Odam tomonidan tashqi dunyo predmetlarini va voqea-hodisalarini idrok qilish ikki xil yo‘l bilan vujudga keladi;
Ixtiyoriy idrok qilish.
Ixtiyorsiz idrok qilish.
Shaxsning aniq maqsad asosida muayyan ob’ektni idrok qilishi ixtiyoriy idrokdir. Ixtiyoriy idrokning zarur shartlari diqqat va kuzatish-kuzatuvchanlikdir. Kuzatuvchanlik qobiliyati shaxsning nihoyatda qimmatli sifati bo‘lib, kuzatuvchan odam idrok qilinayotgan narsa va hodisalardagi o‘xshashlik va tafovutlarni aniq payqaydi, ularning eng muhim xususiyatlarini bir-biridan tez va to‘g‘ri ajrata oladi.
Kuzatuvchanlik qobiliyati odamning mavjud sharoitni to‘g‘ri tushunishiga, tevarak-atrofdagi voqea va hodisalarni samarali o‘rganishiga imkon beradi.
Odamning predmet va hodisalarni ma’lum reja asosida izchil ravishda aniq maqsadni ko‘zlagan holda idrok qilishi kuzatish yoki kuzatuvchanlik deb aytiladi. Kuzatuvchanlik shaxsning predmet, voqea-hodisalarni va ularga xos barcha sifatlarni durust, to‘g‘ri, aniq qabul qilishning zaruriy sharti hisoblanadi.
Shaxsning muayyan maqsadni ko‘zlamagan holda u yoki bu narsani qabul qilishi ixtiyorsiz idrokdir. Butun diqqati bilan leksiya tinglayotgan talaba bir vaqtning o‘zida koridordagi shovqinni ham idrok qiladi. Odam gulzorga kirganda, garchi bir nechtagina gulni uzmoqchi bo‘lsa ham, gulzordagi boshqa gullarni ham idrok qiladi. Ayrim hollarda odam bo‘lmagan ta’sirotlarni ham idrok etadi (bo‘lmagan predmetning ko‘zga ko‘rinishi, bo‘lmagan tovushning quloqqa eshitilishi va h.k.). Bularning hammasi ixtiyorsiz idrokning misollaridir.
Demak, shaxs tevarak-atrof predmetlari va voqea-hodisalarni ehtiyojlarga asoslangan holda idrok etadi. Lekin ayrim hollarda ehtiyojlarga asoslanmagan holdagi idrokka ham yo‘l qo‘yadi. Ana shunday kelib chiqib, shaxs tomonidan idrok qilinadigan barcha ta’sirotlarni ehtiyojlarga asoslangan idrok qilish va ehtiyojlarga asoslanmagani kabi ikki yo‘nalishga ajratiladi.
Dostları ilə paylaş: |