71-modda. Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish Oldingi tahrirga qarang. Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotganda jamiyat kuzatuv kengashi, ushbu Qonun 72-moddasining o‘n ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda esa umumiy yig‘ilishni chaqiruvchi shaxslar quyidagilarni belgilaydi:
umumiy yig‘ilish o‘tkaziladigan sana, vaqt va joyni;
umumiy yig‘ilishning kun tartibini;
umumiy yig‘ilish o‘tkazilishi haqida xabar qilish uchun jamiyat aksiyadorlari reyestri tuziladigan sanani;
umumiy yig‘ilishni o‘tkazish uchun jamiyat aksiyadorlari reyestri tuziladigan sanani;
umumiy yig‘ilish o‘tkazilishi haqida aksiyadorlarga va davlat vakiliga xabar qilish tartibini;
umumiy yig‘ilishni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotganda aksiyadorlarga va davlat vakiliga taqdim etiladigan axborot (materiallar) ro‘yxatini;
ovoz berish byulletenining shakli va matnini.
Aniq masala qo‘yilishini aks ettirmaydigan ta’riflarning (shu jumladan, “turli masalalar”, “boshqa masalalar”, “o‘zga masalalar” va hokazolarning) aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi kun tartibiga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi o‘tkaziladigan sana uni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran 30 kundan kam va 45 kundan ko‘p belgilanishi mumkin emas.
(71-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 26-sentabrdagi O‘RQ-183-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2008-y., 39-son, 392-modda) 72-modda. Aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi Oldingi tahrirga qarang. Aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi jamiyat kuzatuv kengashining qarori bilan uning o‘z tashabbusiga binoan, jamiyat taftish komissiyasi talabiga ko‘ra, shuningdek talab taqdim etilgan sanada jamiyat ovoz beruvchi aksiyalarining kamida o‘n foiziga ega bo‘lgan aksiyadorning (aksiyadorlarning) talabi bilan o‘tkaziladi.
Jamiyat taftish komissiyasining yoki jamiyat ovoz beruvchi aksiyalarining kamida o‘n foiziga ega bo‘lgan aksiyadorning (aksiyadorlarning) talabiga binoan aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirishni jamiyat kuzatuv kengashi aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini o‘tkazish haqidagi talab taqdim etilgan paytdan e’tiboran uzog‘i bilan 45 kun ichida amalga oshiradi.
(72-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-sonli Qonuni tahririda— Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda) Aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risidagi talabda yig‘ilish kun tartibiga kiritilishi kerak bo‘lgan masalalar ularni kiritish sababini ko‘rsatgan holda ta’riflab berilmog‘i lozim.
Oldingi tahrirga qarang. Jamiyat kuzatuv kengashi jamiyat taftish komissiyasining yoki jamiyat ovoz beruvchi aksiyalarining kamida o‘n foiziga ega bo‘lgan aksiyadorning (aksiyadorlarning) talabiga binoan chaqiriladigan aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi kun tartibidagi masalalarning ta’rifiga o‘zgartishlar kiritishga haqli emas.
(72-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-sonli Qonuni tahririda— Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda) Oldingi tahrirga qarang. Aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirish talabi aksiyadordan (aksiyadorlardan) chiqqan taqdirda bu talabda umumiy yig‘ilishni chaqirishni talab qilayotgan aksiyadorning (aksiyadorlarning) ismi (nomi), unga tegishli aksiyalarning soni va turi ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
(72-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 26-sentabrdagi O‘RQ-183-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2008-y., 39-son, 392-modda) Aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirish talabnomasi aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirishni talab qilgan shaxs (shaxslar) tomonidan imzolanadi.
Oldingi tahrirga qarang. Jamiyat taftish komissiyasi, jamiyat auditori yoki jamiyat ovoz beruvchi aksiyalarining kamida o‘n foiziga ega bo‘lgan aksiyador (aksiyadorlar) navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishni chaqirish to‘g‘risida talabnoma taqdim etgan sanadan boshlab 10 kun ichida jamiyat kuzatuv kengashi aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirish to‘g‘risida yoki yig‘ilishni chaqirishni rad etish haqida qaror qabul qilishi lozim.
Jamiyat taftish komissiyasining (taftishchining), jamiyat auditorining yoki jamiyat ovoz beruvchi aksiyalarining kamida o‘n foiziga ega bo‘lgan aksiyadorning (aksiyadorlarning) talabiga binoan aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirishni rad etish to‘g‘risidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinishi mumkin, basharti:
aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirishni talab qilayotgan aksiyador (aksiyadorlar) ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan miqdordagi jamiyat ovoz beruvchi aksiyalarining egasi bo‘lmasa;
jamiyat aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi kun tartibiga kiritish uchun taklif etilgan masalalardan birontasi ham uning vakolatlariga kirmasa;
kun tartibiga kiritish uchun taklif etilgan masala ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlarining talablariga muvofiq bo‘lmasa.
(72-moddaning yettinchi va sakkizinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-sonli Qonuni tahririda— Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda) Jamiyat kuzatuv kengashining aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirish to‘g‘risidagi qarori yoki bunday yig‘ilishni chaqirishni rad etish haqidagi dalil-isbotli qarori qabul qilingan paytdan e’tiboran uzog‘i bilan uch kun ichida yig‘ilish chaqirishni talab qilgan shaxslarga yuboriladi.
Jamiyat kuzatuv kengashining aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirishni rad etish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.
Jamiyat kuzatuv kengashi ushbu Qonunda belgilangan muddat ichida aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilmagan bo‘lsa yoki uni chaqirishni rad etish haqida qaror qabul qilgan bo‘lsa, aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi uni chaqirishni talab qilgan shaxslar tomonidan chaqirilishi mumkin.
Bunday hollarda aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq xarajatlar aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining qaroriga binoan jamiyatning mablag‘lari hisobidan qoplanishi mumkin.