Tarbiya jarayonining o’ziga xos xususiyatlari. Ijtimoiy tarbiya maqsadi va vazifalarini amalga oshirish uchun tarbiya jarayonining xususiyatlarini anglab olish muhim ahamiyatga ega.Tarbiya iaravoni o'ziga xos xususiyatlarga ega:
Aniq maqsadga yo'naltirilganligidir. Zamonaviy talqinda tarbiya jarayoni o'qituvchi va o'quvchi (tarbiyachi va tarbiyalanuvchi)lar o'rtasida tashkil etiluvchi hamda aniq maqsadga yo'naltirilgan samarali hamkorlik jarayoni demakdir. Zero, tarbiya jarayonida o'qituvchi va o'quvchilarning faoliyatlari tashkil etiladi, boshqariladi va nazorat qilinadi.
Ko'p qirrali jarayon bo'lib, ular tarbiya mohiyatini yoritishga xizmat qiluvchi ichki va tashqi (subyektiv va obyektiv) omillar asosida tashkil etiladi. Subyektiv omillar shaxsning ichki ehtiyojlari, qiziqishlari, hayotiy munosabatlarini anglatish, obyektiv omillar esa shaxsning hayot kechirishi, shakllanishi, hayotiy muammolarini ijobiy hal etishi uchun sharoit yaratadi. Tarbiya maqsadi pedagogik faoliyat mazmuni, yo'nalishi, shakli hamda obyektiv sharoitlar bilan qanchalik mutanosib kelsa, shaxsni shakllantirish borasida shunchalik muvaffaqiyatga erishiladi.
Uzoq muddat davometishidir. Tarbiya natijalari tez sur'atda yaqqol ko'zga tashlanmaydi. O'zida insoniyat sifatlarini namoyon eta olgan shaxsni tarbiyalab voyaga yetkazishda uzoq muddatli davr talab etiladi. Maktab tarbiyasi shaxs ongi, dunyoqarashini shakllantirishda muhim o'rin tutadi. Chunki yoshlik yillarida insonda odob tizimi yuqori darajada ta'sirchan hamda beqaror bo'ladi. Shu bois tarbiya muvaffaqiyati ayni o'quvchilik yillarida shaxsga to'g'ri tarbiya berish lozimligini taqozo etadi. Tarbiya jarayonining yana bir muhim xususiyati uning uzluksizligi sanaladi. Tarbiya jarayoni o'quvchilar va o'qituvchining birgalikdagi uzluksiz, tizimli harakatlari jarayonidir. O'quvchilarda ijobiy sifatlarni qaror toptirishda yagona maqsad sari yo'naltirilgan, bir-birini to'ldiruvchi, boyitib boruvchi, takomillashtiruvchi tarbiyani tashkil etish alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois, oila, ta'lim muassasalari va jamoatchilik hamkorligida tashkil etilayotgan tarbiyaviy tadbirlarni uzluksiz o'tkazilishiga erishish maqsadga muvofiqdir.