5-mavzu: Milliy ma’naviyatga mustamlakachilik va qaramlik sharoitidagi munosabatlar, ularning ijtimoiy oqibatlari Reja



Yüklə 0,53 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə1/8
tarix14.12.2023
ölçüsü0,53 Mb.
#176655
  1   2   3   4   5   6   7   8
5-мавзу



5-mavzu:
Milliy ma’naviyatga mustamlakachilik va qaramlik sharoitidagi 
munosabatlar, ularning ijtimoiy oqibatlari
Reja: 
1.
O‘zbekiston xalqining milliy mustaqilligi tarixidan.
2.
Xalqni 
milliy 
ma’naviy-ma’rifiy 
zaminlardan 
mahrum 
qilish- 
mustamlakachilik siyosatining asosiy maqsadidir.
3.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov asarlarida milliy 
ma’naviyatga mustamlakachilik va qaramlik sharoitidagi munosabatlar 
talqini.
4.
Rossiya imperiyasi tomonidan Markaziy Osiyo xalqlariga yetkazilgan 
ma’naviy talofat va uning oqibatlari.
 
Tayanch iboralar: 
mustamlakachilik, qaramlik, tobelik, mustamlakachilik 
siyosati, zo‘ravonlik, ruslashtirish siyosati, mustaqillik va ma’naviyat, 
vatanparvarlik, insonparvarlik, mustaqillik tafakkuri, milliy iftixor, milliy g‘urur, 
millatparvarlik. 
1. O‘zbekiston xalqining milliy istiqlol uchun kurash tarixidan 

O‘zbek xalqi o‘z tarixiy taraqqiyoti davomida og‘ir va murakkab sinovlarni 


boshdan kechirgan. Markaziy Osiyo davlatlari joylashgan geografik kenglik, 
ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi hududi doimo turli tashqi bosqinchi kuchlar 
diqqatini o‘ziga tortib kelgan. Chunki bu hudud Sharq bilan G‘arbni, Shimol bilan 
Janubning bog‘lanishida eng qulay chorrahada joylashgan bo‘lib, go‘zal va betakror 
tabiatga, serhosil tuprog‘i va yerosti boyliklariga ega. Buning natijasida yurtimiz 
hududi, shahar va qishloqlari juda ko‘p marta vayron etilgan, xalqimizning fidoyi 
farzandlari Vatan himoyasi yo‘lida qurbon bo‘lgan. Boyliklarimiz talangan, 
ajdodlarimiz tazyiq va ta’qib ostida yashagan. 
Xalqimizning Vatan mustaqilligi uchun olib borgan kurashi tarixiga nazar 
tashlar ekanmiz, uning og‘zaki ijodida mifologik obrazlar bilan birga afsonaviy 
qahramonlar obrazlari tasvirlanganligini ham kuzatish mumkin. Bu qahramonlar 
kishilarning osoyishtaligi va baxt-saodati uchun kurashib, fidokorlik ko‘rsatganlar. 
Chunonchi, To‘maris, Shiroq, Zarina, Rustam, Siyovush haqidagi xalq og‘zaki 
eposlarida vatanparvar va fidokor bahodirlarning monumental obrazlari yaratilgan. 
“To‘maris” eposida O‘rta Osiyo xalqlarining chet el bosqinchilariga, xususan, 
miloddan avvalgi VI asrda bu o‘lkaga bostirib kirgan Eron ahamoniylari shohi Kir 
II ga qarshi massaget qabilalarining qahramonona kurashi aks etgan. Kir II qo‘shini 
tor-mor etilib, uning o‘zi miloddan avvalgi 529 yilda jang maydonida o‘ldiriladi. 
Boshi tanasidan judo qilinib, qon bilan to‘ldirilgan meshga solinadi.
Doro qo‘shinlariga qarshi turgan xalq qahramonining jasoratini aks ettirgan 
“Shiroq” eposi ham O‘rta Osiyo xalqlarining chet el bosqinchilariga qarshi 
qahramonona kurashini aks ettiradi. Vatanparvarlik va jasorat, Vatani va xalqining 


baxt-saodati yo‘lida fidoyilik qilishga shay, tayyor turish kabi yuksak 
ma’naviyatlilik sak qabilasining o‘g‘loni cho‘pon Shiroq timsolida gavdalangan. 
Yuqorida keltirilgan har ikkala xalq og‘zaki ijodi namunalari zamirida haqiqiy 
tarixiy dalillar yotadi. To‘maris va Shiroq xalq qahramonlari sifatida ahamoniylar 
tajovuziga qarshi kurashgan, o‘z xalqi, Vatani uchun jonini ham ayamaydigan buyuk 
va mislsiz mardlik hamda jasorat timsoli hisoblanadi. 
Miloddan avvalgi 329 yilda makedoniyalik Iskandar O‘rta Osiyo hududiga 
bosqinchilik yurishlarini uyushtirdi. Unga qarshi Spitamen boshchiligidagi 
so‘g‘diylar kurash olib boradi. Yozma manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 
Iskandar uchun Spitamen katta xavf tug‘dirganligi sababli, unga qarshi jiddiy 
tayyorgarlik ko‘radi. Miloddan avvalgi 328 yilda Spitamen Baqtriyada va Quyi 
Zarafshonda yunon-makedonlarga qarshi hujum boshlaydi, ammo bu janglar 
Spitamen qo‘shini uchun muvaffaqiyatsiz yakunlanib, Spitamen saklar bilan cho‘l 
hududlariga chekinishga majbur bo‘ladi va u yerdagi janglarda o‘ldiriladi. Spitamen 
boshchiligidagi kurash mag‘lubiyatga uchraganiga qaramasdan, Vatan mudofaasi 
hamda ozodligi uchun olib borilgan muqaddas kurash timsoli sifatida tariximiz 
sahifalarida muhrlanib qolgan. 
VII asrning oxiri – VIII asrning boshlarida arab bosqinchilari Movarounnahrni 
bosib oladilar. Bunda istilo va istibdodga qarshi kurash g‘oyalari yagona maqsad 
yo‘lida, masalan, Turon zaminini istilochilardan ozod qilish uchun bo‘lgan janglarda 
birlashtiruvchi g‘oya bo‘ladi. Xususan, Muqanna boshchiligidagi qo‘zg‘olon va 
uning ozodlik uchun kurash g‘oyalari istilochilarga qarshi kurashda mafkura 
vazifasini bajardi. 
XIII asr boshida O‘rta Osiyo hududiga Chingizxon boshchiligida mo‘g‘ullar 
bostirib kiradi. Ularga qarshi kurashgan qahramon amirlardan biri Xo‘jand hokimi 
Temur Malik bo‘lgan. Bir yarim oy davomida jon olib, jon berib Xo‘jand shahrini 
himoya qilgan. O‘t ichida qolgan shaharni ilojsiz tark etib, Sirdaryo o‘rtasida bir 
orolga joylashadi va dushmanga qarshi kurashishni davom ettiradi. Nihoyat, maxsus 
kemalar yasab, daryo oqimi bo‘ylab Xorazm tomon suzib ketadilar. Xalq qahramoni 
Temur Malikning bundan keyingi qahramonliklari Xorazm va ona yurtning boshqa 
hududlarini bosqinchilardan himoya qiluvchilar safida kechdi.
1221 yilning yozida mo‘g‘ullar Xorazmshohlar poytaxti Gurganchga hujum 
qilganda Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik singari sarkardalar xalq qasoskorlari 
bilan bir safda jang qildilar. Bu jangda otashnafas shoir, haqiqat va ma’rifat ilmi 
peshvosi Shayx Najmiddin Kubro benazir ibratdir. Mamlakat boshiga musibat 
tushganda 76 yoshli shayx o‘z muridlarini yovga qarshi kurashga ilhomlantirib turdi. 
Chingizxon dovrug‘i dunyoga ketgan shayx huzuriga elchi jo‘natib, unga o‘z 
yaqinlari bilan shaharni tark etishni taklif etadi. Shayx esa, tabiiyki, Chingizxon 
“marhamat”ini rad etib, uning elchisiga “Shu tuproqda tug‘ilibmiz, shu tuproqda 
o‘lamiz!”, – deb javob beradi. Ertasi kuni shayx Najmiddin Kubro o‘z shogirdlarini 
qurollantirib, mo‘g‘ullarga qarshi jangga boshlaydi. O‘zi ham qo‘lida qurol bilan 
dushmanga qarshi jang qiladi. Jarohatlangach, yiqilayotib dushman bayrog‘iga 
chang soladi. Jangchi mo‘g‘ullar jonsiz shayx qo‘lidan bayroqni ajratib 
ololmaganlar.


Movarounnahrni 
bosib 
olish 
mo‘g‘ullar uchun oson kechmadi. 
Xorazmshohning to‘ng‘ich o‘g‘li Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik kabi Vatan 
himoyachilari so‘nggi nafaslarigacha dushmanga qarshi kurashayotgan xalqqa 
rahnamolik qildilar. Ular o‘zlarining botir jangchilari bilan o‘n yil davomida goh 
Movarounnahr, goh Afg‘on va Hind, goh Eron yoki Kavkazda paydo bo‘lib, 
mo‘g‘ullarga qaqshatqich zarbalar berishda davom etdilar.
Mo‘g‘ullar hukmronligi davrida Movarounnahrda yuz bergan muhim 
vatanparvarlik jasoratlaridan yana biri – Mahmud Torobiy yetakchiligida 
istilochilarga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olon bo‘ldi. Qo‘zg‘olon 1238 yili Buxoro 
shahridan uch farsax uzoqlikda joylashgan Torob qishlog‘ida boshlandi. 
Qo‘zg‘olonga mo‘g‘ul bosqinchilarining kun sayin oshib borayotgan zulmi va 
askarining beboshligi sabab bo‘ldi. Lekin qo‘zg‘olonchilar yetarli darajada faollik 
va tashabbus ko‘rsata olmadilar. Qo‘zg‘olon boshqa shaharlarga tarqalmadi. 
Janglardan birida Mahmud Torobiy yaralanib, halok bo‘ladi. Mo‘g‘ullarga qarshi 
kurashlarning mag‘lubiyatga uchrashiga qaramay, bu kurashlar ularning zulmini 
kuchsizlantirishga xizmat qilgan.
Movarounnahrni mo‘g‘ul istilochilaridan ozod etish, tobora parchalanib 
borayotgan mamlakatni birlashtirish, uning mustaqilligini ta’minlash, bosqinchilar 
zulmi ostida yildan-yilga nochorlashib, qashshoqlashib borayotgan xalq turmushini 
yaxshilash yo‘lida olib borilgan kurashlarga buyuk sohibqiron Amir Temur 
boshchilik qildi. 
1370 yilda Amir Temur hokimiyat tepasiga kelgach, mamlakatda qayta tiklash 
ishlari, obodonchilik, sug‘orish tarmoqlarini barpo etish va ta’mirlash ishlariga katta 
e’tibor qaratdi. Turli toifalarga mansub mulk egalarini bir qo‘l ostida birlashtirdi. 
Davlat sarhadlarini dushmanlardan himoya etish maqsadida Mo‘g‘ulistonga yetti 
marta harbiy yurishlarni amalga oshirdi va g‘alabalarga erishdi. Movarounnahrning 
sharqiy va shimoliy hududlari daxlsizligini ta’minladi. Buning natijasida 
Movarounnahr markazlashgan, qudratli davlatga aylandi. 
Umuman olganda, Amir Temur davlatida sha’riy va insoniy qonunlar ustuvor, 
qudratli harbiy qo‘shin, inson, jamiyat manfaatlari ulug‘vor, mamlakatda tinchlik va 
barqarorlik ta’minlangan, davlatlararo ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy aloqalarning 
mustahkamlangan va qonun ustuvorligi ta’minlangan edi. 
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov 
ta’kidlaganidek: “O‘zbekistonning bugungi ozodligini mustahkamlash davrida Amir 
Temur biz uchun buyuk davlat asoschisi sifatida qadrlidir. U davlat poydevorini 
qurgan, davlatning huquqiy asoslarini barpo etgan. Uning davlatchilik borasidagi 
fikrlari nafaqat o‘z davri, balki kelgusi avlodlar uchun ham katta ahamiyat kasb 
etadi”. 
Amir Temur vafotidan so‘ng temuriyzodalar o‘rtasida taxt uchun kurashlar 
markazlashgan davlatni parchalabgina qolmay, uni zaiflashtirdi. Natijada XVI asr 
boshlarida Dashti Qipchoq tomonidan ko‘chmanchi o‘zbeklar davlati hukmdori 
Muhammad Shohbaxt Shayboniyxon ko‘shinlari Movarounnahrni bosib oldi. 
Keyinchalik, Shayboniylarning Movarounnahrda tashkil etgan davlati Buxoro 
xonligi deb atala boshlandi. 


XVIII asrga kelib esa O‘rta Osiyo hududi uchta (Buxoro, Xiva, Qo‘qon) 
xonlikka bo‘linib ketdi. Biroq, O‘rta Osiyo xonliklari o‘rtasidagi siyosiy hukmronlik 
uchun nizo va urushlar pirovardida mamlakatni inqirozga tushirdi. Bunday siyosiy 
vaziyatdan foydalangan Rossiya imperiyasi XIX asrning ikkinchi yarmida O‘rta 
Osiyo davlatlarini bosib oldi. Buxoro amirligi va Xiva xonligi siyosiy mustaqilligini 
saqlab qolgan bo‘lsa-da, iqtisodiy nuqtai nazardan Rossiya imperiyasining 
protektorati ostida qolgan edi. Qo‘qon xonligi butunlay tugatilib, uning o‘rnida 
Turkiston o‘lkasi tashkil etildi. 
Rossiya imperiyasi istibdodiga qarshi mahalliy aholini tinimsiz noroziliklari 
xalq qo‘zg‘olonlari va harakatlari shaklida namoyon bo‘lib turdi. Xususan, 1892 
yilgi Toshkent qo‘zg‘oloni, 1898 yilgi Andijondagi Madali Eshon qo‘zg‘oloni, XX 
asr boshlaridagi Nomoz Botir boshchiligidagi Samarqand viloyatidagi qo‘zg‘olonlar 
buning yorqin misolidir. 1916 yilda Turkistonda mustamlakachilik zulmining 
yanada kuchayishi, og‘ir iqtisodiy tanglik, ocharchilik va qashshoqlikning avj olishi 
sababli istibdodga qarshi xalq qo‘zg‘olonining yangi to‘lqini bo‘lib o‘tdi. Biroq, 
ko‘tarilgan ozodlik harakatlari tarqoq g‘oyaviy jihatdan birlashmagan bo‘lib, buning 
asosiy sabablaridan biri xonliklar o‘rtasidagi adovat, qarama-qarshilik va ziddiyatlar 
bo‘lgan. Shuning uchun ular osonlikcha bostirilar edi.
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida 
jadidchilik harakati keng tus oldi. Mazkur harakatning taniqli namoyandalari 
Munavvarqori Abdurashidxonov, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, 
Abdulla Qodiriy, Ubaydulla Xo‘jaev, Polvonniyoz Hoji Yusupovlar mamlakatni 
inqirozli holatidan boshqaruv, din, maorif, madaniyat sohalarini isloh qilish yo‘li 
orqali olib chiqishga harakat qilgan. 
Jadidchilik O‘rta Osiyoning turli mintaqalarida turlicha kechgan bo‘lishiga 
qaramasdan, ularni yagona g‘oya, ya’ni mustaqillik uchun qurashish g‘oyasi 
birlashtirgan. Ular turli xil madaniy jamiyatlar, nashriyotlar, kitob do‘konlari, 
jamoatchilik kutubxonalari, yangi uslub maktablarini ochdilar. Jadidlar o‘zlarining 
ijtimoiy-siyosiy qarashlari bilan millat manfaatlarini himoya qilganlar. 
XX asrning 20-yillariga kelib O‘rta Osiyo hududida sovet hokimiyati o‘rnatilib, 
“yangi” mafkura – kommunistlar mafkurasi tarkib topdi. 70 yil davomida hukmron 
mustabid siyosat doirasida “g‘ayri inqilobiy” qarashlari uchun mahalliy ziyolilarga 
qarshi kurash olib borildi. 1930, 1950, 1980-yillardagi siyosiy qatag‘onlar to‘lqini 
yuzlab madaniyat, fan, adabiyot, siyosat arboblarining qurbon bo‘lishiga sabab 
bo‘lgan.
XX asrning 70-80 yillarida sobiq Ittifoq iqtisodiyotining rivojlanish sur’ati 
tobora pasayib, buyruqbozlik boshqaruv usuli mamlakat rivojlanishiga to‘sqinlik 
qilmoqda edi. Bundan tashqari, o‘zbek xalqining boy tarixi va madaniyatini, 
o‘lkaning o‘ziga xos noyob xususiyatlarini tushunmagan kommunistlar mahalliy 
xalqning urf-odatlari, an’analarini kamsitdilar. 
XX asrning 80-yillarida sobiq SSSRning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy 
hayotida inqirozli vaziyatlar keskinlashib borar edi. Natijada, Ittifoq tarkibidagi 
respublikalarni davlat mustaqilligini qo‘lga kiritishga qaratilgan intilishlari 
faollashib bordi. O‘zbekistonda mazkur jarayonlar 1989 yil 21 oktabrda o‘zbek tiliga 
davlat tili maqomining berilishi, 1990 yil 24 martda Prezidentlik lavozimining ta’sis 


etilishi, shuningdek, 1990 yil 20 iyunda “Mustaqillik Deklaratsiyasi”ni qabul 
qilishda o‘z ifodasini topdi. Xususan, “Mustaqillik Deklaratsiyasi”da umumbashariy 
qadriyatlar va demokratiya tamoyillariga asoslanib davlat suvereniteti e’lon qilindi. 
12-moddadan iborat mazkur Deklaratsiyaning 1-moddasida: “O‘zbekistonning 
demokratik davlat mustaqilligi respublikaning o‘z hududida barcha tarkibiy 
qismlarini belgilashda va barcha tashqi munosabatlarda tanho hokimligidir”, - deb 
belgilab qo‘yildi. Mazkur tarixiy voqea O‘zbekistonning ham siyosiy, ham iqtisodiy 
mustaqilligini tasdiqlab berdi. 
1991 yil 31 avgustda respublika Oliy Kengashining navbatdan tashqari 
sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov 
Davlat mustaqilligini e’lon qildi. 1 sentabr Mustaqillik kuni deb belgilandi. 
Shuningdek, Oliy Kengashda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi 
asoslari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. 17-moddadan iborat ushbu qonunning 
birinchi moddasida: “O‘zbekiston Respublikasi o‘z tarkibidagi Qoraqalpog‘iston 
Respublikasi bilan mustaqil, demokratik davlatdir”, - deb belgilab qo‘yildi. Davlat 
mustaqilligi to‘g‘risidagi mazkur hujjatlar o‘zbek xalqining asriy orzusini ro‘yobga 
chiqqanligining huquqiy ifodasi bo‘ldi. O‘zbekiston mustaqil ichki va tashqi siyosat 
yuritish, xalqimiz uchun o‘z taqdirini o‘zi belgilash, o‘zlari uchun munosib 
taraqqiyot yo‘lini tanlash imkoniyatini yaratdi. 
1991 yil noyabrda bo‘lib o‘tgan Oliy Kengashning VIII-sessiyasida Davlat 
mustaqilligi bo‘yicha referendum o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi. Mazkur 
sessiyada 1991 yilning 29 dekabrida Davlat mustaqilligi to‘g‘risida referendum 
o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Referendumda ovoz berish byulleteniga: 
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan e’lon qilingan O‘zbekiston 
Respublikasi Davlat mustaqilligini ma’qullaysizmi?” savoli qo‘yilgan edi. 
Umumxalq referendumida jami 9898707 ta, ya’ni saylovchilarning 94,1% 
qatnashib, ulardan 98,2% O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini ma’qullab ovoz 
berdi. Shu tariqa davlat mustaqilligi xalq tomonidan ma’qullandi. 

Yüklə 0,53 Mb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin