Totalitarizm davrining ommaviy “ma’naviyat”i
1917 yildagi Oktabr inqilobi hayotning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy va
ma’naviy-mafkuraviy sohalarida keskin burilish yasadi. 1917 yilda O‘rta Osiyo
avvalgi mustamlaka o‘rnida Turkiston xalq respublikasi vujudga kelib, u 1924
yilgacha davom etdi, so‘ng uning asosidagi turli milliy respublikalar shakllandi.
Turkiston respublikasining birinchi kunlaridan boshlaboq eski ma’naviyatga
qarshi kurash, markscha-lenincha mafkura, marksistik-falsafiy fikrning muhim
masalalarini targ‘ib qilish va omma o‘rtasida tezlik bilan tarqatish ishlari avj ola
boshladi. Xususan, dialektik materializm masalalari idealizm va dinga zid qo‘yildi,
u ishchilar sinfi dunyoqarashining asosi ekanligi keng targ‘ib etildi.
Jamiyatshunoslikda ham markscha-lenincha ta’limot asoslari, ilmiy sotsializm,
tarixiy materializm, jamiyatning iqtisodiy negizi, siyosiy tuzum, milliy masala,
yangicha axloq kabi mavzularga katta e’tibor berildi. Sobiq SSSRda sotsializm
uchun kurashning birinchi kunlaridan boshlaboq bolsheviklar partiyasining siyosati
markscha-lenincha ta’limotni ma’naviy hayotning barcha sohalaridagi birdan-bir
hukmron g‘oyasiga aylanishini ta’minlashga, qolgan barcha ta’limotlarga qarshi
kurash olib borish, ularning ta’sirini yo‘qotishga qaratilgan edi. Bu ishlar, asosan,
markazdan yuborilganlar tomonidan amalga oshirilardi.
XX asrning 20-yillari oxiri va 30-yillarida sotsializm qurish, uning uzil-kesil
g‘alabasini ta’minlash uchun kuchayib borayotgan turli sohalardagi sinfiy kurash
ma’naviy hayotda, madaniyatning turli sohalarida keng avj oldi. Kommunistik
partiyaning yagona hukmronligi, diktaturasi kuchaya bordi, totalitar rejim
mustahkamlana bordi, odamlarni siyosiy ta’qib qilish avj oldi. Bu hol, shubhasiz,
madaniy hayot, mafkurada ham o‘z ifodasini topdi. Bular tabiiy ravishda yerli xalq
vakillari o‘rtasida norozilik va qarshilik ko‘rsatishga olib keldi. Ularga nisbatan
davlat tomonidan qattiq choralar amalga oshirildi.
Turli oliy o‘quv yurtlari ochilib, ularda marksizm-leninizm ta’limotini
singdirish, markscha-lenincha siyosiy iqtisod, falsafa, jamiyatshunoslikni o‘qitish
kengaytirildi, burjua mafkurasi ta’limotlarini chuqur tahlil etish o‘quv dasturlarida
keng o‘rin egalladi.
Marksizm-leninizmning sofligi uchun g‘oyaviy kurash tarix, adabiyot,
tilshunoslik kabi barcha gumanitar fanlarda ham o‘z ifodasini topdi. Sotsializm
g‘oyalarining, markscha-lenincha ijtimoiy-falsafiy fikrning uzil-kesil g‘alabasi
uchun olib borilayotgan ashaddiy kurash yuzlab, minglab qurbonlarga, nohaq
jazolarga ham olib keldi. O‘z millati, madaniyati, haqiqiy sotsializm g‘oyalari,
ma’naviy yuksalishga sodiq bo‘lgan ko‘plab intilgan ijtimoiy fikr vakillari: olimlar,
san’atkor, yozuvchi, madaniyat va davlat arboblari nohaq jazolandi, turma va
surgunlarga jo‘natildi, ayrimlari qatl qilindi. Bular ichida Abdulla Qodiriy,
Cho‘lpon, Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jaev, Otajon Hoshim, Shokir Sulaymon,
Sulaymon Azimov, Elbek, B.Mastaqay kabi o‘zbek xalqining ko‘plab atoqli
farzandlari bor edi.
Kaufman qilmishlarini oradan 52 yil o‘tgach, sho‘roviy mustamlakachi M.
Frunze ham Buxoro shahrini zabt etishda takrorladi. Buxoro uchun bo‘lgan jangda
frunzechilar og‘ir zambaraklar, hatto aeroplanlardan foydalandilar. Shahar 4 kun
yong‘in ichida qoldi, yarmi kuyib bitdi. Arkning 80 foizi vayron etildi. Qanchadan-
qancha me’moriy yodgorliklar vayron bo‘ldi va shikast topdi.
1922 yil sobiq SSSRning tashkil topishi xalqlarning o‘z taqdirlarini o‘zlari
belgilash huquqiga ega bo‘lishini ta’minlab, xalqlarning umumiy birlashuviga olib
keldi. 1924 yil O‘zbekiston SSR tashkil topdi.
Madaniyat sohasidagi inqilob oldida turgan vazifalardan biri – bu sovet
jamiyatida sotsialistik madaniyatni va markscha dunyoqarashni qaror toptirish edi.
To‘g‘ri, bu inqilob amalga oshirilishi natijasida O‘rta Osiyoda, jumladan
O‘zbekistonda ham yangi tipdagi maktablar ochildi, xalq maorifi tizimi, yangi ziyoli
kadrlar korpusi shakllandi. Biroq, 20-30-yillarda madaniyat inqilobining mohiyati
ongli ravishda buzildi. Natijada, masjid-madrasalarga o‘t qo‘yildi Eski tipdagi
maktablarning faoliyat ko‘rsatishiga ruxsat berilmadi. Islom diniga qarshi ochiqdan-
ochiq kurash e’lon qilindi. Barcha aholi ongida markscha dunyoqarashni zo‘rlab
bo‘lsa-da shakllantirish uchun kurash boshlandi.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, madaniy inqilob shiori ostida o‘zbek xalqining
yuzlab iqtidorli, bilimli, istiqlolchi farzandlari qatag‘on qilindi. O‘sha davrda ham
vijdon erkinligi haqida ko‘p gapirildiyu, lekin amalda masjidlar yopib qo‘yildi,
dahriyogarlik targ‘ib etildi. Madaniy inqilob o‘z mohiyati bilan Rossiyaning milliy
o‘lkalarida, shu jumladan O‘zbekistonda ham ruslashtirish siyosatini olib borishga
ko‘proq xizmat qildi.
Madaniy inqilobning yo‘nalishlaridan biri diniy madaniyatga qarshi qaratilgan
bo‘lib, uning asosiy maqsadi xalq e’tiqodi va imonini yo‘qotish edi. Aslini olganda,
bu kurash, ya’ni kommunistik va diniy qarashlarning o‘zaro munosabatlari biz
sho‘rolar davrida targ‘ib etilgan “kurash”, “jang”, “o‘t ochish” tarzida emas, balki
erkin tushuntirish, har bir qarash o‘z ustunligini, qadrligini, haqqoniyligini hayotda
isbotlash, kishilarning ongi va dilidan chuqurroq joy ola borishiga qaratilgan bo‘lishi
kerak edi. Kommunistik g‘oya va tarbiya diniy qarashlar va tarbiyadan o‘z
ustunligini hech qachon ilmiy-amaliy asoslab berolmagan edi. Kommunistik
g‘oyaviylikni qaror toptirishning eng qulay usuli sovet hokimiyati yillarida faqat
zo‘rlash, qo‘rqitish, jazolash, qatag‘on, qamoq, surgun, jisman yo‘q qilishdan iborat
bo‘lib ketdi. Bu dahshatli usullar jahon sivilizatsiyasi tarixidagi musobaqalarda
birinchi o‘rinni egallab, eng baland shohsupada tursa kerak. Ana shu jarayonlar
gullagan davr ham o‘tgan asrning 30-yillari edi.
1931 yilning 12 fevralida XQK (Xudojo‘ylikka qarshi kurash) jangovar
xudosizlar ittifoqi murojaatnoma bilan chiqib, bu tashkilot a’zolari uchun
daftarchalar joriy qilinganligi munosabati bilan shaharlar, rayonlar, sanoat
korxonalari, jamoa xo‘jaliklari, tashkilotlar, maktablar va o‘quv yurtlarida ular
(xudosizlar) ro‘yxatdan o‘tishlari va dinga qarshi o‘t ochishni kuchaytirishlari
topshirilgan edi. Har bir diniy va milliy bayramlar munosabati bilan maxsus qarorlar
qabul qilingan. Har bir qarorning ijrosi, insoniy huquq va milliylikka qattiq zarba,
og‘ir ma’naviy jarohatlar yetkazish bilan yakunlangan. O‘zSSR Sho‘rolar MIK
qoshida maxsus diniy komissiya tuzilgan bo‘lib, bu komissiya faoliyatida masjidlar,
madrasalar va qabristonlarni buzish va boshqa diniy masalalar bilan
shug‘ullanganligini kuzatish mumkin. Bu komissiyaning 1936 yil 17 yanvardagi
yig‘ilishida Samarqand shahridagi mashhur “Umar” masjidini buzish, Toshkent
shahridagi 4-ko‘n zavodi qoshidagi yahudiylar qabristonini Stalin rayonining
istirohat bog‘iga aylantirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi.
1941-1945 yillardagi urushda sovet xalqi fashizm ustidan g‘alaba qozondi. Bu
qator xalqlarni qullikdan saqlab qoldi va jamiyatning rivojini ta’minladi, lekin shu
bilan birga markscha-lenincha ta’limotning siyosiylashuvi, Stalin shaxsiga
sig‘inishning avj olishi, Kompartiya siyosatining to‘la hukmron bo‘lishiga ham olib
keldi.
O‘tgan asrning 60-80 yillari davomida O‘zbekistonning iqtisodiy-madaniy
rivojida muhim o‘zgarishlar ro‘y berdi. KPSS siyosatining hokim bo‘lishi uning
mafkura sohasini o‘ziga bo‘ysundirishi, ayniqsa, ijtimoiy tadqiqotlarga katta ta’sir
ko‘rsatdi. “KPSS tarixi”, “Ilmiy kommunizm nazariyasi”, “Ilmiy ateizm” kabi
siyosat bilan sug‘orilgan fanlar oliy o‘quv yurtlari dasturiga kiritildi. Milliy masalani
yoritishda baynalminallik bayrog‘i ostida haqiqiy milliylikni asta-sekin yo‘qotib,
millatlarning umumiylashuvi, markazga bo‘ysunuvi targ‘ib qilindi.
Ijtimoiy fikrning eng muhim mezonlaridan biri bo‘lib qolgan sinfiylik, sinfiy
kurash qoidasi barcha ijtimoiy hodisalar o‘tmishini ham, hozirgi zamon masalalarini
ham tahlil etishda asosiy rol o‘ynaydi. Sinfiylik mezoni partiyaviylikni, bu esa
ijtimoiy-falsafiy fikrda, gumanitar fanlarda markscha-lenincha g‘oyaviylik va
g‘oyaviy kurashni avj oldirishni taqozo etdi.
Ijtimoiy-falsafiy fikrni KPSS siyosati kuchaytirsada, yerli ziyolilar o‘rtasida
milliy madaniyat, milliy ong, ob’ektiv ilmiy dunyoqarash uchun kurash davom etdi.
XX asrning 60-yillaridan boshlab mavjud g‘oyaviy imkoniyatlar doirasida
Sharq, jumladan O‘rta Osiyo xalqlari falsafiy merosini, tarixini o‘rganish rivojlana
boshladi. Bunda akademik Ibrohim Mo‘minov faoliyati va u yaratgan maktab
muhim rol o‘ynadi. Shuningdek, V.Zohidovning asarlari va faoliyatini ham ta’kidlab
o‘tish lozim.
Umuman, KPSS va sovet davlati tomonidan rasmiy ateistik siyosatning olib
borilganligi va madaniy merosni ateizm andozasiga solinishi, sig‘maganlarini inkor
etish natijasida xalqimizning al-Buxoriy, at-Termiziy, an-Nasafiy, Yassaviy,
Naqshband, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Sulaymon, Boqirg‘oniy,
Sufi Olloyor kabi atoqli diniy faylasuflari hamda mutasavvuf shoirlarning ijodiy
merosi o‘rganilmay qoldi. Navoiy, Bobur, Mashrab ijodi to‘liq nashr qilinmadi,
majburiy ravishda ularning ayrim asarlari qisqartirildi va “dahriylashtirildi”.
Sovet davrining dastlabki yillaridayoq “diniy-klerikal” tushunchasi “feodal-
klerikal” shaklida qo‘llanila boshladiki, bu tushunchaga nafaqat diniy, balki istalgan
ijodkorni tiqishtirish mumkin bo‘ldi. Dunyoviy ruhdagi asarlarni ifodalashda
ayblash avj oldi. Bu ham kamlik qilsa, ya’ni asar faqat lirik kechinmalarni ifodalasa,
unda ijodkorni “saroy adabiyoti”, “san’at san’at uchun” oqimi vakili deb, uning
asarlari o‘rganish doirasidan chiqarib tashlandi. Masalan, o‘zbek adabiyotining
taniqli vakillari Husayn Boyqaro, Umarxon, Feruz faqat hukmdor bo‘lganliklari
uchun ijodlari to‘g‘risida og‘iz ochilmay kelindi. Navro‘z bayrami, beshik to‘yi,
janoza kabi marosimlarni ta’qiqlashga harakat qilindi.
Mustabid tuzum siyosati talabi va zo‘ravonligi asosida ma’naviyatimizning
muhim qirrasi imlomiz ketma-ket uch marta o‘zgartirildi. 1929 yilda arab
alifbosidan lotin alifbosiga o‘tildi. Oradan 12 yil o‘tgach, kirill alifbosi qabul qilindi.
1. Turkiy xalqlar VIII asrdan to 1928 yilgacha (1218) arab imlosida yozib-o‘qib
kelishgan edi.
2. 1917-1929 yillar – inqilobdan so‘ng 20-yillarda o‘zbek yozuvi arab grafikasi
asosida birinchi marta isloh qilindi.
3. 1929-1940 yillar – 1929 yili arab grafikasidagi o‘zbek yozuvi lotin alifbosi
bilan almashtirildi.
4. 1940-1996 yillar – 1940 yili esa o‘zbek tili rus grafikasi asosidagi yozuvga
o‘tkazildi.
5. 1996 yil sentabrdan yana lotin imlosiga bosqichma-bosqich o‘tilmoqda.
Imloni tez-tez o‘zgartirish millat va elatlarga ijobiy samara keltirmagan.
Chunki, har bir xalqning asl farzandlari yozib qoldirgan boy meros boshqa imloga
o‘tgan chog‘da ularni o‘rganish qiyin bo‘ladi. Bu ma’naviy inqirozni o‘zbek xalqi
boshidan o‘tkazdi. Hali-hanuz arab imlosida bitilgan asarlarimiz bo‘lmish bebaho
xazinani o‘qib olish imkoniyatiga ega emasmiz.
Shu tariqa xalqimiz o‘zining 1000-1200 yillik ko‘hna tarixidan, o‘tmishidan,
ma’naviy merosidan mahrum bo‘ldi. Ota- bobolarimizdan qolgan kitoblar, asosan
arab va fors tillarida yozilgan. Imloning o‘zgartirilishi natijasida o‘sha kitoblarni
o‘qiy olmaydigan bo‘lib qoldik. Yaqin o‘tmishimizning riyokor siyosati natijasida
mo‘g‘ul bosqini keltirgan yo‘qotishdan ham ko‘ra kattaroq ma’naviy falokatga
uchradik. Bu tariximizni, madaniyatimizni, milliy ma’naviy merosimizni
yo‘qotishga urinishning yangicha yo‘li edi.
Dostları ilə paylaş: |