ma’naviy tahdid – tili, dini, e’tiqodidan qat’i nazar, har qaysi
odamning tom ma’nodagi erkin inson bo‘lib yashashiga qarshi qaratilgan, uning
aynan ruhiy dunyosini izdan chiqarish maqsadini ko‘zda tutadigan mafkuraviy,
g‘oyaviy va informatsion xurujlardir.
Masalaga amaliy ko‘z bilan qaraydigan bo‘lsak, ma’naviyatimizga qarshi
qaratilgan har qanday xuruj – bu millatimizni millat qiladigan, asrlar, ming yillar
davomida ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan o‘ziga xos va o‘ziga mos
xususiyatlarga, milliy g‘urur, milliy iftixor tuyg‘usiga, bizni doimiy ravishda tadrijiy
taraqqiyotga chorlaydigan, shu yo‘ldagi barcha asorat va illatlardan xalos bo‘lib,
ozod va farovon hayot barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga katta zarba beradigan
mudhish xavf-xatarlarni anglatadi.
Bunday mafkuraviy xurujlar milliy va diniy tomirlarimizga bolta urishini,
ulardan bizni butunlay uzib tashlashdek yovuz maqsadlarni ko‘zlashini yurtimizda
yashaydigan sog‘lom fikrli har bir odam yaxshi tushunadi.
Bunday tajovuzkorona harakatlar bizlar uchun mutlaqo begona mafkura va
dunyoqarashni avvalo beg‘ubor yoshlarimizning qalbi va ongiga singdirishga
qaratilgani bilan ayniqsa xatarlidir. Bunday holatlarga duch kelganda, umrida
mamlakatimizga qadam qo‘ymagan, O‘zbekistonni hatto xaritadan ham ko‘rsatib
berolmaydigan, lekin o‘zini mutlaq haqiqatning yagona ifodachisi deb
hisoblaydigan kimsalarning yengil-yelpi fikrlarini eshitganda, ularga qarata
beixtiyor, e, baraka topkur, oldin yurtimizga bir kelib ko‘ring, tariximiz,
ma’naviyatimiz, hayot tarzimiz bilan tanishib, undan keyin gapiring, deb aytgingiz
keladi.
Haqiqat va xolislikdan yiroq bo‘lgan, faqat g‘arazli siyosiy manfaatlarni
ko‘zlaydigan bunday qarashlar hech kimga naf keltirmaydi va hech kimning
obro‘siga obro‘ qo‘shmaydi, albatta.
Agarki biz bunday xatarlarga qarshi o‘z vaqtida qat’iyat va izchillik bilan
kurash olib bormasak, turli zararli oqimlar bizning yurtimizga ham shiddat bilan
yopirilib kirishi, yoshlarimizni o‘z girdobiga tortib ketishini, oqibatda ularning ota-
ona, oila, el-yurt oldidagi burchi va mas’uliyatini o‘ylamaydigan, faqat bir kunlik
hayot bilan yashaydigan xudpisand kimsalarga aylanib qolishi mumkinligini
tasavvur qilish qiyin emas. Mana shu achchiq haqiqatni yurtimizdagi har bir inson,
har qaysi ota-ona, eng muhimi, har qaysi yigit-qiz chuqur anglab olishi lozim.
Xullas, bugungi shiddatli davrda chinakam ma’naviyatli va ma’rifatli
odamgina inson qadrini bilishi, o‘z milliy qadriyatlarini, milliy o‘zligini anglashi,
erkin va ozod jamiyatda yashash, mustaqil davlatimizning jahon hamjamiyatida
o‘ziga munosib o‘rin egallashi uchun fidoiylik bilan kurasha olishi mumkin.