayd etadilar; boshqa, mo‘‘tadil
ratsionalistlar (masalan, Leybnits, Volf, Baumgarten) esa, g‘oyalar aqlga bog‘liq bo‘lmagan
holda mavjud bo‘lsa-da, biroq ular faqat aqlda tafakkur va falsafiy mushohada yuritish
jarayonida tug‘ilishini ta’kidlaydilar.
Empirizm (empiristlar, Frensis Bekon, Lokk, Gobbs, YUm, Feyerbax), aksincha, inson,
insoniyat shaxsiy yoki ijtimoiy tajribaga ega bo‘lgunga qadar biron-bir g‘oya mavjud bo‘linishni
inkor etadilar. Ular barcha g‘oyalar inson ongi zamirida yo shaxsiy tajriba, yo boshqalar
tajribasi, butun insoniyat tajribasini umumlashtirish orqali tug‘ilishini qayd etadilar va bu tezisni
isbotlashga harakat qiladilar. Ularning fikriga ko‘ra, tajriba inson ongida uning sezgilari va
o‘zini qurshagan dunyoni idrok etishi orqali aks etadi. Falsafada idrok etishni persepsiya (lotincha «perception» - idrok etish) deb atash odat tusini olgan. Persepsiya o‘zini qurshagan
dunyodagi narsalar va hodisalarni sezgilar orqali idrok etishga aytiladi, borliqni aql bilan
anglash, bilish, ularni g‘oyalarda ifodalash esa appersepsiya deb ataladi.
Gnoseologiya inson bilimining chegaralari to‘g‘risidagi masalani echishni ham o‘z
ichiga oladi. Ko‘pgina empiriklar (masalan, David YUm, Dyubua Raymond, agnostiklar) va
ratsionalistlar (masalan, Kant va uning hamfikrlari) inson nafaqat umumiy narsa va hodisalarni,
balki muayyan, konkret narsalarni ham bilishi mumkin emas, degan fikrga qo‘shiladilar. Ayrim
narsalar, hodisalar va konsepsiyalar borki, ular persepsiyamizning chegaralariga ham,
tafakkurimiz, refleksiyamiz (lotincha «reflexes» - orqaga qaytish) doirasiga ham sig‘maydi.
Masalan, Kant Koinot ibtidosi yoki ibtidosizligi, Xudoning borligi yoki yo‘qligi, jonning
boqiyligi yoki foniyligi, axloqning sababiyligi yoki sababsizligi aqlning bilish chegaralariga
sig‘maydigan, oqilona o‘rganib bo‘lmaydigan transsendental (lotincha «transcendentalism» -
chegaraga sig‘maydigan) masalalardir, deb hisoblagan. XX asr pozitivistlari, empirizm
g‘oyalarini himoya qilgan yirik olimlar (Moris SHlik, Rudolf Karnap, A.J.Ayer) Katnning
transsendental muammolarini mantiqsiz deb e’lon qildilar.