5- mavzu. Bilish falsafasi (gnoseologiya). (2-soat) Bilish amali
Nazariya – hodisalarning muayyan turkumi, bu turkumdagi hodisalarning mohiyati va
ularga nisbatan amal qiladigan borliq qonunlari haqidagi bilimlarning mantiqiy asoslangan va
amaliyot sinovidan o‘tgan tizimidir. U o‘rganilayotgan hodisalarning mazmunini yorituvchi
tabiat va jamiyat umumiy qonunlarining kafsh etilishi natijasida shakllanadi. Gipoteza borliqning
muayyan bo‘lagini tushuntirish yoki talqin qilishga qaratilgan g‘oyalar majmuini o‘z ichiga
oladi. Nazariya tarkibiga uning asoslari sifatida mavjud bo‘lgan va yuzaga kelishini belgilagan
barcha elementlar kiradi. Dastlabki nazariy negiz, ya’ni jamuljam holda tadqiqot ob’ekti haqida
umumiy tasavvurni, ob’ektning ideal modelini tashkil etuvchi ko‘p sonli tamoyillar, aksiomalar,
qonunlar nazariyaning ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi. Nazariy model ayni vaqtda asosiy
nazariy tamoyillar tizimiga tayanuvchi kelgusi tadqiqotlar dasturi hamdir.
Nazariya tushuntirish, bashorat qilish, amalda sinash va sintez qilish kabi muhim
funksiyalarni bajaradi. Nazariya ilmiy dalillar tizimini tartibga soladi, ularni o‘z tarkibiga kiritadi
va o‘zini tashkil etuvchi qonunlar va tamoyillardan oqibatlar sifatida yangi dalillarni yaratadi.
Puxta ishlab chiqilgan nazariya fanga ma’lum bo‘lmagan hodisalar va xossalarni bashorat qilish
imkoniyatiga ega bo‘ladi. Nazariya odamlar amaliy faoliyatining negizi bo‘lib xizmat qiladi,
ularga tabiiy va ijtimoiy hodisalar dunyosida yo‘l ko‘rsatadi. Nazariyada ilmiy g‘oyalar, ya’ni
unda aks ettirilgan ob’ektlar turkumi doirasida amal qiluvchi fundamental qonuniyatlar haqidagi
bilimlar markaziy o‘rinni egallaydi. Ilmiy g‘oya mazkur nazariyani tashkil etuvchi qonunlar,
tamoyillar va tushunchalarni mantiqan izchil yaxlit tizimga birlashtiradi.
Paradigma – fan tarixining muayyan davrida uning rivojlanishini belgilovchi barqaror
tamoyillar, umumiy me’yorlar, qonunlar, nazariyalar va metodlar majmui. U butun ilmiy
hamjamiyat tomonidan fanning mazkur darajasida yuzaga keluvchi vazifalarni qo‘yish va echish
usullarini belgilaydigan andoza sifatida tan olinadi. Paradigma tadqiqotchilik faoliyati, ilmiy
eksperimentlarning natijalarini talqin qilishga yo‘l ko‘rsatadi, yangi dalillar va nazariyalarning
bashorat qilinishini ta’minlaydi. U o‘ziga mos kelmaydigan konsepsiyalarni inkor etadi va
tadqiqotchilik vazifalarini echish uchun andoza bo‘lib xizmat qiladi. Paradigma tushunchasi
bilish nazariyasiga amerikalik faylasuf T.Kun tomonidan kiritilgan. Uning fikricha, «normal
fan»ga tegishli ilmiy paradigmaga tayangan holda muayyan vazifalarni echish xosdir. Fan
rivojlanishidagi normal davrlar inqiloblar bilan almashadi. Ular eski paradigma doirasiga
sig‘maydigan hodisalarning kashf etilishi bilan bog‘liq. Natijada fanda inqiroz davri boshlanadi
va u eski paradigma o‘z ahamiyatini yo‘qotishi va yangi paradigmaning yuzaga kelishi bilan
yakunlanadi. YAngi paradigmaning qaror topishi fanda inqilob yasalishiga sabab bo‘ladi.