Xalqaro munosabatlardagi bipolyar tizim - ikki buyuk davlat qarama qarshiligiga asoslangan va ular tomonidan yaratilgan harbiy - siyosiy bloklar
tizimidir.
Yevropa qit‘asining asosiy muammosi Germaniya edi. Koreya urushi
boshlanishi bilan AQSH nemis qurolli kuchlarini yaratish uchun faol harakatlar qildi.
Amerikalik strateglarning fikricha, bu qurolli kuchlar amerikaliklar Uzoq Sharqda
urush olib borayotgan paytda Yevropani muhofaza qilishlari lozim edi. Buyuk
Britaniya Germaniyani qayta qurollantirish bo`yicha amerikaliklar loyihasini to`liq
ma‘qulladi. Biroq yangi variantning paydo bo`lishi istiqboli Fransiyani mutlaqo
qoniqtirmasdi.
Yevropa hamkorligi asosan iqtisodiy sohada mavjud bo`ldi. Bunday hamkorlik
suverenitetni yo`qotishni ko`zda tutmasdi. Aksincha, undan olingan foyda hukumat
tomonidan xalq ehtiyojini qo`llab - quvvatlashi mumkin edi. Yevropa mamlakatlari
rahbarlari o`rtasida iqtisodiy cheklanishlardan voz kechibgina mamlakatdagi iqtisodiy
qiyinchiliklarni bartaraf etish mumkin, degan fikr ustuvor turdi. Fransiya tashqi ishlar
vaziri Robert Shuman, GFR kansleri Konrad Adenauer, Italiya bosh vaziri Algido de
Gasped va Belgiya bosh vaziri Pol Anri Spaak kabilar Yevropadagi bu yangi
harakatda yetakchi siymolar bo`lishdi.
1950-yili R.Shuman G`arbiy Yevropada ko`mir va po`latni birlashgan holda
ishlab chiqarishni yaratish taklifi bilan chiqdi. Fransiya, Italiya, G`arbiy Germaniya
va Benilyuks (Belgiya, Gollandiya va Lyuksemburg) mamlakatlari Yevropa ko`mir
va po`lat birlashmasi (YEKPB) ni tashkil qildi. Uning faoliyati faqat bir soha
bilangina bog`liq bo`lsada, biroq butun sanoat ishlab chiqarishi uchun muhim
ahamiyatga ega edi. Yevropa ishlab chiqarishi yuksala boshladi.
1956 - yil Yevropa mamlakatlari uchun urushdan keyingi voqelikni qayta
baholash yili bo`ldi. Mamlakatlar yo`lboshchilari integratsiya jarayonini
tezlashtirishga qaror qilishdi. 1957 - yil YEKPB ga a‘zo mamlakatlar Rim
protokollari deb ataladigan hujjatlarni imzolashdiki, bu hol Yevropa iqtisodiy
hamjamiyati (YEIH) yoki «Umumiy bozor»ga asos soldi. Bu hujjatlarga imzo
chekkan mamlakatlar 12 yil mobaynida bojxona to`siqlarini tugatish, umumiy
soliqlarni o`rnatish, keyinchalik esa umuman yo`q qilish, ishchi kuchi erkin harakat
qilishini ta‘minlash majburiyatini olishdi, shuningdek, bir xil ijtimoiy kafolatlar va
yagona ish haqi to`g`risida kelishib olishdi.