chizig‘ini ko‘radi. Boshqacha aytganda, bilishning empirik darajasi har xil asboblardan
foydalanish bilan bog‘liq; u kuzatish, kuzatilayotgan narsa yoki hodisani tavsiflash,
bayonnomalar yuritish, hujjatlardan foydalanishni nazarda tutadi, masalan, tarixchi arxivlar va
boshqa manbalar bilan ishlaydi. Xullas, bu oddiy sezgi darajasida bilishga qaraganda bilishning
yuqoriroq darajasidir.
Empirik bilimlar nazariy bilim negizini tashkil etuvchi ilmiy dalillar majmuidir.
Empirik bilim ikki kuzatish va eksperiment metodlari yordamida shakllanadi.
Kuzatish – bilish ob’ektining muhim xossalari va munosabatlarini aniqlash maqsadida
ataylab amalga oshiriladigan izchil idrok etishdir. Kuzatish maqsadini belgilash, uning usullarini
aniqlash, o‘rganilayotgan ob’ekt xulq-atvorini nazorat qilishning rejasini tuzish, asboblardan
foydalanish kabilar kuzatishning muhim xususiyatlaridir. Kuzatishlarning natijalari bizga borliq
haqida ilmiy dalillar ko‘rinishida dastlabki axborot beradi.
Kuzatish bevosita yoki bilvosita, masalan, mikroskop yordamida bo‘lishi mumkin.
Hozirda elektron mikroskop yordamida molekulalarni vizual kuzatish mumkin. Kuzatish – bu
faoliyatning muayyan ob’ektlarga qaratilgan, maqsadlar va vazifalarni ta’riflashni nazarda
tutadigan faol shakli. Biron-bir narsani bilishni xohlagan har qanday odam o‘z ko‘zlarini
kuzatuvchanlikka o‘rgatishi lozim.
Zehnli, ijodkor va teran aql narsa va hodisalarning ko‘pchilik e’tibor bermaydigan
muhim jihatlarini ko‘rish va sezish qobiliyati bilan ajralib turadi. Bu qobiliyat fan va san’atdagi
novatorlik omilidir. Kuzatish maxsus tayyorgarlikni talab qiladi. Kuzatishlarni tayyorlashda
kuzatish vazifalari, u javob berishi lozim bo‘lgan talablarni aniqlash, kuzatish rejasi va usullarini
oldindan ishlab chiqish muhim o‘rin tutadi. Kuzatish tabiatning o‘zida mavjud narsalar va
hodisalarni qayd etadi. Biroq inson kuzatuvchi roli bilan kifoyalana olmaydi. U eksperimentlar
o‘tkazish orqali faol sinovchiga aylanadi. Miyada tasavvur qilingan model ustida o‘tkaziladigan
fikriy eksperiment bilishning alohida shaklini tashkil etadi. Unga xayol va tafakkurning uzviy
aloqasi xosdir.
Dostları ilə paylaş: