– grammatikaga oid o‘zlashtiriladigan me’yorlar;
– amaliy ko‘nikma va malakalar. Grammatikaga oid o‘zlashtiriladigan me’yorlarda keng ma’noda o‘quvchi tomonidan bilish va o‘zlashtirish lozim bo‘lgan fonetika, leksikologiya, so‘z tarkibi va yasalishi, morfologiya, sintaksis, yozuv va imlo, tinish belgilari, stilistikaga oid tushuncha va grammatik atamalar qayd etilgan.
Amaliy ko‘nikma va malakalarda o‘quvchi tomonidan egallanadigan amaliy ko‘nikma va malakalar qayd etilgan. Ular uchga ajratiladi:
– o‘qish texnikasi bo‘yicha amaliy ko‘nikma;
– o‘zgalar fikrini anglash malakasi;
– fikrni yozma shaklda bayon etish malakasi.
Ushbu amaliy ko‘nikma va malakalar bo‘yicha miqdoriy va sifat ko‘rsatkichlari yuzasidan talablar belgilangan.
O‘qish texnikasi bo‘yicha miqdoriy ko‘rsatkichlarda 1 daqiqada 120-130 ta so‘z o‘qish, sifat ko‘rsatkichlarda murakkab tipdagi ilmiy atama, ramz, mumtoz adabiyot namunalari, so‘z va iboralar ma’nosini anglagan holda to‘g‘ri va ravon o‘qish belgilangan.
O‘zgalar fikri va matn mazmunini anglash malakasi bo‘yicha miqdoriy ko‘rsatkichlarda 10 daqiqada 5-6 sahifa matnni o‘qib tushunish, sifat ko‘rsatkichlarida og‘zaki nutqning aniqligi, matn mazmunining mos bo‘lishi, to‘g‘ri, ravon va ta’sirchan bo‘lishini anglash talab etiladi.
Fikrni yozma shaklda bayon etish malakasi bo‘yicha miqdoriy ko‘rsatkichlarda 12-14 gapdan iborat bo‘lgan tugal matn yaratish, sifat ko‘rsatkichlarida – matndagi gaplarning mazmunan o‘zaro bog‘liqligi va aloqadorligi ko‘rsatilgan mavzu doirasida birlashishi, tinish belgilarini to‘g‘ri qo‘yish, matndagi xatboshilarning yaxlitligi va fikr izchilligini ta’minlash, o‘rganilgan ifoda vositalarini o‘rinli qo‘llay olish va ularning uslubiy imkoniyatlaridan foydalana olish, ish qog‘ozlarini yoza olish belgilangan.
O‘rganishlarimizdan ma’lum bo‘ladiki, 1999 yil 16 avgustda tasdiqlangan va amaliyotga joriy etilgan ilk DTSda o‘quvchilarning BKMlarini baholash mexanizmi, mazmuni, formati va mezonlari yuzasidan aniq tartib keltirilmagan. Bundan ayon bo‘ladiki, o‘quvchining fanlar yuzasidan egallagan BKMlarini baholash tartibini, mezonlarini belgilashda fan o‘qituvchining shaxsiy salohiyatiga tayanilgan – belgilash ularga yuklatilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 16 oktyabrdagi “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi8 400-son qarori qabul qilinadi. Ushbu qarorda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlari va unga qo‘yilgan minimal talablar keltirilgan. Mazkur DTSni tahlil qilib, o‘rganib chiqdik. Umuman, unda keltirilgan o‘quvchilar ona tili fanidan egallashi zarur bo‘lgan BKMlarni quyidagicha deb olishimiz mumkin:
1) o‘zbek adabiy tili, uning bo‘lim va birliklari yuzasidan nazariy bilimlarni chuqur o‘zlashtirish, so‘z tarkibi, ma’nosi, yasalishi, morfologik qurilishi va gap bo‘laklarini tahlil qilish ko‘nikmasini egallash;
2) so‘zlash va yozish malakalarini egallash.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, mazkur DTSda o‘rta ta’lim bitiruvchilari egallashi lozim bo‘lgan malaka talablarining aniq miqdoriy ko‘rsatkichlari qayd etilmagan, aniq belgilanmagan. Shuningdek, o‘quvchilar BKMlarini baholashning aniq formati, mexanizmi, me’yorlari, mezonlari hamda baholashda foydalaniladigan topshiriqlar soni, turlari, qiyinlik darajasi va metodikasi keltirilmagan, ammo BKMlarni baholash va standartda keltirilgan minimal talablar bajarilganligini tekshirishda qo‘llanadigan nazorat turlari qayd etilgan. Ular quyidagilar9:
– kirish nazorati;
– joriy nazorat;
– oraliq nazorat;
– yakuniy nazorat.
Izlanishlarimizdan ma’lum bo‘ladiki, 2000 yil 16 oktyabrdagi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarida bitiruvchilarning BKMlarini baholash, nazorat qilish usullari yuzasidan muayyan tartiblar keltirilgan bo‘lsa-da, baholash formati, mazmuni, mezonlari hamda baholashda foydalaniladigan topshiriqlar miqdori, metodikasi va mazmuni yuzasidan aniq me’yorlar qayd etilmagan. Bundan ma’lum bo‘ladiki, o‘quvchining fanlar yuzasidan egallagan BKMlarini baholash tartibini, mezonlarini belgilash o‘qituvchining individual tajribasiga havola qilingan.
2010 yilga kelib zamon talabi asosida ikkinchi avlod DTS va o‘quv dasturlari paydo bo‘ldi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “O‘zbekiston uzluksiz ta’limning Davlat ta’lim standartlari: Umumiy o‘rta ta’limning Davlat ta’lim standarti”10 ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Mazkur DTS va O‘Dlarida ham grammatikaga oid o‘zlashtiriladigan bilimlar va nutqni o‘stirish yuzasidan ko‘nikma va malakalar alohida qayd etilgan. Shuningdek, umumiy o‘rta ta’limda har bir sinf o‘quvchilari o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalar alohida-alohida va aniq belgilangan. O‘quvchilar o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan BKMlarni tahlil qilib chiqsak, ularda asosan grammatik bilim va sof nazariy tahlil ko‘nikmasini rivojlantirishga urg‘u berilgan, o‘quvchilarga lingvistik tahlil qilishni batafsil o‘rgatishga ustuvorlik berilgan. Shu bilan birga, o‘quvchilarda o‘z fikrini yozma ifodalashga oid ko‘nikmalarni egallashga ham e’tibor qaratilgan. Grammarik qonuniyatlar ham izchil – soddadan murakkabga qarab o‘rgatib boriladi.
Mamlakatimizda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va islohotlar, tabiiyki, ta’limda kompetentli yondashuvni talab etmoqda. Ta’limda kompetensiyaviy yondoshuv deyilganda, o’quvchilarning shaxsiy, kasbiy va ijtimoiy hayotlarida uchraydigan vaziyatlarda egallagan turli xildagi malakalarini samarali ravishda qo’llashga o’rgatish tusuniladi. Shuningdek, bunday yondashuvga asoslangan ta’lim o‘quvchilarda mustaqil, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lish, tashabbuskorlik, mediaresurslar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan o‘z faoliyatida oqilona foydalana olish, ongli ravishda kasb-hunar tanlash, sog‘lom raqobat hamda umum-madaniy ko‘nikmalarni shakllantiradi. O‘qituvchilar o‘z faoliyatida shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy va kasbiy munosabatlarga kirishishi, jamiyatda o‘z o‘rnini egallashi, duch keladigan muammolarning yechimini topishi, eng muhimi, o‘z sohasi, kasbi bo‘yicha raqobatbardosh bo‘lishi uchun zarur tayanch kompetensiyalarga ega bo‘lishlari va darslar davomida o’quvchilar ongiga singdirib borishlari lozim. Inson o’z hayotida shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy va kasbiy munosabatlarga kirishishi, jamiyatda o’z o’rnini egallashi, duch keladigan muammolarning yechimini hal etishi,eng muhimi o’z sohasi, kasbi bo’yicha raqobatbardosh kadr bo’lishi uchun zarur bo’lgan tayanch kompetensiyalarga ega bo’lishi lozim. Xo‘sh, hozirgi kunda kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan DTS nima uchun zarur bo‘lib qoldi? Bu savolga javob berish uchun “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ning asosiy tarkibiy qismlariga e’tibor qaratish lozim.Ya’ni ta’lim tizimi, shaxs, davlat va jamiyat, fan va ishlab chiqarishdan iborat bo‘lgan milliy modelning ayrim qismlaridagi ulkan o‘zgarishlar, xususan, davlat va jamiyatning tubdan o‘zgarishi, hayotimizga kirib kelgan axborot-kommunikatsion vositalar, fanning eng so‘nggi yutuqlariga asoslangan zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari va oldingi yoshlardan tubdan farq qiluvchi o‘zgacha fikrlovchi yoshlarning vujudga kelganliklarini javob tariqasida aytish mumkin. O‘zbekiston Respublikasida ta’limning uzluksizligi, uzviyligi, o‘quvchi shaxsi va qiziqishlari ustuvorligidan kelib chiqib, ularning yosh xususiyatlariga mos ravishda quyidagi tayanch kompetensiyalar shakllantiriladi.