2.4.Aralash murakkab qo‘shma gaplarning o‘rganilishi Aralash murakkab qo‘shma gap bir necha ko‘rinishga ega bo‘lishi mumkin:
1) bog‘lanish va ergashish yo‘li bilan tuzilgan murakkab qo‘shma gap. Bunday gaplarning qismlari ham tenglanish, ham tobelanish aloqalari orqali sintaktik munosabatga kirishadi. Masalan, Qutidor do‘koniga jo‘nagandan keyin, Oftob oyim To‘ybekani mehmonxonaga buyurdi va o‘zi xamir qilishga o‘tirdi. (A.Qodiriy).
Keltirilgan misolda birinchi gap (payt ergash gap) ikkinchi gapga (bosh gapga) ergashish yo‘li bilan birikkan, bularning ikkalasi uchinchi gap bilan “va” biriktiruv bog‘lovchisi orqali bog‘lanish yo‘li bilan munosabatga kirishgan. Yana bir misol: Qilichdan yetgan jarohat tildan yetgan jarohatga qaraganda yengilroqdir, chunki qilich badanni jarohatlaydi, til esa qalbni jarohatlaydi. Bunda ikkinchi va uchinchi gaplar o‘zaro “esa” yordamchisi vositasida bog‘lanish yo‘li bilan munosabatga kirishgan va yahlit holda birinchi gapga “chunki” bog‘lovchisi yordamida sabab munosabati orqali ergashish yo‘li bilan birikkan.
2) bog‘lanish yo‘li bilan va bog‘lovchi vositalarsiz tuzilgan murakkab qo‘shma gap. Bunday aralash murakkab qo‘shma gap qismlari o‘zaro ham teng bog‘lovchilar (yoki teng bog‘lovchi vazifasidagi yuklamalar), orqali, ham bog‘lovchisiz munosabatga kirishadi: Yigitning rangi oppoq, ko‘zlari bo‘lsa bir o‘rinda to‘xtab qolgan, harakatsiz, egnida ... ola-bula matodan to‘qilgan ko‘ylagi bor edi. (M.Kozimiy). Bunda birinchi gap ikkinchi gap bilan o‘zaro “bo‘lsa” qiyoslov bog‘lovchi yordamida bog‘lanish yo‘li bilan, uchinchisi bilan ohang orqali aloqaga kirishgan.
Mazkur gapning chizmasi quyidagicha:
□ , □ bo‘lsa, □ .
3) ergashish yo‘li bilan va bog‘lovchi vositalarsiz tuzilgan murakkab qo‘shma gap.Bunday aralash murakkab qo‘shma gap qismlari o‘zaro ham ergashtiruvchi bog‘lovchilar yoki ergashtiruvchi bog‘lovchi vositalar, ham bog‘lovchisiz munosabatga kirishadi: Dilda saqlangan adovat temir zangiga o‘xshaydi, zang temirni yegani kabi, adovat qalbni azob va iztirob bilan yemiradi. Bunda ikkinchi gap uchinchi gapga o‘xshatish munosabati orqali ergashish yo‘li bilan birikib, birinchi gap esa yaxlit qilib olingan keyingi gaplarga bog‘lovchi vositalarsiz munosabatga kirishgan.
4) har uch munosabat: bog‘lanish yo‘li bilan, ergashish yo‘li bilan va bog‘lovchi vositalarsiz tuzilgan murakkab qo‘shma gap. Bunday qo‘shma gap qismlarining o‘zaro munosabati turlicha bo‘ladi: Eshik ochildi, shuning uchun hamma qayrilib qaradi, lekin hech kim kirmadi; sovuq havo xonani qopladi.Tolib aka eski xodim, umri shu redaksiyada o‘tgan va uni bu yerdan haydab bo‘lmaydi, shuning uchun Ahmadning o‘zi ketishi kerak. (F.Musajonov). Bu aralash murakkab qo‘shma gap to‘rtta gapdan tuzilib, birinchisi ikkinchisiga bog‘lovchi vositalarsiz, ikkinchisi uchinchisi bilan “va” biriktiruv bog‘lovchisi yordamida bog‘lanish yo‘li bilan munosabatga kirishgan, birinchi uchala gap yaxlit holda to‘rtinchi gapga sabab munosabati orqali ergashish yo‘li bilan birikib kelgan.
5) Ikkitadan ortiq ergash gapli qo‘shma gaplar teng aloqaga kirishadi:
Ko‘kda parvoz etsa, yerga kirgay zog‘lar;
Kishnagan ot o‘tsa cho‘ldan, qo‘zg‘alur tuproqlar;
Qonga so‘lgay, jangga botir kirsa, so‘lu-sog‘lar.
6) Teng aloqali ikkita bosh gap o‘zidan keyingi bitta ergash gapli qo‘shma gap bilan teng munosabatga kirishadi: Bu savollarga men ham dabdurustdan javob bera olmayman, lekin vaqti soati bilan javob topamiz, xatoyimiz bo‘lsa, tuzatamiz.
7) Bitta bosh gap o‘zidan keyingi uchta ergash gapli qo‘shma gap bilan teng aloqaga kirishadi: Hikmat bitmas va tuganmas xazinadir, xarjlaganing bilan unga nuqson yetmaydi, kiyganing bilan u eskirmaydi.
8) Bitta ergash gap o‘zidan keyingi teng aloqadagi uchta bosh gapning hammasiga alohida-alohida tobelanadi: Sichqon iplarni kesib bo‘lgach, ohu turib qochdi, sichqon o‘zini teshikka oldi va qarg‘a uchub ko‘kka ko‘tarildi.
9) Aralash aloqali murakkab gap bir butun holda boshqa bir bosh gapga tobelanadi: Men sizga shuni aytmoqchimanki, agar firmamiz yiriklashsa, uning hisob-kitob ishlari osonlashadi va moddiy manfaatdorligi yaxshilanadi.
10) Ikkita ergash gap o‘zidan oldingi teng aloqadagi ikkita bosh gapga alohida-alohida tobelanadi: Ertasiga kun shunday charaqlagan, osmon shunday tiniq ediki, unga astoydil tikilgan odam yaqin orada gurkirab turgan bahorni butun go‘zalligi bilan ko‘rganday bo‘lar, bu kunni hech qanday musibat xira qilolmaydigan edi.26 Asqarova va Abdurahmonovlar aralash murakkab qo‘shma gaplar haqida quyidagi fikrlani aytishgan:
Aralash tipdagi murakkab qo‘shma gaplar ham ergashish, ham tenglashish yo‘li bilan munosabatga kirishgan uch yoki undan ortiq sodda gaplardan tuziladi: Til boshqa-yu, dil birdir, chunki el birdir. Bu misolda birinchi va ikkinchi gap tenglashish munosabati orqali, uchinchi gap esa ergashish munosabati orqali birikkan. Shuning uchun ham aralash tipdagi murakkab qo‘shma gap hisoblanadi. Yana misol keltiramiz: Bizni tushungan xotinlar qancha ko‘p bo‘lsa, xavf shuncha kamayadi va kurashimiz shuncha yengillashadi.27 Asqarova hamda Abdurahmonovlar “O‘zbek tilining grammatik praktikumi” kitobida aralash murakkab qo‘shma gaplarning faqat ergashish va tenglashish munosabatidan hosil bo‘ladigan turi haqida fikr bildirishgan.
Fayzullayev va Abdullayev ham bog‘lanish va ergashish yo‘li bilan tuzilgan murakkab qo’shma gaplar haqida ma‘lumot berishgan.
G‘ulomov va Asqarova tomonidan o‘rganilgan murakkab qo‘shma gaplarning faqat ergashish va bog‘lanish yo‘li bilan tuzilgan aralash murakkab qo‘shma gaplar haqida ma‘lumot berilgan.
Sababi Asqarova,G‘ulomov, Abdurahmonov, Fayzullayev va Abdullayevlar murakkab qo‘shma gaplarning turlarini o‘rganishganda bog‘lovchisiz tuzilgan murakkab qo’shma gaplar haqida to‘xtalishmagan.Ularning nazariy qarashlarida murakkab qo‘shma gaplar uchga bo‘lingan: bir necha ergash gapli murakkab qo‘shma gaplar, bog‘lanish yo‘li bilan tuzilgan murakkab qo‘shma gaplar va aralash murakkab qo‘shma gaplar Bog‘lovchisiz tuzilgan murakkab qo’shma gaplar o’rganilmaganligi sababli, aralash murakkab qo‘shma gaplar turida ham bog‘lovchisiz gaplar bilan hosil bo‘ladigani keltirilmagan.
Xulosa Mana mamlakatimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga o‘tib, barcha sohalarda islohotlar, yangilanishlar amalaga oshirilmoqda. Jumladan, xalq ta’limi sohasida ham to‘planib qolgan ancha muammolar ijobiy hal etimoqda. Ayniqsa, kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlodga berilayotgan ta’lim va tarbiya sifatini tubdan yaxshilash, ularga zamon talablariga mos bilim berish, hayotiy zarur ko‘nikma va malakalarni shakllantirish uchun ilg‘or pedogogik texnlogiyalardan foydalanmoqda, yangi uslubiy qo‘llanmalar yaratilmoqda. Bu jarayonda esa umumiy o‘rta ta’lim yoki maktab davri ta’limining o‘rni nihoyatda katta. Afsuski, ta’limning bu bosqichida yechimini kutayotgan muammolar hali ko‘p. Aksariyat hollarda maktablarning moddiy-texnik bazasi talabga javob bermasligi, o‘quv metodik qo‘llanmalarning yetarli emasligi yoki o‘qituvchilar malakasi, pedogogik saviyaning pastligi, kadrlar yetishmasligi kabi jihatlar asosiy muammolar sifatida ko‘rsatiladi. Hozirda ta’lim sifatini oshirish maqsadida ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda.
Keyingi yillarda ona tilimizni asrab avaylash, davlat tili sifatidagi maqomini ko‘tarish, jahon miqyosida o‘rganilishini rag‘batlantirish va targ‘ibotini kuchaytirishga alohida e‘tibor qaratilmoqda Prezidentimizning oʻtgan yili 6-noyabrdagi taʼlim tizimini isloh qilishga doir farmon va qarorlarida Finlyandiya tajribasini oʻrganish masalasi tegishli idoralar, jumladan, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi oldiga vazifa sifatida qoʻyilgan edi. Shunga koʻra mazkur davlat tajribasi oʻrganilmoqda.Bu saʼy-harakatlar zimmamimizga mamlakatimizdagi taʼlim muassasalarida oʻzbek tilini oʻqitish samaradorligini oshirish masʼuliyatini yuklamoqda. Bu borada ham ilgʻor xorijiy davlatlar, xususan, Finlyandiya tajribasi oʻrganilyapti.
Ayni paytda mazkur mamlakatdagi 2341 ta maktabda 560 ming nafar oʻquvchi tahsil olyapti. Finlyandiya maktablari oʻquv rejasiga koʻra, toʻqqiz yillik haftalik umumiy yuklama 233 soat. Bu koʻrsatkich Oʻzbekistonda 246 soatni tashkil etadi. Finlar shundan 42 soatini ona tili va adabiyot faniga ajratadi. Mamlakatimizda ona tili va adabiyot fanining ulushi 2018-yilda 61 soatni tashkil etgan, 2021-yilda esa 51 soatga tushgan.Ammo oʻzbek tili (davlat tili)ning ulushi 2018-yildagi 16 soatdan bu yil 21 soatga koʻtarilgan. Bu mamlakatimizda taʼlim oʻzbek tilidan boshqa tilda olib borilayotgan maktablarda davlat tilini oʻqitishga eʼtibor kuchaytirilganidan dalolat beradi.
Oʻzbekiston Milliy oʻquv dasturida maktab bitiruvchilarida til va adabiyot fanlari boʻyicha rivojlantiriladigan umumiy kompetensiyalar belgilanmoqda. Ularni nutqiy (ogʻzaki va yozma nutq malakasi, oʻqish va tushunish, tinglab tushunish) hamda lingvistik kompetensiyalar (lingvistik malaka: fonetika, imlo, leksikologiya, morfologiya, sintaksis) orqali shakllantirish koʻzda tutilgan.
O‘quvchilarga ona tilini o‘qitishda samarali darsliklar bilan birgalikda yuqori malakali ustozlar ham kerak.Ona tilini o‘rganayotga o‘quvchi faqat grammatika o‘qimasidan, til imkoniyatlaridan foydalangan holda hayotda kerakli so‘zlardan foydalangan holda gap tuza olishi, o‘z fikrini tinglovchiga yetkaza olishi, nutq madaniyati shakllanishi muhimdir.
Qo‘shma gap sintaksisini o‘rganish o‘quvchilarning nutqiy taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bilan bir qatorda, fikrni nutq sharoitiga mos ravishda og‘zaki va yozma shakllarda to‘g‘ri, ravon ifodalash ko‘nikmalarini,madaniy nutq malakalarini shakllantiradi va rivojlantiradi. Darsliklarimizda qo‘shma gaplar talqini anchayin murakkab. U ikki va undan ortiq sodda gapning mazmun, grammatik shakl va ohang asosida birikuvidan tuziladi. Uning tarkibidagi sodda gaplar bir-biri bilan bog‘lovchilar, yuklamalar, ko‘makchilar, nisbiy so‘zlar fe’l shakllari va ohang orqali bog‘lanadi. Ona tili o‘qitish metodikasida qo‘shma gaplarni o‘rganish yuzasidan an’anaviy darslikdagi mashqlar, savol va topshiriqlar 1950-yillarda shakllantirilgan va hozirgi kunga qadar amalda qo‘llanilayotgan dastur va darsliklar talablari doirasida qolib ketgan edi.Bugungi kunda astalik bilan bo‘lsa ham o‘zgarishlar kiritilmoqda.
Xulosa qilib aytishim mumkinki hozirgi o‘zbek adabiy tilini o‘rganishga doir yana ham ko‘proq o‘quv qo‘llanmalar kerak.Shu bilan birgalikda ba’zi masalalar bo‘yicha yakuniy qarorga kelish kerak. Murakkab qo‘shma gaplarning o‘rganilishiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bir qancha olimlar tomonidan o‘rganilganiga guvoh bo‘lamiz.Shu bilan birga ayrim manbaalarda murakkab qo‘shma gaplarning bir necha turigina o‘rganilgan.Bog‘lovchi vositalarsiz tuzilgan murakkab qo‘shma gaplar haqida nisbatan kam ma’lumotlar berilgan.Barcha nazariy qarashlar umumlashgan holda, o‘rganilmagan jihatlari to‘ldirilgan holatda yana bir kitob yaratilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.