An’anaviy lingvistik tahlil metodlari



Yüklə 46 Kb.
səhifə5/13
tarix09.08.2023
ölçüsü46 Kb.
#138999
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13
Ananaviy tahlil metodlari 222]

1.3 Sinergetik metod.
XX asrda kashf etilgan nisbiylik nazariyasi va kvant mexanikasidan boshqa yana kvant kimyosi, mikro-makro-mega dunyolar fizikasi, reaktiv dinamika nazariyasi singari yangi fanlar maydonga keldi. Ana shunday yangi fanlar orasida sinergetika alohida ajralib turadi. Sinergetika (lot. synergia – «hamkorlik”) organik va noorganik dunyoda sodir bo‘ladigan o‘z-o‘zidan tashkil topish tamoyilining matematik modellarini yaratuvchi umumiy fandir. Sinergetika obʼektining muhim belgisi «tashkillanish” belgisi. «Tashkillanish”ning «tashkil etish”dan farqi shundaki, ikkinchi jarayonga subʼekt aralashadi, birinchisi esa
obʼektiv jarayon. Masalan, ishlab chiqarishni tashkil etish, fizikaviy va kimyoviy usullar yordamida yangi moddalar hosil qilish, so‘z yasovchi vositalar yordamida yangi so‘zlar yaratish – bularning hammasi subʼektning tashkilotchilik, yaratuvchilik faoliyati mahsuli sanaladi. Ammo tashkillanish odam faoliyatining taʼsirisiz, o‘z-o‘zidan ichki bajariladigan jarayondir. Ana shunday ichki tashkillanish jarayonini o‘rganuvchi fan sinergetika hisoblanadi.Uning asoschisi haqida adabiyotlarda ikki xil fikr mavjud. Ko‘pchilik adabiyotlarda sinergetikaning asoschisi sifatida belgiyalik fizik, Nobel mukofoti laureati I.Prigojin ekani eʼtirof etiladi. Xususan, O.Fayzullayev bu fanni I.Prigojin kashf etganini, so‘ngra I.Stingers, G.Nikolis, G.Xaken singari olimlar rivojlantirganini bayon qiladi.
N.Shermuhamedovaning fikricha, 1973 yili nemis olimi G.Xaken o‘z-o‘zini tashkil etish muammolariga bag‘ishlangan birinchi konferensiyada nutq so‘zlagan yil sinergetikaning tug‘ilgan yili hisoblanadi.1Olima mazkur yangi fanni ilk bor Xaken «sinergetika” nomi bilan nomlaganini aytar ekan, bunday nomlanish sababini Xakenning asarida bayon qilingan fikrlar orqali tushuntiradi. Birinchidan, unga «mikroskopik darajada tuzilma va tegishli faoliyatni vujudga keltiradigan ko‘plab kichik tizimlarning birgalikdagi faoliyati tadqiq qilinadi. Ikkinchidan, tizimlarning o‘z-o‘zini tashkil etish umumiy tamoyillarini topishga u turli fanlarni jalb etadi.Sinergetika taʼlimotiga ko‘ra, olamda har bir narsa tizimdir. Tizimlar orasida o‘zaro taʼsir mavjud. Bu taʼlimot olamda hamma narsa bir-biriga bog‘liq ekanini eʼtirof etadi. Masalan, odam organizmiga tashqi muhit taʼsir qiladi, yaʼni havo, ozuqa, energiya, axborot va boshq. Sinergetika bunday tashqi muhitning hammasi yig‘ilib organizmga taʼsir qiladi, umuman, ochiq tizim taʼsirida yashaydi deb qaraydi. O.Fayzullayev bunga o‘z munosabatini bildirib: «Biz mana shunday cheksiz ochiq tizimni yopiq tizimlar zanjiridan tashkil topadi degan bo‘lar edik”, – deydi. Uning fikricha, biologik va ijtimoiy tizimlar mana shunday xususiyatga
ega bo‘lib, bu har xil tabiatga ega tizimlarning bir xil matematik modellarini tuzish sinergetikaning vazifasiga kiradi.Sinergetika borliqdagi har bir narsa-hodisaning doimiy taraqqiyotda, o‘zgarishda ekanini eʼtirof etadi. Taraqqiyot jarayonida beqaror va barqaror holat o‘rtasidagi aloqa borligiga alohida eʼtibor berish sinergetikaning bosh tamoyilidir.Sinergetika paydo bo‘lgunga qadar beqarorlikka salbiy baho berilgan va mazkur hodisa eʼtibordan chetda qolgan. I.Prigojin esa «Beqarorlik falsafasi” asarida bu holatga alohida ahamiyat berdi va uni sinergetikaning asosiy tushunchasiga aylantirdi.U beqarorlikni borliqning muhim jihati sifatida talqin etadi. I.Prigojinning fikricha, har qanday eski sistema yangi sistema bilan almashinar ekan, avvalo, beqarorlik, tartibsizlik yuz beradi. So‘ngra
barqaror holat va tartiblilik vujudga keladi.Sinergetikaning chiziqsizlik tamoyili taraqqiyot oldindan belgilab qo‘yilgan yo‘ldan ketmay, olamdagi narsa-hodisalarning ichki xususiyati va tashqi aloqadorligi negizida har safar yangi, betakror yo‘ldan borishi mumkinligi eʼtirof etiladi.2 Sinergetikada ikki holat – beqarorlik va barqarorlik holatiga, beqarorlikdan barqarorlikka o‘tish jarayoniga
eʼtibor qaratiladi. Bu dialektik jarayonning birinchi holati fluktuatsiya, ikkinchisi esa bifurkatsiya deyiladi.Barqaror holatdan og‘ish, tartibsizlik, xaos fluktuatsiya,
rivojlanishning ikkiga ayrilib tartibga tushish holati bifurkatsiya sanaladi. O‘tish jarayonida bir necha tarmoqqa ajralishi polifurkatsiya holati ham bo‘lishi mumkin.
Sinergetika faqat tabiiy fanlar uchungina emas, ijtimoiy-gumanitar fanlar, xususan, lingvistika uchun ham metodologik asos bo‘lishi mumkin. Chunki har qanday til ichki rivojlanib borayotgan ijtimoiy hodisadir. Shunday ekan, undagi miqdor o‘zgarishlari sifat o‘zgarishlariga olib kelishi tabiiy. Buni o‘zbek tili unlilar sistemasi taraqqiyotida ham yaqqol ko‘rish mumkin. O‘zbek tilining ichki tarixiy taraqqiyoti va yondosh tillarning taʼsirida qadimgi turkiy «to‘rt pog‘onali, ikki qatorli” fonemali unlilar sistemasidan qator belgisi yo‘qolgan fonemali unlilar sistemasiga o‘tishi ana shunday beqarorlik, tartibsizlikdan tartiblilikka o‘tish jarayoni natijasidir.Tilshunoslikda ilk bor A.Rahimov lisoniy tiplar taraqqiyotida
tipologik o‘zgarishlarning sodir bo‘lish mexanizmini yoritishda sinergetika tamoyilidan o‘rinli foydalandi.Hozirgi kunda sinergetika tamoyillarining faqat tabiiy fanlardagina emas, balki ijtimoiy fanlarda ham keng qo‘llanilayotgani uning falsafiy metod sifatida eʼtirof etilganidan guvohlik beradi.Sinergetika yutuqlariga mahliyo bo‘lgan ayrim olimlar uni dialektikaga zidlagan holda, dialektikaning o‘rnini bosganini taʼkidlamoqdalar. Bunday fikrga tanqidiy baho berib, O.Fayzullayev quyidagilarni bayon qiladi: «Dialektika eskirdi, uning o‘rnini sinergetika egallab oldi deguvchilar orasida, afsuski, faylasuflar ham bor. Aslida, bu noto‘g‘ri fikr. Axir uch ming yillar davomida falsafaning o‘zagi hisoblanadigan dialektika, avvalo, tabiatda, jamiyatda va bilish nazariyasidagi ziddiyatlar, o‘zgarishlar, rivojlanish va tanazzullar, dunyoqarashlar, sababiyat va oqibat, mohiyat va hodisa, qonuniyat va tasodifkabi masalalar bilan shug‘ullanib kelmoqda. Bu falsafiy masalalar bilan sinergetika shug‘ullanmaydi-ku! Dialektika bilan nisbiylik nazariyasi, Kvant mexanikasi, genetika orasidagi munosabat qanday bo‘lsa, sinergetika orasidagi munosabat ham shundaydir. Yaʼni dialektika tabiatning o‘zida va tabiat fanlarida, jamiyat fanlarida, texnika fanlarida, jumladan,
sinergetika fanida bab-barovar namoyon bo‘ladi”.Prof. Q.Nazarov ham sinergetikaning dialektika bilan munosabati haqida xuddi shunday fikr bildiradi. Uning taʼkidlashicha, sinergetikani XX asr tabiiy fanlarining falsafa sohasiga kiritgan eng katta uslubiy yutuqlaridan biri sifatida baholash mumkin. Ammo bu uning dialektikani falsafadan butunlay surib chiqardi degani emas. Zero, falsafada har bir taʼlimot, uslub va metodning o‘z o‘rni va faoliyat doirasi bor.Dialektikaning falsafadagi ahamiyatiga kelganda esa uning ijtimoiy bilimlar sohasidagi o‘rni, qadr-qimmati nihoyatda katta va u falsafaning asosiy qismlaridan biri bo‘lib qolaveradi. Sinergetika ham fanlarning oxirgi va mutloq uslubi emas, balki taraqqiyot natijasida o‘zgaradigan va takomillashadigan tafakkur mevasidir.
Ko‘rinadiki, sinergetika dialektika bilan uzviy bog‘liq mustaqil falsafiy metoddir. Yuqorida bayon qilinganlardan shu narsa maʼlum bo‘ladiki, xususiy ilmiy metodlar faqat bitta umumiy falsafiy metod, metodologik asos bilan cheklanib qolmaydi. O‘rganilayotgan obʼektning murakkab belgilarini ochish uchun qo‘l keladigan turli falsafiy metodlarga tayanish mumkin.


Yüklə 46 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin