Kommunikativ kompetensiya - ijtimoiy vaziyatlarda ona tilida hamda birorta xorijiy tilda o‘zaro muloqotga kirisha olishni, muloqotda muomala madaniyatiga amal qilishni, ijtimoiy moslashuvchanlikni, hamkorlikda jamoada samarali ishlay olish layoqatlarini shakllantirishni nazarda tutadi.
Axborotlar bilan ishlash kompetensiyasi - mediamanbalardan zarur ma’lumotlarni izlab topa olishni, saralashni, qayta ishlashni, saqlashni, ulardan samarali foydalana olishni, ularning xavfsizligini ta’minlashni, media madaniyatga ega bo‘lish layoqatlarini shakllantirishni nazarda tutadi.
O‘zini o‘zi rivojlantirish kompetensiyasi- doimiy ravishda o‘z-o‘zini jismoniy, ma’naviy, ruhiy, intellektual va kreativ rivojlantirish, kamolotga intilish, hayot davomida mustaqil o‘qib-o‘rganish, kognitivlik ko‘nikmalarini va hayotiy tajribani mustaqil ravishda muntazam oshirib borish, o‘z xatti-harakatini muqobil baholash va mustaqil qaror qabul qila olish ko‘nikmalarini egallashni nazarda tutadi.
Ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasi - jamiyatda bo‘layotgan voqea, hodisa va jarayonlarga daxldorlikni his etish va ularda faol ishtirok etish, o‘zining fuqarolik burch va huquqlarini bilish, unga rioya qilish, mehnat va fuqarolik munosabatlarida muomala va huquqiy madaniyatga ega bo‘lish layoqatlarini shakllantirishni nazarda tutadi.
Milliy va umummadaniy kompetensiya - vatanga sadoqatli, insonlarga mehr-oqibatli hamda umuminsoniy va milliy qadriyatlarga e’tiqodli bo‘lish, badiiy va san’at asarlarini tushunish, orasta kiyinish, madaniy qoidalarga va sog‘lom turmush tarziga amal qilish layoqatlarini shakllantirishni nazarda tutadi.
Matematik savodxonlik, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lish hamda foydalanish kompetensiyasi - aniq hisob-kitoblarga asoslangan holda shaxsiy, oilaviy, kasbiy va iqtisodiy rejalarni tuza olish, kundalik faoliyatda turli diagramma, chizma va modellarni o‘qiy olish, inson mehnatini yengillashtiradigan, mehnat unumdorligini oshiradigan, qulay shart-sharoitga olib keladigan fan va texnika yangiliklaridan foydalana olish layoqatlarini shakllantirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, har bir umumta’lim fanining mazmunidan kelib chiqqan holda o‘quvchilarda fanga oid umumiy kompetensiyalar ham shakllantiriladi.
Kompetensiyalar o‘quvchilarni turli ko‘nikmalarni egallash, kelajakda ijtimoiy, kasbiy va shaxsiy hayotlarida samarali harakat qilishga xizmat qiladi, shuningdek, bunday kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan ta’lim o‘quvchilarda mustaqil, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lish, tashabbuskorlik, mediaresurslar va axborotkommunikatsiya texnologiyalaridan o‘z faoliyatida oqilona foydalana olish, ongli ravishda kasb-hunar tanlash, sog‘lom raqobat hamda umummadaniy ko‘nikmalarni shakllantiradi. Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, boshlang’ich sinf ona tili darslarida o’quvchilarda tayanch kompetensiyalarni shakllantirish, umuman olganda, hamma fanlarda barcha kompetensiyalarni o’quvchilarda shakllantirish, ularni kelajakda o’z faoliyatlari jarayonida, oilada, jamiyatda va barcha jabhalarda o’z o’rnini topishga xizmat qiladi. Darslar davomida kompetensiyalarni o’z o’rnida va to’g’ri qo’llanilishi ko’zlangan natijaga erishishda yuqori samara beradi.
Quyida joriy DTSni tahlil qilishga urinamiz. Bu ta’lim standarti avvalgilaridan bir qancha tomoni bilan farqlanadi. Avvalo, unda ta’lim jarayoniga kompetensiyaviy yondashuv ustuvorlik qiladi. Tayanch va fanga oid kompetensiyalar belgilab olingan, shu asosda, o‘quvchilar o‘zlashtirishi kerak bo‘lgan minimal talablar chegaralangan. Qolaversa, fanlarga integratsion yondashuv ham sezilib turadi. Mazkur DTSda ona tili fani bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim bitiruvchilariga qo‘yilgan malaka talablari tarkibida o‘qib tushunish malakasiga belgilangan minimal talablar quyidagicha qayd etilgan:
“nutqiy kompetensiya:
O‘qish:turli janrdagi matnlarni ifodali va ta’sirchan o‘qiy oladi, gapning ifoda maqsadi, his-hayajon, sodda va qo‘shma gaplar ohangiga rioya qilib o‘qiydi”.11 Mazkur talablardan ko‘rinadiki, o‘quvchining o‘qib tushunish malakasini rivojlantirish va baholash talablarini ishlab chiqish yuzasidan yechimini kutayotgan bir qancha muammo bor.
Shu bilan birga, DTSda belgilangan talablarni bajarilishini tekshirishda, ya’ni bitiruvchilarning BKM va kompetensiyalarini baholashda quyidagi nazorat turlaridan foydalanilishi keltirib o‘tilgan:
– ichki nazorat;
– tashqi nazorat;
– davlat-jamoat nazorati;
– yakuniy davlat attestatsiyasi.
Bir so‘z bilan aytganda, amaldagi DTSda ham bitiruvchilarning bilim, ko‘nikma, malaka va kompetensiyalarini baholashda qo‘llaniladigan nazorat turlarigina keltirilib o‘tilgan, ammo baholash formati, mezonlari hamda baholashda foydalaniladigan topshiriqlar soni, turlari, metodikasi va mazmuni yuzasidan aniq me’yorlar belgilanmagan. O‘quvchilarning fanlar yuzasidan o‘zlashtirgan bilim, egallagan ko‘nikma, malaka va layoqatlarini baholash mezonlari va tekshirishda foydalaniladigan topshiriqlar metodikasini tanlash, ishlab chiqish o‘qituvchilar zimmasida qoldirilgan.
DTS o‘z mohiyatiga ko‘ra, o‘quv dasturlarini yaratish uchun asos bo‘lsa, o‘quv dasturlari asosida esa darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari ishlab chiqiladi. “O‘quv dasturi – ta’lim tizimidagi har bir o‘quv fanining mazmuni va o‘tilish tartibini, o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan bilim hamda ko‘nikmalar hajmini belgilab beradigan rasmiy pedagogik hujjat”.12 Darhaqiqat, o‘quv dasturida fan yuzasidan o‘quvchilarga o‘qitiladigan mavzular va bilimlar majmui keltiriladi. Shu bilan birga, o‘quv dasturlari ta’limdagi yondashuv va metodlarni ham belgilash asos vazifasini o‘taydi. Shuning uchun o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda alohida e’tiborni talab etadi. Shu o‘rinda shuni ta’kidlashimiz kerakki, ona tili ta’limi o‘ziga xoslikni, alohida yondashuvni taqozo etadi, chunki tilni egallash ko‘p komponentli jarayon, unda muloqot malakalari – tushunish va tushuntirish – nutqiy ko‘nikmalar rivojlantiriladi. Shuning uchun ham ona tili fani tarix fani singari o‘rganiladigan, asosan bilim hosil qiladigan fan emas, balki egallanadigan, o‘zlashtiriladigan, layoqat hosil qilinadigan fanlar sirasiga kiradi. Shu bois til o‘qitishda vaqt va davr nuqtai nazaridan o‘ziga xos yondashuvlar, tadrijiy metodikalar qo‘llanib kelmoqda.
Ma’lumki, jahon tajribasida til o‘qitishda foydalaniladigan metodlar tilga, o‘rganuvchiga va o‘rganish hodisasiga nisbatan yondashuviga ko‘ra bir-biridan farq qiladi13. Shundan kelib chiqib, til ta’limi hozirga qadar quyidagi yondashuvlar asosida amalga oshirilib kelmoqda desak xato bo‘lmaydi.
– grammatik strukturalarga asoslangan yondashuv;
– ehtiyojlarga asoslangan yondashuv;
– kommunikativ mashg‘ulotlarga asoslangan yondashuv.
Grammatik strukturalarga asoslangan yondashuvda til ta’limida oldindan grammatik qonuniyatlar va grammatik shakllar to‘liq belgilab olinadi va soddadan murakkabga qarab izchil, “chiziqli” tarzda o‘rgatishga, grammatik qonuniyatlarni mukammal bilishga, tahlil qilishga e’tibor beriladi.
Ehtiyojlarga asoslangan yondashuvda asosan tilning qo‘llanishi va o‘rganuvchining ehtiyojlariga asoslanadi. Ular oldindan ehtiyojga kerakli bo‘lgan grammatik struktura va kommunikativ vazifalar tanlab olinadi va tartiblanadi. Shunga xizmat qiladigan mashq, topshiriq va savollar orqali o‘rgatishga harakat qilinadi.
Kommunikativ mashg‘ulotlarga asoslangan yondashuvda o‘rganuvchiga kommunikativ mashg‘ulot yoki muammoni hal qilish vazifalari orqali til o‘rganishga imkoniyat yaratiladi. Bir so‘z bilan aytganda, bu yondashuvda “mazmunga asoslanish oxir-oqibat til strukturasini va kommunikativ malakani egallashga olib keladi”, deb qaraladi va shunga urg‘u beriladi. Grammatik qonuniyatlar va kommunikativ vaziyatlar “chiziqli” tarzda emas, balki “spiralli” tarzda o‘qitiladi.
Olima M.Abduraimova ta’kidlaganidek, “grammatizmga asoslangan o‘qitish usuli o‘quvchi-yoshlarning ko‘pchilik qismida ijodiylik, mustaqil fikrlash, vaziyatga qarab fikr ifodalash ko‘nikmalarining past bo‘lishiga olib keldi. Mavjud holat ko‘p jihatdan ona tili ta’limining maqsadi, mazmuni va usuliga aloqador bo‘lib, uni yangilash hayotiy zaruratga aylandi”14.Darhaqiqat, tadiqiqotlarimiz shuni ko‘rsatadiki, mustaqillikdan so‘ng to hozirgi kunga qadar ona tili ta’limida grammatizmga asoslangan yo‘nalish ustuvor bo‘ldi. Buni o‘quv dasturlaridagi yondashuvdan ham yorqin ko‘rishimiz mumkin. Ona tili fanidan ishlab chiqilgan ilk o‘quv dasturida ham, 2010 yilda ishlab chiqilgan o‘quv dasturida ham, amaldagi o‘quv dasturida ham grammatik strukturalarga asoslangan yondashuv bo‘yicha mavzular taqsimlangan va tartiblashtirilgan. Darsliklar ham shu asosida yozilgan. Xususan, amaldagi o‘quv dasturlarini tekshirib chiqsak, unda ham til strukturasini o‘rgatish ustuvor. Jumladan, 1–4-sinflarda alifbodan boshlab, sodda sintaktik birliklar haqidagi mavzular, 5–9- sinflarning o‘quv dasturlarida esa nutq tovushidan boshlab, qo‘shimcha, so‘z, so‘z birikmasi, gap, qo‘shma gap kabi birliklar haqidagi mavzular sistema sifatida soddadan murakkabga, osondan qiyinga qarab taqsimlangan. 10–11-sinflarning o‘quv dasturlarida esa nutq uslublari, til birliklarining qo‘llanish qoidalari, nutq madaniyati yuzasidan mavzular qayd etilgan. Bu shuni ko‘rsatadiki, ona tili ta’limida grammatik shakllar va qonuniyatlarni soddadan murakkabga qarab uzluksiz tarzda chiziqli-tartibli o‘qitishga urg‘u berib kelinmoqda. Til o‘rgatishdan maqsad bo‘lgan nutqiy vaziyat, kommunikativ mashqlar bilan ishlash esa ikkinchi planga tushib qolgan. Bu esa o‘quvchilar nutqiy malakalarni rivojlantirishga, ularda o‘z tafakkur mahsuli bo‘lgan shaxsiy mulohazalarini nutqiy vaziyat, nutq ishtirokchilarining xususiyatlaridan kelib chiqib to‘g‘ri va ta’sirli ifodalash hamda o‘zgalarning nutqini anglash, idrok qilish, ularni tushunish ko‘nikmasini rivojlantirishga deyarli e’tibor qaratilmasligiga sabab bo‘lgan. Demak, o‘quv dasturida til o‘qitishdagi yondashuvni o‘zgartirish lozim, nutqiy vaziyatlarga tayyorlash, kommunikativ mashg‘ulotlarni bajarishga, hayotni o‘rgatishga yo‘naltiradigan o‘quv dasturini ishlab chiqish – davr talabi.
Yangi ishlab chiqiladigan DTS va o‘quv dasturida mavzular kommunikativ vaziyatlarga, ya’ni o‘quvchilarning nutqiy malakalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan mashg‘ulot mavzulariga asoslanishi kerak hamda har bir mavzu bo‘yicha formativ baholash uchun muayyan mezonlar, indikatorlar va baholashda foydalaniladigan topshiriqlar uchun aniq metodikalar tavsiya etilishi, shu bilan birga, har bir sinf uchun summativ baholash formatlari, mexanizmi, baholash mazmuni va indikatorlari, topshiriqlar soni va metodikasi baholash mezonlari hamda ballar koeffitsienti taqdim qilinishi shart. Shuningdek, izlanishlarimiz shuni ko‘rsatadiki, mustaqillikdan so‘ng ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilgan DTS va o‘quv dasturlarida muayyan darajada nazorat turlari haqida ma’lumot berilgan bo‘lsa-da, ammo o‘quvchilarning o‘qib tushunish malakasini na formativ baholash jarayoni, na summativ baholash jarayoni baholash mexanizmi, formati, baholash indikatorlari, topshiriqlar soni, ularning metodikasi yuzasidan aniq tavsiyalar berilmagan hamda namunaviy variantlar ishlab chiqilib taqdim etilmagan. Joriy-kunlik baholash va yakuniy baholash jarayonida o‘quvchining o‘qib tushunish ko‘nikmasini baholash mexanizmini, mezonlarini belgilash o‘qituvchilar zimmasida qoldirilgan. Bu o‘zining salbiy oqibatlarini ko‘rsatayotir.