1930 yil 9 aprelda O’zSSR MIQ Prezidiumi qarori bilan O’zSSR Arxiv ishi markaziy boshqarmasi O’zSSR Markaziy arxiv boshqarmasi deb o’zgartirildi.
Sovet davri arxivlarining ko’payib borishi bilan SSSR MIQ va XKS qarori asosida 1929 yil aprelda Davlat arxiv fondi kelib chiqishi bo’yicha inqilobgacha va sovet davri arxiv fondlariga hamda ahamiyati bo’yicha markaziy va mahalliy arxiv fondlariga bo’lindi.
1931 yil 20 mayda O’zSSR MIQ O’zSSR Markaziy arxiv boshqarmasi va uning mahalliy idoralari to’g’risidagi nizom haqida qaror qabul qildi.
O’zSSR Markaziy arxiv boshqarmasi huzurida O’zSSR Oktyabr inqilobi markaziy davlat arxivi va Markaziy davlat tarix arxivi tashkil qilindi. Farg’ona va Samarqand shaharlarida ularning bo’limlari tashkil etildi. Shahar va tumanlarda zarur hollarda tuman va shahar davlat arxivlari tashkil qilishga qaror qilindi.
Arxiv ishlarini qayta qurishga bag’ishlangan yuqoridagi qarorida davlat arxiviga qo’lyozma hujjatlar bilan birga kino-foto-fonohujjatlar ham topshiriladi, deb ko’rsatildi. Idora, tashkilot, muassasa va korxonalar hujjatlarining davlat arxivlariga oldingi besh yil o’rniga tashkil bo’lgandan 10 yil keyin topshirish qoidasi joriy qilindi. Shahar, tuman tashkilotlari o’z hujjatlarini 3 yildan keyin topshirishlari kerak edi.
Qarorda idoralarning davlat arxiviga faqat doimiy saqlanadigan hujjatlarnigina topshirishlari uqtirildi. Vaqtincha saqlanadigan (masalan, 3-10 yil) hujjatlarni idoralarning o’zlari maxsus komissiya tuzib yo’q qilishi ta’kidlandi.
Bu qoida davlat arxivlari ishini ancha engillashtirdi. Shuningdek, qarorda Buxoro, Xorazm xonliklari va respublikalari hujjatlaridan vaqtincha saqlanadigan hujjatlarni yo’q qilish man etildi.
1931 yil 20 maydagi hukumat qaroriga asosan kasaba uyushma arxivlari Oktyabr inqilobi markaziy davlat arxivi tarkibiga kiritilgan edi. 1933 yili O’zSSR kasaba uyushmasi harakati markaziy arxivi tashkil qilindi. Shu munosabat bilan Turkiston va O’zbekiston Respublikalari kasaba uyushmalari tashkilotlari arxiv fondlari oktyabr inqilobi markaziy davlat arxividan ajratilib yangi Markaziy arxivga berildi. Bu arxiv 1942 yilgacha faoliyat ko’rsatdi va yana MDA ga qo’shib yuborildi.
1934 yil iyulida SSSR MIQ qarori bilan O’zbekiston Markaziy arxiv boshqarmasi tarkibida O’zbekiston harbiy arxivi tashkil qilindi. 1945 yil oxirida bu arxiv tugatildi va barcha arxiv fondlari Moskvadagi SSSR qizil armiya markaziy davlat arxiviga topshirildi.
O’zSSR tarkibida Qoraqalpog’iston ASSRning tashkil bo’lishi munosabati bilan 1934 yil 11 martda QQASSR Markaziy arxiv boshqarmasi tuzildi.
1935 yil mahalliy arxivlar tarixida ham katta voqea sodir bo’ldi. SSSR MIQ shu yili barcha tumanlarda tuman davlat arxivlarini tuzishni tavsiya qildi. O’zSSR MIQning 1935 yil 21 dekabr qaroriga binoan respublikaning barcha shahar va tumanlarida davlat arxivlari tashkil qilindi. 1936 yili respublikada 31 ta tuman davlat arxivlari va arxivi bo’lmagan shaharlarda shahar davlat arxivlari tuzildi.
1938 yil yanvarida Farg’ona, Toshkent, Samarqand, Buxoro viloyatlari qayta tashkil bo’ldi. Shu munosabat bilan 1938 yil iyunida shu viloyatlarda arxiv boshqarmalari tuzildi.
1939 yili respublika arxiv tashkilotlari O’zSSR MIQ huzuridan O’zSSR ichki ishlar xalq komissariati (IIXK) qaramog’iga o’tkazildi. Ma’lumki, NKVD deb nomlangan bu tashkilot 30-yillardagi qatag’onlarni o’tkazgan. Uning roli, ahamiyati ortib ketishi va arxiv hujjatlari bu tashkilotga ko’proq kerak bo’lishi sababli SSSR va O’zSSR da arxivlar IIXKga o’tkazildi. IIIu munosabat bilan O’zSSR Markaziy arxiv boshqarmasi o’rniga O’zSSR Ichki ishlar halq komissiariati arxiv bo’limi tashkil qilindi. Joylarda esa, viloyat IIXK boshqarmalarining viloyat arxiv bo’linmalari va viloyat davlat arxivlari tuzildi.
30-yillarda respublika arxiv tashkilotlari kadrlar bilan ham ancha mustahkamlandi. 1929 yili arxiv tashkilotlarida hammasi bo’lib 34 ta xodim ishlagan bo’lsa, 1941 yilga kelib ularning soni 111 taga etdi. Shuningdek, arxiv xodimlarining malakasini oshirishga ham e’tibor berildi. 1932-1941 yillarda Moskva davlat tarix-arxiv instituti qoshidagi malaka oshirish kursiga 18 kishi yuborildi. Toshkentda Markaziy arxiv boshqarmasi qoshidagi malaka oshirish kursida shahar, tuman, viloyat arxivlari xodimlari muttasil malakasini oshirib bordilar.
Arxiv xodimlarining asosiy vazifalaridan biri tashkilotlarda hujjatlarni davlat arxivlariga qabul qilish, ularni tartibga solish va ilm-fan uchun ulardan foydalanishni tashkil qilish edi. Bu sohada ancha ishlar qilindi. 1936 yili respublika arxivlarida 1534 ta arxiv fondlari va 1 mln 1 ming 680 saqlov birligida hujjatlar saqlanardi.
1941 yilga kelib fondlar soni 4116 taga etdi, hujjatlar esa, 1 mln 580 ming 450 saqlov birligidan oshib ketdi. Bu hujjatlarning yarmidan ko’pi tartibga solingan bo’lib, ulardan foydalanish mumkin edi.
Arxiv tashkilotlari XX asrning 30-yillarida arxiv hujjatlaridan ilmiy maqsadda foydalanishga alohida e’tibor berdilar. 1935-1936-yillarda 200 dan ortiq maqola matbuotda e’lon qilindi. 1932 yili «O’rta Osiyoda 1916 yil qo’zg’oloni» deb nomlangan hujjatlar to’plami e’lon qilindi, 1933-1934 yillari «Toshkent sovetining 1917 yilgi protokollari», «O’rta Osiyoda milliy davlat chegaralanishi» nomli hujjatlar to’plamlari tayyorlandi.
Arxiv hujjatlaridan boshqa maqsadlarda ham foydalanildi. Har yili arxiv hujjatlarining ko’rgazmalari tashkil qilinib, namoyish etildi. Markaziy arxiv qiroatxonasida har yili yuzlab olimlar ilmiy ishlari uchun hujjatlardan keng foydalandilar.
Shunday qilib, 1925-1940 yillarda respublika arxiv tashkilotlari tashkiliy jihatdan ancha mustahkamlandi. Davlat arxivlari tizimi vujudga keldi. Markaziy, viloyat, shahar va tuman davlat arxivlari tashkil qilindi. 30-yillarda ko’plab yangi hujjatlar davlat arxivlariga qabul qilindi va tartibga solindi. Bu hujjatlardan ilmiy-tadqiqot ishlarida keng foydalanildi.
Arxiv tashkilotlari hisobot ham tayyorlaydilar. Hisobot bu shunday hujjatki, unda ma’lum davrga mo’ljallangan rejaning bajarilishi bo’yicha tashkilot faoliyatining yakuni aks ettiriladi. Hisobotni tuzish jarayoni bir necha bosqichni o’z ichiga oladi. Tashkilot xodimlari shaxsiy ish rejasini bajarish to’g’risida hisobot yozadi. Tashkilotning har bir bo’limi yuqoridagi hisobotlar asosida bo’limning umumiy hisobotini tayyorlaydi. Bo’limlar hisobotlari asosida butun tashkilot hisoboti tuziladi.
Davlat arxivlari yuqori arxiv idoralariga yozma hisobot va statistik hisobotlardan tashkil topgan yillik hisobot topshiradilar. Yozma hisobot yillik rejaning barcha bo’limlari bo’yicha va uning shakliga muvofiq tuziladi. Yozma hisobotda yillik rejaning bajarilishi tahlil etiladi, uning ba’zi ko’rsatkichlari bajarilmay qolgan ayrim tadbirlar boshqalar bilan o’zgartirilgan hollarda uning sabablari sharhlab beriladi. Davlat arxivlarini butlash qaysi tarmoqlar bo’yicha bo’lganligi, qaysi tugatilgan tashkilotlardan hujjatlar qabul qilinganligi qayd etiladi. Ilmiy-ma’lumot apparatini qaysi yo’nalishlari bo’yicha takomillashtirish ishlari amalga oshirilgani, qayta ishlangan fondlar ro’yxatlari nomeri ko’rsatiladi. Hujjatlardan foydalanishning barcha turlari bo’yicha o’tkazilgan tadbirlar mavzusiga batafsil to’xtaladi va arxiv ishida duch kelingan qiyinchiliklar yoritiladi. 20-dekabrga qadar davlat arxivi fondlari tarkibi va miqdoridagi o’zgarishlar haqida ma’lumotlar beriladi.
Davlat arxivining yozma hisobotiga «Arxiv ishini rivojlantirish rejasining bajarilishi haqida statistik hisobot» (1-DA shakli) ilova qilinadi. Bu hisobotda arxivni hujjatlar bilan butlash, ular saqlanishini ta’minlash, ilmiy-ma’lumot apparatini takomillashtirish, hujjatlar qimmatdorligini ekspertiza qilish, matni o’chib borayotgan hujjatlarni aniqlash, hisobga olish va tiklash haqida raqamlar bilan ko’rsatilgan ma’lumotlar beriladi. Davlat arxivi arxiv ishini boshqaruv idoralariga, shuningdek, «Idora arxivlariga 1-dekabrgacha saqlanayotgan O’zR MAF hujjatlarining ahvoli va hajmi haqida statistik hisobot» (2-DA shakli), «Davlat saqlanuvidagi O’zR MAF hujjatlarining saqlanishini tashkil etish haqida 1-yanvargacha hisobot» (3-DA shakli), «Ilmiy nashr va ilmiy tadqiqot ishlari rejasining bajarilishi haqida hisobot» (4-DA -shakli), «Arxiv shahobchalari haqida hisobot» (6-DA shakli) taqdim etiladi. Bulardan tashqari, davlat arxivlari kadrlar bo’yicha ham statistik hisobotlar tuzadilar va yuqori arxiv idorasiga topshiradilar.
Arxiv ishini boshqaruv idoralari o’zining faoliyati yakunlari va ularning qaramog’idagi arxiv tashkilotlari ishi haqida umumlashma yig’ma yillik hisobotlar tuzadilar.