Xalqaro siyosiy integratsiya jahon siyosiy hayotini globallashtirishga ta’sir ko‘rsatuvchi yana bir muhim omil hisoblanadi. Jahonda demokratiyalashni transmilliy siyosat darajasiga ko‘tarish, bu jarayonga yangi-yangi davlatlarning kirishi
yoki jalb etilishi va shu asosda G‘arb dunyosi bilan keng siyosiy aloqa bog‘lashlari xalqaro siyosiy integratsiyaning poydevorini tashkil etadi. Siyosiy integratsiyaning mohiyati va asosiy vazifalari jahonda va xalqaro munosabatlar sistemasida demokratik davlatlar sonini ko‘paytirish va rolini oshirishdan, demokratiya va inson
huquqlari masalalari bilan shug‘ullanadigan xalqaro hukumatlararo va nohukumat tashkilotlarini barpo etish, ularga homiylik qilish hamda nodemokratik deb hisoblanadigan davlatlarning ichki hayotini liberallashtirish maqsadida ulardan
foydalanishdan iborat. Hozirgi vaqtda jahonda siyosiy sistema xususiyatlari va
davlatlar tasnifi bilan shug‘ullanadigan maxsus intitutlar va nohukumat tashkilotlari bor. Ularning asosiy vazifasi mamlakatlarning siyosiy va ijtimoiy rivoji darajasini ayrim-ayrim sohalar bo‘yicha o‘rganishdan, demokratiya darajasiga ko‘ra ularning ichki boshqaruvi xarakterini va jahon davlatlari qatoridagi o‘rnini aniqlashdan iboratdir. Bu faoliyat stixiyali tarzda paydo bo‘lgan va kimningdir ermagi sifatida amalga oshiriladigan jarayon emas. Uning mohiyati hozirgi dunyo siyosatida
gegemon rolini o‘ynayotgan AQSH va uning NATOdagi ittifoqchilari – G‘arbiy Evropa davlatlarining global jahon siyosatidan iborat.
Amerikaning “Erkin uy” (“ Freedom House”), EXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari Byurosi, Evropa Kengashi va uning tarkibidagi organlar, ayrim xalqaro nohukumat tashkilotlari butun jahonda demokratiyalashning ahvolini
o‘rganib turadi, ro‘y berayotgan jarayonlarga aralashadi, jahon siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etadi. Agar o‘tmishda qachonlardir boshqaruvning shakli, siyosiy xarakterini demokratik yoki nodemokratik deb hisoblash xalqaro munosabatlar sistemasining emas, balki har bir mamlakatning
suveren huquqi va ichki ishi hisoblangan, bu suveren huquq tegishli ravishda xalqaro normalar bilan quvvatlab turilgan bo‘lsa, hozirda demokratiya, inson huquqlari va erkinliklariga rioya etish jahon siyosati va xalqaro muloqotlarning asosiy
talablaridan biriga aylanib bormoqda. Bugungi kunda xalqaro hamjamiyatda misli ko‘rilmagan darajada keng quloch yoygan globallashtirish, mintaqaviy
integratsiya va transmilliy jahon siyosatini yurgizish davlatlarning ichki va tashqi siyosatining o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirdi. Davlatlarni xalqaro munosabatlar sistemasiga jalb qilish, ularning xalqaro huquq ta’minlab bergan imkoniyatlar
hisobiga o‘z geostrategik manfaatlarini ta’minlashi, birgalikda yashashning madaniy normalari bilan tartibga solinadigan jahon siyosatida qatnashishi ularning ichki siyosati xarakteriga, mamlakatda demokratiya va inson huquqlariga rioya etilishiga
bog‘liq holga keltirilmoqda. Xuddi geoiqtisodiy integratsiya davlatlar o‘rtasidagi
to‘siqlarni, investitsiya, texnologiya va mehnat zahiralaridan foydalanish sohasidagi cheklovlarni, “mamlakat-davlat” biqiq doirasini oradan ko‘targani singari, siyosiy integratsiya ham demokratiya va siyosiy plyuralizm normalariga muvofiq ravishda
davlatlar ichki boshqaruvi sistemasini, “hokimiyat-fuqaro” munosabatlarini shakllantirishni, yagona normalar va qadriyatlar asosida hokimiyatni o‘zgartirish va almashtirish qoidalarini universallashtirishni, bu sohadagi ishlarni “g‘arb standartlari” deb taqdim etilayotgan tamoyillarga muvofiqlashtirish va ularga
amaliyotda rioya etilishi ustidan xalqaro nazoratni qo‘llanishni ko‘zda tutadi.
Amerikaning “Erkin uy” tashkilotining hisob-kitoblariga qaraganda, agar 1972 yilda jahonning 192 davlatidan 42 tasi demokratik va “erkin” hisoblangan bo‘lsa, 2008 yilda 203 davlatdan 96 tasi bu kategoriyaga kiritilgan. SHunday qilib, butun jahonda transmilliy demokratiyalash to‘lqini mavj urmoqda. Jahonning demokratik rivoji tarixida uchinchisi hisoblanadigan bu bosqichning (to‘lqinning) asosiy
xususiyatlaridan biri – uning chinakamiga global miqyosda ekanidadir. Hozirgi vaqtda bir necha mamlakatni (ba’zi islom davlatlari, SHimoliy Koreya va Kubadagi kommunistik rejimlarni) istisno etganda, jahon davlatlarining ko‘pchiligida
u yoki bu darajada demokratiyalash jarayonlari sodir bo‘lmoqda.To‘g‘ri, garchi hozirgi vaqtda demokratiyalashning muayyan standart talablari va mezonlari bo‘lsa-da, shunga qaramay, milliy tiynatning o‘ziga xosligi, har bir mamlakatning tarixiy,
ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy rivoji, dastlabki imkoniyatlarning notengligi va boshqa xususiyatlarni hisobga oladigan bo‘lsak, ularning demokratik rivojini va sur’atini qandaydir yagona qolip asosida baholash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bunday 423
mamlakatlarda demokratik transformatsiya global demokratiyalash shaklida emas, balki o‘ziga xos sxema va ichki qonuniyatlarga muvofiq, ko‘proq milliy doirada amalga oshiriladi. Bugungi kunda jahonda demokratiyaning asosiy panohi hisoblanadigan AQSH va Evropa, mohiyat e’tibori bilan, mamlakatlarni bir
vaqtning o‘zida, bir xil sharoitda va yagona standartlarga muvofiq demokratiyalash fikridan yiroq. SHuning uchun ularning SHarqiy Evropa, SSSRning sobiq respublikalari, Janubi-SHarqiy Osiyo, Latin Amerikasi va Afrika mamlakatlari, islom va arab dunyosiga yo‘naltirilgan demokratik transformatsiya dasturlari bir-
biridan tubdan farq qiladi. Ayni chog‘da bu dasturlarning hammasini yagona sistema, asos tamoyillar va standartlar birlashtiradi. Davlat boshqaruvini demokratiyalash, inson va fuqarolar huquqlarini ta’minlash, fuqarolik jamiyati va siyosiy plyuralizmni qaror toptirish ana shunday asos tamoyillardandir. Ba’zi tadqiqotchilarning mazkur tamoyillarni amalga oshirish “jahon davlatlarini qachondir universal va yagona demokratik modelga olib keladi” degan fikrlari hozircha xomxayoldan boshqa narsa emas.
Ma’lumki, jahonda mavjud sistemalar, boshqaruv rejimlarining ko‘p asrlik tarixi, aholi o‘rtasida normaga aylangan o‘z qadriyatlari, har bir xalqning odat va an’analariga asoslanadigan o‘ziga xos xususiyatlari bor. Binobarin, bu
mamlakatlarning har birida demokratik rivojlanish “transmilliy xususiyatlar” va standartlarga muvofiq shaklda emas, balki o‘ziga xos ichki ehtiyojlar shaklida amalga oshiriladi. Bu mamlakatlarning ba’zilarida demokratiyalash diktatura
rejimlarini liberallashtirish (yuqorining tashabbusi bilan matbuot va axborot ustidan o‘rnatilgan senzurani yumshatish, nohukumat va fuqarolik jamiyati tashkilotlariga faoliyat ko‘rsatishlari uchun imkon yaratish, siyosiy mahbuslar va siyosiy muhojirlarni afv etish, milliy daromad taqsimoti jarayoni shaffofligini ta’minlash, siyosiy muxolifat faoliyatiga yo‘l berish va shu kabilar) tarzida amalga oshiriladi.
Boshqa mamlakatlarda bu jarayon demokratik institutlashtirish va uning standartlariga rioya qilish (hokimiyatga kelishni istayotgan muxoliflarga siyosiy kurash uchun
sharoit yaratish, hokimiyatning taqsimlanishini ta’minlash, qonun ustuvorligi, erkin saylovlar va h.k.) yo‘sinida amalga oshiriladi. Transmilliy demokratiyalash to‘lqini asosan yillar mobaynida liberallashtirish jarayoni amalga oshirilayotgan, jamoatchilik
fikri, mamlakat aholisining ko‘pchiligi demokratik institutlashtirishga tayyor bo‘lgan mamlakatlarni qamrab oladi. Boshqacha qilib aytganda, bu jarayon legal, legitim hokimiyat bilan muxolifat o‘rtasidagi munosabatlar, saylovda g‘olib chiqqan va
mag‘lub bo‘lganlarning huquqlari birday himoya etilishi va hokazo.