Xayol kengligi va mazmundorligi.
Xayol kengligi voqelikning kishilar xayol faoliyati uchun ob’ekt bo’ladigan sohalari doirasi bilan
belgilanadi. Tabiatning hozirgi va kelajak holati, odamlarning o’tmishdagi va kelajakdagi tarixiy
hayoti, yer ostidagi narsalar, osmon va undagi yulduzlar, texnika va san’at xayol faoliyati uchun
ob’ekt bo’ladigan ana shunday sohalar jumlasidandir. Odamning xayoli shunday sohalarning
naqadar ko’pini o’z ichiga olsa, uning xayoli shunchalik keng bo’ladi. Kishining xayoli ko’pincha
real voqelikdan, mavjud bo’lgan va ruyobga chiqarilishi mumkin bo’lgan narsalar doirasidan
chetga chiqib ketadi. Buni «sof fantastika sohasi» deb ataydilar, odam ko’pincha o’z orzulari
va shirin xayollarida mana shu «sof fantastika sohasi»ga chiqib ketadi.
Xayolning mazmundorligi biror ob’ektga nisbatan xayolda tug’ilayotgan tasavvurlarning
boyligi xilma-xilligi va ma’nodorligi bilan belgilanadi. SHuning uchun ham falon kishining
xayoli mazmundor (xayoli boy) va falon kishining xayoli kam mazmun (xayoli kambag’al)
deb gapiramiz. Xayol kengligi va mazmundorligi, odatda, bir-biri bilan chambarchas
bog’langan bo’ladi. Kosmik kema vujudga keltirilganligi ham, ichiga odam tushgan shu
kemaning uchishi ham inson fantaziyasi g’oyat yuksak darajaga ko’tarilganligining mahsulidir.
Lekin shu kemaning real obrazini yaratmoq va kemaning o’zini yasamoq (qurmoq) uchun
katta bilimlardan hamda fizika, ximiya, matematika, astronomiya va shu kabi xilma-xil
fanlarning muvaffaqiyatlaridan foydalanish zarur bo’ldi.
Tajriba va bilim xayol jarayonida qayta ishlanadigan materialgina bo’lib qolmasdan, balki, shu
bilan birga, xayol faoliyatining ma’lum bir yo’ldan borishini ham belgilab beradi.
Dostları ilə paylaş: |