3-BOB. O’ZBEKISTONDA URUSHDAN KEYINGI YILLARDA ARXIV ISHI TARIXI
1-MAVZU.O’ZBEKISTONDA ARXIV ISHINI TAKOMILLASHTIRISH TARIXI
Asosiy savollar:
O’zbekistonda arxiv ishi (1961-1980 yillar)
O’zbekistonda arxiv ishi (1981-1990 yillar)
Mustaqil O’zbekistonda arxiv ishi.
1.1. O’zbekistonda arxiv ishi (1961-1980 yillar)
1960 yillar boshida arxivlar taraqqiyotida yangi davr boshlandi. Arxiv tashkilotlarini bevosita O’zbekiston Ministrlar Sovetiga bo’ysundirilishi respublikada arxiv ishini rivojlanishiga yordam qilgan muhim omil bo’ldi. Ministrlar Sovetining 1961 yil 9 maydagi qarori bilan O’zbekiston Ichki ishlar ministrligining arxiv boshqarmasi O’zbekiston Ministrlar Soveti huzuridagi Arxiv boshqarmasi qilib qayta tashkil qilindi. Shu qaror asosida mahalliy arxiv tashkilotlari Qoraqalpog’iston ASSR Ministrlar Soveti va viloyatlar ijroiya qo’mitalari Arxiv bo’limlari qilib qayta tashkil qilindi. Arxiv tashkilotlarini Ministrlar Soveti va viloyatlar ijroiya qo’mitalari ixtiyoriga o’tkazilishi ularni davlat apparati tizimidagi rolini orttirdi va arxiv ishi taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi.
Arxiv tashkilotlari respublika davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan teng huquqli bo’lib qoldi va ular arxiv ishi va ish yuritishni tashkil qilish faoliyatini nazorat qilish huquqiga ega bo’ldi. Arxiv tashkilotlarining asosiy vazifasi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy, amaliy ahamiyatga ega bo’lgan hujjatlar saqlanishini ta’minlashdan iborat bo’ldi. Ular tarixiy hujjatlarni davlat saqloviga tanlab olish, saqlanishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Shuning uchun arxiv tashkilotlari hujjatlar qimmatdorligini ekspertiza qilishga va ular bilan davlat arxivlarini butlashga katta e’tibor beradi.
1960-1961 yillarda ittifoq bosh arxiv boshqarmasi ko’rsatmasiga binoan respublikada arxivlarni butlash tamoyili tubdan qayta ko’rib chiqildi. O’z faoliyati natijasida ilmiy ahamiyatga ega hujjatlar vujudga kelmaydigan mayda, yordamchi va kommunal maishiy tashkilotlar (sartaroshxona, atele, oshxona, apteka, do’konlar, hammomlar, ta’mirlash ustaxonalari, avtobazalar, mehmonxonalar va boshqalar)dan davlat saqloviga hujjatlar qabul qilish to’xtatildi. Buning natijasida arxiv tashkilotlari o’z faoliyatida asosiy e’tiborini hujjatlar saqlanishini nazorat qilishga va davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, muhim sanoat, qurilish va shunga o’xshash korxonalar hujjatlarini qabul qilish imkoniyatiga ega bo’ldilar.
Respublika davlat arxivlari hujjatlari qabul qilinadigan va qabul qilinmaydigan tashkilotlar, muassasalar, korxonalar ro’yxatlarini tuzdilar va davlat arxivlari hujjatlarni qabul qilishda mana shu ro’yxatga amal qiladigan bo’ldilar.
Arxivlarni butlash, ekspertiza qilish, idoraviy arxivlarni nazorat etish sohalaridagi qayta qurish ishlariga oid respublika Ministrlar Soveti huzuridagi Arxiv boshqarmasi qator metodik qo’llanmalar tayyorladi. Arxivlarni butlash masalasi Arxiv boshqarmasining ilmiy kengashida muhokama qilindi va uning qarori davlat arxivlariga ijro etish uchun yuborildi.
1961 yildan boshlab davlat arxivlarining ekspert tekshiruv komissiya (ETK) lari vazifalari tubdan o’zgardi. ETKning ekspertiza masalasida asosiy vazifasi davlat arxivlarini nazorat qiladigan tashkilotlar topshirgan doimiy saqlanadigan hujjatlarning ro’yxati (opisi)ni ko’rib chiqish va tasdiqlash bo’lib qoldi. Shuningdek, ETK 5 yildan ortiq saqlanadigan materiallar dalolatnomasini va hujjatlarni saqlash muddati ko’rsatilgan ro’yxat (perechen) da ETK belgisi bor materiallar ro’yxatini muhokama qilib, tasdiqlaydigan bo’ldi.
Saqlash muddati 5 yilgacha bo’lgan materiallar dalolatnomasini nazorat qilinadigan idoraning rahbari ETKda ro’yxat tasdiqlangandan keyin tasdiqlashi lozim edi. Davlat arxivlari tomonidan nazorat qilinmaydigan idoralar arxiv hujjatlari ro’yxati va dalolatnomasini tasdiqlash ularning yuqori idoralari ixtiyoriga berildi.
Arxivlarni butlash ishini qayta ko’rib chiqilishi tufayli idoraviy arxivlarni nazorat qilishda ham muhim o’zgarishlar sodir bo’ldi.
Yangi sharoitda davlat arxivlari idoraviy arxiv ishi va idoralarning ish yuritishini nazorat qiladigan bo’ldi. Qayta qurishgacha esa, arxiv tashkilotlarining asosiy vaqti haddan tashqari ko’p, mayda, kam ahamiyatli tashkilotlarni nazorat qilishga ketar edi va muhim idoralar arxivlari e’tibordan chetda qolar edi. Buning natijasida qiymati kam ilmiy, tarixiy, amaliy ahamiyati yo’q arxiv fondlari tartibga solinar va davlat arxivlariga qabul qilinar edi. Asosiy fondlar esa, odatda tartibga solinmasdan davlat arxiviga qabul qilinmasdan qolar edi.
1966 yil 1 yanvarida respublika bo’yicha davlat arxivlari nazorat qiladigan, kelajakda hujjatlari davlat arxivlariga qabul qilinadigan tashkilotlar 6489 ta bo’lgan. 1965 yilda 4930 ta tashkilot o’z arxivlarini tartibga keltirishgan edi. Tartibga solingan yig’majildlar soni tartibga solinishi kerak bo’lgan yig’majildlarning 70% ni tashkil qilar edi. 1966-1980 yillarda davlat arxivlariga tashkilot va korxonalardan 580 ming boshqarish hujjatlari yig’majildlari, 5939 ta ilmiy-texnik hujjatlar yig’majildlari, 5048 ta kinohujjatlar saqlov birligi, 53987 fotohujjatlar saqlov birligi va 5345 ta fonohujjatlar saqlov birligi qabul qilingan.
Shuning bilan birga, ushbu korporatsiya tizimidagi idoraviy tizimlarda xujjatlar saqlovini ta’minlash va ish yuritishni tashkil qilishda ayrim kamchiliklar borligi aniqlandi. Ish yuritish bo’yicha yo’riqnomalar va yig’majildlar nomenklaturasi barcha muassasa va kurxonalarda bo’lmagan va joriy qilinmagan. Faqat 3 ta muassasa shtatida arxiv xodimi bo’lib, 5ta muassasada arxivga mas’ul shaxs buyruq bilan tayinlanmagan edi. Hujjatlarni tartibga solish, ularni davlat saqloviga tayyorlash va topshirish etarli darajada uyushtirilgan emas. Korporatsiya tizimi bo’yicha doimiy saqlanadigan 5,1 ming yig’majild, shaxsiy tarkib bo’yicha 9,3 ming yig’majild tartibga solinmagan va 3,2 ming muddati o’tgan yig’majildlar saqlanmoqda edi. Ko’pchilik muassasalarda doimiy ishlaydigan ekspert komissiyasi tashkil qilinmagan va ular to’g’risida nizomlar ishlab chiqilmagan edi.
Boshqa kompleks tekshirilgan idoralar tizimida ham idoraviy arxivlarda hujjatlar saqlovi va ish yuritishni tashkil qilinishi yuqorida bayon etilgan tizimdagiga o’xshagan holatlar uchratildi.
Arxiv tashkilotlari nazoratidagi muassasalarga ish yuritish bo’yicha yo’riqnoma, yig’majildlar nomenklaturasi, ekspertiza komissiyasi va idoraviy arxiv to’g’risidagi nizomlar ishlab chiqishga metodik va amaliy yordam ko’rsatdilar.
O’zbekiston haqidagi sho’rolar davrida e’lon qilingan kitoblar va maqolalar dastlab «Uzbekistan 1953-1955 gg. Bibliograficheskiy ukazatel literaturo’» nomda 1958- yili chop etilgan. Shundan keyin har yili e’lon qilingan O’zbekiston to’g’risidagi kitob va jurnal maqolalari doimiy ravishda chop etilgan. 1960- yilda «Uzbekistan 1956 g. Bibliograficheskiy ukazatel literaturo’» nomli ko’rsatgich e’lon qilingan. Keyin 1957, 1958- va boshqa yillarga bag’ishlangan adabiyotlar ko’rsatgichlari chop etilgan. Bu ko’rsatgichlar umumiy bibliografik ko’rsatgichlar bo’lib ularda O’zbekiston tarixiga oid adabiyotlar bilan birga O’zbekiston tabiati, ijtimoiy-siyosiy hayoti, xalq xo’jaligi, transport, savdo, sog’liqni saqlash, fizkultura va sport, madaniyat, fan, maorif, til, adabiyot, san’at, matbuot, bibliografiya to’g’risidagi kitoblar, maqolalar ham berilgan. Shu bilan birga «O’zbekistonda ijtimoiy fanlar» jurnali O’zbekiston tarixi bo’yicha chiqqan adabiyotlarning yillik ro’yxatini e’lon qilib borgan.
Misol. «Lunin B.V. Bibliograficheskiy ukazatel literaturo’ po arxeologii, istorii, etnografii, filosofii i pravu Uzbekistana, vshedshey v svet v 1955g.-Izvestiya AN UzSSR. seriya obhestvenno’x nauk,
1957, №3, s. 65-71». Bunday bibliografik ko’rsatgichlar Fanlar akademiyasining jurnalida doimiy ravishda chop etilgan. Shunday qilib, tadqiqotchilar matbuotda O’zbekiston tarixi haqida barcha adabiyotlarning to’la ro’yxatiga egadirlar.
Umuman olganda, yuqorida tilga olib o’tilgan asosiy bibliografiya tadqiqotchiga tanlangan mavzu bo’yicha adabiyotlar ro’yxatini tuzib olib, ularni ma’lum bir izchillikda o’rganib chiqishda yordam beradi.
Manba va adabiyotlarni o’rganish chog’ida ulardan qisqacha yozib olish, kerakli hujjatlardan ko’chirma olish foydalidir. Hujjatlardan ko’chirmalarning har birini alohida-alohida varaqlarga yozish maqsadga muvofiq. Shunda ularni ayrim masalalar bo’yicha istalgan tartibda joylashtirish oson bo’ladi.
Adabiyotlar, e’lon qilingan manbalar bilan birga davriy matbuotni ham o’rganib borish foydadan holi emas. Gazeta va jurnallardan to’plam uchun hujjatlar yig’iladi. Shuningdek, ular tadqiq qilinayotgan davrni, mavzuga oid tarixiy jarayonlarni har tomonlama o’rganishda ko’maklashadi.
Davriy matbuot. Yuqorida hujjatlar to’plamini tayyorlashda kitoblardan, e’lon qilingan manbalardan foydalanibgina qolmasdan, balki davriy matbuotdan, ya’ni gazeta va jurnallardan ham foydalanish kerak, deyildi. Davriy nashrlarda muhim davlat hujjatlari, davlat rahbarlarining nutqlari e’lon qilinadi, iqtisodiyot, fan, madaniyat sohasida erishilgan so’nggi yutuqlar, jamiyat hayotidagi muhim voqealar yoritib boriladi.
Ilgari ham, hozir ham O’zbekistonda juda ko’plab gazeta, jurnal hamda jurnal tipidagi nashrlar chiqariladi. O’z-o’zidan ma’lumki, ilmiy ish tayyorlash uchun davriy matbuotning qaysilaridan foydalanish kerak, degan savol tug’iladi. Har bir tadqiqotchi bu masalani o’zining qanday masalani o’rganayotgani, nimalar bilan qiziqishiga qarab hal etadi. Masalan, «O’zbekistonda agrar siyosatning amalga oshirilishi (1976-1985)» degan mavzu bo’yicha tadqiqot ishlari olib borish uchun mana shu yillar mobaynida chiqqan «Xlopkovodstvo», «O’zbekiston qishloq xo’jaligi» kabi jurnallardan, «Qishloq haqiqati», «Selskaya jizn», «Sovet O’zbekistoni», "Xalq so’zi'', «Pravda Vostoka» kabi gazetalardan va boshqa ayrim viloyat gazetalaridan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Gazetadagi materiallar mavzusi, ularning joylashtirilishi, maxsus bo’limlar, ruknlar talabaga, tadqiqotchiga. uni qiziqtirayotgan mavzu uchun materialni qiynalmasdan topish imkonini beradi. Jurnallarda esa, ulardagi mundarijalar hamda yil bo’yi e’lon qilmngan maqola va materiallar ro’yxati (odatda, bunday ro’yxatlar jurnalning har yili oxirgi sonida e’lon qilinadi) kerakli maqola va chiqishni topishda yordam beradi. Gazeta va jurnal materiallarini o’qish chog’ida ulardan zarur ko’chirmalar olib borish maqsadga muvofiq. Bu ish materialning mazmuniga qarab qilinadi. Shuningdek, gazeta va jurnallardan mavzuga doir hujjatlardan ham nusxa olinadi.
Davriy matbuotda rasmiy hujjatlar (Oliy Majlis sessiyalari materiallari va boshqa muhim anjumanlarning qarorlari, stenografik hisobotlar va protokollari) bilan bir qatorda jamoat tashkilotlari, jamoalar, mehnatkashlarning alohida vakillari haqidagi materiallar ham muntazam berib boriladi.
Aynan mana shunday materiallarning arxivlarda kamligi davriy matbuot materiallarining tadqiqot uchun muhim manbaga aylanishidan dalolat beradi.
Arxiv hujjatlari. Ilmiy asar tayyorlashda arxiv hujjatlarining ahamiyati benihoya katta. O’zbekiston tarixiga doir ko’plab voqea va ijtimoiy hodisalarni faqat arxiv hujjatlari orqali bilish mumkin. Shuning uchun hujjatlar to’plamini tuzishda asosan arxiv hujjatlaridan foydalanish maqsadga muvofiq.
Yuqorida ta’kidlanganidek respublikada bir necha davlat arxivlari mavjud. Shu bilan birga O’zbekistonda bitta respublika va 12 ta viloyat partiya arxivi bor edi. Hozir bu arxivlar O’zR Prezidenti devoni arxivi (PDA) va viloyatlar hokimiyatlari qoshidagi arxivlardir.
O’zR PDA Markaziy Osiyodagi yirik arxivlardan biri hisoblanadi, Arxivda Turkiston, Buxoro, Xorazm, O’zbekiston Kompartiyasi va komsomol Markaziy qo’mitalari, ularning nashriyotlari fondlari jamlangan. O’zbekiston Kompartiyasi MK fondida 1924 - yildan 1990-yillargacha bo’lgan davrni o’z ichiga oluvchi 70 mingdan ortiq yig’majildlar saqlanmoqda. Bu hujjatlarda respublika hayotidagi barcha voqealar o’z aksini topgan va tadqiqotchilar uchun muhim manba bo’lib xizmat qilishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: |