A. N. Sulaymanov arxivshunoslik (O’quv uslubiy qo’llanma) Guliston – 2016 y


Arxivshunoslik fanining maqsad va vazifalari



Yüklə 0,56 Mb.
səhifə4/53
tarix10.06.2023
ölçüsü0,56 Mb.
#128081
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   53
portal.guldu.uz-ARXIVSHUNOSLIK

1.2. Arxivshunoslik fanining maqsad va vazifalari.

Tarix fani taraqqiyotini belgilovchi omillar orasida arxiv materiallari, ayniqsa, diqqatga sazovardir. Shuning uchun tarixiy jarayonlarni yoritishda arxiv hujjatlarini qayta tadqiq va tahlil etish masalasi alohida e’tiborga molik ekani shubhasizdir.


Arxiv lotincha «arxivium» hukumat binosi degan ma’noni bildiradigan so’zdan olingan. Ammo «arxiv» atamasining hozirgi qo’llanilishi ma’nosi butunlay boshqachadir.
Arxiv bu idoralar, korxona va tashkilotlar, shuningdek, tarixiy shaxslar faoliyatiga oid hujjatlar saqlanadigan muassasadir. Mustaqillik sharoitida arxiv ishining istiqboli, ravnaqi masalasi muhim o’rin tutadi. Chunki moziy saboqlari, o’tmish tajribalarini arxiv materiallari asosida o’rganishning nafaqat nazariy, balki dolzarb amaliy ahamiyati bor. Arxiv materiallariga eng ko’p murojaat qiluvchilar tarixnavislar, muzeyshunoslardir. Mustaqillik davridagi tarixiy tadqiqotlarning aksariyati arxiv materiallariga asoslanganligi va yangicha xolis tarixiy taraqiyot kontseptsiyasi zaminida yaratilayotganligi tufayli bugungi tariximizga qiziqish tobora ortayotir. Bu jabha tadqiqotchilar uchun, arxiv materiallari fan ufqlarini kengaytirish, uni yangi dalil isbotlar bilan boyitish, jamiyat hayoti, insoniyat tafakkuri taraqqiyoti jarayonining turfa xil jihatlarini mutlaqo yangicha va nisbatan to’g’ri baholash bobida ma’lumotlar manbai bo’lib xizmat qiladi.
Arxiv hujjatlari jamiyatimizning kundalik hayotida, xususan xalq xo’jaligida muhim o’rin tutishini ta’kidlash joiz. Arxiv hujjatlarida kechmish ajdodlarimizning mehnati samaralari o’z aksini topgan bo’lib, ularning tajribalari bugungi kunda qo’l kelishi mumkin. Arxivshunoslik fani maqsad va vazifalari haqida so’z borganda, avvalambor arxiv hujjatlaridan foydalanish tartib qoidasi odatda bir qancha amallardan iboratki, bularning eng asosiylari sirasiga hujjatlarni qidirib topish, muallifi, sanasi va yaratilishi shart sharoitini aniqlash hamda ularni tarixshunoslik nuqtai nazaridan baholash qolaversa, hujjatlar bilan bevosita ishlash, ya’ni ularni tadqiq qilish, ulardan foydalanish kabilar kiradi. Ushbu vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish tadqiqotchidan o’z tadqiqot sohasi bo’yicha orttirgan bilimlaridan tashqari maxsus arxivshunoslik ilmidan xabardorlikni, arxiv xujjatlari bilan ishlash metodikasini egallagan bo’lishini taqozo etadi. Tarix va zamonaviy arxivchilik, arxiv ishlari nazariyasi va amaliyoti, hujjatshunoslik va arxeografiya mazkur fanlarning eng muhimlari sirasiga kiradi.
Arxivshunoslik tarix fakultetida alohida kurs sifatida o’tiladigan manbashunoslik bilan ham o’zaro bog’liq ekanini ta’kidlash lozim. Hozirgi paytda arxivshunoslikning asosiy maqsadi bo’lajak tarixchilarni arxiv muassasasi bilan ishlashga, arxiv hujjatlarini qidirib topish metodikasi bilan tanishtirishga, hamda ulardan ilmiy tadqiqot yoxud targ’ibot tashviqot va amaliyot ishlarida foydalanishga o’rgatishdan iborat.
Markaziy Osiyoda arxiv yozuv bilan bir vaqtda paydo bo’lgan. Arxeologlar qadimgi Tuproqqal’a xarobalaridan Xorazm shohlariga tegishli III-1V asr boshlariga oid qadimgi hujjatlardan iborat arxiv qoldiqlarini topishgan. 1930 yil boshlarida qadimgi Sug’diyona davlatining Mug’ tog’lari xarobalaridan Devashtich arxivi ochilgan. Qazilmalar natijasida VIII asrga oid 80 dan ortiq qo’lyozma hujjatlar topilgan.
Tarixdan ma’lumki, Buxoroda IX-X asrlarda Abu Ali ibn Sino foydalangan arxiv-kutubxona bo’lgan. Markaziy Osiyoda arxivlar X1-XII asrlarda Xorazm davlatida, keyinchalik Oltin O’rda, temuriylar, shayboniylar, Ashtarxoniylar davrida ham mavjud edi.
O’zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi o’zbek xalqining qo’lyozma hujjatlari saqlanadigan eng katta, eng boy arxiv xazinasidir. Bu erda saqlanayotgan eng qadimgi hujjatlar vaqfnomalar bo’lib, ular Chingizxon bosqini davridan boshlanadi. Bu arxivdagi hujjatlar XIII asrdan hozirgi kunlargacha bo’lgan yillarni o’z ichiga oladi.
Qadimgi davlatlarning, xonliklarning XIX asrgacha bo’lgan hujjatli manbalari baxtga qarshi bizgacha saqlanmagan. O’zaro feodal urushlari, vayronagarchiliklar natijasida arxiv hujjatlari yo’q bo’lib ketgan. Qo’qon va Xiva xonlari arxivlari, Buxoro amirligining qushbegi arxivi saqlanib qolgan. Ularda XIX asrga oid hujjatlarning bir qismi saqlangan xolos. Markaziy Osiyoni chor Rossiyasi bosib olgandan keyingi davr arxivlari, ya’ni XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr hujjatlari to’la saqlangan.
Qo’qon va Xiva xonlari arxivlari tarixi o’ziga xosdir. Chorizm bu xonliklarni bosib olgandan keyin ushbu arxivlar qo’lyozma manbalari 1876-yildan boshlab Peterburgga - imperator kutubxonasi (hozirgi Saltikov-Shedrin nomli kutubxona)ga olib ketiladi. Bu hujjatlar XX asrning 30 yillari oxirigacha e’tibordan chetda qolib, ilmiy ishda foydalanilmay kelingan. Keyin bu arxivlar topilib, ularning Qo’qon va Xiva xonlari arxivlari ekanligi aniqlandi. Shundan so’ng ulardan keng foydalanish boshlandi.
Xiva xonligi arxivini birinchi bo’lib 1939 yilda sharqshunos olim P.P.Ivanov o’rganib chiqib, bu arxiv to’g’risida xabar bergan.
Qo’qon xonligi arxivi haqida sharqshunos olima A.L.Troitskaya 1968 yilda «Katalog arxiva kakandskix xanov XIX veka» nomli ma’lumotnomasini e’lon qilgan. 1962 yilda bu hujjatlar Leningraddan Toshkentdagi Markaziy davlat arxiviga olib kelingan.
O’zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida Qo’qon, Xiva xonlari arxivlari, Buxoro amirligining qushbegi arxivi, Turkiston general-gubernatorligi, uning barcha tashkilotlari arxivlari, shuningdek, O’zbekistonning oktyabr to’ntarishidan keyingi davr, sovet davri, mustaqillik davri tashkilotlarining arxiv materiallari saqlanadi. Bu arxivda bir milliondan ortiq yig’majildlar bor. Bu Markaziy Osiyodagi eng katta va boy arxivdir.
Hozirgi kunda respublikamizda 82 ta davlat arxivida XIII- XX asrlarga taalluqli bo’lgan 6 milliondan ortiq yig’majildlarda qog’oz, kino, surat va ovozli arxiv hujjatlari mavjud. Bundan tashqari, 10000 ga yaqin idoraviy arxivlarda 1,6 milliondan ortiq va 112 ta shaxsiy tarkib arxivlarida esa, 5 millionga yaqin arxiv hujjatlari saqlanmoqda.
Davlat arxivlari tomonidan avaylab asrab kelinayotgan noyob hujjatlarni xalqimizning boy madaniy-ma’naviy merosi sirasiga kiritish mumkin. O’tmish sanalari va sahnalari ilk asosiy manbalar sifatida arxivlarda saqlanayotgan ishonchli asl nusxa hujjatlar vositasida o’z aksini topmoqda, namoyon bo’lmoqda. Demak arxiv hujjatlari - bu tarix, tirik o’tmish. Usiz na kechamizni, na bugunimizni, na ertamizni tasavvur qila olamiz. Hujjatlarda tarixning har bir lahzasi, kuni, oyi va yili tilga kiradi, sodir bo’lgan voqea, hodisalarni hikoya qiladi. Biz arxiv hujjatlarida qadimiy o’zbek zaminini, xalqimizning bosib o’tgan hayotini, o’tmishini ko’rib goh hayratga tushamiz, goh armonimiz, goh g’ururimiz ortadi. Shuning uchun arxiv hujjatlari xalqimizning bebaho noyob tarixiy boyligi hisoblanadi. Arxiv hujjatlari hech vaqt yo’q qilinmaydi, ular umrbod, abadiy saqlanadi. Arxiv ma’naviy boylik, shu bois uning bahosi yo’q. Moddiy boyliklarni er ostidan qazib olish, erda ekib ko’paytirish, «qora» bozordan sotib olish mumkin. Ammo yagona asl nusxada bo’lgan qo’lyozma hujjatlarini hech qaerdan na erdan, na ko’kdan, na bozordan topib bo’ladi. Ular davlat arxivlaridagina mavjud.
Mustaqillik sharoitida arxivlarga munosabat keskin o’zgardi. Yuqorida tilga olingan «Arxivlar to’g’risida»gi qonun va hukumat qabul qilgan qator me’yoriy hujjatlar ana shunday o’zgarish va yangilanishlarning bir ko’rinishidir. Qoraqalpog’iston Respublikasi, aksariyat viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklari tomonidan arxiv ishini yanada yaxshilashga e’tibor kuchaydi. Hokimlar «Arxivlar to’g’risida»gi qonunni, «Arxiv ishi bo’yicha me’yoriy hujjatlarni tasdiqlash to’g’risida»gi hukumat qarorining viloyat, shahar va tumanlarda bajarilishinn ta’minlash, arxiv ishlarini yanada yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tegishli ishlarni amalga oshirmoqdalar.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning bevosita tashabbusi bilan har xil sabablarga ko’ra respublikadan tashqariga olib chiqib ketilgan arxiv hujjatlarini O’zbekistonga qaytarib olib kelish vazifasi qo’yildi. Shu maqsadda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida O’zbekistondan chetga olib ketilgan va xalq boyligi bo’lgan arxiv hujjatlarini qaytarib olib kelish bo’yicha maxsus komissiya tuzildi. Bu komissiya faol ish olib bormoqda. O’zbekiston tarixiga oid arxiv hujjatlari hozirda Turkiya, Misr, Germaniya, Italiya, Frantsiya, Angliya, Hindiston, Xitoy va Rossiyada borligi aniqlandi. Shu paytgacha ma’lum bo’lmagan hujjatlar ravshan bo’lmoqda.
Mustaqillik sharofati bilan arxiv sohasi bo’yicha mutaxassis kadrlar tayyorlash masalasida ham ma’lum darajada ishlar qilinmoqda. O’zbekiston milliy universitetida, Toshkent madaniyat institutida oliy ma’lumotli arxiv mutaxassislari tayyorlash yo’lga qo’yildi. Respublikadagi qator kollejlarda ish yurituvchi, arxivchi mutaxassisliklari bo’yicha o’rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar tayyorlanmoqda. Respublikamiz hukumatining qabul qilgan qarorlari, belgilagan tadbirlari, ularning amalga oshirilishi, arxiv sohasini kelajakda yanada rivojlanishi va istiqboli porloq bo’lishiga ishonch tug’diradi.
Arxivshunoslik o’quv kursi oliy o’quv yurtlari tarix fakultetlari talabalariga, bo’lajak tarixchilarga O’zbekistonda arxiv ishi tarixini, arxiv ishi nazariyasi va amaliyoti masalalarini, arxiv hujjatlarni nashr qilishga tayyorlashning qoidalarini o’rgatadi. Arxivshunoslik fanini talabalarga o’qitish jarayonida arxiv hujjatlaridan ilmiy-tadqiqot ishlarida foydalanish yo’llarini o’rgatishga, hujjatlarni qidirib topish, ishonchli hujjatlarni tanlab olish, ilmiy ishda foydalanish usulini o’rganishga alohida e’tibor beriladi.



Yüklə 0,56 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   53




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin