Nazorat savollari:
1. Turkiston Respublikasi MIQning «Arxiv ishini qayta qurish va markazlashtirish» to’g’risidagi qarori ahamiyatini tushuntirib bering?
2. Kim tomonidan chiqarilgan qonunlar Turkiston uchun ham tegishli edi?
3. Sovet idoralarida tashkil bo’lgan hujjatlar nimaning tarkibiy qismi deb o’rnatildi?
4. Qo’qon va Xiva xonligi arxivlarini Peterburg shahridagi imperator kutubxonasiga jo’natishdan maqsad nima edi?
5. Hujjatlar bir joyda saqlanmagan holda qanday imkoniyatlardan mahrum bo’ladi?
Adabiyotlar:
1. Alimov I. A., Bo’taev A., Arxivshunoslik. T., 1997.
2.Центральный Государственный архив Узбекистана. Каталог. -Т, 1975.
3.Козлитин И. П. Государственные архивы республик Средней Азии. -М., 1961.
4.Телеукулов. Г. С. Роль архивов Узбекистана в научно-исследовательской и культурной жизни республики (1918-80гг). – Т., 1995.
5. O’ljaeva Sh. Arxivshunoslik.O’quv qo’llanma.T.,2001.
6. Ziyoev H. Turkistonda Rossiya tajovuzi va hukmronligiga qarshi kurash (XVIII-XX asr boshlari). T., Sharq. 1998.
7. Архивы. Историческая энциклопедия. Т. 1. М., 1997.
3-MAVZU. SHO’ROLAR TURKISTONIDA ARXIV ISHI
Asosiy savollar:
1. O’lkada arxivlarni markazlashtirish. YaDAF faoliyati.
2. Markaziy va mahalliy arxiv tashkilotlarining faoliyati.
3.1. O’lkada arxivlarni markazlashtirish. YaDAF faoliyati
1917 yilgi oktyabr voqealariga qadar hujjatlar har bir idora va tashkilotning o’zida saklangan. Arxivlar tarqoq holda bo’lib, hujjatlar bir joyda yig’ilmagan, markazlashmagan edi. Oktyabr to’ntarishidan keyin Turkiston RSFSR tarkibida avtonom respublika sifatida faoliyat ko’rsata boshladi. Rossiya hukumati chiqargan barcha qonunlar va qarorlar Turkiston uchun ham tegishli edi.
Shuni aytish kerakki, RSFSR hukumati 1918 yil 1 iyunda «Arxiv ishini qayta qurish va markazlashtirish to’g’risida» dekret qabul qildi. Bu dekret asosida barcha tarqoq arxivlar markazlashtirildi.
Shundan kelib chiqqan holda Turkiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Komiteti (MIQ) 1919 yil 5 noyabrda «Arxiv ishini qayta qurish va markazlashtirish to’g’risida» qaror qabul qildi. Bu qarorga asosan 1917 yilga qadar bo’lgan barcha idoraviy arxivlar tugatildi, arxiv hujjatlari Turkiston Respublikasining Yagona davlat arxiv fondi (YaDAF)ni tashkil qiladi, deb e’lon qilindi. YaDAFni boshqarish uchun Turkiston Respublikasi Arxiv ishi bosh boshqarmasi tashkil qilindi. YaDAFga 1917 yil 25 oktyabrgacha bo’lgan barcha hujjatlar topshirilishi kerak edi.
Yuqorida ta’kidlangan qarorda arxiv hujjatlarini yo’q qilish tartibi o’rnatildi. Davlat idoralari Arxiv ishi bosh boshqarmasi ruxsatisiz o’z hujjatlarini yo’q qilish huquqiga ega emas, deb ko’rsatib qo’yilgan.
Sovet idoralarida tashkil bo’lgan hujjatlar YaDAFning tarkibiy qismi deb qayd qilingan. Bu hujjatlarni Arxiv ishi bosh boshqarmasiga nazorat qilib turish topshirilgan. Bu boshqarma Maorif xalq komissarligi huzurida tashkil qilingan.
1919 yil 15 noyabrda Turkiston Respublikasi Maorif xalq komissarligi qaroriga binoan Arxiv ishi markaziy boshqarmasi tuzildi va V. N. Kucherbaev boshqarma boshlig’i etib tayinlandi.
Tez orada RSFSR Arxiv ishi bosh boshqarmasi (Bosharxiv)dan Toshkentga vakil qilib D.I.Nechkin yuborildi. Turkkomissiya uni Turkiston Respublikasi Arxiv ishi markaziy boshqarmasi boshlig’i qilib tayinladi. D.I.Nechkin MIQning arxiv to’g’risidagi qaroriga o’zgartirishlar kiritdi. Muhim o’zgartirish shu bo’ldiki, Turkiston Respublikasi Arxiv ishi markaziy boshqarmasi boshlig’i RSFSR Bosh arxivi roziligi bilan Turkiston Respublikasi Maorif xalq komissarligi qaroriga asosan tayinlanadi deb ko’rsatildi. Bu bilan Turkiston Respublikasi huquqi, shubhasiz, cheklandi.
Arxiv ishi markaziy boshqarmasi quyidagi bo’limlardan iborat edi: boshqarma boshlig’i huzuridagi kengash, ish boshqarmasi, ilmiy statistika bo’limi, inspektsiya, tahririyat kengashi, davlat arxivlari bo’limi.
Kengash maslahat organi bo’lib, bo’limlar rejalari, hisobotlarini eshitgan, ularning faoliyatini yo’naltirib turgan, ilmiy, metodik ishlarni tasdiqlagan va arxiv to’g’risidagi qonuniy hujjatlar loyihalarini ko’rib chiqish bilan shug’ullangan.
Inspektsiya davlat tashkilotlari ish yuritishini va arxivlari ishini nazorat qilgan.
Ilmiy statistika bo’limi arxivlar haqida ma’lumotlar yig’ish va metodik qo’llanmalar tayyorlash bilan mashg’ul bo’lgan.
YaDAF 8 ta sektsiya va 4 bo’limdan iborat edi. Bo’limlar quyidagilardan iborat bo’lgan:
1-bo’lim ma’muriy-diplomatik, yuridik sektsiyalarni birlashtirgan;
2-bo’lim harbiy sektsiya;
3-bo’lim maorif va iqtisodiyot sektsiyalari;
4-bo’lim tarixiy-inqilobiy, sharq va matbuot sektsiyalaridan iborat bo’lgan.
Davlat arxivi fondiga faqat 1917 yildan oldingi tashkilotlar arxiv hujjatlarigina emas, balki sovet tashkilotlari arxiv hujjatlari ham qabul qilingan. Tashkilotlarda hujjatlar 5 yil saqlanishi va keyin davlat arxiviga topshirilishi belgilangan. Bu qoida 1921 yil 30 sentyabrdan kuchga kirgan.
Joylarda viloyat arxiv bo’limlari tashkil qilindi. Masalan, 1920 yil martida - Farg’onada, 1920 yil iyunda - Samarqandda, o’sha yil noyabrda Ettisuvda, 1921 yil martda - Kaspiy orti viloyatida ana shunday arxiv bo’limlari tashkil qilindi.
1941-1945 yillarda fashizm ustidan qozonilgan g’alabaning 50 yilligini tayyorlash va o’tkazish munosabati bilan urush yillarida viloyat davlat arxivlari mehnatkashlarning fashizm ustidan qozonilgan g’alabaga qo’shgan hissasi to’g’risida risolalar chop etdilar. Masalan, «Samarqand -frontga», «Qashqadaryo - frontga» va boshqalar nashr etildi. Har yili gazeta va jurnallarda yuzlab maqolalar e’lon qilindi, o’nlab ko’rgazmalar tashkil qilindi, teleko’rsatuvlar, radioeshittirishlar berildi. 1999 yilda respublika arxiv tashkilotlari davriy matbuotda 205 ta maqola e’lon qildilar, 83 ta arxiv hujjatlari ko’rgazmasi, 35 ta teleko’rsatuv va radioeshittirish tashkil qildilar.
Juda ko’p ijtimoiy-huquqiy va mavzu bo’yicha so’rovlar bajarildi. Respublika arxiv tashkilotlari 1991-1993 yillar mobaynida fuqarolar-ning ijtimoiy-huquqiy xususdagi 46 ming so’rovini bajardi. Davlat arxivlariga kelgan fuqarolar so’rovlari yildan-yilga ortib bordi. Masalan, 1991 yilda 15 mingga yaqin so’rovlar bajarilgan bo’lsa, 1992 yilda 18 mingdai ortiq va 1993 yilning birinchi yarmida 12,5 ming so’rov bajarildi.
1994-1995 yillarda respublika arxiv tashkilotlari 50 mingdan ortiq fuqarolar so’rovlari bajarilgan bo’lsa, ulardan 32 mingdan ko’piga ijobiy javoblar berilgan. Rossiya va O’zbekiston hukumatlari nafaqaxo’rlarga imtiyozlar berishi munosabati bilan urush yillaridagi ish stajini va medal bilan mukofotlanganligi, polyak, yaxudiy, koriets va boshqalarning evakuatsiyasi to’g’risidagi so’rovlar ko’paydi.
Respublikaning bozor munosabatlariga o’tish sharoitida ko’pchilik davlat arxivlari fuqarolar so’rovini shoshilinch (muddatidan oldin) bajarganligi uchun pullik xizmat ko’rsatgan. «O’zarxiv» agentligi davlat arxivlari tomonidan bepul bajariladigan so’rovlar ro’yxatini tasdiqladi. Bu ro’yxatga ish staji, urushda ishtiroki, urush yillari medal bilan taqdirlanganligi, qatag’on qilinganligi to’g’risidagi so’rovlar kiritilgan edi. So’rovlarning boshqa turlari pullik bajarilgan.
O’zbekiston arxiv tashkilotlari faoliyatining asosiy yo’nalishlaridan yana biri tarixiy hujjatlarni e’lon qilish hisoblanadi. Lekin bozor munosabatlari sharoitida arxiv tashkilotlari nashriyot bazasi, qog’oz va mablag’ yo’qligi tufayli hujjatlar to’plamlari chop etish imkoniyatlari bo’lmadi. Tarix ixtisosligidagi manfaatdor tashkilotlarni, shuningdek xomiylarni qidirish borasidagi urinishlar muvaffaqiyat bilan tugallanmadi. Arxiv tashkilotlarining ilmiy-tadqiqot ishlari ham shu ahvolda qoldi.
Bozor munosabatlariga o’tish sharoitida iqtisodiy islohotlar jarayonida arxiv tashkilotlarida xo’jalik yuritishning iqtisodiy usullarini joriy qilish va rivojlantirish yuz bermokda. Respublika arxiv ishini rivojlantirish fondining asosiy qismini bundan keyin ham davlat byudjeti mablag’lari tashkil etadi.
Shuning bilan birga, yangicha xo’jalik yuritish usuliga o’tish arxivlarga tashkilot va korxonalar, jamiyat va kooperativ, ijodiy muassasalar hamda aholiga shartnoma asosida pulli xizmat ko’rsatishni kengaytirish hisobiga byudjetdan tashqari moliyalashtirish manbalarini topish imkoniyatini berdi.
Davlat arxivlarini shartnoma asosida bajaradigan pullik xizmat ishlari turlari quyidagilardan iborat:
1. Vazirlik, idora va boshqalarga yig’majildlar nomenklaturasini ishlab chiqishda, ish yuritishni tashkil qilishda metodik va amaliy yordam ko’rsatish;
2. Hujjatlarni tanlab olish va tartibga solish, jumladan, shaxsiy arxivlarda ham shunday ishlar amalga oshirilishi mumkin;
3. Mavzuli so’rovlarni, shuningdek, mulkdorlik huquqi to’g’risida, sulolaviy xususdagi so’rovlarni bajarish;
4. Tashkilotlarni axborot bilan ta’minlash;
5. O’quv yurtlari, ijodiy muassasalar va boshqa tashkilotlar buyurtmasi bilan hujjatlar to’plamlari, hujjatlar ko’rgazmalari, ekskursiyalar tayyorlash.
Davlat arxivlari rahbarlari ish haqi jamg’armasidan iqtisod qilingan, pullik xizmat va shartnoma asosida topilgan qo’shimcha daromadlar asosida xizmatchilarni iqtisodiy rag’batlantirish (oylikka qo’shimcha haq qo’shib berish, mukofotlash) huquqiga ega bo’ldilar. 1999 yilda respublika arxiv tashkilotlari pullik xizmat hisobiga 47,5 million so’m daromad qildilar. Arxiv tashkilotlari pulli xizmatdan olingan daromaddan xizmatchilarni mukofotlash, ularga qimmatli sovg’alar taqdim etish va sog’lomlashtirish tadbirlarini amalga oshirdilar.
Mustaqillik sharoitida arxiv ishini boshqaruv davlat organi bo’lib O’zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "O’zarxiv" agentligi hisoblanadi. Uning tizimiga Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududiy boshqarmalari, ularning qaramog’idagi davlat arxivlari (ularning filiallari) hamda markaziy davlat arxivlari kiradi.
Yuqorida qayd etilgan arxiv tashkilotlariga arxivlarni butlash, O’zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hisoblangan respublika xalqlarining o’tmish tarixi to’g’risidagi hujjatli yodgorliklarni jamiyat va fuqarolar manfaati uchun saqlash va foydalanish kabi davlat majburiyatlari yuklangan.
Dostları ilə paylaş: |