Arterial giperemiya Bu holat, arterial qon tomirlar bo’ylab organ va to’qimada ko’p qon kelishi bilan namoyon bo’ladi. Natijada, ko’plab funktsional o’zgarishlar va klinik belgilarni yuzaga chiqaradi. Bularga tarqalgan qizarish, mayda qon tomirlarni kengayishi, mayda arteriya va kapillyarlarni pulg’satsiyasi, ko’zga ko’rinadigan qon tomirlar sonini ko’payishi, mahalliy temperaturani ortishi, giperemiyaga uchragan uchastkani hajmini kattalashuvi, to’qimalar tonusini, arteriolalarda bosimni, qon oqishini, organlarda moddalar almashinuvi hamda ularning funktsiyalarini ortishi kiradi.
Arterial giperemiyani keltirib chiqaruvchi asosiy omillar biologik, fizik, ximik, psixogen, organ yoki to’qimaga yuklama berish va boshqalardir.
Odatda yuqoridagi omillarni ko’plari fiziologik qitiqlovchilar bo’lib, ular (organga yuklama berish, psixogen tahsir) fiziologik arterial giperemiya keltirib chiqaradi.
Fiziologik arterial giperemiya o’z navbatida ishchi yoki funktsional va reaktiv fiziologik arterial giperemiyalarga bo’linadi.
Fiziologik ishchi arterial giperemiya u yoki bu organ va to’qimani zo’r berib ishlashidan unga qon kelishi ko’payishida yuzaga keladi. M: ovqatlanish paytida oshqozon osti beziga, jismoniy ish bajarganda muskullarga, yurak zo’r berib ishlaganda toj qon tomirlarga, psixik yuklamalarda bosh miyaga ko’p qon kelishini keltirish mumkin.
Reaktiv fiziologik giperemiya u yoki bu organga qisqa muddat qon kelmay qolgandan so’ng yuz beradi, m: buyrak, bosh miya, teri, ichak, muskullarda kuzatish mumkin. Maksimal reaktsiya, perfuziya tiklangandan, bir necha sekunddan keyin ro’y beradi. Uning davomiyligi okklyuziya kattaligi bilan belgilanadi. Reaktiv giperemiya mobaynida okklyuziya paytida organga kelmagan “defitsit” qon o’rni to’ldiriladi.
Patologik arterial giperemiya patologik qitiqlovchilarga (ximik moddalar, toksinlar, metobolitlar, yallig’lanishda, isitmada hosil bo’lgan moddalar, mexanik omillar) javoban yuzaga chiqadi.
Bahzida patogen omillar tahsirida, unga nisbatan mayda qon tomirlarni sezuvchanligini keskin ortishi hisobiga kelib chiqishi mumkin, bunga allergiyani misol keltirish mumkin.
Bundan tashqari, infektsion toshmalar, qizamiq, skarlatina, sistemali qizil volchanka, nerv oxirlari qitiqlanganda yuzaga chiqadigan qizirishlar, yuz nervi nevralgiyasi, bularning barchasi patologik giperemiyaga yaqqol misol bo’ladi.
Patologik arterial giperemiya patogenezi bo’yicha neyrogen va metobolitik turlari tafovutlanadi.
Neyrogen patologik arterial giperemiya ham o’z navbatida ikkiga bo’linadi: neyrogen neyrotonik tipga xos arterial giperemiya va neyrogen neyroparalitik tipga xos arterial giperemiya.