geosiyosiy tendensiyalari Siyosatshunoslarning taxminlariga qaraganda, diniy va
etnomilliy ziddiyatlar, separatchi kayfiyatlar va sivilizatsiyalararo to‘qnashuvlar, o‘z vaqtida ularning oldini olmaslik yoki buni istamaslik jahonning hozirgi bir qutbli
sistemasiga va u tomonidan vujudga keltirilgan dunyo tartibotiga o‘nglab bo‘lmaydigan zarba berishi mumkin bo‘lgan salbiy omillardir.
Garchi ba’zi tadqiqotchilar sotsializm va kapitalizm sistemalari bloklari o‘rtasidagi geostrategik kurashning barham topgani jahonda ziddiyatlarning kamayishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi, deb hisoblasalar-da, bu taxmin o‘zini oqlamadi.
“Ziddiyatsiz dunyo” orzusida yashagan yirik davlatlar, eng avvalo, AQSH va Evropa Ittifoqi mamlakatlari globallashtirish jarayonini osoyishtalik bilan amalga oshirish maqsadida konfliktlarni tinch yo‘l bilan hal etishga muayyan jiddu jahd
ko‘rsatdilar va ko‘rsatmoqdalar. Biroq bu konfliktlarning asosiy sabablari, ularni tug‘dirgan sub’ektiv omillar, xalqaro huquq normalarini qo‘llashga ikki yoqlama yondashuvlar va shunga o‘xshash boshqa omillar bunday ziddiyatlarning oldini olishga ham, mavjudlarini hal qilishga ham xalaqit berayotir. Jahonda zo‘ravonlik bilan olib borilayotgan konfliktlar soni 1993 yilda 34 bo‘lgan esa, 2008 yilda 15taga tushdi, ammo shunga qaramay, bugungi kunda ro‘y berayotgan konfliktlar hanuz jahon siyosiy jarayonining etakchi tendensiyalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Kelib chiqish sabablaridan qat’iy nazar, bugungi ziddiyatlar insoniyatga katta xavf tug‘diryapti, tobora kattaroq hududlarni qamrab, ekologik, gumanitar va ijtimoiy falokatlarga olib boryapti. Bu sabablar turli-tumandir. Ular orasida ayrim davlatlarning hudud da’volari, etnik separatizm, sanoati rivojlangan davlatlar bilan xom ashyo mamlakatlari o‘rtasidagi ziddiyatlar, nazoratsiz qurollanish, migratsiya, globallashuv, globallashtirishga qarshilik ko‘rsatish negizida paydo bo‘lgan
millatchilik, diniy nizolar eng ko‘p uchraydi. Agar mafkuralar va ijtimoiy-sinfiy bloklarning qarama-qarshiligi davrida xalqaro konfliktlar asosan ularning nazorati
ostida turgan va sobitqadamlik bilan foydalanilgan, ularning globallashuvining oldi o‘z vaqtida olingan bo‘lsa, hozirgi bosqichda bunday ziddiyatlarning oldini olish mexanizmlari juda zaiflashdi.
Bundan tashqari, jahon geosiyosiy sistemasidagi o‘zgarishlar, Ikkinchi Jahon urushidan keyin shakllangan milliy-davlat chegaralarining buzilishi ham konfliktlarni xalqaro huquq normalari asosida hal qilishni juda og‘irlashtirib yubordi. Jahon siyosatshunoslari hozirgi konfliktlarning sabablari va xarakteristikasiga turli nuqtai nazardan (nazariy mavqedan) yondashadilar va shunga muvofiq ravishda har xil taxminlarni ilgari suradilar. Ulardan ba’zilari hozirgi konfliktlar asosida mafkuraviy va iqtisodiy sabablar emas, balki madaniy farqlar, “tamaddunlar to‘qnashuvi” (bu erda gap, eng avvalo, amerikalik olim S.Hantington nazariyasi haqida bormoqda) turadi, deb hisoblaydi. Ularning fikricha, bo‘lg‘usi konfliktlar qirollar, milliy davlatlar va mafkuralar orasida emas, balki ayni sivilizatsiyalar orasida sodir bo‘ladi. Bu nazariya
mualliflarining aytishicha, sivilizatsiyalar orasidan o‘tadigan nozik chiziqlar – kelgusidagi konfliktlar makonidir. Sivilizatsiyalar orasidagi konfliktlar ikki: 1) turli
sivilizatsiyalarga mansub qo‘shni davlatlar orasida hamda bir davlat tarkibida yashaydigan turli xalqlar, guruhlar o‘rtasida mahalliy darajadagi nozik chiziqlar ustida chiqadigan konfliktlar; 2) turli sivilizatsiyalarga mansub va uning o‘zagini tashkil etadigan davlatlar (asosiy davlatlar) o‘rtasida global ko‘lamda chiqadigan konfliktlar shaklida sodir bo‘ladi. Globallashuv keng quloch yoygan, jahon yagona makonga aylangan, insonlar o‘rtasida vaqtinchalik va doimiy aloqalar jadallashgan XXI asrda, shunga mos ravishda, sivilizatsiyalar ham to‘qnashadi. Bu jarayon ob’ektiv ravishda bir madaniyatni boshqasi hisobiga boyitadi, natijada taraqqiyparvarroq madaniy qadriyatlar boshqalarini siqib chiqaradi, ularning taraqqiyot sohasini
toraytiradi. Bu esa, tegishli ravishda, madaniy taraqqiyotning tor doirasida turgan xalqlarni ancha radikal kayfiyatlar bilan xarakterlanadigan harakatlarga yo‘llaydi.
Turli madaniyatga mansub insonlar orasidagi aloqalar jadallashgan sari ularda o‘z sivilizatsiyasining mumtoz ekani to‘g‘risidagi qarashlar ham kuchayadi. Bu esa, tegishli ravishda, madaniy-ma’naviy mansubligiga ko‘ra bir-biridan farq qiladigan insonlar o‘rtasida jahon miqyosida ham, bevosita aloqa hududlarida ham ixtiloflarni chuqurlashtiradi va to‘qnashuvlar keltirib chiqaradi.
SHu bilan bir qatorda jahonda ro‘y berayotgan iqtisodiy, ijtimoiy integratsiya jarayonlari xalqlarni bir-biri bilan yanada yaqinroq aloqaga tortib, milliy ongning asosiy manbai bo‘lan milliy davlatlarni jahon va global miqyosdagi jarayonlardan
asta-sekin chetga surib chiqaradi. Keyingi yillarda jahon jarayonlarida milliy davlatlar bo‘shatgan o‘rinni diniy jamiyatlar egallashga harakat qilmoqda. Bu tuzilmalar
insonlarning dinga ijobiy intilishidan foydalanib, ular orasida o‘z g‘oyalarini targ‘ib qilmoqda va ularda diniy mansublik tuyg‘usini kuchaytirmoqda. Bu esa muayyan darajada aloqa nuqtalarida kishilarning diniy to‘qnashuviga olib boradi. Bularning hammasi hozirgi konfliktlarda milliy-madaniy va diniy tafovutlarning rolini inkor etish mumkin emasligini ko‘rsatib turibdi. Biroq hozirgi globallashiuv jarayonida
iqtisodiy va ijtimoiy omillar shu darajaga borib etdiki, xalqaro maydonda davlatlar va insonlar orasidagi munosabatlarda din, til, madaniyat emas, ayni iqtisodiy
manfaatlar asosiy katalizator rolini o‘ynamoqda. Ayrim-ayrim mamlakatlarning anglab olingan milliy manfaatlari XX asrda yuz bergan barcha konfliktlar hamda
davlatlararo to‘qnashuvlarning asosiy determinanti hisoblanadi.
Har qanday holda ham bir davlat yoki bir necha davlatlar guruhi o‘z manfaatlarini boshqa davlatlarga zo‘rlab o‘tkazmoqchi bo‘lgan chog‘larda xalqaro konfliktlar sodir bo‘ladi. Bugungi bosqichda ba’zi davlatlarning geosiyosiy xulq- atvorining xalqaro munosabatlar sistemasi qoidalariga nomuvofiqligi shu darajaga borib etdiki, tadqiqotchilar buni yangi jahon voqeligi deb atamoqdalar. Hozirgi jahon sistemasi geosiyosiy tendensiyalari qatorida fan-texnika va elektron taraqqiyotning hozirgi sakrashi natijasida sayyora geosiyosiy xaritasi og‘ishmay “torayib” va
virtuallashib borayotganini birinchi navbatda qayd qilish darkor.
Jahonning globallashuvi, texnik taraqqiyot va electron texnologiyalar, ularning harbiy, axborot, geostrategik sohalarga tatbiq etilishi sayyora hayotining barcha sohalarini qamrab olgani makonning an’anaviy geosiyosiy konfiguratsiyasini tubdan
o‘zgartirdi va jahonning istalgan bir nuqtasiga geosiyosiy aralashuv imkonini xiyla osonlashtirdi.
Jahon xaritasida G‘arb – SHarq, SHimol – Janubning geosiyosiy qarama-qarshiligi global makon darajasidan mahalliy va chekka hududlar darajasiga o‘tganini jahon sistemasining ikkinchi asosiy tendensiyasi deb hisoblash mumkin. Agar bu
qarama-qarshilik to‘g‘risida faqat global darajada so‘zlash mumkin bo‘lsa, endilikda, masalan, G‘arbda Evropa Ittifoqiga kirgan va kirmagan mamlakatlar, AQSHni qo‘llayotgan va qo‘llamayotgan katta, etakchi va kichik davlatlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik ko‘zga tashlanyapti. YOki bu sistemaga kiruvchi AQSH va EI mamlakatlari
o‘rtasidagi fikriy tafovut asta-sekin ziddiyat darajasiga ko‘tarilmoqda. YOki SHarqda Xitoy – YAponiya, Evroosiyoda Rossiya – Xitoy yoki AQSH – Rossiya, NATO – Rossiya, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyoda Rossiya – Evropa – Turkiya qarama-qarshiliklari va boshqalar asta-sekin geosiyosiy tuzilmaning yangi voqeligiga aylanmoqda.
Hozirgi jahon sistemasi geosiyosiy rivojining uchinchi asosiy tendensiyasi G‘arb sivilizatsiyasining jo‘shqin rivojlanish modellarini Janubi-SHarqiy Osiyoda konfutsiychi-buddaviy, islom olamida – islom sivilizatsiyasiga asta-sekin, borgan sari
ochiq shaklda qarama-qarshi qo‘yishdan iborat. Tadqiqotchilarning hisoblashicha, yaqin o‘n yil ichida Janubi-SHarqiy Osiyoning Xitoy, YAponiya, Tayvan kabi davlatlarining jahon axborot makoniga, geosiyosiy yo‘llar va insoniyatga ta’sir mexanizmlari AQSH va uning G‘arbdagi ittifoqchilarinikidan hech qanday kam bo‘lmaydi. Bu mamlakatlarda milliy va diniy dunyoqarashning, aholi orasida
aksilamerika va aksilg‘arb kayfiyatlarining kuchayishi, tegishli ravishda, butun jahonda targ‘ib etilayotgan panamerika va panevropa g‘oyalari bilan borgan sari ko‘proq to‘qnashuviga olib keladi.
Hozirgi geosiyosiy munosabatlarning to‘rtinchi asosiy tendensiyasi xalqaro xavfsizlik, global va mahalliy terrorizmga qarshi kurash talablarining jahon siyosati darajasiga ko‘tarilgani bilan xarakterlanadi. Bu jarayonning asosiy xarakterli xususiyati shundan iboratki, jahonda AQSH boshchiligida yagona antiterror koalitsiyasi barpo etilmoqda va o‘tmishda qaysi harbiy va siyosiy blokka mansub bo‘lganidan qat’iy nazar, davlatlar bu kurashdagi ishtiroki mezoniga ko‘ra guruhlarga
bo‘linmoqda. Agar bir guruh AQSH boshchiligida terrorizmga qarshi kurashda oldingi jabhadan o‘rin olgan bo‘lsa, boshqalarini “terrorni qo‘llaydigan mamlakatlar” sirasiga kiritishadi va ular bu jahonshumul kurashda nishonga aylanadilar.
Globallashuvning keng yoyilishi, uning asta-sekin jahon hamjamiyati hayotining barcha sohalariga kirib borishi – bugungi jahon sistemasi va geosiyosiy tuzilmasining beshinchi asosiy tendensiyasidir.Tadqiqotchilar jahondagi bugungi geosiyosiy o‘zgarishlarni uchta asosiy omil asosida tushuntiradilar.
Bular: 1. XXI asr boshidan globallashuv butun jahonni qamrab oldi va “millat-davlat-fuqaro” tamoyiliga asoslangan tuzilmani asta-sekin siqib chiqarmoqda;
2. Davlatlararo integratsiyaning ijtimoiy buyurtma va insoniyatning talabi sifatida xalqaro kun tartibiga qo‘yilishi, uning milliy chegaralardan chiqishi, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy hayotning barcha sohalarini qamrab olishi va unga ortga
qaytmaydigan tus berilishi;
3. Jahon siyosatining transmilliylashishi, demokratiya, fuqarolik jamiyati, inson huquqlari va erkinliklarining xalqaro munosabatlar, xalqaro huquq va xalqaro xulq-atvor asosiga qo‘yilishi va hukumatlararo, nohukumat tashkilotlari
tomonidan bu normalarning milliy davlat tuzilmalari monopoliyasidan chiqarilishi, yangi aktorlar hisobiga davlatlarning suveren huquqlarining cheklanishi.
Bu har uchchala omil nisbatan mustaqil amal qilishiga qaramay, ular hozirgi jahon siyosati va xalqaro munosabatlarning transformatsiyasi umumiy tendensiyalari doirasida bir-birini to‘ldiradi.
Ba’zi tadqiqotchilar mustamlaka imperiyalari hukmronlik qilgan, tovar-pul munosabatlari asosan ular doirasida mavjud bo‘lgan XVII-XIX asrlarda ham, bloklararo sinfiy-mafkuraviy qarama-qarshilik hukm surgan 1945-1991 yillarda ham
globallashuv mumkin emas edi, deb hisoblaydilar. Buning uchun jahonning hech bo‘lmaganda shaklan rasmiy, lekin teng huquqli davlatlardan tashkil topgan hozirgi ko‘p markazli sistemasi, shuningdek jahon miqyosida “umumiy manfaatlar” nomi ostida insoniy qadriyatlarning yagona sistemasini targ‘ib va tashviq
etadigan “rivojlangan markaz” (markaziy davlat) bo‘lishi lozim edi.
Hozirgi dunyoda globallashuv milliy-etnik chegaralardan oshib o‘tib, sayyora hayotining ko‘pdan-ko‘p – iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy, axborot va boshqa sohalariga aralashmoqda va bu bilan o‘z “faoliyatining yagona jahon makoni”ni yaratmoqda.
Sayyora iqtisodiy hayoti globallashuvini xarakterlovchi asosiy xususiyatlar (hozirgi geosiyosiy adabiyotlarda unga geoiqtisodiyot nomi berilgan) quyidagicha:
- SSSR va sotsializmning halokatidan so‘ng liberal bozor iqtisodiyotiga va ochiq, davlatlararo demokratik munosabatlarga asoslangan xo‘jalik sistemasiga yangi-yangi
davlatlarning qo‘shilishi;
- jahon iqtisodiy, xo‘jalik, bojxona, milliy-statistika va moliya-hisob sistemasining standartlashtirilishi;
- xalqaro tashkilotlar tomonidan geoiqtisodiy aloqalarning yagona jahon tuzilmasi, o‘lcham va mezonlarining ishlab chiqilishi va qo‘llanishi;
- jahon siyosatining transmilliylashtirilishi va h.k. Hozirgi vaqtda jahonda shunday vaziyat yuzaga keldiki, transmilliy korporatsiyalar qaerda xom ashyo va arzon ishchi kuchi mavjud bo‘lsa, o‘sha erda ishlab chiqarishni, qaerda maqbul bozor
bo‘lsa, o‘sha erda sotishni tashkil etmoqda (mehnat zahiralarining globallashuvi).
Jahonda shunday transmilliy korporatsiyalar ham borki, ular o‘zlari paydo bo‘lgan va yuridik shaxs sifatida ro‘yxatga olingan mamlakatda jami mahsulotining atigi 5 foyizini ishlab chiqaradi. Bunday korxonalar doim arzon xom ashyo va ishchi kuchini, jahonda maqbul ishlab chiqarish va sotish bozorlarini izlaydilar. Ular bozor, ishlab chiqarish va iste’mol tuzilmasiga uyg‘un holda butun jahonda faoliyat ko‘rsatadilar, o‘zlari harakat qilgan mamlakatlarning fuqarolarini ishga jalb qiladilar.
Masalan, yillik aylanmasi 200 milliard dollarga teng “Samsung” korporatsiyasi (Janubiy Koreya) jahonning 66 mamlakatida 340 tuzilmani tashkil etgan. Bu korxonalarda butun jahonda ishlab chiqariladigan rangli monitorlar va
kineskoplarning 17 foyizi, videomagnitofonlarning – 11 foyizi, mikroto‘lqinli o‘choqlarning – 18 foyizi uning hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkichlariga qaraganda bu korporatsiyani Janubiy Koreyaniki deb aytish va uni o‘sha mamlakat doirasiga kiritish amri mahol. Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarining hozirgi darajasi va imkoniyatlari butun jahonning geoiqtisodiy
aloqalarini – ishlab chiqarish va savdoni, tomonlarning fikr va tushunchalarini birlashtirdi, virtuallashtirdi va standartlashtirdi. Jahonda eletronika yaratgan imkoniyatlar – internet vositasida savdo, pul o‘tkazmalarining amalga
oshirilishi, xalqaro bitimlar tuzilishi va h.k.lar insonlarning geoiqtisodiy muloqotlarida chinakam inqilobiy to‘ntarish qildi va barcha milliy chegaralarni to‘zitib yubordi.
Hozirgi geoiqtisodiy globallashuvda ikki asosiy tendensiya ko‘zga tashlanmoqda. Bir tomondan, AQSH jahon geoiqtisodiyotida 407 va jahon geosiyosiy sistemasida o‘z gegemonligi rolini saqlab turibdi. Ikkinchi tomondan, bu sohalarda u global jahon
aktorlariga to‘qnash kelmoqda. Bu aktorlar unga borga sari qattiqroq qarshilik ko‘rsatmoqda va raqobatga kirishmoqda. Masalan, AQSHning ittifoqchisi bo‘lgan Evropa Ittifoqi mamlakatlari ham, Janubi-SHarqiy Osiyoning Amerika bilan
iqtisodiy raqobatga kirishgan YAponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Tayvan va boshqa rivojlangan mamlakatlari iqtisodiy ko‘p markazlilik sharoitida mustaqil tomon sifatida maydonga chiqishga va bu bilan globallashuv jarayonida AQSHga jiddiy
raqobat yaratishga harakat qilishmoqda. Geoiqtisodiy globallashuvning xarakteristikasi va tendensiyalari Agar hozirgi geoiqtisodiy globallashuvning xarakteristikasi va tendensiyalariga diqqat qilsak, shuni ko‘rishimiz mumkinki,
sayyoraning ob’ektiv taraqqiyotiga bog‘liq bo‘lgan bu jarayon davlatlar va xalqlar orasidagi muayyan omillar, yagona iqtisodiy, axborot va mehnat standartlarining yaratilishi, transmilliy inson va moddiy zahiralari, moliya va texnologiya imkonlarining taqsimlanishiga aloqador holda yuzaga chiqdi. Kim va qanday munosabatda bo‘lishidan qat’iy nazar, geoiqtisodiy globallashuv ob’ektiv va muqarrar jarayon bo‘lib, u insoniyatning hozirgi taraqqiyot tendensiyasi natijasidir.
Bugungi kunda yagona moliya, xo‘jalik, naqliyot, texnologiya, investitsiya, axborot makonlari va ularning sistemasi paydo bo‘lishiga jahonda hech kim to‘g‘anoq bo‘la olmaydi. YOki boshqa bir faktni olib ko‘raylik. Bugun jahon xo‘jalik
sistemasini liberallashtirish, investitsiyalarni hamkorlikda himoya etish, bojxona va soliq sistemasini universallashtirish shu darajaga etdiki, milliy va etnik chegaralar sof ramziy xarakterga ega bo‘lib qoldi. CHunonchi, jahonda mavjud yirik xalqaro korporatsiyalar xususiy sektor aktivlarining uchdan bir qismini o‘z qo‘llarida jamlagandir. YOki mehnat va zahiralar taqsimoti shunday holga keldiki, butun jahon qator ma’lum mamlakatlarning naqliyot vositalaridan, boshqalarning yoqilg‘i
zahiralaridan, uchinchi mamlakatlarning iste’mol mollaridan foydalanmoqda va h.k.
Bir so‘z bilan aytganda, yaxshimi yoki yomonmi, lekin globallashuv industlashtirish, kosmosni zabt qilish, electron texnologiyalarni kashf etish va h.k.lar bilan bir qatorda jahonshumul hodisa sifatida insonlar hayotiga kirib bo‘ldi.
Geoiqtisodiyot globallashuvining asosiy xususiyatlaridan biri innovatsiya jarayonlarining baynalmilallashuvi va texnologik raqobatning keskinlashuvi bilan bog‘liqdir. Hozirgi vaqtda axborotga ega bo‘lish va uning tahlili, bozor, ishlab
chiqarish jarayonlarini chuqur o‘rganish, mahsulot tashish va iste’mol qilish, kapital harakati, qo‘llanishi va joylashtirilishining asosiy yo‘nalishlarini to‘g‘ri belgilash
transmilliy geoiqtisodiy munosabatlar sistemasida har bir davlatning o‘z milliy manfaatlarini himoya qilish va ta’minlashining asosini tashkil etadi.
SHunday qilib, globallashuv keng quloch yoygani va orqaga qaytmaydigan jarayonga aylangani jahonning hozirgi geoiqtisodiy sistemasini xarakterlovchi asosiy tendensiyalardan biri bo‘lsa, boshqasi – mazkur jarayonning xavfsizligini ta’minlash, globallashtirishga sarf etilgan mablag‘lar va uskunalarni himoya qilish, ularni qo‘llanishni yanada osonlashtirish uchun qulay xalqaro sharoit yaratish borasidagi
kurashning yanada keskinlashuvidan iboratdir. Agar globallashtirishda ishtirok etayotgan transmilliy korporatsiyalar, kapitallar va texnologiyalarning asosiy egalari
yirik va rivojlangan davlatlar eaknini hisobga olsak, bu jarayonlarning boshida kim turgani hammaga besh barmoqday ayon bo‘ladi.
Jahon sistemasi negizlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgan geoiqtisodiy globallashuv quyidagilarni:
- yangi geoiqtisoliy muhitni shakllantirish;
- yangi geoiqtisodiy modellarni yaratish;
- jahon iqtisodiy hayotini boshqarishni takomillashtirishni talab qiladi.
Bu uch talab bilan bog‘liq holda tegishli xalqaro tuzilmalar va geosiyosiy aktorlar uchinchi mingyillik boshidan o‘zlarining bu yo‘nalishda olib borayotgan faoliyatini ancha faollashtirdi. Hozirgi dunyoda yangi geoiqtisodiy muhitni shakllantirish
davlatlar va xalqlarning ijtimoiy-siyosiy va madaniy rivojining oldingidan mutlaqo farq qiladigan modellarining paydo bo‘lishi bilan birga bormoqda. Ikkinchi va uchinchi mingyilliklar tutashgan vaqtda G‘arbning dengiz sivilizatsiyasi o‘z
hukmronligini to‘la ta’minlagani munosabati bilan u tomonidan bashariyatga taklif etilayotgan “liberal iqtisodiy model”ni jahon hamjamiyatining ko‘pchiligi globallashtirishning yagona unifikatsiyalashtirilgan modeli sifatida qabul qilmoqda.
Globallashtirishning asosida ayni liberal iqtisodiy model turishini g‘arb olimlari ayni shu sistema butun XX asr mobaynida barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgani va arzimagan modifikatsiyalar nazarga olinganda, barcha alternativ modellar
ustidan g‘olib chiqqani bilan izohlashadi. Hozirgi vaqtda liberal iqtisodiyot jahonning geosiyosiy yoki iqtisodiy nuqtai nazardan jinday bo‘lsa-da, ahamiyatga ega bo‘lgan
barcha mintaqalarida to‘la qaror topdi yoki qaror topmoqda. Bu sistema, aytish mumkinki, davlatning iqtisodiy sohaga aralashuvini, iqtisodiyotni boshqarishini to‘la rad qiladi va o‘z- o‘zidan boshqariladigan ishlab chiqarish va bozor munosabatlarini
qaror toptiradi.
Siyosiy adabiyotlarda “barqaror rivojlanish modeli”deb nom olgan xalqaro konsepsiya jahon iqtisodiy hayotini globallashtirish va yangi geoiqtisodiy siyosatni amalga oshirishga tatbiq etiladigan muhim modellardan biridir.
Mazkur model tabiiy va inson zahiralaridan oqilona foydalanishda, atrof muhit va ekologiya masalalarini hisobga olishda yagona standartlarni yoyishga xizmat qiladi. Lekin “barqaror rivojlanish modeli”, mohiyatan, jahon iqtisodiyotini
global boshqarish maqsadida dengiz sivilizatsiyasi yaratgan va foydalanayotgan jahon geoiqtisodiyotining navbatdagi boshqaruv konsepsiyasi va dasturidir xolos. Albatta, bu model uchinchi mamlakatlar uchun ham muayyan ahamiyat kasb etadi. Xususan, agar sayyorada 3 milliard kishi yashashning eng oddiy sharoitlaridan
ham mahrum ekanini, bu dastur butun jahon aholisining turmushi uchun muhim ehtiyojlarni ta’minlashni ko‘zda tutishini hisobga oladigan bo‘lsak, dasturning ahamiyati yanada tushunarliroq bo‘ladi. Dastur sayyoradagi insonlarning ko‘pchiligining yaxshi hayotni ta’minlash uchun intilishlariga sharoit yaratib berishni ko‘zda tutadi. Barqaror iqtisodiy rivojlanish modelining asosiy
tamoyillari insoniyatning barqarorligi va rivojini ta’minlash, hozirgi va kelajak avlodlar o‘rtasida tabiat va iqtisodiy zahiralardan foydalanishda muvozanatni ta’minlash, biosfera va tabiiy zahiralarni qo‘riqlash, barcha kishilarning eng oddiy
ehtiyojlarini qondirish va ularning yanada yaxshiroq turmushga intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, Er ekosistemasi imkoniyatlari bilan aholi o‘sish sur’atlarini muvofiqlashtirish va shu kabilardan iborat. Mazkur modelning asosiy kamchiligi shundan iboratki, global iqtisodiyotga rahbarlik qilayotgan va katta moddiy va moliyaviy imkoniyatlarga ega bo‘lgan transmilliy korporatsiyalar va xalqaro
moliyaviy markazlar o‘z faoliyatini sayyoraning imkoniyatlariga muvofiqlashtirish, taraqqiyotning global talablari bilan atrof muhit o‘rtasida sog‘lom muvozanat o‘rnatish o‘rniga tabiatni o‘zlashtirishdan keladigan daromadlarni cho‘ntakka uryapti, yuzaga keladigan muammolarga etarlicha e’tibor bermayapti. Rivojlangan, muhim moliyaviy va texnologik imkoniyatlarga ega bo‘lgan davlatlar va ularga qarashli ulkan transmilliy kompaniyalar globallashtirishning asosiy harakatlantiruvchi
kuchidir. Ular orasida AQSH, YAponiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan davlatlar alohida ajralib turadi.
Tadqiqotchilar jahon geosiyosiy xaritasida globallashtirish harakatini uchta asosiy iqtisodiy makonga ko‘ra guruhlarga bo‘ladilar:
- SHimoliy Atlantika, Tinch okeani va Janubiy makroiqtisodiy makon;
- YUksak statusga ega bo‘lgan erkin zonalar (bu makonda davlat boshqaruvi doirasidan chetda turadigan moliyaviy-bank va boshqa transmilliy korporatsiyalar ko‘proq faoliyat ko‘rsatadi);
- Ko‘proq kriminal iqtisodiyotga ega transmilliy mintaqalar (bu makonda yillik aylanmasi 400-500 milliard dollarni tashkil etadigan ulkan narkotik ishlab chiqaruvchilar va narkobaronlar o‘z geografik “uchburchagi”ni yaratgan).
Globallashtirishda ishtirok etayotgan davlatlar va birlashmalarning boshida AQSH va YAponiya turibdi. Umuman, ulardan tashqari bu jarayonda Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Kanada, shuningdek “Janubning katta ettiligi” 411
hisoblanadigan Xitoy, Hindiston, Braziliya, Indoneziya, Meksika, Janubiy Koreya va Tailand ham ajaralib turadi. Agar XX asrning oxirgi o‘n yilligida SHimoliy Amerikaning rivojlangan mamlakatlarining yalpi mahsulot ishlab chiqarish
hajmidagi hissasi 53 foyizdan 46 foyishga tushgan bo‘lsa, Osiyo- Tinch okeani havzasi mamlakatlari o‘z hissasini 19 foyizdan 28 foyizga etkazdi, rivojlanayotgan mamlakatlarning hissasi 35 foyizdan 48 foyizga ko‘tarildi. Xitoy jahon mahsulot ishlab chiqarishidagi hissasini 8 foyizdan 15 foyizga olib chiqdi. Bu
globallashuv o‘z ichki taraqqiyot qoidalariga muvofiq, ishlab chiqarish va investitsiyalarni ancha maqbulroq mamlakat va mintaqalarga ko‘chirayotganini yana bir marta isbotlaydi. Bugungi kunda jahon globallashuv faoliyatining an’anaviy markazlari Nyu-York, Tokio, Londondan asta-sekin Gonkong, Singapur,
Istanbul va Moskvaga ko‘chmoqda.