Alisher navoiy nomidagi



Yüklə 0,77 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə16/20
tarix08.05.2023
ölçüsü0,77 Mb.
#109605
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20
abdulla ulug\'ov adabiyotshunoslik nazariyasi (1)

IJODKOR USLUBI
Borliqda bir-biriga aynan o‘xshash hodisa mavjud emas. 
Chunki betakrorlik borliqning asosiy xususiyatidir. Kishilarning 
harakat, faoliyati ham ana shu haqiqatni tasdiqlaydi. Odamlar 
bo‘y-basti, ovozi, qobiliyati, irodasi kabi jihatlariga ko‘ra bir-
biridan aniq ajralib turadi. Hatto egizaklar ham bir-biriga aynan 
o‘xshamaydi. Yozuvi aynan bir xil kishilarni topishga urinish 
ham befoyda. Negaki har bir odam o‘ziga xos “xat” bilan yozadi. 
Ijodkor uslubini ham ma’lum ma’noda ana shunday “xat” 
deyish mumkin. Yozuvchi, shoirning “xat”i uning asarlari tilida, 
qahramonlarining so‘zlash tarzida, voqealarning tanlab olinishi 
va bayon etilishida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham 
F.Dostoyevskiy romanlari bilan L.Tolstoy yoki A.Chexovning 
asarlari bir-biridan farq qiladi. “Qutlug‘ qon” Oybekning, 
“O‘g‘ri” va “Bemor” Abdulla Qahhorning qalamiga mansubligi 
aniq bilinadi. She’riyatdan xabardor o‘quvchilar Abdulla Oripov, 
Erkin Vohidov, Rauf Parfi she’rlarini bemalol “tanishadi”.
Ijodkorlar asarlarining bunday o‘ziga xos bo‘lishi, birin-
chidan, borliqning betakror yaratilgani bilan bog‘liq bo‘lsa, 
ikkinchidan, shoir, yozuvchi, dramaturglarning hayotiy tajribasi, 
turmushni kuzatishi, bilim darajasi, didi, saviyasi, dunyoqarashi 
kabi omillarga asoslanadi. Uchinchidan, bu “xat”da shoir, yozuv-
chining qiziqishi, fe’l-atvori, ichki dunyosi aks etadi. Har bir 
odam o‘ziga xos olam bo‘lgani singari ijodkorlar ham betakror 
dunyodir. Bu mavzu tanlashda, hodisalarga yondashishda na-
moyon bo‘ladi. Shuning uchun “uslub – odamdir” deyiladi. 
“Ijodiy uslub” deganda asarning tiligina nazarda tutilmaydi. 
Albatta, badiiy asar tili ham ijodkor “xat”ini namoyon etadigan 
muhim unsurlardan biridir.
Ijodiy uslubni muallifning “bayon tarzi”, “fikrni ifoda etish 
mahorati” deb qarash ham uning bir jihatini bildiradi. Chunki 
uslub juda keng tushunchadir. U muayyan bir yozuvchi ijodida 
ham, uning har bir asarida ham turli ko‘rinishda namoyon bo‘li-
shi mumkin. Masalan, Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” 
dostoni “xat”i uning g‘azallari “xat”idan tamoman farq qiladi. 
Turkiy “Xamsa” muallifi g‘azallaridan Bobur bitgan g‘azallar 
ham uslub turlichaligi bilan ajralib turadi. 
Ijodkor uslubining shakllanishiga tashqi omillar ham ta’sir 
ko‘rsatadi. Masalan, har bir yozuvchi, shoir boshqa ijodkorlarning 
asarlari bilan tanishish jarayonida ulardan nimalarnidir o‘rganib, 
ijodiy o‘zlashtiradi. Bu esa uning hayot hodisalarini aks ettirish, 
inson obrazini gavdalantirishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Yozuvchi, shoir voqealar jarayonini, qahramonlari qiyofasi, 
ularning xatti-harakati, holatini ular yashaydigan manzil manza-
ralarini qanday tasavvur qilsa, shunday ifodalaydi. Oybek 
qahra 
monlari harakatlanadigan joylarni jamiki ko‘rinishlari 
bilan batafsil bayon etib, personajlari qiyofasi, holatini aniq 
gav 
dalantirsa, Abdulla Qahhor qahramonlari turgan joyni 
ham, ularning holati, ahvolini ham ixcham, lo‘nda, eng muhim 
jihatlariga e’tiborni qaratgan holda tasvirlaydi.
Fransuz adibi, Nobel mukofot sovrindori, Alber Kamyu 
ijodkor uslubining o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida so‘z yuritar 
ekan: “San’atkor voqelikdan tanlab olgan unsurlarni badiiy 
til yordamida xayoloti bilan uyg‘unlashtiruvchi va u yaratgan 
badiiy dunyoning tugal bo‘lishini ta’minlovchi vosita – uslub deb 
ataladi”, deydi. Demak, ijodkorning o‘ziga xos uslubi uning hayot 
hodisalarini tanlashi, uni xayolidagi olam bilan uyg‘unlashtirib, 
badiiy til vositasida akslantirishidir. Uslub arabcha so‘z bo‘lib, 
“tartib, tarz, yo‘sin” degan ma’noni bildiradi. Uslub poetikaning 
muhim kotegoriyalaridan biri bo‘lib, u ijod kor shaxsi, uning 
dunyoqarashi bilan bog‘liq hodisadir. Shuning uchun “us-
lub – odam” (J.Byuffon) degan qarash keng ommalashgan. 
Shoir, adibning ijodiy individualligini namoyon etuvchi o‘ziga 
xos uslubi badiiy asarning barcha sathlarida (badiiy matnning 
tuzilishi – ritorika, badiiy voqelikni yaratish prinsiplari – poetika) 
namoyon bo‘ladi. Har bir asarda muayyan darajada ijodkorning 
shaxsi aks etadi. Bu jumla tuzish, voqealarni bayon etish, syujet 


294
295
qurilishi, asar kompozitsiyasini yaratish, detallarni qo‘llash, hayot 
voqeligiga yondashishda aniq ko‘rinadi. Adabiyotshunoslikdagi 
muhim terminlardan biri “uslub” ijodkorning hayot voqeligiga 
yondashishi, inson obrazini gavdalantirishi, asarida jumla tuzishi, 
detal–tafsillarni qanday qo‘llashini bildiradi. Har qanday asarda 
muallif shaxsi o‘z ifodasini topgani bois uslub antropologik, 
ya’ni ijodkor shaxsi bilan bog‘liq kategoriya sanaladi. “Navoiy”, 
“Sarob” romanlarining o‘zga xos jihatlari, nafaqat, ularning 
mavzusida, balki Oybek hamda A.Qahhorning ijodiy uslubida, 
ya’ni voqelikka yondashishi, jumla tuzishi, detallarni qo‘llashida 
ham namoyon bo‘ladi. Ijodkor shaxsiga xos xususiyatni o‘zida 
mujassamlshtirgan uslub ijtimoiy davr o‘zgarishlari va adabiy 
jarayondagi yangilanishlar bilan bevosita bog‘lanadi. Chunki 
har bir ijodkor muayyan davrda yashaydi. Shu muhitga xos 
barcha jihatlar shoir, adibning dunyoqarashiga o‘z ta’sirini 
o‘tkazadi. Navoiy asarlarining Muqimiy, Fitrat she’rlaridan 
keskin farq qilishi, mumtoz adabiyot bilan zamonaviy so‘z 
san’ati o‘rtasida jiddiy tafovut borligi shundan dalolat beradi. 
Badiiy barkamol asarlarda muallifning voqelikka munosabati, 
undagi muammolarga yondashishi va fikrini ifodalash tarzi aniq 
bilinib turadi.
“Ijodiy metod” “ijodiy uslub”ga nisbatan keng qamrovli 
tushuncha bo‘lib, u hayotni badiiy aks ettirishning umumiy 
tamoyillarini o‘zida mujassamlashtiradi. “Ijodiy metod” tu-
shunchasi muayyan shoir yoki adibning emas, balki ko‘plab 
ijodkorning asarlariga xos umumiy xususiyatlarni bildiradi. 
Turli zamonda, turli joyda yashab ijod qilgan O.Balzak, 
F.Dostoyevskiy, L.Tolstoy va M.Sholoxovning asarlari raelizm 
ijodiy metodiga mansubdir. Lekin ularning har biri asarlarida 
o‘ziga xos ijodiy uslubini namoyon etgan so‘z san’atkoridir.
Abdulla Qahhor, Oybek, G‘afur G‘ulom asarlari matni 
yonma-yon qo‘yib qiyoslanganda ularning o‘ziga xos uslubi 
bor ligi yaqqol seziladi. Ijodkor uslubi u yashagan ijtimoiy davr 
va adabiy jarayon bilan chambarchas bog‘liqdir. Navoiy davrida, 
undan oldingi va keyingi davrda yashagan shoir, adiblarning 
asarlari o‘rtasida jiddiy farq mavjudligi avvalo ularning matni-
dagi ifoda uslubida bilinadi.
Ijodkor uslubi uning voqelikni anglashi, hayot hodisalarini 
idrok etishi va unga qaysi nuqtayi nazar, qanday maqsad bilan 
qarashi bilan bevosita bog‘liqdir. U ayni chog‘da ijod jarayoni 
bilan ham chambarchas tutashib ketadi. Bu xususda: Jeyms Joys 
“Navqiron san’atkorning siyrati” romanida qahramoni tilidan: 
“Mana bu savatchaga qara. Bu savatchani ko‘rish uchun sening 
onging, avvalo, uni tevarakdagi olamdan ajratib oladi. Tevarak 
olam esa savatcha emas. Idroklashning birinchi bosqichi – bu 
idroklanayotgan obyekt bilan chegaralanadigan marra, chiziq. 
Estetik obraz bizga makon yoki vaqt doirasida namoyon bo‘-
ladi. Quloq orqali idroklanadigan vaqt doirasida, ko‘z orqali 
idroklanadigan – makonda namoyon bo‘ladi. Biroq vaqtdami 
yoki makondami, bundan qat’i nazar, estetik obraz, avvalo, 
makon va zamonning bepoyon fonida o‘zicha cheklangan 
yoki mustaqil obyekt sifatida idroklanadi. Sen uni alohida bir 
narsa sifatida qabul qilasan. Bir butun narsa sifatida ko‘rasan. 
Uni yaxlitlik tarzida idrok etasan. Keyin sen bir nuqtadan 
boshqasiga o‘tib, shaklning sirtiga ko‘z yugurtirasan va narsani, 
uni ichidan tashkil etgan qismlari muvozanatida anglaysan. 
Sen uning qurilishi ritmini his qilasan. Boshqacha aytganda, 
bevosita idroklash sintezidan keyin fahmlash analizi keladi. 
Dastlab bu allaqanday butunlik ekanini idroklagan bo‘lsang, 
endi sen uni bir narsa deb his etasan. Sen uni muvofiq, uyg‘un, 
yaxlitlik, murakkab, bo‘linuvchi qismlardan tashkil topgan, shu 
qismlarning natijasi, ularning majmui deb qabul qilasan” deydi 
(“Jahon adabiyoti” jurnali, 2007-yil, 4-son, – 67-bet.).
Hayot voqeligi hududsizdir. Har bir ijodkorning nigohi uning 
ma’lum bir jihatlarinigina qamrab oladi. Bir hodisaning o‘zi har 
bir shoir, yozuvchi uchun turli xil tasavvur uyg‘otishi, ularda har 
xil taassurot hosil qilishi mumkin. Ana shu taassurot va tasavvur 
ijodiy uslub namoyon bo‘lishiga zamin yaratadi. Ijodkorning 


296
297
xayol-tasavvuri qanchalik teran bo‘lsa, u hayot hodisalari 
mohiyatini shu qadar chuqur yoritib beradi. Odil Yoqubov 
Ulug‘bekning qalbidagi iztirobli o‘ylarni: “Hayhot! Agar foniy 
olam yumushlari Ali Qushchi o‘ylaganday oson bo‘lganida 
Mirzo Ulug‘bek bu bevafo hokimiyatni allaqachonlar tark etib, 
o‘zini suyukli ishiga bag‘ishlamas edimi? Boshidagi toj, tagidagi 
taxt ilm-u funun uchun darkor ekanini tushunmaganida bu sovuq 
koshonani, gunoh-u azimga botib qolgan bu haram, shon-shuhrat 
va mansab ishqida hech bir razolatdan toymaydigan bu amirlar, 
sarkor-u saroybonlar, xurofot va taassub botqog‘iga botgan din 
peshvolaridan yuz o‘girib, suyukli talabalari orasiga, ma’rifat 
dargohiga ketmas edimi? Lekin ne chora? Bu manhus toj-u taxt, 
bu saltanat, insonlar ustidan hokimlik qilmoq istagi shunday 
shirin ekanki, uning niyati pokligiga kim ishonadi? Kim uning 
samimiyligiga, o‘z ixtiyori bilan saltanatdan qo‘l yuvganiga 
ishonib tinch qo‘yadi?”(Ulug‘bek xazinasi. Roman. – Toshkent: 
Adabiyot va san’at nashriyoti, 1994. – 25-b.). Adib romani 
mavzusi qilib, Ulug‘bek hayotining eng tahlikali damlarini 
tanlagan. Buni ko‘rsatish esa Ulug‘bek qalbidagi iztirob, 
ziddiyatlar kurashini yuqorida keltirilgan parchadagi singari 
keskin va qayg‘uli ohang bilan ifodalashni taqozo etadi.
Qahramonlar ruhiyati, kechinmalari maromini ta’sirchan 
ko‘rsata olish ham ijodkor uslubiga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, 
Pirimqul Qodirovning “Ona lochin vidosi” romanida bunday 
o‘rinlar bor: “Gavharshod begim Sohibqiron Amir Temur 
xonadoniga kelin bo‘lib tushgandan beri o‘nlab yillar davomida 
betashvish va bexavotir o‘tgan kunlari juda kam bo‘lgan. Mudom 
tog‘lar atrofida o‘ralashgan bulutlarning shamol­bo‘ronlarini 
eslatuvchi urush-yurishlar, ichki-tashqi nizolarning girdobini 
ko‘rgan. To‘g‘ri, begimning tole’iga Shohruh mirzo faqat 
qilich chopadigan bahodir yigit emas, balki madrasa ko‘rgan, 
kitobni sevadigan, oilasiga astoydil mehr qo‘ygan fozil inson 
bo‘lib yetishdi. U bilan birga bo‘lgan kunlarida Gavharshod 
begim o‘zini baxtiyor his qiladi”. Boshqa bir adib Gavharshod 
begimning bu kechinmalarini yana o‘zgacha tarzda ifodalashi 
mumkin.
Umuman, uslub ijodkorning o‘ziga xosligini – uning xayol, 
tasavvuri ko‘lami, inson qalbini his qilish darajasi, hayot 
hodisalari va kishilararo munosabatlar murakkabligini tahlil 
qilish layoqati, so‘z boyligini namoyon etuvchi hodisadir.

Yüklə 0,77 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin