Alisher navoiy nomidagi



Yüklə 0,77 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə17/20
tarix08.05.2023
ölçüsü0,77 Mb.
#109605
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20
abdulla ulug\'ov adabiyotshunoslik nazariyasi (1)

ADABIY JARAYON
Adabiyotshunoslikda “adabiyot tarixi” va “adabiy jarayon” 
istilohlari ko‘p qo‘llanadi. Bu ikki tushuncha adabiyot bilan 
bevosita bog‘liq ijtimoiy­siyosiy, madaniy­ma’rifiy voqelikni 
ifodalaydi. “Adabiyot tarixi” va “adabiy jarayon” tushunchalari 
so‘z san’ati insonning ijtimoiy hayoti, u yashagan davr bilan 
chambarchas bog‘liqligini bildiradi. Chindan ham badiiy 
asarlarda muayyan zamon va makonda yashagan kishilar hayoti, 
ularning dunyo haqidagi tasavvuri, o‘y-kechinmalari va orzu-
intilishlari ifodalanadi. Shuning uchun “adabiyot tarixi” va 
“adabiy jarayon” bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan, biri 
ikkinchisini taqozo etadigan, biri ikkinchisidan kelib chiqadigan 
hodisa sanaladi. “Adabiyot tarixi” va “adabiy jarayon” bir-biriga 
hamisha samarali ta’sir ko‘rsatadi va bir-birini doim boyitib 
boradi. Shundan kelib chiqqan holda, “adabiy jarayon” atamasi 
keng va tor ma’noda qo‘llanadi. Keng ma’noda qo‘llanib, 
“adabiy jarayon” deyilganda adabiyotning qadimgi davrdan to 
hozirgi paytgacha davom etgan holati nazarda tutiladi. Bu esa 
“adabiyot tarixi” tushunchasiga ham muayyan darajada mos 
keladi. “Adabiy jarayon” deganda, tor ma’noda, adabiyotning 
ma’lum paytdagi holati e’tiborga olinadi. Masalan, “hozirgi 
adabiy jarayon”, “o‘tgan asr 20-yillaridagi adabiy jarayon”, “60 – 
70-yillardagi adabiy jarayon” deyiladi.
Hayot muttasil harakat, uzluksiz o‘zgarishda kechgani 
bois hayotning o‘ziga xos badiiy aksi bo‘lgan adabiyotda ham 
avvalgi davrga qiyoslaganda, albatta, muayyan yangilanishlar 


298
299
yuz beradi. Adabiy jarayondagi barcha yangilanish adabiyot 
tarixidagi an’analar zaminida paydo bo‘ladi va u ijtimoiy 
hayotdagi o‘zgarishlar, adabiy aloqalar, adabiyot maydoniga 
zamonaviy dunyoqarashga ega yosh ijodkorlarning kirib kelishi 
bilan bog‘liq holda kechadi. Shu bois “adabiy jarayon” deganda, 
odatda, adabiyotning yaqin vaqt oralig‘idagi, masalan, besh-
o‘n yil ichidagi manzarasi nazarda tutiladi va shu davrdagi 
adabiyotga e’tibor qaratiladi. Albatta, “besh-o‘n yil” shartli, 
nisbiy tushuncha. Chunki fasllarni “mart, aprel, may oylari – ba-
hor, “iyun, iyul – avgust – yoz, “sentyabr, oktyabr, noyabr – kuz, 
dekabr, yanvar, fevral – qish” deb ajratganday “adabiy jarayon” 
muddatini aniq belgilab bo‘lmaydi. Chunki “adabiy jarayon” 
astronomik vaqt mezoniga mos kelmaydi. Lekin so‘z san’atining 
muayyan vaqt oralig‘idagi qiyofasi, manzarasi avvalgi davr bilan 
qiyoslanganda, qaysidir jihatlariga ko‘ra, albatta, farq qiladi. Bu 
davr asarlari o‘zining mavzusi, hayot voqeligining tanlanishi va 
unga yondashilishi, inson obrazining gavdalantirilishi, kimlar 
abadiy qahramon qilib olinishi, ularning qaysi jihati yoqlanishi 
yoki qoralanishi va boshqa jihatlari bilan alohida ajralib turadi. 
Adabiy jarayon adabiyot tarixidan oziqlanib, adabiyotga yangi 
narsalar qo‘shadi va kelgusidagi o‘zgarishlar uchun poydevor 
hozirlab, o‘z-o‘zidan adabiyot tarixiga aylanadi. Bunga hech 
narsa to‘sqinlik qilolmaydi. 
Ingliz adabiyotshunosi Terri Iglton adabiyot shunchaki estetik 
hodisa emasligi, chunki badiiy asarni talqin etish tarixiy voqelik va 
jamiyatning ayni paytdagi holatiga munosabat bilan bog‘liqligi, 
unga adabiy jarayonga xos o‘zgarishlar, undagi yetakchi adabiy-
estetik qarashlar bevosita ta’sir etishini ta’kidlaydi. Ayrimlar 
badiiy asarlarni tahlil qilish adabiy jarayon uchun hech qanday 
naf keltirmaydigan yumush, deb hisoblashini qayd qiladi va 
“Nafis ingliz tilida bitilgan har qanday asar, u yaxshi yoki durust 
emasligidan, to‘g‘rirog‘i, unga qanday baho berilishidan qat’i 
nazar, e’tibor qaratishga, tahlil qilishga munosibdir. Shunda 
qaysi asarning matni abadiy yashashi, qaysi biriniki vaqt o‘tishi 
bilan unutilib ketishi ayon bo‘ladi. Adabiy jarayonga kishilar 
diqqatini jalb qilgan “Skrutini” adabiy-tanqidiy jurnali o‘sha 
paytdagi nashrlarning biri emas, balki o‘ziga xos ma’naviy-
axloqiy minbarga aylandi. Bu jurnalning ixlosmandlari maktab 
va universitetlarga borib, badiiy asarlarni tahlil etish orqali 
ularni targ‘ib-tashviq qilishga urindilar. Ular xiyobon romanlari, 
vulgar ommaviy axborot vositalari va bema’ni, rasvo reklamalar 
qurshovida qolgan kishilarga badiiy so‘zning jozibasini yetka-
zishga, ularning estetik didini o‘stirishga harakat qildilar”, deydi. 
Bundan adabiy jarayonning manzarasini belgilashda, adabiyot 
bilan kitobxonlarni yaqinlashtirishda adabiy-badiiy nashrlar, 
televidenie, radio va boshqa elektron vositalar muhim rol o‘y-
nashi ayon bo‘ladi. (55-bet)
“Adabiyot tarixi” deganda, albatta, o‘tmish adabiyoti, 
“adabiy jarayon” deganda esa hozirgi paytdagi adabiyot nazarda 
tutiladi. “Adabiyot tarixi”ning asosida tarixiylik prinsipi yotadi. 
O‘tgan zamonlarda yaratilgan adabiy-badiiy asarlar, ularning 
g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari, o‘sha paytdagi badiiy tafakkur, 
adabiy-estetik qarashlar, qo‘llangan poetik usul va vositalar 
kabilar adabiy tarixiga daxldor hodisalar sirasiga kiradi.
Muayyan davrda yashagan shoir, adib ijodini, o‘tmishda 
yaratilgan biror asarni o‘rganish adabiyot tarixining obyekti 
va predmetidir. Adabiyot tarixi o‘tmish zamon, avvalgi 
davr adabiyoti xususiyatlarini ko‘rsatish orqali zamonaviy 
adabiyotning sifat o‘zgarishlarini ta’minlaydi.
“Adabiy jarayon” termini XX asr 20 – 30-yillarida paydo 
bo‘lgan va 60-yillardan keng qo‘llana boshlagan. “Adabiy 
jarayon” tushuncha sifatida adabiyotga tarixiy o‘zgarib boradigan 
hodisa sifatida qarash natijasida XIX – XX asr davomida 
shakllangan. XIX asrdan “adabiy evolyutsiya”, “davr adabiy 
hayoti” terminlari faol ishlatilgan. “Tarix” so‘zi voqelikning 
tugallanganini, “jarayon” esa harakatning davom etayotganini 
bildiradi. Harakatning to‘xtamasdan davom etishi esa juda ko‘p 
omillar bilan bog‘lanadi va ularni taqozo etadi. Adabiyot tarixi 


300
301
bag‘rida yuzaga kelgan adabiy jarayon ham o‘tmish va o‘z 
zamonasidagi ijtimoiy, ma’naviy, estetik asoslardan oziqlanadi. 
U shu tarzda kelajakka ko‘prik o‘rnatib, odam va uning hayotini 
badiiy aks ettirishda erishilgan tajribalarni saralab, qayta ishlab, 
o‘zgartirib, boshqa xalqlar adabiyotidan ijodiy o‘zlashtirib, so‘z 
san’atidagi mavjud an’analarni boyitib kengaytiradi. 
Har bir davr adabiyotining o‘ziga xos xususiyati avvalo 
undagi an’analar va yangilanishlarda bilinadi. An’ana va 
yangilanish barcha sohalarning bo‘lgani singari so‘z san’atining 
ham yashovchanligini ta’minlaydi. Adabiy jarayonning tarkibiy 
qismi bo‘lgan adabiy an’ana o‘tmish adabiyotida erishilgan, 
davrlar o‘tsa-da, ahamiyati va qadrini yo‘qotmasdan, hamisha 
dolzarb bo‘lib kelgan tajribalar jamuljamidir. Vaqt sinovidan 
o‘tgan adabiy an’ana zamona talablariga javob bersa, saqlanib 
qoladi. Agar davr o‘zgarishlariga mos kelmasa, har qanchalik 
qadimiy, ko‘lamdor bo‘lmasin, u ham iste’moldan qoladi. 
Esxil, Shekspir tragediyalariga monand shu janrdagi asarlar 
yaratilmayotgani, o‘zbek adabiyotida uzoq asrlar davomida 
yetakchi mavqe egallagan aruz she’r tizimining XX asrga kelib, 
e’tibordan qolgani shundan dalolat beradi. Milliy adabiyotning 
adabiy an’analari qanchalik qadimiy va rang-barang bo‘lsa, uning 
bag‘ridan shuncha ko‘p yangilik yetilib chiqadi. Chunki adabiy 
an’analari boy milliy adabiyot boshqa xalqlar so‘z san’atidagi eng 
yaxshi jihatlarni ijodiy o‘zlashtirib, ularni o‘zinikiga aylantirib 
oladi. O‘zbek adabiyotining g‘azal, ruboiy, drama, tragediya, 
roman kabi janrlar bilan boyigani shuni bildiradi.
Terri Iglton adabiy jarayonning jamiyatdagi mavqeyini 
oshi rishda adabiy tanqid alohida rol o‘ynashi, Angliyadagi 
“Skruti ni” adabiy-tanqidiy jurnali faoliyati shundan dalolat 
berishiga e’tibor qaratadi hamda “Skrutini” jurnali o‘z oldiga 
jamiyatni tubdan o‘zgartirishni mo‘ljallab, biror bir siyosiy 
maqsad qo‘ymagan. Jurnal xodimlari, mushtariylari kishilarning 
ruhi so‘niqligi, hayotga qiziqishi, intilishi borgan sari pasayib 
borayotganidan tashvishlanishgan, xolos. Jamiyatning ilg‘or 
fikrli kishilari adabiyotni barcha ta’lim muassasalarida o‘quv 
fani sifatida o‘qitish orqali bir-biridan begonalashib, uzoqlashib 
borayotgan odamlarning so‘nik ruhini oziqlantirish mumkinligini 
nazarda tutishgan va adabiyot ta’sirida ruhi uyg‘ongan kishilar 
o‘zidagi yaxshi fazilat, xususiyatlarni boshqalarga o‘tkazishiga 
umid qilishgan. Afsuski mana shu ezgu g‘oyani keng yoyishga, 
uni amalga oshirishga qodir shaxslar juda kam edi va ular o‘rtasida 
deyarli hech qanday o‘zaro aloqa, hamkorlik munosabati yo‘q 
edi”, deb qayd qiladi. (56-bet) Bundan barcha jarayonlardagi 
kabi adabiy jarayonning jonlanishi, adabiyotning jamiyat 
hayotida ta’sirchan kuchga aylanishida shaxslarning mavjudligi 
va ularning bu yo‘ldagi fidoyiligi muhim ahamiyat kasb etishi 
ayon bo‘ladi. O‘zbek adabiyotining bundan bir necha asr avvalgi 
tarixi va XX asrdagi o‘zgarishlari, ya’ni Mahmudxo‘ja Behbudiy, 
Abdulla Avloniy, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Hamza kabi 
ma’rifatparvarlarning faoliyati, o‘sha adabiy jarayon avvalgi 
zamonlarda kuzatilmagan bir shiddat bilan kechgani, unda juda 
ko‘p jiddiy yangilanishlar yuz bergani shundan dalolat beradi. 
Adabiyot va san’atdagi yangilanish “novatorlik” so‘zi bi-
lan ifodalanadi. Novatorlik (lotincha novator – yangilovchi, 
yangilanuvchi) adabiy jarayon bilan bog‘liqdir. U adabiy 
an’ana bilan mustahkam aloqada bo‘lib, keyinchalik o‘zi 
adabiy an’anaga aylanuvchi adabiy-estetik hodisadir. O‘zbek 
adabiyotida XX asrda shakl va mazmun jihatidan tubdan 
yangilandi. Bunga Mahmudxo‘ja Behbudiy, Fitrat, Cho‘lpon, 
Abdulla Qodiriy singari ijodkorlarning sa’y-harakati, ijodiy 
intilishlari tufayli erishildi. Ular adabiyotni mavjud voqelikka 
yaqinlashtirib, unga drama, roman singari yangi janrlarni olib 
kirishdi. Novator ijodkorlarning intilishlari tufayli aruz she’r 
tizimi o‘rnini turkiy tilga xos barmoq she’r tizimi egalladi, 
adabiy til jimjimador balandparvozlikdan xoli bo‘ldi. O‘zbek 
adabiyoti Yevropa adabiyotiga xos yangi janrlar bilan boyidi. 
Bir necha yuz yil davomida shakl-shamoyili o‘zgarmasdan kel-
gan o‘zbek adabiyoti g‘oyat qisqa vaqt – bir necha yil ichida 


302
303
mazmun va shakl jihatidan tamoman yangilanib, uning mavzu 
doirasi kengaydi, avvalgi zamonlarga qiyoslaganda, hayot 
voqeligiga yanada yaqinlashdi. Ana shu davrda adabiyot 
to‘g‘risida tasavvur o‘zgarib, adabiyot mavjud hayot voqeligini 
aks ettiruvchi o‘ziga xos oynaga aylandi. O‘tgan zamonlarda 
o‘zbek adabiyoti qiyofasini g‘azal, doston belgilagan bo‘lsa, XX 
asrdan e’tiboran bu mezon yangilandi. Bu davrga kelib, o‘zbek 
adabiyotida roman, qisqa, drama janrining salmog‘i ortib, 
barmoq undagi asosiy she’r tizimiga aylandi.
Adabiy jarayondagi o‘zgarishlar hayot voqeligini tanlash 
va unga yondashish, dolzarb mavzularni yoritish hamda 
shunga muvofiq badiiy tasvir usullarini qo‘llashda namoyon 
bo‘ladi. Iste’dodli ijodkorlar hayot voqeligining eng muhim 
muammolariga e’tibor qaratib, ularni ta’sirchan ifoda vositalari 
orqali yoritishadi. Iste’dodli ijodkorlar barcha davrda adabiy 
jarayonning o‘ziga xos manzara kasb etishida hal qiluvchi rol 
o‘ynaydi. Ular yangicha mazmundagi asarlari, ularda yaratilgan 
adabiy qahramonlari, boshqa xalqlar adabiyotidagi janr, ifoda 
uslublarini qo‘llashi bilan adabiy jarayonga yangi havo olib 
kirishadi. Adabiy jarayonga yangilik olib kirib, adabiyot tarixida 
o‘zgarishlar hosil qiladigan novator ijodkorlar esa har doim 
emas, ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotning muayyan davrida yetishib 
chiqadi. Buning sabablari, omillarini aniq-tiniq sharhlash, 
izohlashga aql ojizlik qiladi. Chunki bu jumboq sirni mantiq 
qonunlari asosida ochib bo‘lmaydi. Yaqin o‘tmishda yozma 
adabiyoti bo‘lmagan xalqlar adabiyotining XX asrda gurkirab 
ravnaq topgani, “iqtisodiyoti yuksak rivojlangan davlat” 
deyiladigan jahondagi ayrim yetakchi mamlakatlar adabiyotida 
jiddiy o‘zgarish sezilmasligi, Lotin Amerikasi mamlakatlari 
adabiyoti esa e’tibor qozonayotgani so‘zning ilohiyligi, so‘z 
san’ati sirli, jumboq hodisa ekanini bildiradi. Ayni holat 
ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot adabiy jarayonni sifat jihatidan 
yangilaydigan, milliy adabiyotning rivojini belgilaydigan asosiy 
omil bo‘lolmasligi, ijtimoiy o‘zgarishlar bilan adabiyotdagi 
yangilanishlar o‘rtasidagi aloqadorlik nisbiy ekanidan ogoh 
etadi. 
Adabiy jarayonning yangilanishi, ravnaq topishida boshqa 
xalqlar bilan o‘zaro madaniy aloqalarning kengayishi alohida rol 
o‘ynaydi. O‘zga mamlakatlar san’ati va adabiyoti bilan tanishish, 
ijodkorlari bilan hamkorlik qilish har bir milliy adabiyotni shakl 
va mazmun jihatidan boyitib, uning hayot voqeligini qamrab 
olish, inson obrazini gavdalantirish doirasini kengaytiradi. Milliy 
adabiyotdagi har qanday o‘zgarish hamisha boshqa xalqlar 
adabiyotidan ta’sirlanish natijasida ro‘y beradi va bu adabiy 
jarayonni boyitadi. O‘zbek adabiyotida roman, ballada, poema, 
sonet singari janrlarning paydo bo‘lishi shuni bildiradi. 
Adabiy jarayonning o‘ziga xos muhim xususiyati uning 
adabiyot tarixini boyitishi, kengaytirishi bilan belgilanadi. 
Chunki bugun ertaga aylangani kabi adabiyotda ham ayni 
paytda kechayotgan, unda namoyon bo‘layotgan jarayon ham 
o‘z-o‘zidan tarixga aylanadi. Bir-biriga bevosita bog‘liq adabiy 
jarayon va adabiyot tarixi mavjud an’analarga asoslangan 
holda, hamisha uch omil, ya’ni ulkan iste’dodli san’atkorlar, 
ijodda o‘z yo‘lini topishga intilgan yosh qalamkashlarning izla-
nishlari hamda adabiy aloqalar kengayishi tufayli yangilanib 
boyib boradi. Milliy adabiyotlar bir-biriga doim samarali ta’sir 
ko‘rsatadi. Chunki barcha xalqlar adabiyotida insonning hayoti 
tasvirlanib, u asosiy qahramon sifatida ko‘rsatiladi va ezgulik 
ulug‘ lanib, yovuzlik qoralanadi. Azaldan milliy adabiyotlarda in-
sonni ma’nan, ruhan ulg‘aytirib, qalbini poklash va uning ongini, 
dunyoqarashini g‘ayriinsoniy illatlardan xalos etish orqali hayotni 
go‘zallashtirish g‘oyasi ilgari suriladi. Har bir odamning dilida, 
har bir xalqning qalbida ana shu orzu mavjudligi, ana shu ezgu 
g‘oya yashashi bois milliy adabiyotlar bir-birini boyitadi. Har bir 
adabiyotni ezgulikni ulug‘lash g‘oyasi nur kabi yoritib turadi.
Adabiyotni doim adabiy avlodlar yangilaydi. Adabiy av-
lodlar esa adabiy jarayonda shakllanadi. “Adabiy avlod” de-
ganda dunyoqarashi, adabiy-estetik didi, san’at va adabiyotga 


304
305
munosabati bir-biriga yaqin ijodkorlar guruhi tushuniladi. Bu 
guruh yoshi jihatidan ham salkam tengqur bo‘ladi. Ular bir-
biridan qirq-ellik yosh farq qilmaydi. Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla 
Qodiriylar avlodi, ulardan keyin Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla 
Qahhor, Maqsud Shayxzodalar avlodi, Asqad Muxtor, Said 
Ahmadlar avlodi, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Matyoqub 
Qo‘shjonov, Ozod Sharafiddinovlar avlodi, Abdulla Oripov, 
Erkin Vohidov, Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimov, O‘lmas 
Umarbekovlar avlodi, Halima Xudoyberdiyeva, Shavkat Rahmon, 
Usmon Azim, Xurshid Davron, Murod Muhammaddo‘st, Erkin 
A’zam, Tog‘ay Murod, Nodir Normat, Xayriddin Sultonlar avlodi 
asarlari o‘zbek adabiyoti tarixiga rang-baranglik bag‘ishlaydi.
Adabiy jarayondagi o‘zgarishlar, o‘ziga xos farqli jihatlar 
adabiy janrlarning undagi o‘rnida ham ko‘rinadi. Ayonki, hech 
qachon adabiy janrlar bir xil darajada “faol bo‘lolmaydi”. 
Adabiy jarayonda muayyan davrda she’riyat, ma’lum bir paytda 
drama ustunlik qiladi. Keyingi paytda esa roman, qissa, hikoya 
janridagi asarlar “peshqadam” bo‘lib turibdi. Adabiy jarayon 
manzarasini ko‘proq shu janrdagi asarlar belgilamoqda.
Umuman, adabiyotning barcha jihatlarini qamrab olgan, 
o‘zida aks ettiradigan adabiy jarayon ijtimoiy hayotdagi 
o‘zgarishlar, adabiy an’analar, adabiy aloqalar, adabiy avlodlar 
va yana juda ko‘p omillar bilan bog‘liq murakkab hodisadir.

Yüklə 0,77 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin