1.3. Mustaqil O’zbekistonda arxiv ishi. O’zbek xalqining mustaqillikka erishishi, bozor munosabatlariga o’tishi jamiyatimizning barcha sohalarida, jumladan madaniy merosni tiklash, tarix, arxivshunoslik fanlarini rivojlantirish sohalarida ham tub o’zgarishlar sodir bo’lishiga olib keldi.
Bozor munosabatlariga o’tish, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish tufayli qator davlat sanoat korxonalari, transport va qurilish, maishiy xizmat va savdo korxonalari xususiylashtirildi, mulkdorlar sinfi shakllantirila boshlandi. Nodavlat sanoat, qurilish korxonalari, fermer xo’jaliklari, kasaba uyushmalari, xayriya va boshqa jamg’armalar, siyosiy partiyalar va harakatlar, diniy tashkilotlar arxiv fondlari va arxiv hujjatlari nodavlat arxiv fondini tashkil qildi. Davlat va nodavlat arxiv fondlari O’zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi (O’zR MAF)ga aylantirildi.
O’zR Milliy arxiv fondi hujjatlarini davlat ro’yxatidan o’tkazish va hujjatlar egasiga, tashkilotga maxsus guvohnoma berish joriy etildi. Davlat arxivlarining pulli xizmat ko’rsatishi kengaydi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida tashkilotlarning shaxsiy tarkib bo’yicha hujjatlari saqlanishini ta’minlash maqsadida respublika shaharlari va tumanlari hokimliklari tomonidan shaxsiy tarkib buyicha idoralararo arxivlar soni kengaytirildi. Bu arxivlar maxsus (byudjetdan tashqari) mablag’lar hisobiga tashkil qilinadi. Ular fuqarolarni ijtimoiy-huquqiy so’rovlarini bajarishda, shahar va tumanlarda arxiv ishining umumiy ahvolini yaxshilashda muhim rol o’ynay boshladi.
Mustaqillik sharoitida «O’zarxiv» agentligi tomonidan arxiv ishining asosiy yo’nalishlarini takomillashtirish va rivojlantirishning kompleks dasturlari ishlab chiqildi va amalga oshirildi. Bu dasturlar quyidagi yo’nalishlar bo’yicha tuzilgan va besh yilga mo’ljallangan: hujjatlarni idoraviy saqlovini ta’minlash, ularning davlat hisobi va ilmiy-ma’lumot apparatini takomillashtirish, arxiv hujjatlaridan foydalanishni jadallashtirish va boshqalar.
1996 yilda «O’zarxiv» agentligi O’zbekiston Respublikasida arxiv ishini 2000 yilgacha rivojlantirish Kontseptsiyasini ishlab chiqdi. Bu kontseptsiya davlat arxiv xizmati faoliyatining metodologik harakat dasturi edi. U jamiyatni va davlatni axborot bilan ta’minlashdagi imkoniyatlarni kengaytirish, jamiyatning hujjatli yodgorliklarini saqlashdagi rolini orttirishga qaratilgan edi.
O’zbekiston Respublikasi hukumati arxiv ishi bo’yicha qonun va me’yoriy hujjatlar ishlab chiqdi. 1999 yil 15 aprelda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi «Arxivlar to’g’risida» qonun va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1999 yil 30 oktyabrda «Arxiv ishi bo’yicha me’yoriy hujjatlarni tasdiqlash to’g’risida» qaror qabul qildi. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan «O’zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi to’g’risida Nizom», «O’zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarining davlat ro’yxatidan o’tkazish Tartibi», «O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi («O’zbosharxiv») to’g’risida Nizom», «O’zbekiston Respublikasi Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardagi idoraviy arxiv to’g’risida Namunaviy nizom» tasdiqlandi. Bu hujjatlar respublika arxiv idoralarini mustaqilligini, erkinligini qonuniy yo’l bilan rasmiylashtirdi. Bu hujjatlar asosida arxiv idoralari sovet tuzumi davridagidek ittifoq arxiv organlari aralashuvi, rahbarligi bilan emas, endi mustaqil O’zbekistonda arxiv ishiga erkin rahnamolik qilmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 3 fevraldagi «O’zbekiston Respublikasi arxiv ishini boshqarishni yanada takomillashtirish to’g’risida»gi qaroriga ko’ra «O’zbosharxiv» O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «O’zarxiv» agentligiga aylantirildi. Joylarda hokimliklar arxiv bo’limlari o’rniga Arxiv ishi hududiy boshqarmalari tashkil qilindi. Hududiy organlarning boshliqlari Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishuv bo’yicha «O’zarxiv» agentligi Bosh direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan bo’ldi. Ilgari arxiv bo’limi mudirlari hokimlar tomonidan tayinlanardi va ozod qilinardi.
O’zbekistonda bozor munosabatlariga o’tish jarayonida ko’plab xususiy, nodavlat tashkilotlar, korxonalar va ularning arxiv fondlari vujudga keldi. Nodavlat tashkilotlar idoraviy arxivi ularning mulki hisoblanadi. Shuning bilan birga 1999 yil 30 oktyabrda Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan O’zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi to’g’risidagi Nizomda «Nodavlat yuridik va jismoniy shaxslar nodavlat arxiv fondi hujjatlarini saqlash maqsadida tashkil etilgan arxivlarda yoki korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va birlashmalarning tarkibiy bo’linmalarida doimiy saqlashni ta’minlaydilar. Doimiy muddatda saqlanadigan hujjatlar va shaxsiy tarkib bo’yicha hujjatlar (mehnat staji, ish haqi, o’qish, mukofotlash va boshqalar to’g’risidagi hujjatlar) O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "O’zarxiv" agentligi organlari va muassasalari roziligini olmasdan nodavlat va yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yo’q qilinishi mumkin emas», deb uqtirilgan. O’zR MAF to’g’risidagi Nizomga binoan nodavlat yuridik, jismoniy shaxslar o’z hujjatlarini davlat mulki qilib davlat arxivlari, muzeylar va kutubxonalarda saqlashga berishlari mumkin. Nodavlat tashkilotlar yoki shaxsiy arxiv egasi vafot etganda, vorislar va qonuniy merosxo’rlar bo’lmaganda, ularning hujjatlari davlat mulkiga o’tkazilib, doimiy saqlash uchun davlat arxivlariga topshiriladi. Davlat arxivlari hujjatlarni butlash, saqlash, foydalanish ishlariga metodik yordam beradi va hujjatlarga ilmiy-texnik ishlov berish, ish yuritish bo’yicha me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish, yig’majildlarni ta’mirlash va muqovalash yuzasidan pullik xizmatlar ko’rsatishi mumkin.
Mustaqillik sharoitida O’zbekistonda bozor munosabatlariga o’tish jarayonida davlat hokimiyati va boshqaruv organlarini qayta qurishda yangi tashkilotlar va qo’shma korxonalar tashkil bo’ldi. Bu jarayonlar davlat arxivlarini butlash manbalari - tashkilotlar ro’yxatlarini deyarli har yili qayta ko’rib chiqishni, yangi tashkilotlar bilan to’ldirishni va tugatilgan idoralar arxiv hujjatlarini davlat saqloviga qabul qilishni talab qildi.
Mustaqillik yillari davlat arxiv muassasalari idoraviy arxivlar hujjatlari saqlovini ta’minlash, ish yuritishni tashkil qilish borasida samarali ishlarni amalga oshirdi. Ular o’z faoliyatini 1990 yil 28 iyunda «O’zbosharxiv» qarori bilan tasdiqlangan «DAF hujjatlari idoraviy saqlovining ta’minlashni asosiy yo’nalishlari (1990-1995 yillar)ning amalga oshirishni tashkiliy-metodik tadbirlari rejasi» asosida amalga oshirdilar. Unda arxiv tashkilotlari respublika vazirliklari va idoralari bilan birgalikda DAF hujjatlari idoraviy saqlovini takomillashtirish, ular tarkibini yaxshilash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni kadrlar bilan ta’minlash, idoraviy arxivlar bilan ishlash bo’yicha me’yoriy-metodik qo’llanmalar tayyorlash va boshqa tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan edi. Bu tadbirlarning bajarilishi muassasa, tashkilot va korxonalar idoraviy arxiv hujjatlari saqlovini yanada yaxshilanishiga imkon berdi.
Shahar va tuman hokimiyatlari qoshidagi shaxsiy tarkib bo’yicha idoralararo arxivlar tarmog’i birmuncha kengaydi. 1995 yilda 1990 yilga nisbatan bunday arxivlarning soni 13 taga ko’paydi va 1995 yilda ularning soni 91 tani tashkil qildi. Bu arxivlar shaxsiy tarkib bo’yicha hujjatlar saqlovini va fuqarolarga ijtimoiy huquqiy ma’lumotnoma berishni yaxshiladi.
1990-1995 yillarda davlat arxivlari idoraviy arxivlarda 115 ta kompleks, 1378 ta mavzu bo’yicha, 1705 ta nazorat qilish maqsadida tekshirish o’tkazdi. Shu bilan birga arxiv tashkilotlari respublikaning ayrim idoralari tarmoqlarida kompleks tekshiruvlar o’tkazdilar. Masalan, 1991-1995 yillarda quyidagi idoralar tarmoqlari kompleks tekshirildi: O’zbekiston Respublikasi Markaziy statistik qo’mitasi (1991 y), Mahalliy sanoat vazirligi (1992y), "O’zsanoatfuqaroqurilish" korporatsiyasi (1993 y.), Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi (1994 y.), Sog’likni saqlash vazirligi (1995 y.) va hokazolar.
O’zbekiston davlat sanoat va fuqarolar qurilishi korporatsiyasining kompleks tekshirilishi natijasida 31ta arxiv tashkilotlari nazoratidagi muassasalarda 26 tasi binolar bilan ta’minlanganligi, ulardan 20 tasi stellajlar bilan jihozlanganligi aniqlandi. 31 ta tashkilotdan 17 tasining ish yuritish bo’yicha yo’riqnomasi, 58% muassasasalarda yig’majildlar nomenklaturasi bo’lgan.
1996 yilda O’zbekiston qishloq xo’jaligi vazirligi tizimi muassasalarida arxiv hujjatlarining idoraviy saqlovi va ish yuritishni tashkil etilishi ahvoli o’rganildi. Ish yuritishda asosiy me’yoriy hujjat hisoblangan ish yuritish bo’yicha yo’riqnoma vazirlik tizimida mavjud bo’lgan 763 ta tashkilotning 585 tasidagina (33 %) ishlab chiqilgan. Buning ustiga bir qator idoralarda ish yuritish bo’yicha tuzilgan yo’riqnomalarga qo’shimcha aniqlik kiritilishi va arxiv muassasalari bilan kelishishni talab qilardi.
Vazirlik tizimi tashkilotlarining yig’majildlar nomenklaturasi bilan ta’minlanishi 65% ni tashkil qilgan. Xolbuki, hujjatlarni qidirish, indekslashni o’tkazish, yig’majildda ijro etilgan hujjatlarni to’plashda yig’majildlar nomenklaturasi odatdagi ish yuritishda asosiy hujjat hisoblanadi.
Idoraviy arxivlar to’g’risidagi nizomlar ushbu tizimning 558 ta tashkilotlaridagi mavjud edi. Bu 31% ni tashkil qilardi.
Tekshirilgan davrda tizimning davlat arxivlari nazoratdagi 1763 ta tashkilotidagina 750 nafar ish yuritish xodimi va 107 nafar arxiv xodimi xizmat qilgan.
Vazirlik tizimidagi 1333 ta (75%) muassasa va tashkilotlar arxiv uchun ajratilgan xonalarga ega bo’lgan, qolgan 25% idoralarda esa arxiv hujjatlari duch kelgan joylarda yotgan.
Tizim bo’yicha arxiv muassasalari nazoratidagi 1763 ta muassasaning 838 tasida ekspert komissiyasi tuzilgan, shulardan 554 tasi o’zining nizomiga ega bo’lgan.
Tizim muassasalarida tegishli davlat arxivlariga topshirilishi lozim bo’lgan 78-164 yig’majilddan iborat hujjatlar belgilangan muddatdan ortiq saqlanayotgan edi. Qishloq xo’jaligi muassasalarining idoraviy arxivlarda doimiy saqlanishga molik 157610 yig’majild saqlanayotgan bo’lib, shulardan qariyb 38 mingtasi tartibga keltirilmagan.
Arxiv tashkilotlarining harakati tufayli 1995 yilda respublika bo’yicha 61,5% idoraviy arxivlar hujjatlar saqlaydigan joylar bilan, 67,7% davlat arxivlari nazorat qiladigan muassasalar yig’majildlar nomenklaturasi bilan ta’minlanganligi ma’lum bo’ldi.
Davlat arxivlarida saqlanishi lozim bo’lgan hujjatlar saqlovini ta’minlashning ishonchli garovi - bu idoraviy arxivlarda saqlanayotgan hujjatli materiallarni tartibga solish va ularni davlat arxivlariga qabul qilish hisoblanadi. Lekin 1996 yil 1 yanvarda idoraviy arxivlarda 1 milliondan ortiq doimiy muddatda saqlanadigan va 0,5 millionga yaqin idoraviy arxivda saqlash muddati tugagan, ya’ni davlat arxiviga qabul qilinadigan hujjatlar saqlanardi. Davlat arxivlarida bo’sh joy bo’lmaganligi uchun idoraviy arxivlardagi hujjatlarni qabul qilish imkoniyati bo’lmagan.
Davlat arxiv fondi hujjatlari saqlovini ta’minlashning jiddiy muammosi davlat va idoraviy arxivlarda hujjatlar saqlaydigan joylarning etishmasligi edi. 1996 yil 1 yanvarda respublikada faqat 9 ta davlat arxivlari uchun qurilgan bino mavjud bo’lgan. 68 ta davlat arxivlarining binolari hujjatlar saqlash uchun moslashtirilgan binolar bo’lib, ularni ko’pchiligi hujjatlar bilan to’lgan va idoraviy arxivlardan davlat saqlovi uchun hujjatlar qabul qila olmas edi. Arxivlarning rejali butlashni ta’minlash uchun respublika bo’yicha 1,5 milliondan ortiq yig’majildlar saqlanadigan joylar qurib foydalanishga topshirish lozim edi.
Hozirgi kunda O’zbekiston Respublikasida 80 dan ortiq davlat arxivlari bo’lib, ularda 6mln. yig’majildlardan ziyod hujjatlar asrab-avaylab saqlanmoqda. Bu hujjatlardan tarixchilar, tadqiqotchilar, talabalar va boshqa mutaxassislar ilmiy, madaniy-ma’rifiy ishlarda keng foydalanmoqda.