79-modda. Ovoz berish yakunlari to‘g‘risidagi bayonnoma Sanoq komissiyasi ovoz berish yakunlari bo‘yicha bayonnoma tuzadi. Bayonnoma sanoq komissiyasining a’zolari yoki komissiya vazifasini bajaruvchi shaxs tomonidan imzolanadi.
Ovoz berish yakunlari to‘g‘risida bayonnoma tuzilganidan va aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining bayonnomasi imzolanganidan keyin ovoz berish byulletenlari sanoq komissiyasi tomonidan so‘rg‘ichlanadi va saqlab qo‘yish uchun jamiyatning arxiviga topshiriladi.
Ovoz berish yakunlari to‘g‘risidagi bayonnoma aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi bayonnomasiga qo‘shib qo‘yilishi lozim.
Ovoz berish yakunlari aksiyadorlarning ovoz berish o‘tkazilgan umumiy yig‘ilishida o‘qib eshittiriladi yoki aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi yopilganidan keyin ovoz berish yakunlari to‘g‘risidagi hisobotni e’lon qilish yoki aksiyadorlarga yuborish orqali aksiyadorlarning e’tiboriga yetkaziladi.
80-modda. Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining bayonnomasi Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining bayonnomasi aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi yopilganidan keyin kechi bilan 15 kun ichida ikki nusxada tuziladi. Har ikkala nusxa ham umumiy yig‘ilishda raislik qiluvchi va umumiy yig‘ilish kotibi tomonidan imzolanadi.
Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining bayonnomasida:
aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi o‘tkazilgan joy va vaqt;
jamiyatning ovoz beruvchi aksiyalariga ega bo‘lgan aksiyadorlar ovozlarining umumiy soni;
yig‘ilishda ishtirok etgan aksiyadorlar ega bo‘lgan ovozlar soni;
yig‘ilishning raisi (rayosati) va kotibi, yig‘ilishning kun tartibi ko‘rsatiladi.
Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining bayonnomasida nutqlarning asosiy mazmuni, ovozga qo‘yilgan masalalar hamda ular yuzasidan o‘tkazilgan ovoz berish natijalari, yig‘ilish qabul qilgan qarorlar aks ettirilishi lozim.
81-modda. Jamiyatning kuzatuv kengashi Jamiyatning kuzatuv kengashi jamiyat faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, ushbu Qonun bilan aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining mutlaq vakolatlariga kiritilgan masalalarni hal etish bundan mustasno.
Ovoz beruvchi aksiyalarning egasi bo‘lgan aksiyadorlar soni o‘ttiz kishidan kam bo‘lgan jamiyatda kuzatuv kengashi vazifasi jamiyat ustavi bilan aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi zimmasiga yuklanishi mumkin. Bunday hollarda aksiyadorlar umumiy yig‘ilishini o‘tkazish masalasini hal etishga vakolati bo‘lgan muayyan shaxs yoki jamiyat organi jamiyat ustavida o‘z aksini topishi kerak.
Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi qaroriga binoan jamiyat kuzatuv kengashi a’zolariga ular o‘z vazifalarini bajarib turgan davrda badal to‘lanishi va (yoki) kuzatuv kengashining a’zosi vazifasini bajarish bilan bog‘liq xarajatlari qoplanishi mumkin. Bunday badal va to‘lovlarning miqdori aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi qarori bilan belgilab qo‘yiladi.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 19-apreldagi 189-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Aksiyadorlik jamiyatining Kuzatuvchi kengashi to‘g‘risida”gi namunaviy nizom. Oldingi tahrirga qarang.