Andijon davlat pedagogika instituti


– MAVZU: «KATTA O`YIN» KONTSEPSIYASI VA UNING



Yüklə 1,21 Mb.
səhifə25/121
tarix07.06.2023
ölçüsü1,21 Mb.
#126335
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   121
757575 МАЖМУА ГЕОСИЁСАТ 2022

8 – MAVZU: «KATTA O`YIN» KONTSEPSIYASI VA UNING
GEOSIYOSIY MOHIYATI (1 - BOSQICH).
Reja:
1. Katta o`yin tushunchasi, mohiyati.
2. O`rta Osiyoda Angliya va Rossiya manfaatlari doirasining to`qnashuvi va uning asosiy sabablari.

3. 1839 - yilgi Angliya - Afg`oniston urushi.
4. O`rta Osiyodagi manfaatlar doirasini belgilashda Angliya - Rossiya bitimi.

«Katta o`yin» («Great game») konsepsiyasi xalqaro munosabatlar tarixida ikki bosqich yoki ikki to`lqindan iborat. Konsepsiya ob‘yekti Markaziy Osiyo mintaqasi, predmeti esa mazkur mintaqadagi siyosiy jarayonlar. Konsepsiya sub‘yektlari yetakchi xorijiy davlatlar hisoblanadi. Odatda ―Katta o`yin‖ atamasi qayd etib o`tilganidek Markaziy va Janubiy Osiyoda o`z hukmronligini o`rnatish uchun Buyuk Britaniya va Rossiya o`rtasida olib borilgan qarama - qarshilikni tavsiflash uchun ishlatilgan.


«Buyuk o`yin» konsepsiyasi XIX asr II - yarmi va XX asr boshlarida Buyuk
Britaniyaning Janubiy Osiyo orqali (janubdan shimol tomon) va Rossiyaning
shimoldan Markaziy Osiyo mintaqasini bosib olish uchun intilishlari, olib borgan
harbiy - diplomatik munosabatlari asnosida shakllangan. Xalqaro munosabatlar
tarixida bu «Buyuk o`yin» konsepsiyasining birinchi to`lqini nomini olgan Konsepsiyaning ikkinchi to`lqini XX asr oxirida yangi mustaqil davlatlar –
Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, O`zbekiston, Qirg`iziston va Qozog`istonni
o`z nazoratiga olish istagi bilan Turkiya va Eron davlatlari tashabbuskorligida
shakllandi. Keyinchalik bu ikki davlat qatoriga AQSH, Pokiston, Rossiya, Xitoy,
Hindiston va boshqa yetakchi davlatlar ham qo`shildi. Shuningdek ―Yangi katta
o`yin‖ ob‘yekti ham o`zgardi. Bu jarayon endi o`ziga Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika,
Sharqiy Yevropa hududini ham ola boshladi. Mutaxassislar o`rtasida konsepsiya
ikkinchi to`lqini «New Great game» - «Yangi buyuk o`yin» konsepsiyasi deb ham
qo`llanilmoqda.
O`rta Osiyo va Rossiya xalqlari o`rtasidagi munosabatlar, savdo aloqalari tarixi
uzoq o`tmishga borib taqaladi. Volgabo`yi orqali Rus savdogarlari ham, O`rta Osiyo
savdogarlari ham ikki mintaqa o`rtasida savdo aloqalarini rivojlantirishda muhim rol
o`ynaganlar. XVI asrda jahondagi yirik davlatlar tomonidan dunyoni bo`lib olish
boshlangan davrda Rossiya Qozon, Astraxan, Sibir xonliklarini zabt etadi. Natijada
Rossiya va O`zbek xonliklari bir - biriga bevosita qo`shni bo`lib qoladi. Bu holat
ularning o`zaro munosabatlarini yanada rivojlantirishga imkoniyat yaratdi. O`rta
Osiyoning savdo - hunarmandchilik doiralari o`z mahsulotlarini, ayniqsa, ipak,
paxtadan to`qilgan matolarni talab qilayotgan Rossiya bilan savdo - tijorat
munosabatlarini rivojlantirishdan g`oyat manfaatdor edi. Rossiyaning movut, temir,
mis, mo`yna, charm va boshqa mollari o`rta Osiyoda xaridorgir edi. Savdo - sotiq
ishlari uchun qulay shart - sharoit yaratishda O`zbek xonliklari va Rossiya o`rtasidagi
elchilik munosabatlari muhim o`rin tutardi.
Rossiya va xonliklar o`rtasida XVIII asrda olib borilgan elchilik munosabatlari
ham muhim ahamiyat kasb etdi. 1619 - yilda Imomqulixonning elchisi Odambiy
Moskvaga boradi va podsho Mixail Romanov qabulida bo`ladi. Podsho Odambiy
bilan birgalikda Buxoroga Ivan Xoxlov boshchiligida elchilarni yuboradi. I. Xoxlovni
Imomqulixon qabul qiladi, rus podshosi iltimosiga binoan o`z saroyidagi 23 nafar rus
asirlarini ozod qiladi. I. Xoxlov 1620–1622 - yillarda Buxoro xonligining ichki va
tashqi siyosati haqida qimmatli ma‘lumotlar to`playdi. U qimmatli sovg`alar bilan
Moskvaga kuzatiladi. Yozma manbalarga ko`ra, XVI–XVII asrlarda Buxoro va Xiva
xonliklariga Rossiyadan 12 marta elchilar kelishgan. 1583–1600 - yillarda Moskvada
5 marta Buxoro elchilari, 2 marta Xiva elchilari bo`lishgan. Bu misollar o`rta Osiyo
va Rossiya o`rtasida savdo - diplomatik aloqalarning ancha faollashganligidan
guvohlik beradi.
XVIII asrdan boshlab Rossiya imperiyasining O`zbek xonliklari bilan bo`lgan
munosabatlarida tazyiq o`tkazishi ustunlik qila boshladi. Bu Rossiya imperiyasining
siyosatida O`rta Osiyo xonliklarini savdo - sotiqda kamsitish, ularning tabiiy
boyliklariga ko`z olaytirish, strategik maqsadlarni ro`yobga chiqarish kayfiyatining
kuchayganligida yaqqol namoyon bo`la boshladi.
Pyotr I Buxoro va Xiva xonliklarini siyosiy jihatdan Rossiyaga teng davlatlar
emas deb hisoblab, ularga tazyiq o`tkaza boshladi. Bunga xonliklardagi ichki siyosiy
ahvol ham qulay sharoit yaratib bergan edi. Masalan, Xiva xoni Shohniyoz 1700 -
yilda Pyotr I huzuriga yashirincha elchi yuborib, Xivani Rossiya tobeligiga qabul
qilishni so`ragan. 1709 - yili toj - u taxt vorisi Muhammad ham shunday qilgan edi.
Pyotr l Xiva xoniga jo`natgan yorlig`ida shunday gaplar yozilgan edi: «Shohona
muruvvat ko`rsatib, xonning qo`l ostidagi jamiki narsalari bilan birga, abadiy
tobeligimizga olamiz». Biroq bu niyat u davrda amalga oshmay qoldi. Xivada
boshlanib ketgan ichki urushlar va chor Rossiyasining «Shimoliy urush» bilan
bandligi bunga sabab bo`ldi.
1713 - yili Astraxanga kelgan Xiva elchisi Xoja Nafas rus ma‘murlariga, Sankt Peterburgga borgach, podsho Pyotr I ga Amudaryo sohillaridagi qumlar oltinga
boyligini, sohilda istiqomat qiluvchi aholi ko`p miqdorda oltin yuvib olayotganini
aytadi. Ana shu ma‘lumotlar ta‘sirida Pyotr I O`zbek xonliklariga kirib borish maxfiy
rejasini tuzadi. U ikki harbiy ekspeditsiya tashkil etadi. Biriga Aleksandr Bekovich Cherkasskiyni, ikkinchisiga kapitan Ivan Buxgolsni rahbar etib tayinlaydi.
Bekovich - Cherkasskiy harbiy ekspeditsiyasi tarkibida katta harbiy qo`shin bor
edi. Ular 1717 - yilda Xiva xonligi hududlariga kirib keladi va harbiy to`qnashuvlar
bo`ladi. Xiva xoni Sherg`ozixon hiyla ishlatib Bekovich - Cherkasskiyni qabul qiladi
va uning qo`shinlarini qirib tashlaydi. Pyotr I uyushtirgan ekspeditsiyaning halokati Xiva – Rossiya munosabatlarini keskinlashtirib yubordi.
Buxgols «ekspeditsiyasiga» kelsak, uning qo`shini 1715 - yili Toboldan Irtish
bo`ylab Yorkentga yo`l oladi. Bu guruh Yamishchev ko`lida bo`lib, u yerda istehkom
quradi. Biroq ular qalmoqlar hujumiga uchrab, orqaga chekinishga majbur bo`ladilar.
1717 - yili Buxoro xoni Peterburgga o`z elchisini yuboradi. Elchi Qulibek
Abulfayzxonning Pyotr I ga shvedlar ustidan qozongan g`alabasi munosabati bilan
yozilgan qutlov maktubini topshiradi. Abulfayzxon o`z maktubida ayni paytda
Buxoroga Rossiya elchisi yuborilishini so`ragan edi. Bunga javoban Rossiya
hukumati 1721 - yili Florio Benevenini elchi qilib jo`natadi. Rossiya elchisiga Sharq
mamlakatlariga olib boradigan suv va quruqlik yo`llarini o`rganish; rus savdosini
kengaytirish imkoniyatlarini aniqlash; Buxoro xonini Rossiya bilan ittifoq tuzishga
ko`ndirish; xonga rus gvardiyachilarini taklif qilish; qayerda qancha oltin borligini
aniqlash va ularni xaritaga tushirish; xonlikdagi qal‘a va qo`shinlari ahvolini
o`rganish hamda xonlikning Eron va Xiva bilan o`zaro munosabatlarini o`rganish
vazifalari yuklatilgan edi. F. Beneveni Buxoroga yetib keladi va Abulfayzxon
qabulida bo`ladi.
F. Beneveni Buxoroda 3,5 yil turdi va o`z oldiga qo`yilgan masalalar bo`yicha
qimmatli ma‘lumotlar to`plashga muvaffaq bo`ladi. Ularni Sankt - Peterburgga ochiq
va shifrlangan xat orqali jo`natib turadi. Hukumatning barcha topshiriqlarini bajargan
F.Beneveni 1725 - yilda Peterburgga qaytib ketadi.
XVIII asrning birinchi choragida Kichik, o`rta, Katta juzga bo`lingan qozoq
sultonlari o`rtasida o`zaro kurash kuchaydi. Natijada ular nochor ahvolga tushib,
tashqaridan yordam so`rashga majbur bo`ldilar. 1730 - yilda Kichik juz sultoni
Abulxayr Rossiyaga elchi jo`natib, Rossiya tobeligiga o`tish istagini bildiradi. 1732 -
yilda Kichik juz, 1739 - 1740 - yillarda Semekexon boshchiligidagi O`rtajuz, 1747 -
yilda Katta juz ham Rossiya tobeligiga o`tadi. Natijada Rossiya hukumati uchun o`rta
Osiyoni o`z ta‘siriga bo`ysundirish yo`lida qulay imkoniyat yuzaga keladi.
1734 - yili senat kotibi Kirilov boshchiligida harbiy guruh tayinlanadi. U «Orol
dengizida Rossiya bayrog`ini ko`tarish», «Buxoro va undan Hindistonga» boradigan
yo`lni ochishi, oltin konlarini izlashni davom ettirishi lozim edi. 1735 - yilda Kirilov
guruhi Or daryosi bo`yida Or qal‘asini qurdi (keyinchalik bu qal‘a atrofida Orenburg
shahri vujudga keladi), Yoyiq va Irtish sohillari (Sibir)da istehkomlar barpo etdi.
Xonliklar savdogarlari Rossiya bilan Orenburgda savdo - sotiq qiladigan bo`lishdi. XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab Rossiya savdo - iqtisodiy aloqalarida
o`rta Osiyo xonliklarining ahamiyati yanada orta bordi. Bunda, birinchidan,
Rossiyada rivojlanib borayotgan sanoat uchun xomashyo manbalari topishga intilish,
ikkinchidan, Osiyoda, xususan Hindistonda Buyuk Britaniya ta‘sirining kuchayib
borayotganligi sabab bo`lgan.
XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida rus sarmoyasi o`rta Osiyo bozorida yetakchi
o`rinni egalladi. Ingliz mollari Rossiya orqali olib kelinar edi. Nijegorod
yarmarkasida rus savdogarlaridan tashqari O`zbek xonliklari, Eron va Hindistondan
kelgan savdogarlar ham qatnashgan. XIX asr boshlarida Rossiya O`zbek savdogarlari
uchun katta imkoniyatlar yaratdi, ba‘zi cheklashlar bekor qilindi. Endi ular
Rossiyaning ichkari shaharlariga ham borib savdo qila oladigan bo`lishdi.
XIX asrning birinchi yarmida Buyuk Britaniya va Rossiya davlatlari o`rtasida
Buxoro, Xiva, Qo`qon xonliklari hududlari uchun raqobatchilik kuchayib,
keskinlashib ketdi. Bu paytda jahonning yetakchi mustamlakachi davlatlari o`z
taraqqiyotining yuksak darajasiga erishdilar. Ularda sanoat to`natarishi amalga
oshirildi. Sanoat zamonaviy fan - texnika yutuqlari asosida qayta jihozlandi. Tovar
ishlab chiqarish keskin o`sib bordi. Kuchli dengiz flotlari tashkil etildi. Va shunga
mos ravishda armiya ham zamonaviy qurol-yarog` bilan ta‘minlandi. Ma‘lumki rus
imperatorlari Rossiyani ayni damda janubdagi iliq dengiz sohillariga olib chiqishga
harakat qilishar edi. Bu esa ingliz manfaatlariga zid edi. Buyuk Britaniya nafaqat
Markaziy Osiyoni qo`ldan ketishidan havfsirar edi. Ayni damda ingliz Hindistoni
ham havf ostida qolishi hech gap emas edi. Raqobatchilikning kuchayishiga
quyidagilar sabab bo`ldi:
Buyuk Britaniya va Rossiyaning O`rta Osiyo hisobiga yangi mustamlakalarga
ega bo`lish yo`lidagi urinishlari;
o`z mollarini sotish va undan mo`may daromad olish uchun o`rta Osiyo
bozorlarini egallash istagi; O`rta Osiyoning boy xomashyo manbalariga ega bo`lishga intilishlari.
Bu omillar dunyodagi ikki yirik mustamlakachi davlatlar manfaatlarining
to`qnashuviga olib keldi. Yuqorida qayd etilgan ushbu ―Katta o`yin‖ da dunyoning
qolgan yetakchi davlatlari nega faol ishtirok etishmadi yoki bo`lmasa ular nega jim
turishdi degan savol paydo bo`lishi mumkin. Gap shundaki bu paytda xonliklar
faqatgina ingliz mustamlakalari va rus yerlariga tutash bo`lishgani uchun uchinchi
ishtirokchining (Fransiya bo`ladimi, Germaniya bo`ladimi) kirib kelishining imkoni
yo`q edi. 105
Hindistonda mustahkam o`rnashib olgan ingliz mustamlakachilari o`zlari tuzgan
Ost - Indiya (Sharqiy Hindiston) kompaniyasi vositachiligida O`rta Osiyo tomon
siljishga urindilar. Ularning maqsadi Rossiyaning O`zbek xonliklaridagi ta‘sirini
yo`qqa chiqarish hamda xonliklarni o`z ta‘sir doirasiga olishdan iborat edi. Buyuk
Britaniya hukmron doiralari xonliklarning ichki va tashqi ahvolini, ularni bog`lab
turgan yo`llarni aniqlash, xonlar bilan aloqa o`rnatish maqsadida maxsus
ekspeditsiyalar yubora boshladi. Ekspeditsiyalar zimmasiga, ayni paytda, mahalliy
nufuzli kuchlar bilan aloqa o`rnatish vazifasi ham yuklatilar edi.
Ingliz ekspeditsiyalaridan biri U.Murkford boshchiligida uyushtirildi. Murkford
ekspeditsiyasi 1825 - yil fevral oyida Buxoroga yetib keldi. Manbalarda qayd
etilishicha, ekspeditsiya tarkibida 70 ta kishi bo`lib, ular olib kelgan 80 sandiq turli
xil mollar Buxoro qushbegisiga ko`rsatilgan. Inglizlar Buxoro xonligini har
tomonlama o`rganishga, mahalliy hukmdorlar orasida inglizlarga tarafdor guruhni
shakllantirishga muvaffaq bo`lgan edi.
Murkford ekspeditsiyasidan xabar topgan Rossiya hukmron doiralari tashvishga
tushdilar. Natijada Rossiya hukumati Buxoro amiri Haydarga inglizlarning
Buxorodagi xatti - harakatidan noroziligini bildiradi. Rossiya hukmron doiralarida
borgan sari O`rta Osiyoni bosib olish kayfiyati kuchayib bordi. 1826 - yilda Rossiya
hukumati polkovnik F. Berg boshchiligida Ustyurtga ekspeditsiya yuborib, O`rta Osiyoga boradigan yo`llarni yanada aniqroq belgilab oldi.
1831 -yilda inglizlar O`rta Osiyoga ikkinchi marta elchi yubordilar. Elchilarga
ingliz armiyasi leytenanti Aleksandr Byorns boshchilik qildi.
Ingliz ekspeditsiyasi vakillari odatda savdogarlar sifatida kirib kelishadi. A.
Byorns 1832 - yilda Buxoroga kirib keldi. U o`zini arman savdogari deb tanitdi.
Qo`lida hind va afg`on savdogarlarining tavsiyanomalari bo`lgan bu «tadbirkor»
Buxoro xonligi qushbegisi bilan aloqa bog`lay oldi. Buyuk Britaniya hukumati
Hindiston bilan O`rta Osiyo o`rtasida savdo aloqalarining kengayishiga o`zining
xonliklardagi ta‘sirini qaror toptirishning asosiy yo`li deb qarar edi. Shuning uchun
ham Buyuk Britaniya hind savdogarlariga xonliklar bilan savdo - sotiq aloqalarini
yo`lga qo`yishlarida katta yordam ko`rsatdi. Xususan, hind savdogarlariga qarz
hamda ingliz mollari berib turildi. Bu mollar o`rta Osiyoda Rossiya mollari narxidan
arzonga sotilar edi. Ma‘lumki sanoat ishlab chiqarishining yuksalishi natijasida
Buyuk Britaniya tarixida ilk bor 1825 yilda ortiqcha ishlab chiqarish krizisi sodir
bo`lgan edi. Sotilmay qolgan mollarni arzon narxlarda hind orqali tashish boshlandi.
Aleksandr Byorns mamlakat hududida katta razvedka ma‘lumotlari ham to`play
oldi. Bu elchilik missiyasi O`rta Osiyoda ingliz savdosining rivqjlanishiga yordam
berdi.
1839 - yili Buyuk Britaniya Afg`onistonga qarshi harbiy harakatlar boshlaganida
Rossiya – Buyuk Britaniya munosabatlari yanada keskinlashgan. Agar Afg`oniston bosib olingudek bo`lsa, navbat O`rta Osiyoga kelishi mumkin edi. 1839 - yili Hirotda
o`z qarorgohini vujudga keltirgan ingliz razvedkasining ayg`oqchilari O`rta Osiyo
xonliklariga yuborilib turildi. Xususan, ingliz razvedkasi vakillaridan kapitanlar
Jeyms Abbot, Charlz Stoddart, Konolli, Richard Shekspirlar Xiva, Buxoro, Qo`qon
xonliklariga kelib harbiy, siyosiy, iqtisodiy masalalarda ma‘lumotlar to`plab, o`z
rahbarlariga yetkazardi.
Inglizlarning O`rta Osiyodagi harakatlaridan tashvishga tushib qolgan Rossiya
1839 - yili Xiva xonligiga qarshi birinchi harbiy yurishni boshladi. Bu yurishga
Orenbug gubernatori V. A. Perovskiy rahbarlik qilgan edi. Biroq urush
qatnashchilarining o`zini sovuqqa oldirishi, oziq - ovqat, yem - xashakning tugab
borishi oqibatida orqaga qaytadi. Bu yurish muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
O`rta Osiyo xonliklari va Rossiya munosa - batlarining keskinlashuviga podsho
Rossiyasining o`rta Osiyoda o`z ta‘sirini mustahkamlash yo`lidagi harakatlari sabab
bo`ldi. Xususan, 1847 - yilda Rossiya, xonliklarga olib boradigan yo`lda ikkita
istehkom qurdi. Ularning biri – Aralsk shahri yaqinida barpo etilgan (Sirdaryo o`zani
yaqinida) Raim istehkomi, ikkinchisi Yettisuv Olatog`idagi Kopal istehkomi edi. Bu
istehkomlar Rossiya olib borgan siyosatda harbiy yo`l bilan O`rta Osiyoni ishg`ol
etish tomon burilish ro`y berganligining yaqqol isbotidir. Bu hol O`rta Osiyo
xonliklarini tashvishga solib qo`ydi. Shuning uchun ham Xiva xoni Orenburgga o`z
vakillarini yubordi. Xon o`z maktubida yaxshi qo`shnichilik o`rnatish hamda
do`stona yashash istagini bildirgan hamda Raim istehkomini buzib tashlashni iltimos
qilgan edi. Xiva elchilari 1847 - yilda Peterburgda podsho qabulida bo`lgan
bo`lsalarda, ko`zlangan maqsadga erisha olmadilar. Piterburg hukmron doiralari qal‘a
garnizoni elchilik va savdo karvonlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb
etishini aytishadi.
Xiva xonligining qurol kuchi bilan istehkomni yo`q qilish yo`lidagi urunishlari
natija bermadi. Chunki, rus garnizoni yaxshi qurollangan edi. Bu paytda Qo`qon –
Rossiya munosabatlari ham keskinlashgan edi. Qo`qon xoni Xudoyorxon ham yangi
istehkomlar qurilganligidan tashvishga tushib qolgan edi. Natijada, Xudoyorxon
Rossiyaga elchi yuboradi. Podsho nomiga yo`llangan maktubda Xudoyorxon Nikolay
I ga Qo`qon xonligida jamoat tartibi tiklanganligini, savdo yo`llari yaxshi
qo`riqlanayotganligini, rus savdogarlari uchun hech qanday xavf - xatar yo`qligini
bildirgan. Ayni paytda, Raim istehkomi qurilganligidan norozi ekanligini ma‘lum
qilgan.
Nikolay I o`z javob maktubida Qo`qonda tartib o`rnatilganligidan mamnun
ekanligini bildirgnn, biroq Raim istehkomi buzilmasligini tasdiqlagan edi. Podsho o`z
fikrini Raim istehkomining avvalo Rossiya hududida qurilganligi bilan, ikkinchidan
esa, bu istehkom u qurilgan hududda tartib va tinchlikni, savdo karvonlari
osoyishtaligini ta‘minlashga xizmat qilayotganligi bilan «asoslagan» edi. Tez orada
Qo`qon qa‘lasi bo`lgan Oqmasjidni Rossiya bosib olishni mo`ljallayotgani ma‘lum
bo`lgach, Rossiya – Qo`qon munosabatlari yanada keskinlashdi.
Yuqorida qayd etilganlar ertami - kechmi Rossiyaning o`rta Osiyo xonliklariga
qarshi bosqinchilik yurishi boshlashi muqarrar ekanligini ko`rsatar edi.
Inglizlar Hindistonda XVII asr boshlarida paydo bo`lishgan edi. Buyuk Britaniyaning ―Ost - Indiya‖ kampaniyasi Hindiston bilan olib boriladigan savdo munosabatlarini o`z qo`liga olgan edi. Bu savdo tashkiloti vaqt o`tishi bilan faqatgina savdo tashkiloti bo`lib qolmasdan, balki Buyuk Britaniyaning markaziy va janubiy osiyodagi olib boradigan siyosiy diplomatik va harbiy harakatlarida muhim, hal qiluvchi instrument vazifasini ham o`tab boshladi. XVIII asr oxiriga kelib Hindistonni egallash deyarlik yakunlandi. Bu paytda ruslarning Kavkazda va O`rta Osiyodagi harakatlari kuchayib bordi. 1717 - yilda Bekovich – Cherkasskiy boshchiligidagi rus ekaspeditsiyasi taqdiri fojeali tugagan bo`lsada, rus elchilarining kirib kelishlariga chek qo`ymadi. 1722-1723 yillarda rus qo`shinining Eron qilgan harbiy yurishlarini ba‘zi tadqiqotchilar ―Katta o`yin‖ siyosatining boshlanishi deb ta‘riflashadi. Negaki bu jangda fors qo`shinlariga ingliz harbiy maslahatchilari yaqindan yordam berishadi. 1796 yilda rus imperatori Yekaterina II (1762-1796) vafot etadi. Taxtga o`g`li Pavel I (1796-1801) o`tiradi. U onasining olib olib borgan ichki va tashqi siyosatini yoqtirmas edi. Shuningdek saroydan Yekaterina davrida yig`ilgan aslzodalarni haydab boshladi. Rossiya tashqi siyosatida keskin burilish boshlab sharqqa yurish boshladi. Fransuz imperatori
Napoleon Bonapart bilan kelishib hindga birgalikda rus - fransuz qo`shinlarini
yuborishga qaror qiladi. O`z navbatida hindga katta qo`shin jo`natiladi. Faqatgina
Pavel o`ldirilishi natijasida bu reja amalga oshmay qoldi.
1812-1813 yillardagi rus - eron urushlarida ham fors qo`shinlariga ingliz
instruktorlari katta yordam berishgan. Bu urush Guliston va Turkmanchoy
bitimlarining imzolanishi bilan yakuniga yetdi.
―Meni do`stlarimdan xalos eting. ―Katta o`yin davri karikaturasi. Afg`on amiri
Sher Ali Rossiya (ayiq) va Buyuk Britaniya (sher) o`rtasida. 1837 - yilda Afg`onistonga rus elchisi poruchik Vitkevich keladi. U afg`on amiri Do`st Muhammad qabulida bo`ladi. O`zaro muzokarolar natijasida Rossiya
manfaatlariga xizmat qiladigan shartnoma imzolashga erishadi. Lekin Buyuk
Britaniyaning talabi bilan Rossiya Vitkevichni Afg`onistondan chaqirib olishga
majbur bo`ladi. O`rtada imzolangan shartnoma o`z kuchini yo`qotadi. Vitkevichdan
bir yil oldin maxsus missiya bilan Afg`onistonga ingliz elchisi agent Byorns kelgan
edi. Inglizlar 1838- yilda faol jangovar harbiy harakatlarni boshlab yuborishdi.
Afg`onlarning uyushmaganligi, armiyaning harbiy - texnik qoloqligi inglizlarga qo`l
keldi. Ingliz qo`shini tezda mamlakat ichkarisiga chuqur kirib bordi. Mamlakat
poytaxti bosib olindi. Rossiyaparast amir Do`st Muhammad taxtdan ag`darib
tashlandi. Afg`on taxtiga inglizlar o`z ―odami‖ qo`yishdi. Ingliz okkupatsiyasi uch yil davom etdi. Lekin 1841 - yilda mamlakatda yana taxt to`ntarish amalga oshirildi.
Inglizlar mamlakatdan haydab chiqarildi. Agent Byorns o`ldirildi. Bir yil o`tgach
Buxoroda amir Nasrullo tomonidan ingliz agenti Konolli o`ldirildi. Bu ingliz
elchiligining yakunidan darak berardi.
XIX asr oxiriga kelib jahonning yetakchi lider mustamlakachi davlatlari dunyoni
bosib olishni yakunlashdi. Asosiy yirik mustamlakalar Buyuk Britaniya, Rossiya,
Fransiya qo`lida to`plandi. Bu kurashga masalan Germaniya kech qo`shildi. Natijada
dunyoning bunday taqsimlanishidan norozi davlatlar paydo bo`ldi, ularning
manfaatlari turli joylarda to`qnash kela boshladi. Natijada 1882 - yilda Germaniya
imperiyasi, Avstro - Vengriya imperiyasi, Usmoniylar imperiyasi ishtirokida Uchlar
Ittifoqi tuzilgan edi. Bu ittifoq birinyai galda Buyuk Britaniya va Rossiya qarshi
qaratilgan edi. O`rta Osiyo xonliklarining Rossiyaga qarshi turishda Buyuk
Britaniyaga suyanishi mumkinligi ehtimoli ham o`zini oqlamadi. Bunga Rossiya –
Buyuk Britaniya munosabatlarida o`zgarish yuz berganligi sabab bo`lgan edi.
Afg`onistonga qarshi urushda mag`iubiyatga uchragan Buyuk Britaniya Rossiya bilan
kelishishga qaror qiladi. Bu kelishuvga binoan Rossiya O`rta Osiyo bilan cheklanadi,
Hindistonga chiqish niyatidan voz kechadi. Buyuk Britaniya esa Rossiyaning O`rta
Osiyoda olib borgan siyosatiga qarshilik qilmaydigan bo`ladi. Afg`oniston esa Buyuk
Britaniya va Rossiyaning Osiyodagi mustamlakalari o`rtasida ularni ajratib turuvchi
hudud sifatida e‘tirof etiladi.
O`rta Osiyo xonliklari endilikda yakkalanib qolib, ularni faqat o`zaro
ittifoqlarigina saqlab qolishi mumkin edi. Afsuski, ularning o`rtasidagi o`zaro
ziddiyat shu darajada kuchli ediki, hatto tashqi hujum xavfi ham ularni birlashtira 109
olmadi. Oqibati yomon bo`ldi. Xonliklar Rossiya istilosi qurboni bo`lishiga yo`l
ochildi.
Mag`lubiyat sabablari: uchala xonlik ham Rossiya bilan janglarda iqtisodiy,
harbiy jihatdan zaif edi; ular o`rtasida birlik yo`q edi, o`zaro yordamga kelishmadi;
xonliklardagi zo`ravonlik ichki dushmanlar ko`payishiga olib keldi; xonliklar
dunyodan ajralib qolgan bo`lib tashqi yordam bo`lmadi.



Yüklə 1,21 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   121




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin