Ashtraxoniylar davriga kelib Buxoro xonligi hududlari keskin qisqarib ketdi. XVIII asr boshlariga oid manbalarda xonlikka bo‘ysunuvchi oltita viloyat: Buxoro, Samarqand, Sagaraj, O‘ratepa, Shahrisabzm Xuzor tilga olinadi. Imomqulixon hukmronligi davrida Hisor, Turkiston, Farg‘ona va Balx viloyatlari vaqtinchalik qayta birlashtirilgan bo‘lsada, Abulfayzxon davriga kelib Xiva (viloyati) va Qo‘qon xonliklari alohida davlat edi.
Mavjud manbalarda Buxoro xonligi bo‘ysunuvchi viloyatlar o‘rtasidagi aniq ma’muriy chegaralar haqida ma’lumotlar saqlanib qolmagan. Ko‘pgina viloyatlar, xususan Hisor, Shahrisabz, Farg‘ona amalda yarim mustaqil boshqarilib Buxoroga nomigagina tobe hisoblangan. Avvalgi davrda bo‘lganidek, ashtarxoniylar davlati viloyatlar, tumanlar va boshqa ma’muriy birliklarga bo‘lingan.
Ashtarxoniylar davrida Buxoro xonligining markaziy va mahalliy boshqaruv tizimi.
Ashtarxoniylarning davlat tizimi va ma’muriy boshqaruvi o‘z tuzilishi hamda mazmun - mohiyatiga ko‘ra, Shayboniylar davri davlatchiligidan deyarli farq qilmas edi. Manbalarning ma’lumot berishicha, XVII – XVIII asrning birinchi yarmi davlat boshqaruvida hokimiyat markazda ham viloyatlarda ham asosan bir idora – dargohda mujassamlashib borgan. Shuningdek, Shayboniylar davrida bo‘lgani kabi Ashtarxoniylar davrida ham davlat tizimida o‘troq turmush tarzi an’analari bilan birga ayrim yarim ko‘chmanchilarga xos udum va odatlar ham saqlanib qolgan.
Bu davrda ham xon rasman oliy hokimiyat boshlig‘i bo‘lib, davlatdagi ichki va tashqi siyosatga bog‘liq barcha masalalar uning ixtiyori bilan hal etilgan. Barcha oliy farmonlar xon tomonidan joriy etilib, uning nomidan tangalar zarb qilinar, xonning nomi xutbaga qo‘shib o‘qilardi. Ammo, amaldagi boshqaruvda ko‘pgina ashtarxoniy hukmdorlari saroydagi katta mavqega ega bo‘lgan amaldorlar hamda yirik ulamolar qo‘lida qo‘g‘irchoq edilar. Imomqulixon, Subhonqulixon, Ubaydullaxon II kabi xonlar markaziy hokimiyat obro‘sini ko‘tarishga, bebosh amirlar mavqeini cheklashga harakat qilgan bo‘lsalar-da, ularning bu harakatlari deyarli samara bermadi. Bu davrda markaziy davlat boshqaruvi saroy amaldorlariqo‘lida to‘plangan bo‘lsa, joylardagi mahalliy hokimiyat viloyat hokimlari ixtiyorida bo‘lgan.
Ashtarxoniylar hukmronligi yillarida ham naqib, otaliq, parvonachi, dodxoh, devonbegi, qo‘shbegi, chuhraboshi, yasovul, inoq, qo‘rchi, harbiy qozi, harbiy mufti, eshik og‘a boshi, mirzaboshi, saroy kutubxonasi boshlig‘i, dasturxonchi kabi lavozimlar mavjud bo‘lgani ma’lum. Shu bilan birga ularning ayrimlarida ma’lum o‘zgarishlar yuz berganini ham ta’kidlash lozimdir.
Bu davrda Buxorodan keyingi eng nufuzli shahar Balx bo‘lib, uni odatda taxt vorisi boshqarar edi. Rasmiy darajadagi davlat boshqaruvi ikki bosqichli bo‘lib - markaziy va mahalliy boshqaruv tizimiga ega edi. Viloyat hokimlarining markaziy hokimiyatga bo‘ysunishi belgilangan yillik soliqlarni to‘plab xon xazinasiga yuborib turishi, xon farmoniga ko‘ra, harbiy yurishlarda o‘z qo‘shinlari bilan qatnashishdan iborat bo‘lgan, xolos. Ko‘p hollarda o‘zlarini markaziy hokimiyatdan mustaqil deb hisoblagan viloyat amirlari va hokimlari ham o‘z boshqaruv tizimi va harbiy kuchlarga ega bo‘lganlar.
Bu davrda amaldorlar toifasiga kirgan shaxslar o‘zi egallab turgan lavozimlaridan, ma’suliyatli vazifalaridan tashqari siyosiy jarayonlar va
harbiy yurishlarda ham ishtirok etganlar. Misol uchun, manbalarga ko‘ra, 1722 yilda Vobkent ostonasidagi Muhammad Hakimbiy otaliq boshchilik qilgan Abulfayzxon va Samarqand hokimi Rajab Sulton qo‘shinlari bilan bo‘lgan to‘qnashuvda devonbegi, qo‘shbegi, parvonachi, dodxoh, miroxo‘r, eshikog‘aboshi, to‘qsabo, dasturxonchi kabi mansabdorlar ham ishtirok etganlar.
Bu davrdagi boshqaruvda dunyoviy lavozimdagi amaldorlar bilan bir qatorda diniy lavozimdagi amaldorlarning ham mavqei baland bo‘lgan. Boshqaruv tizimida yirik din peshvolari xojalar va diniy mansab egalari bo‘lmish shayxulislom, sadr, qozi kalon va boshqalar katta ahamiyatga ega bo‘lgan.
Ashtarxoniylar davriga kelib Buxoro xonligi hududlari ancha qisqardi. XVIII asr boshlariga oid manbalarda xonlikka bo‘ysunuvchi oltita viloyat: Buxoro, Samarqand, Sagaraj, O‘ratepa, Shahrisabz va Xuzor tilga olinadi. Imomqulixon hukmronligi davrida Hisor, Turkiston, Farg‘ona va Balx viloyatlari vaqtinchalik qayta birlashtirilgan bo‘lsada, Abulfayzxon davriga kelib Xiva va Qo‘qon xonliklari alohida davlat edi.
Ashtarxoniylar davrida harbiy soha va sudishlari
Ashtarxoniylar davrida o‘zaro urushlar, tashqi kuchlar hujumi (ko‘chmanchi qozoqlar, Xiva xonligi, Eron shohlarining bosqinchilik yurishlari) odatiy bir holga aylanib qolgan bo‘lsada, mamlakatda harbiy sohada jildiy o‘zgarishlar, islohotlar olib borilmadi. O‘z davri uchun zamonaviy bo‘lgan harbiy qurol-yarog‘lar, zambaraklar bilan qo‘shinning ta’minlanishi o‘ta yomon ahvolda edi.
Qo‘shin tuzilishi, jang olib borish uslubida shayboniylar davriga xos harbiy tartib-qoidalar saqlanib qolindi. Lekin o‘z samaradorliginitobora yo‘qotib borayotgan bu o‘rta asr harbiy jang tartiblarini ham ashtarxoniylar qo‘shini yetarli o‘zlashtira olmaganlishni ko‘ramiz.
Mamlakatdagi ichki nizolarga, separatik kuchlarga, tashqi dushmanlar hujumiga to‘siq qo‘ya oladigan doimiy qudratli harbiy qo‘shinning barpo etilmaganligi,
qo‘shin tarkibiga urushlar paytida oddiy fuqarolarning keng jalb etilishi,
uyushgan markaziy harbiy qo‘mondonlikning yo‘qligi va boshqa siyosiy- iqtisodiy sabablar tufayli Ashtarxoniylar davrida Buxoro xonligi harbiy jihatdan o‘ta zaiflashib ketdi.
Natijada, xonlik hududi qisqarib bordi. Shayboniylar davrida Buxoro tarkibiga kirgan viloyatlar, katta hududlar qo‘ldan boy berildi. Faqat Imomqulixon davridagina qo‘shinning jangovar qobiliyatini oshirishga birmuncha erishildi xolos.
Bu davrda shayboniylar davridaisdek ijtimoiy tabaqalar saqlanib qolgan bo‘lsa-da, ularning mavqeida o‘zgarishlar ko‘zga tashlanadi. Rasman oliy tabaqa hisoblangan xon va yirik saroy amaldorlari ko‘p hollarda harbiy- ma’muriy mansabdorlar, viloyat hokimlari, yirik qabila boshliqlari fikri bilan hisoblashishga majbur bo‘lib, bu ularning ijtimoiy ahvolini deyarli tenglashtirib qo‘yardi. Bu davrda Jo‘ybor xo‘jalarining avlodlari bo‘lgan ulamolar va boshqa diniy amaldorlarning ijtimoiy hayotdagi mavqei yanada oshdi. Asosiy soliq to‘lovchi bo‘lgan ijtimoiy tabaqa – raiyatning ahvoli og‘irlashib bordi. Bu davrda ijtimoiy pillapoyaning eng pastida turgan qullarning, ayniqsa, saroy xizmatchi qullarining mavqei oshishi uchun imkoniyatlar kengaydi. Xonga va boshqa yirik saroy amaldorlariga tegishli bo‘lgan qullar, ba’zi hollarda o‘z salohiyati bilan saroydagi yirik amaldorlar qatoridan o‘rin olishga ham muvaffaq bo‘lgan. Ko‘pgina xonlarning shaxsiy qo‘riqchilari qullardan iborat bo‘lib, bu ularning saroydagi mavqeini oshirib turardi. Xonlikda jinoyatni aniqlovchi va jazo beruvchi asosiy mahkama islomiy shariat qonun-qoidalariga asoslanib ish tutuvchi qozilik idoralari edi. Davlatdagi oliy sudya Qozi kalon bo‘lib, viloyatlardagi jinoyatlarni jazolash viloyat qozilari qo‘lida bo‘lgan. Oliy jazo – o‘lim hukmini faqat xonning maxsus farmoni bilan amalga oshirganlar. Aybdorni aniqlashda, shariat qonunlariga asosan, ikki kishining guvohligi yetarli bo‘lgan. Viloyatlarda, tumanlarda jinoyat ishlarini viloyat hokimi nazoratida mahalliy qozilar olib borgan. Jinoyatchilarga gunohiga qarab o‘lim jazosi, ma’lum muddatga (ko‘p hollarda umrbod) zindonga tashlashdan tortib, tan jazosi berish (darra urish, barmoqlarni kesib tashlash va boshqalar), sazoyi qilish, qoziqqa o‘tqizish kabi jazo choralari ham qo‘llanilgan. Aybdorlarga jazo berish ko‘pincha bozor oldidagi maxsus maydonda – aholi ko‘z o‘ngida amalga oshirilgan.