Tamanno qilg‘ali la’lingni ko‘nglum,
Kishi bilmas oni kim, qoldi qanda.
Bu baytda ko‘nglim sening la’li labingni orzu qilgan edi, istab topolmadi, degan mazmun ifodalangan. «La’l», ayni paytda, yor labidan chiqadigan iliq so‘zni ham anglatadi. Yorning labi qon kabi qip-qizil bo‘lgani uchun ham qizil qimmatbaho tosh – la’lga o‘xshatiladi. Mumtoz adabiyotda o‘ymoqdakkina, kichik og‘izli qizlar go‘zal hisoblangan. Oshiq o‘zicha yorning og‘zini ko‘rmoqchi edi. Lekin u shunchalar kichik ekanki, qayerdaligini hech kim bilmadi! Keyingi baytlarda tasvir o‘zgaradi. Ta’rif e’tirof va shikoyat bilan almashadi. Lirik qahramon dil izhoriga o‘tadi, ishq va sadoqatini bildirishga tushib ketadi:
Chu jonimdin aziz jonona sensen,
Kerakmas jon manga sensiz badanda.
Manga ul dunyoda jannat ne hojat,
Eshiging tuprog‘i basdur kafanda.
Lirik qahramon yorini jonidan aziz tutmoqda. U dunyodagi jannatdan yor eshigining tufrog‘ini afzal bilmoqda. Beshinchi baytda talmeh bor. Shoir yorini «Yusuf husn» deb ta’riflab, Ya’qubning ahvoliga tushib qolishdan xavotir olmoqda. Yusuf haqidagi rivoyatlarga ko‘ra, u – Ya’qubning sevikli o‘g‘li.
Akalari bunga hasad qilib, otasi oldidan aldab dalaga olib chiqadilar va quduqqa tashlaydilar. So‘ng «Bo‘ri yedi!» – deb yolg‘on ovoza tarqatadilar. O‘g‘lining hajrida yig‘layverganidan Ya’qubning ko‘zlari ko‘r bo‘lib qoladi. Mumtoz adabiyotimizda Ya’qubning ayriliqdagi hayoti «Bayt ul-hazan» (g‘am uyi) sifatida tilga olinadi. Yusuf tashlangan quduq esa, uning husni tufayli yorishib turar edi. Mumtoz she’riyatimizda ko‘p ishlatiladigan «chohi zaqan» (iyak ostidagi chuqurcha) shunga ishora qiladi: