Andijon mashinasozlik instituti



Yüklə 3,89 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə40/58
tarix24.05.2020
ölçüsü3,89 Mb.
#31471
1   ...   36   37   38   39   40   41   42   43   ...   58
falsafa


Yaxshilik  va  yomonlik.  Ezgulik  va  yovuzlik  haqida  gap  borganida,  yaxshilik  va  yomonlik  nima,  bu  ikki 
juftlik  mazmunan  bir  emasmi,  degan  savol  tug‘iladi.  Bu  tabiiy.  CHunki  hozirgacha  bizga  ma‘lum  o‘zbek  tilidagi 
barcha axloqshunoslikka doir adabiyotlarda ezgulik va yovuzlik mezoniy tushunchalar sirasiga kiritilmagan, u bor–
yo‘g‘i yaxshilik va yomonlikning sinonimi tarzida taqdim etib kelingan. To‘g‘ri, yaxshilik tushunchasining ko‘pgina 
unsurlari  ezgulikdan,  ezgulikning  ba‘zi  unsurlari  yaxshilikdan  joy  olishini  inkor  qilish  mumkin  emas.  Ularning 
ziddida ham shunday «singishib ketish» mavjud. Lekin bunday dalillar aslo mazkur ikki juftlikni aynanlashtirishga 
asos bo‘la olmaydi. 
Bu  ikki  juftlik  tushunchalar  orasida  qat‘iy  farq  mavjud:  ezgulik,  yuqorida  aytganimizdek,  ijtimoiylik 
xususiyatiga  ega,  yaxshilik  esa  unday  emas.  Yaxshilik  asosan  shaxsning  odobiga,  xulqiga  bog‘liq  bo‘lgan  ijobiy 
hodisa. Zero, unda  mardlik, ochiqko‘ngillilik, halollik singari axloqiy me‘yorlar tajassum topadi. Biroq unga asos 
bo‘lgan  amaliy  xatti–harakatlar  qahramonlik,  jasorat,  vatanparvarlik  kabi  tamoyillar  darajasiga  ko‘tarila  olmaydi. 
Misol  tariqasida  buyuk  shoirimiz  Alisher  Navoiyning  faoliyatini  olaylik.  U  surunkasiga  ijodiy  mehnatga  umrini 
bag‘ishladi, xalqi uchun, xalqlar uchun «Xazoyin ul–maoniy»dek, «Xamsa»dek buyuk asarlar yaratdi. Bu – ezgulik, 
u  ma‘lum  ma‘noda  abadiylik  xususiyatiga  ega,  chunki  Navoiy  asarlari  millionlab  odamlarga  yuzlab  yillar 
mobaynida zavq–shavq ulashib, ularni komillikka chorlab kelmoqda. Ayni paytda, Navoiyning o‘zi bevosita ko‘plab 
yaxshiliklar qildi – muhtoj odamlarga qarz berdi, bergan qarzlaridan kechib yubordi va h.k. Uning bu yaxshiliklari 
ajoyib  ijobiy  hodisa  bo‘lgani  holda,  o‘tkinchilik  tabiatiga  ega,  shuningdek,  istisnoli  hollarda  namoyon  bo‘luvchi 
qahramonlik ham, buyuk jasorat ham emas.  
 Demak,  ezgulik  asosan  bilvosita  amalga  oshiriladigan,  uzoqni  ko‘zlovchi,  kelajakka  ham  mo‘ljallangan, 
ya‘ni  strategik  ahamiyatga  molik  axloqiy  xatti–harakatlar  majmui;  yaxshilik  esa,  odatda,  bevosita  shu  kun  uchun 
dolzarblik xususiyatiga ega, ya‘ni taktikaviy axloqiy faoliyatdir. SHunday qilib, yaxshilikni yirik ijtimoiy hodisa – 
ezgulik bilan aynanlashtirish to‘g‘ri emas. 
Bu  ikki  juftlikning  yana  bir  farqli  tomoni  shundaki,  voqe  bo‘lgan  ezgulik  hech  qachon  to‘g‘ridan–to‘g‘ri 
yovuzlikka  aylanmaydi,  yovuzlik  esa  har  qanday  zamonda,  har  qanday  sharoitda  ham  yovuzlik  bo‘lib  qolaveradi. 
Yaxshilik va yomonlikda esa bunday emas: biror ob‘ektga qilingan yaxshilik boshqa bir ob‘ekt uchun yoki yaxshilik 
qilgan  sub‘ekt  uchun  yomonlikka  aylanishi  mumkin.  Mashhur  o‘zbek  xalq  ertaklaridan  biridagi  ovchilar  quvib 
kelayotgan bo‘rini qopga yashirib, qutqarib qolgan dehqonning holatini bunga misol sifatida keltirish mumkin: bo‘ri 
o‘ziga yaxshilik qilib, o‘limdan qutqargan odamni yemoqchi bo‘ladi, xayriyatki, tulki dehqonning joniga oro kiradi. 
Xullas,  muayyan  ijtimoiy  cheklanganligiga  qaramay,  yaxshilik  va  yomonlik  qamrovli  mezoniy 
tushunchalardan. 
Adolat.  Axloqshunoslikning  yana  bir  asosiy  tushunchasi  –  adolat.  Uning  ezgulik  va  yovuzlik  hamda 
yaxshilik va yomonlikdan asosiy farqi shundaki, adolatning o‘zi biror–bir qadriyatni anglatmaydi, lekin qadriyatlar 
orasidagi  nisbatni  belgilaydi,  ularni  baholash  maqomiga  ega.  SHu  bois  unda  jamiyatni  tartibga  soluvchilik 
xususiyati bor; unda ham axloqiy, ham huquqiy talablar mujassamlashgan. Uni ma‘lum ma‘noda axloq sohasidagi 
miqdor  o‘lchovchi  ham  deyish  mumkin:  u  talab  bilan  taqdirlashni  o‘lchab  turadigan  tarozidir.  Adolat  bor  joyda 
ijtimoiy jabrga, beboshlikka yo‘l yo‘q. 
Ma‘lumki, axloqdagi eng oddiy, ibtidoiy fazilatlar, chunonchi,  mehribonlik, shafqat, muruvvat  hayvonlarda 
ham  mavjud.  Lekin  hayvonlarda  ular  o‘z  guruhiga,  eng  avvalo,  o‘z  zurriyotiga  qaratilgan  bo‘ladi.  Odamzod  esa 
o‘ziga  qondosh–qarindosh  bo‘lmagan  o‘zgalarga  –  qavmdoshlariga  ham  ushbu  hissiyotlarni  namoyish  etadi. 

SHunday qilib, axloqning ba‘zi unsurlari hayvonlarda ham mavjud, faqat ular insondagidek aqlga emas, tabiiyyatga 
asoslangan. Buni adolat mezoniy tushunchasida yaqqol ko‘rish mumkin. Albatta, hayvonlar uni tushuncha sifatida 
anglamaydilar, lekin u tabiiyyat tarzida hayvonlar xatti–harakatida namoyon bo‘ladi. Masalan, Afrika savannalarida 
yoki  changalzorlarida  qurg‘oqchilik  mavsumida  hayvonlarning  suvloqdagi  xatti–harakatini  olib  ko‘raylik.  Unday 
paytda  suvloq  hududida  vahshiy  hayvonlar,  qanchalik  och  bo‘lmasin,  o‘z  o‘lja!lariga  tashlanmaydilar:  adolat 
yuzasidan  ularning  ham  chan–qoqlarini  qondirishlariga  yo‘l  qo‘yib  beradilar  –  barcha  hayvonlar  bir–birlari 
tomonidan  tashna  jonzotlar  sifatida  qabul  qilinadi.  Biroq  suvloqdan  ma‘lum  masofa  nariga  o‘tilgach,  yana  o‘sha 
hayot  –  kushanda  va  o‘ljaning  yashash  uchun  kurashi  boshlanadi.  Demak,  adolatning  ibtidoiy  ko‘rinishini 
hayvonlarda  ham  uchratish  mumkin  ekan.  Qizig‘i  shundaki,  u  yakka  holda  emas,  ko‘pchilik  hayvonlar  –  tashna 
jonzotlar  jamoasida  ro‘y  beradi.  Bu  hodisa  adolat  tushunchasining  ijtimoiylik  xususiyatiga  xos  ba‘zi  holatlar 
insoniyat jamiyatidan ham ibtidoiyroq ekanini, uning tarixi yanada qadimiyroqligini ko‘rsatadi. 
Adolatning  mezoniylik  xususiyati,  ayniqsa,  huquqda  darhol  ko‘zga  tashlanadi.  Huquq  vazirligining  hatto 
adliya  vazirligi  deb  atalishi,  jinoyatga  yarasha  jazoni  belgilovchi,  hukm  chiqaruvchi  idoralarning  odil  sud  degan 
nomlar bilan yuritilishi buning dalilidir. Lekin adolatni faqat huquqiy tushuncha sifatida talqin etish to‘g‘ri emas. U, 
yuqorida  aytganimizdek,  keng  qamrovli  axloqiy  tushuncha.  U  nafaqat  fuqarolar  orasidagi  munosabatlarni,  balki 
davlat bilan xalq, jamiyat bilan shaxs o‘rtasidagi aloqalar mezonini ham o‘z ichiga oladi. Xalq orasida ming yillar 
mobaynida odil podsho idealining yashab kelgani bejiz emas. 
Deyarli  bir  yarim  asr  mobaynida  adolatsizlikni,  milliy  kamsitishni,  milliy  iftixor  hissining  oyoqosti 
qilinishini,  begona  irodaning  zo‘rlab  qabul  qildirilishi  kabi  holatlarni  boshdan  kechirgan  xalqimiz,  endilikda 
mustaqillikka erishib, adolatli fuqarolik jamiyati tuzishga kirishdi. Adolat bugungi kunda bizning mustaqil, kelajagi 
buyuk davlatimizning mohiyatini anglatuvchi tushunchaga aylanib bormoqda. 
SHafqat.  SHafqat  istilohi  xozirgacha  axloqshunoslikka  doir  asosiy  o‘quv  adabiyotlarda  va  ilmiy 
tadqiqotlarda  asosiy  mezoniy  tushuncha  sifatida  taqdim  etilmaydi.  Vaholanki  shafqatning  ildizi  inson  shaxsiga 
bo‘lgan  muhabbatga  borib  taqaladi,  u  ham  muhabbat  kabi  qamrovli  hissiyot.  Agar  muhabbat  mehrga  asoslansa, 
shafqat muruvvat bilan bog‘liq. Lekin u ayni paytda muruvvatdan jiddiy farq qiladi. Muruvvat bir insonning ko‘p 
xollarda  o‘ziga  aloqasi  yo‘q  boshqa  bir  insonga  achinish  hissi  orqali  yordamga  qo‘l  cho‘zishi  bo‘lsa,  shafqat 
kishining  o‘ziga  aloqador  odamga,  aybdor,  gunohkor,  ijtimoiy,  iqtisodiy  va  huquqiy  jazolanishga  loyiq  kimsaga 
kechirimlilik orqali insonparvarlik ko‘rsatishdir. 
SHafqat  hissi  shafqatga  muhtoj  kishi  o‘rniga  xayolan  o‘zini  qo‘yib  fikr  yuritish  orqali  vujudga  keladigan, 
o‘zga  bir  inson  iztiroblarini  yengillatishga  qaratilgan  axloqiy  hodisa.  Masalan:  ro‘zg‘orinni  zo‘rg‘a  tebrayotgan 
qo‘shningizning  kasbiy  xizmat  yuzasidan  ham,  biror  bir  jamiyatga  a‘zoligi  jihatidan  ham,  biznesdagi  hamkorlik 
masalasida ham sizga aloqasi yo‘q, shuningdek, u sizga do‘st yoki dushman sifatida ham aloqador emas. Siz unga 
ehson qilib, og‘ir sharoitdan chiqib olishiga iqtisodiy yordam berdingiz, bu – muruvvat. Boshqa bir holatda, deylik 
jang maydonida sizga butunlay begona, buning ustiga safdoshingizga o‘ldirgan dushman askarini mag‘lub qildingiz. 
Endi  oldingizda  ikki  yo‘l  bor:  xohlasangiz,  uni  o‘ldirishingiz,  o‘ch  olib  g‘azabingizni  bosishingiz,  xohlasangiz, 
g‘azabingizni  bosib,  u  dushman,  lekin  men  kabi  odam,  uni  ham  menga  o‘xshab  bu  maydonga  jang  qilish  uchun 
yuborganlar, uni o‘ldirganim bilan biror ulkan o‘zgarish ro‘y bermaydi, deb asir olgansiz, hayotini saqlab qolgansiz, 
bu – shafqat. G‘azab insondagi hayvoniy xislat bo‘lsa, shafqat insoniylik belgilaridan biridir. 
Demak, muruvvat agar sizning oldingizda burchli bo‘lmagan kimsaga ko‘rsatgan yordamingiz bo‘lsa, shafqat 
esa oldingizda javobgar, jazoga loyiq odamni, uning insoniy huquqini va tabiatini hisobga olib, kechirishdir. 
Jahon axloqshunosligida, jumladan bizda ham, yuqorida aytganimizdek, shafqat asosiy tushunchalar sirasiga 
kiritilmagan.  Vaholanki,  adolat,  insonparvarlik  aynan  ana  shu  hissiyot  bilan  bog‘liq.  Buni  birinchi  bo‘lib  olmon 
faylasufi  Artur  SHopenhauer  anglab  yetdi.  U  shafqat  hissini  ahloqning  asosi,  shafqat  tushunchasini 
axloqshunoslikning  asosiy  tushunchasi  deb  ataydi.  Uning  nazdida  shafqat  universal  tabiatiga  ega  u,  insonning  na 
faqat  insonga,  balki  hayvonga  bo‘lgan  munosabatida  ham  namoyon  bo‘ladi,  zero  xayvonga  beshafqatlilik  qilgan 
odam insonga shafqatli bo‘lmaydi
124

SHafqat tushunchasining ahamiyati – inson hayotini oliy qadriyat deb e‘tirof qilish, uning yashashga bo‘lgan 
huquqini  himoyaga  olish  hozirgi  sharoitda  yana  ham    dolzarblik  kasb  etmoqda.  Bu  bir  tomondan,  ikkinchi 
tomondan,  diniy  aqidaparastlik,  ekstremistik  g‘oyalar  va  mafkuraviy  kurashlar  beshafqatlikka  asoslanganligini 
hisobga  olsak,  shafqat  tushunchasining  ahamiyati  yanada  ortib  borayotganligi  uchun  ham  bugungi  kunda  jahon 
axloqshunosligi  shafqat  tushunchasini  SHopenhauer  aytganidek,  ahloqni  asosi  sifatida  tahlil,  talqin  va  targ‘ib 
qilmog‘i lozim. Uning XXI asr jamiyati uchun eng  muhim axloqiy xodisa ekanligi e‘tirof etish zamon talabidir. 
Yana  bir  muhim  mezoniy  tushuncha  –  burch.  Burch,  mohiyatan,  jamiyat,  davlat  va  shaxslarga  nisbatan 
muayyan individdagi munosabat, ular oldidagi majburiyat. U, yuqorida aytganimizdek, vijdon, e‘tiqod, mas‘uliyat 
kabi  tushunchalar  bilan  mustahkam  bog‘liq.  Umuman,  hayotda  insonning  har  bir  xatti–harakati  zamirida  burch 
tushunchasi – burchga sadoqat yoki xiyonat yotadi. 
Burchning  insonlik  burchi,  musulmonlik  burchi,  nasroniylik  burchi,  fuqarolik  burchi,  otalik  burchi,  onalik 
burchi,  farzandlik  burchi  singari  keng  qamrovli,  barcha  davrlar  uchun  umumiy  bo‘lgan  tushunchalari  ham, 
jurnalistlik burchi, shifokorlik burchi, olimlik burchi kabi kasbiy odob doirasidagi tushunchalari ham mavjud. 
Burch tushunchasining o‘ziga xos jihatlaridan yana biri – uning vaqt va jamiyatda muayyanlashish xususiyati. 
CHunonchi, bir tuzum yo jamiyatda ijobiy hisoblangan burch talablari ikkinchi bir tuzum yoki jamiyat uchun salbiy 
                                                 
124
 Қаранг: Шопенгауэр А.. Свобода воли и  нравственность. М., «Республика», 1992. С. 224 - 229. 

ma‘no  kasb  etishi  mumkin.  Sobiq  sho‘rolar  fuqarosining  o‘sha  davr–dagi  mavjud  tuzum  oldidagi  burchi  hozirgi 
kunda o‘ta salbiy hodisa sifatida baholanishi bunga yorqin misol bo‘la oladi. 
Harbiylashgan va o‘ta mafkuraviylashgan, ya‘ni, yagona mafkura hukmronlik qilgan jamiyatlarda esa burch 
omma  hamda  shaxs  hayotida  fojeiy  hodisaga  aylanadi.  O‘ta  ustalik  bilan  yo‘lga  qo‘yilgan  targ‘ibot  natijasida 
bunday  jamiyatlar  a‘zolarining  ko‘pchiligi  oqni  –  qora,  qorani  –  oq  deb  qabul  qiladilar.  Buni  umumbashariy  va 
milliy  qadriyatlarni  oyoqosti  qilgan  beshafqat  sho‘rolar  sotsializmi  yoki  fashistlarning  milliy  sotsializmi  yaqqol 
isbotlab berdi. Yuz minglab, hatto millionlab odamlar aldandilar, keyinchalik, uzoq yillar mobaynida vijdon azobida 
yashadilar. Demak, jamiyat qurilishida totalitarchilikka yo‘l qo‘yilishi o‘sha jamiyat a‘zolari tomonidan burchning 
noto‘g‘ri  tushunilishiga  va buning oqibatida ba‘zi hollarda  beixtiyor, omilik tufayli, ba‘zan esa ixtiyoriy–majburiy 
tarzda yuz beradigan ommaviy axloqsizlikka olib keladi.  
SHunday holatlar ham bo‘ladiki, unda burch shaxsning ko‘pgina mayl–istaklariga qarshi hodisaga aylanadi: 
uni huzur–halovatdan, turmush lazzatlaridan mahrum etadi. Masalan, Furqat mustamlakachilar mafkurasiga xizmat 
qilganida, uning hayoti rohat–farog‘atda kechishi mumkin edi. Lekin u Vatan oldidagi, millat oldidagi burchni deb 
muhojirlikning  og‘ir  qismatiga  duchor  bo‘ldi:  uni  mustamlakachilar,  avval  aytganimizdek,  mamlakat  hududidan 
chiqarib yuborib, qayta kiritmadilar. Furqat xorijda vafot etdi. 
Ba‘zan  burch  tufayli  odamlar  o‘z  sevgisidan,  jon–dilidan  sevgan  kishisidan,  hatto  aka–ukasi,  opa–singlisi 
yoki  farzandidan  kechishga  ham  majbur  bo‘ladilar.  Xullas,  burch  axloqshunoslik  mezoniy  tushunchalari  ichidagi 
eng «qattiqqo‘l», eng «shafqatsizi». 
Vijdon. Axloqshunoslikning nihoyatda ta‘sir doirasi keng tushunchalaridan biri vijdondir. Vijdon – Zigmund 
Froyd  ta‘biri  bilan  aytganda,  a‟lo  men,  men  ustidan  nazorat  o‘rnatib,  uni  boshqarib  turuvchi  ikkinchi  bir,  yuqori 
darajadagi  men.  Agar  uyat  hissi  insonning  tashqi,  jamiyatga  bog‘liqligidan  kelib  chiqsa,  vijdon  uning  ichki  o‘z–
o‘ziga bog‘liqligini namoyon etadi. Bu ichki bog‘liqlik tashqi bog‘liqlikka nisbatan teran va doimiydir: uyat ma‘lum 
bir vaqt ichida odamning o‘z nojo‘ya harakati tufayli yuzaga kelgan o‘ng‘aysizligi bo‘lsa, vijdon azobi, bu  – oddiy 
o‘ng‘aysizlik emas, balki qalbdagi, odamdagi odamiylikka e‘tiqodning faryodi, talabi; uni qondirmas ekansiz, hech 
qachon azob to‘xtamaydi. Uyat bilan vijdonni, shu bois, dengizdagi muz  tog‘iga  – aysbergga o‘xshatish mumkin: 
yuzaga uyat tarzida chiqib turgan qismi teranlikdagi qismidan yuz, balki ming barobar kichik. 
Vijdon ham axloqshunoslikning boshqa ba‘zi asosiy tushunchalari kabi baholash xususiyatiga ega. Lekin bu 
baholash  hech  qachon  ob‘ektga  qaratilmaydi,  u  sub‘ektning  xatti–harakatlarini  baholaydi,  ya‘ni  unda  sub‘ekt  o‘zi 
uchun  ichki  ob‘ekt  vazifasini  o‘taydi.  Ba‘zan  jamiyat  talablari  bilan  vijdon  o‘rtasida  ixtiloflar  chiqishi  mumkin. 
Bunda  vijdon  emas,  jamiyat  talablarining  o‘tkinchilik  xususiyati,  ma‘lum  ma‘noda  eskirganligi  aybdordir.  Zero, 
vijdon ko‘zga ko‘rinmas, lekin ulkan va mutlaq aybsiz axloqiy hodisadir. 
Ko‘pincha vijdon tushunchasi o‘rnida imon iborasini uchratish mumkin. Imon aslida diniy tushuncha. Lekin 
hayotda  vijdon  tushunchasining  sinonimi  tarzida  ishlatiladi.  Masalan,  kimnidir  birov  «imonli  odam»  deganida, 
uning  musulmonlikka  imon  keltirgan–keltirmagani  haqida  o‘ylab  o‘tirmaydi,  buning  ustiga,  u  odam  musulmon 
emas, nasroniy bo‘lishi ham mumkin. CHunki gap bu yerda o‘sha odamning dindorligi haqida emas, balki vijdonli, 
halol, rostgo‘y ekanligi to‘g‘risida ketyapti. SHu ma‘noda vijdon bilan imonni egizak tushunchalar deyish mumkin. 
Diniy  e‘tiqodlarga  munosabatlarning  rasmiy  tilda  «vijdon  erkinligi»  deb  atalishi  ham  ular  orasidagi  chambarchas 
bog‘liqlikdan dalolat beradi. 
Afsuski,  odatda,  ko‘pchilik  adabiyotlarda  vijdon  mezoniy  tushunchasiga  «sub‘ektiv»  hodisa  tarzida  qarab, 
adolat,  burch,  nomus  singari  tushunchalarni  unga  qaraganda  ijtimoiy  ahamiyatliroq  deb  baholash,  ularni  «to‘rga 
chiqarish»  hollari  tez–tez  uchrab  turadi.  Vaholanki,  vijdonsiz  odamdan  hech  qachon  adolatni  ham,  burchga 
sadoqatni  ham,  or–nomusni  ham  kutish  mumkin  emas.  Vijdonli  odamlargina  haqiqiy  erkin,  demokratik  fuqarolik 
jamiyatini yarata oladilar. Zero, vijdon, eng avvalo, o‘zgalarga nisbatan burch va mas‘uliyatni taqozo etadi. 
Nomus.  Asosiy  tushunchalardan  yana  biri  –  nomus.  Nomus  tushunchasi  bir  tomondan,  burch  bilan  bog‘liq 
bo‘lsa,  ikkinchi  jihatdan,  qadr–qimmat  tushunchasiga  aloqador.  Zero,  nomus  mohiyatan  shaxsning  o‘z  qadr–
qimmatini  anglab  yetishi,  shu  qadr–qimmatning  jamiyat  tomonidan  tan  olinishi  yoki  olinmasligiga  nisbatan 
bo‘ladigan munosabati bilan belgilanadi. 
Biroq, bu – nomus qadr–qimmat tushunchasi bilan bir xil ma‘noga ega, degani emas. CHunki qadr–qimmat 
shaxsdan o‘zining boshqa odamlarga nisbatan kamsitilmasligini, atrofdagilardan barcha insonning teng huquqliligi 
tamoyilini  o‘ziga  nisbatan  qo‘llashlarini  talab  qiladi.  Nomus  esa  o‘z  qadr–qimmatini  bilishdan  tashqari,  har  bir 
shaxsning  jamiyatda  alohida,  o‘ziga  xos  tarzda  egallagan  mavqei  va  shu  mavqeni  dog‘  tushirmay  saqlash–
saqlamasligi bilan bog‘liq. Bu mavqe esa, shubhasiz, o‘sha shaxsning ijtimoiy hayotdagi o‘rni, kasbi, yoshi va unga 
nisbatan  beriladigan  axloqiy  daraja  bilan  muayyanlashadi.  Masalan,  uyingizda  bir  kun  kelib  oddiy  ishlarni  bajarib 
ketadigan  mardikor  bilan  nomi  ketgan  mashhur  binokor–ustaning,  bosh  vazir  bilan  kotibaning,  bobo  bilan 
nabiraning  nomusni  tushunishi  bir  xil  emas.  SHu  ma‘noda  qadr–qimmatni  nomus  tushunchasining  dastlabki 
bosqichi, ibtidosi deb aytish mumkin. 
Gohida  nomusni  or  tushunchasi  bilan  chalkashtirish  hollari  ham  uchrab  turadi.  Lekin,  aslida,  nomusga 
nisbatan or ancha tor qamrovdagi, nisbatan zalvorsiz tushuncha. CHunonchi, oriyatli odam deganda, o‘z so‘zining 
ustidan  chiqadigan,  sadaqa  tarzida  qilingan  muruvvatlardan  baland  turadigan  shaxs  tushuniladi.  Beor  odam  –  o‘z 
sha‘niga  aytilgan  gaplarga  parvo  qilmay,  ishini  bajarib  ketaveradigan,  aytilgan–aytilmagan  joylarga  suqilib 
kiraveradigan surbetnamo kishi. Nomusning esa toshi og‘ir  – ijtimoiylik xususiyatiga ega, keng qamrovli. Nomus 
yo‘lida  inson  hatto  o‘z  hayotidan  kechishi  mumkin,  odamlar  o‘z  nomusi,  oila  nomusi,  millat  nomusi  deb 
kurashadilar. Bu haqda ko‘plab badiiy asarlar, pand–o‘gitlar yaratilgan. 

Mehnat, sport singari sohalarda jamoa nomusi ham alohida ahamiyatga ega; unda nomus obro‘ tushunchasi 
bilan  bog‘lanib  ketadi.  Bularning  hammasi  o‘zini  hurmat  qilish,  o‘ziga  nisbatan  atrofdagilarning  hurmat–izzatini 
yo‘qotmaslik uchun o‘z–o‘zini nazorat qilish hissidan kelib chiqadi. 
Qadr–qimmat.  Qadr–qimmat  tushunchasi  inson  o‘z  qadrini,  bu  dunyoda  uning  hayoti  oliy  qadriyat 
ekanligini,  o‘z  shaxsi  oldida  o‘zi  ma‘sul  ekanligini  anglashi  uchun  xizmat  qiladigan  hissiyot.  U  nomus,  g‘urur 
tushunchalari bilan bog‘liq, bir tomondan insonning o‘z qadrini har qanday holatda ham  yerga urmasligini taqozo 
etadi. Masalan, iste‘dodli, vijdonli, ziyoli odam biror bir shaxsiy ishini hal qilishi uchun nokas boyvachchaga yoki 
to‘pos rahbarga yalinsa, garchand o‘z maqsadiga yetsa ham, bu o‘zi tomonidan o‘z qadrini yerga urishdir. Pirovard 
natijada o‘zini kamsitilgan his qiladi, bundan afsus bilan yashaydi. 
Qadr–qimmatning  yana  bir  jixati  –  insonning  boshqalar  yoki  jamiyat  tomonidan  kamsitilishi  bilan  bog‘liq. 
Bunda kishining hayotida egallagan haqiqiy o‘rinni atayin tan olmaslik, boshqa birov, guruh yoki jamiyat tomonidan 
ko‘ra–bila  turib,  uni  chetga  surib  qo‘yish  va  shu  orqali  uni  iztirobga  solish  kabi  usullarni  qo‘llaniladi.  Bunday 
usullar ma‘naviy saviyasi past odamlar orqali, qonunlari ishlamaydigan totalitar va avtoritar boshqaruv hukmronlik 
qilgan jamiyatda ro‘y beradi. Bunga misol tarzida Abdulla Qodiriy, CHo‘lpon kabi buyuk siymolarning qamashga, 
otishga  hukm  etilishini  yoki  iste‘dodli  ziyolilarga  atayn  unvonlar  bermaslik,  iloji  boricha  ular  nomini  xalqqa 
yetkazmaslikka harakat qilish hollarini keltirishimiz mumkin. Faqat bugina emas, sho‘rolar tuzumida «sovet xalqi» 
deb    atalgan  millionlab  fuqarolarning  qadr–qimmati  oyoqosti  qilindi:  ular  ochlikka,  surgunlarga,  konsentratsion 
lagerlar  azoblariga  mahkum  etildilar,  qiynoqlarga  solindilar.  Bularning  hammasi  faqat  iqtisodiy  qiyinchiliklar 
oqibati emas, balki mustabid tuzum tomonidan inson g‘ururini oyoqosti qilib, uni qo‘rqoq, bo‘ysunuvchi jonzotga 
aylantirish uchun olib borilgan mash‘um siyosat edi. CHunki g‘ururini  yo‘qotgan kishida qadr–qimmat hissi o‘ladi, 
u  haqiqat,  adolat  va  insoniy  huquqlar  tantanasi  uchun  kurashdan  o‘zini  olib  qochadi.  Zotan,  qadr–qimmat  insoniy 
g‘ururning jamiyatdagi ijtimoiy–axloqiy munosabatlarda in‘ikos etish shaklidir. 
Lekin  g‘urur  me‘yorida  bo‘lishi  kerak,  ya‘ni  kishining  asl  qadr–qimmatiga  mos  kelishi  lozim.  G‘ururdagi 
me‘yorning  buzilishi  kishini  kibrga  olib  keladi:  u  o‘zining  va  boshqalarning  qadr–qimmati  to‘g‘risida  noto‘g‘ri 
tasavvurga ega bo‘lgani uchun kibrlanadi, manmanlikka beriladi. Kibrli kishi o‘zini zo‘r deb biladi. Bu shunchaki 
ro‘y bermaydi. Aslida u o‘z qadr–qimmatining boshqalarnikidan past ekanligi tufayli uni sun‘iy ko‘tarishga harakat 
qiladi,  ma‘naviy  bo‘shliqni  boshqalarga  past  nazar  bilan  qarash  orqali  to‘ldirishga  intiladi,  bu  yo‘lda  yolg‘on  va 
maqtanchoqlikdan  toymaydi.  Pirovard  natijada  u  atrofdagilardan  ajralib  qoladi,  o‘zgalarning  nafratiga  sozovor 
bo‘ladi,  asl  o‘zligini  topolmagan  axloqsiz  kimsaga  aylanadi.  SHu  bois  doimo  insonning  «o‘z  o‘rnini»  –  qadr–
qimmatini  real  bilishi,  o‘zgalargagina  emas,  birinchi  navbatda  o‘ziga  baho  bera  olishi  muhimdir.  Xullas,  qadr–
qimmat  –  insonning  o‘zi,  o‘zgalar  va  jamiyat  tomonidan  oliy  qadriyat  sifatida  e‘tirof  etilishi,  uning  ma‘naviy 
huquqlarining tan olinishidir. 
Biz yuqorida ko‘rib o‘tganlarimiz – asosiy mezoniy tushunchalarning barchasi baholash tabiatiga ega. Yana 
qator muhim axloqiy tushunchalar borki,  ular o‘z  yechimini talab qilishi bilan, ya‘ni muammolik xususiyati bilan 
ajralib turadi. Ideal, baxt, hayotning ma‘nosi singari tushunchalar shular jumlasidandir. 
Biz yuqorida ko‘rib o‘tganlarimiz – asosiy mezoniy tushunchalarning barchasi baholash tabiatiga ega. Yana 
qator muhim axloqiy tushunchalar borki,  ular o‘z  yechimini talab qilishi bilan, ya‘ni muammolik xususiyati bilan 
ajralib turadi. Ideal, baxt, hayotning ma‘nosi singari tushunchalar shular jumlasidandir. 
Ideal.  Bir  qaraganda,  idealda  ham  baholash  xususiyati  mavjuddek  tuyuladi.  Lekin  aslida  u  qiyoslashga 
asoslanadi.  Antiqa  tomoni  shundaki,  idealda  nomavjud,  xayoldagi  insonga  voqelikdagi  real,  mavjud  inson, 
hayotdagi  hodisalar  qiyoslanadi,  ya‘ni  bor  narsa  yo‘q  narsa  bilan  o‘lchanadi.  Zero,  ideal  hayotda  mavjud  bo‘lishi 
mumkin emas – bu hammaga ayon gap. Buning ustiga, ideal, yirik ma‘noda, hozirgi zamonda ham, kelajakda ham 
bo‘lmaydi,  uning  mavjudlik  sharti  –  o‘tgan  zamon.  SHunday  qilib,  idealga  intilish  shaxsning  o‘z  zamonasidagi 
odatiy  sharoitga  sig‘maslik,  uni  tezroq  kengaytirish  uchun  qilingan  xatti–harakatidir.  Bu  xatti–harakat  uchun 
namunani inson, hozirgina aytganimizdek, kelajakdan topolmaydi, chunki namuna tarixiylikni, tajribaviylikni talab 
etadi; axloqiy idealga aylangan shaxs tarixiy  tajribadagina  mavjud bo‘ladi  va  muayyan  zamonga  kelib,  u  ma‘lum 
ma‘noda  mubolag‘aviy  hamda  afsonaviy  ta‘rif–tavsif  bilan  boyitiladi,  ya‘ni  ideallashtiriladi.  Bunga  ideal  odil 
podsho No‘shiravon, odil yoki ideal sahovat egasi, jo‘mard inson Hotam Taiy Yamaniy siymolari yorqin misol bo‘la 
oladi. 
Inson ideal sari intiladi, o‘z hayotini unga qiyoslaydi, unga taqlid qiladi. U inson hayotidagi eng oliy axloqiy 
talabki, uning bajarilishi shaxsni komillikka yetkazadi. Albatta, hayotda bunga to‘la erishib bo‘lmaydi, lekin inson 
ana shu komillikni o‘ziga namuna bilib, idealga intilib yashashi jarayonida nisbiy–hayotiy komillikni qo‘lga kiritadi. 
Dunyoviy  ideal  bilan,  aniqrog‘i,  ijtimoiy–axloqiy  ideal  bilan  diniy  ideal,  bir  qaraganda,  o‘xshashdek 
ko‘rinsa–da,  aslida  keskin  farq  qiladi.  CHunonchi,  musulmonlar  uchun  –  Muhammad  alayhissalom,  nasroniylar 
uchun  –  hazrati  Iso,  yahudo  dinidagilar  uchun  –  hazrati  Muso  ideal  hisoblanadi.  Ular  ideal  sifatida  hech  qachon 
o‘zgarmaydi,  boqiy.  Ijtimoiy–axloqiy  ideallar  esa  o‘zgarishi  mumkin  va  ko‘p  hollarda  o‘zgarib  turadi.  Masalan, 
sho‘rolar  davrida  o‘sha  tuzum  asoschisi  Lenin  –  eng  yuksak  axloqiy  ideal  sifatida  talqin  etilardi  va  ko‘pchilik 
tomonidan  shunday  qabul  qilinardi.  Hozir  esa  «Kuch  –  adolatda!»  degan  shiorni  hayotining  ma‘nosi  deb  bilgan 
buyuk ajdodimiz Amir Temur ko‘pchilik tomonidan ijtimoiy–axloqiy ideal, adolatli davlat rahbarining namunaviy 
timsoli  tarzida  qabul  qilinadi.  Demak,  muayyan  tuzum  talablaridan  va  jamiyat  ravnaqidan  kelib  chiqqan  holda, 
ijtimoiy–axloqiy ideallar o‘zgarishi mumkin.  
Biroq  har  bir  tuzumning  umri  umumiy  tarixiy  jarayonda  nisbatan  qisqa  vaqtni  o‘z  ichiga  oladi.  Yolg‘on, 
ko‘zbo‘yamachilik  va  zo‘ravonlikka  asoslangan  tuzum  esa  uzoq  muddat  yashay  olmaydi.  CHunki  zimdan 

axloqiylikni  inkor  etgan  siyosatning  bir  kunmas  bir  kun  albatta  asl  basharasi  ochiladi.  SHu  bois  faoliyati 
niqoblangan  axloqsizlikdan  iborat  bo‘lgan  Lenin,  Stalin,  Hitler  kabi  ijtimoiy  ideallarning  umri  uzoq  bo‘lmadi  – 
aldangan ko‘pchilik qisqa vaqt mobaynidagina ularni ideal deb bildi. 
Bunday  salbiy  hodisalarga  qaramay,  ideal,  umuman,  jamiyatda,  shaxs  hayotida  ijobiy  hodisa.  U  insoniyat 
tarixida yorug‘ mayoq vazifasini o‘tab kelmoqda, bundan keyin ham uning asosiy vazifasi  shunday bo‘lib qolajak. 
CHunki idealda har bir inson o‘z baxtining hissiyotli ifodasini ko‘radi, hayotining ma‘nosini unga qarab intilishda 
deb biladi.  
Hayotning  ma‟nosi.  Mashhur  alloma  Majididdin  Xavofiy,  yashash  uchun  ovqatlanurlar,  ovqatlanish  uchun 
yashamaslar,  degan  hikmatni  ko‘p  takrorlar  ekan.  Xo‘sh,  aslida  inson  nima  uchun  yashaydi?  Yashashdan  maqsad 
nima? Inson hayotining ma‘nosi nimada? 
Har bir inson o‘z umri mobaynida ana shu savollarga javob topishga urinadi va hayotining ma‘nosini o‘ziga 
xos  tarzda  tushunadi.  SHu  bois  hayotning  ma‘nosi  axloqshunoslikning  ancha  murakkab  tushunchalaridan 
hisoblanadi. 
Avvalo  shuni  aytish  joizki,  hayotning  ma‘nosini  yashashdan  maqsad  degan  tushuncha  bilan  qorishtirib 
yuborish  hollari  ko‘p  uchraydi.  Vaholanki,  ularni  aynanlashtirish  mumkin  emas,  chunki  hayotning  ma‘nosi 
maqsadga  nisbatan  juda  qamrovli  tushuncha,  o‘z  ichiga  o‘nlab,  balki  yuzlab  maqsadlarni  oladi,  aniqrog‘i,  u 
muayyan  maqsadlar  tizimidan  tashkil  topadi.  SHu  bois  kimningdir  biror–bir  ezgu  maqsadi  amalga  oshmay  qolsa, 
uning hayotini «ma‘nosiz» deb bo‘lmaydi. 
Ba‘zan hayot «ma‘nosiz» kechishi ham mumkin. Bunda kishidagi maqsadlar o‘tkinchi, mayda, yuksak orzu–
intilishlardan yiroq, hayvoniy, tuban, hatto yovuz bo‘lishi mumkin. Mazkur kishi – «hayot egasi»ning bunday tabiati 
jamiyat  erishgan  axloqiy  daraja  bilan  baholanadi.  Zero,  kimdir  o‘z  hayoti  ma‘nosini  qanday  yo‘l  bilan  bo‘lmasin 
boy–badavlat,  to‘kin–sochin  yashashda  deb  tushunadi:  harom–xarishning  farqiga  borib  o‘tirmaydi,  birovning 
haqidan  qo‘rqmaydi  yoki  qanday  vositalar  bilan  bo‘lmasin,  martabaga  erishishni  o‘z  oldiga  hayotiy  maqsad  qilib 
qo‘yadi,  faqat  «yulsam»  deydi.  Boshqa  birov  esa,  qonunni  buzmaydi,  lekin  o‘zgalarga  qayishishni  xayoliga  ham 
keltirmaydi, hech kim bilan ishi bo‘lmaydi, faqat «o‘z qobig‘ida» yashashni afzal ko‘radi. 
Yana  bir  toifa  odamlar  borki,  ular  hayotining  ma‘nosini  eng  yuksak  qadriyatlar  bilan  bog‘laydilar  va 
jamiyatda  yuksak  axloq  egasi,  go‘zallik  oshuftasi,  e‘tiqodi  but  kimsalar  sifatida  e‘tibor  qozonadilar.  Ular  oliy 
ideallarga intilib, fidoyilarcha umr kechiradilar. Hayotining ma‘nosini o‘zidan keyin qoldiradigan «ikkinchi umr»da 
ko‘radilar.  Har  bir  jamiyatning  taraqqiy  topishi  yoki  tanazzuli  hayotning  ma‘nosini  ana  shu  tarzda 
tushunuvchilarning ko‘pligi yoki kamligi natijasida ro‘y beradi, bir so‘z bilan aytganda, bunday tom ma‘noda «elim 
deb, yurtim deb yonib yashaydigan» odamlar yuksak axloqli, demokratik, erkin jamiyatning ustunlaridir. 
Biz  yuqorida  ko‘rib  chiqqan  toifalar  ikki  umumiy  ijtimoiy–ma‘naviy  guruhning  biriga,  ta‘bir  joiz  bo‘lsa, 
shartli ravishda dunyoviy deb ataladigan qismiga mansub. 
Ikkinchi guruhni esa e‘tiqodiy–diniy deb nomlash mumkin. Bu guruh hayotning ma‘nosini Xudoni topishda, 
Unga yetishishda deb biladi. Bunda goho cherkov yoki shariat aqidalari orqali emas, balki muhabbat vositasida ham 
Xudoga  murojaat  qiladilar.  Masalan,  buyuk  rus  mutafakkiri  va  yozuvchisi,  pravoslav  cherkovidan  ronda  qilingan 
Lev  Tolstoy  hayotning  ma‘nosini  quyidagicha  tushunadi:  «Men  faqat  Xudoga  ishongan  onlarimdagina  haqiqiy 
yashaganimni  esladim...  Xudoni  tanish  va  yashash  degani  bir  xil  gap,  Xudo  hayot  demakdir»,  –  deb  yozadi  u 
o‘zining mashhur «Iqrornoma» asarida.
125
 
O‘z  hayotining  ma‘nosini  Xudoga  yetishish  uchun  harakatda  deb  bilgan  Tolstoy  ayni  paytda  bu  harakatni 
dunyoviy  muammolarning  hal qilinishi bilan bog‘laydi.  Xuddi shunday holatni biz avval ham bir  necha bor  misol 
qilib keltirganimiz buyuk mutasavvif bobokalonimiz Alisher Navoiy shaxsida ham ko‘rish mumkin. Gap shundaki, 
har ikki alloma o‘zlari tanlagan tariqatlar orqali Xudoga yetishishga intiladilar, ulardagi Xudoga bo‘lgan ilohiy ishq 
U  yaratgan  har  bir  jonzotga,  har  bir  giyohga,  eng  avvalo,  insonga  muhabbat  sifatida  namoyon  bo‘ladi,  ya‘ni  ular 
hayotida  diniylik  dunyoviylikni  inkor  etmaydi.  SHu  nuqtayi  nazardan  qaraganda,  ba‘zi  ekstremistchi  guruhlar 
mafkurachilarining  «dinni  dunyoviylikdan  tozalash»  haqidagi  safsatalari  ulardagi  hokimiyatni  qo‘lga  olishga 
intilishdan  boshqa  narsa  emas,  mohiyatan  dinga  aloqasi  yo‘q,  xudbinlikning  niqoblangan  ko‘rinishi,  xolos.  Zero, 
Alloh  u  dunyoda  jannatiy  bo‘lish  uchun  o‘z  bandalariga  bu  dunyoda  go‘zal  yashashni,  chiroyli  a‘mollar  qilishni 
buyuradi.  
Ko‘rib  o‘tganimizdan  ma‘lum  bo‘lyaptiki,  hayotning  ma‘nosini  tushunishda  har  ikki  ijtimoiy–ma‘naviy 
guruhda  ham  turli  qarashlar  mavjud.  Lekin  ular  bir  masalada  yakdil:  ular  hayotning  ma‘nosi  o‘z  manfaatlarini 
o‘zgalar manfaati bilan bog‘lab, oliy qadriyatlar va yuksak aqidalarni ichki shior qilib yashashdadir, degan axloqiy 
qoidaga binoan umr kechiradilar. 
Yüklə 3,89 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   36   37   38   39   40   41   42   43   ...   58




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin