Hisoblashqoidasi. Hisoblash qoidasiga asosan aktivlar, passivlar, o’z kapitali, daromadlar, xarajatlar, xo’jalik muomalalari va hodisalar sodir etilgan paytda buxgalteriya hisobida ko’rsatiladi, ular bo’yicha pul mablag’lari yoki ularning ekvivalenti olingan yoki to’langan vaqt bundan mustasno.
Buxgalteriya yozuvlari hisobda hisoblash tamoyilidan foydalanilgan holda, xo’jalik muomalalarining sodir bo’lish vaqtida amalga oshiriladi. Bu tamoyilga muvofiq, mahsulot xaridorga berilgandan keyingina realizatsiya qilingan hisoblanadi, ya’ni yuklangan (tushirilgan) mahsulotning qiymati realizatsiyadan olingan tushum hisoblanadi. Ijara haqi o’zi to’lanishi lozim bo’lgan davrdagi xarajat sifatida ijarachining buxgalteriya registrlarida mos ravishda aks ettirilishi lozim. Shunday qilib, hisoblash tamoyili sub’ektning daromadlari va xarajatlari tegishli bo’lgan kelib tushish sanasidan qat’iy nazar, hisobot davrida aks ettirilishini bildiradi.
Moliyaviy hisobot, pul oqimlari to’g’risidagi hisobotdan tashqari, hisoblash qoidasi asosida tuziladi.
Ikki yoqlama yozish usuli. Ikki yoqlama yozish usuli bilan hisob yuritish qoidasi xo’jalik yurituvchi sub’ekt buxgalteriya muomalalarini ikki yoqlama yozish tizimi asosida yuritish kerakligini bildiradi. Ikki yoqlama yozish tizimi bir xil muomala bo’yicha aynan bir xil summani buxgalteriya hisobining ikki hisobvarag’ida – birining debeti va boshqasining kreditida aks ettirilishidan iborat bo’ladi.
Uzluksizlik. Uzluksizlik tamoyili buxgalteriya hisobini yuritish muddati xo’jalik yurituvchi sub’ektning faoliyat ko’rsatish muddatiga mos kelishi kerakligini, ya’ni xo’jalik yurituvchi sub’ektda buxgalteriya hisobi uni tugatish yoki bankrot bo’lguniga qadar olib borilishi kerakligini bildiradi. O’z faoliyatini tugatgan kundan boshlab xo’jalik yurituvchi sub’ekt buxgalteriya hisobini yuritishni taqozo qilmaydi.