Rostgo‟ylik. Rostgo‘ylik yoki to‘g‘ri so‘zlilik insonning haqiqatga intilishi bilan bog‘liq, haqiqat esa doimo
sinfiylik–tabaqaviylik, partiyaviylik–mafkuraviylik va tarixiylik–davriylikdan yuqori turadi. Haqiqatning ifodaviy
shakllaridan biri rostgo‘ylikdir. Demak, rostgo‘ylik – insonning keyinchalik kasb etgan – o‘z ongiga, ruhiga
singdirgan, ijtimoiy–hayotiy, davriy–tajribaviy xususiyat emas, balki uning mohiyatida berilgan fazilat. M., yaqinda
tili chiqqan yosh go‘dakni olaylik. U nima desangiz ishonadi, o‘zi nimaiki desa – rost gapiradi («Aldagani bola
yaxshi» degan maqolni eslang). Go‘dakning soddaligidan, ishonuvchanligidan, to‘g‘risini aytishidan biz – kattalar
kulamiz; lekin haqiqat ustidan, rostgo‘ylik ustidan kulayotganimizni o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Go‘dak kattarib, «aqli
kirib» borgani sari atrof–muhitda yolg‘on mavjud ekanligini, rost gapirsa yo kulgi bo‘lishi, yo jazo olishi
mumkinligini anglab yetadi va asta–sekin yolg‘onga o‘rgana boshlaydi, dastlabki maishiy yolg‘on ijtimoiy
bosqichga ko‘tariladi. Endi xususiy yoki guruhiy manfaatdorlikni ta‘minlovchi yolg‘on atrofdagi voqelikning
hamrohiga aylanadi. Insonni bu yo‘ldan faqat yuksak ma‘naviylik, birinchi galda axloqiy tarbiya qutqaradi. Ezgulik,
nomus, or, qadr–qimmat, insonparvarlik, halollik, insof nima ekanini tushunib yetgan kishigina rostgo‘y bo‘la oladi.
Rostgo‘ylik oson emas. U insondan sabr–toqat, matonat va jasoratni talab qiladi, rostgo‘y inson qo‘rquvdan
forig‘ bo‘ladi, har qanday holatda ham vijdoniga qarshi bormaydi: kimlarningdir ko‘ziga qarab, yaqinlarini yoki
hamkasabalarini xafa qilishdan, o‘z moddiy manfaatdorligiga zarar yetkazishdan cho‘chmaydi. To‘g‘ri, bunday
munosabat tufayli rostgo‘y inson aziyat chekishi, ta‘na–dashnomlarga qolishi mumkin. Lekin bularning hammasi
bir odamga yoki muayyan guruhga voqelikni asl holida yetgazganligidan, ularni noto‘g‘ri yo‘lga solib
yubormaganligidan qalbda paydo bo‘lgan qoniqish hissi, xotirjamlik va orom tufayli yuvilib ketadi, ichki bir
quvonch unga baland ruh bag‘ishlaydi.
Yolg‘onga kelsak, uni ko‘pchilik donishmandlar eng katta yovuzliklar sirasiga kiritishgan. CHunki,
yolg‘onchi kishilar bo‘lgan yoki bo‘layotgan voqea–hodisalar haqida noto‘g‘ri axborot berib odamlarni
adashtiradilar, o‘zlari ham adashadilar. Kimningdir yoki kimlarningdir yolg‘oni tufayli odamlar ishonchga loyiq
narsalarga ishonish, ishonchsizlikka sozovor narsalarga ishonmaslik imkonidan mahrum bo‘ldilar va turmushda,
hatto hayot–mamot masalalarida noto‘g‘ri qarorlar qabul qiladilar, bu narsa esa fojeaga olib keladi. Yolg‘onchilik
qilgan odam ham «quruq» qolmaydi, u ham o‘z «fojeaviy ulush» iga ega bo‘ladi, unga bundan buyon nomusiz,
kazzob, ishonib bo‘lmaydigan odam sifatida munosabat qilinadi, bu bir tomondan, ikkinchi tomondan, o‘zi ham
zarar ko‘radi. Bunga o‘zbek xalq ertaklaridan biridagi ikki marta yarim kechada «Uyim yonib ketdi!» deb
yolg‘ondan faryod ko‘tarib, hammani – sog‘u kasalni, qariyu yoshni oyoqqa turg‘izib ovora qilgan, uchinchi marta
haqiqatan ham uyiga o‘t tushganida ko‘tarilgan dod–voyga hech kim e‘tibor qilmagan yolg‘onchining qismati misol
bo‘la oladi. O‘z qishloqdoshlarining ishonchini yo‘qotgan ertak qahramoni faqat o‘zgalarnigina emas, o‘zini ham
aldadi: uchinchi chorloviga hech kim yordamga kelmadi, uyi tag-tugi bilan yonib ketdi, boshpanasiz qoldi. Har
qanday yolg‘onchining peshonasida ana shunday «boshpanasiz», panohsiz qolish qismati bor. Zero har bir inson
uchun o‘zgalarning unga bo‘lgan ishonchi eng qoim panohdir; o‘zgalarning ishonchi insonning o‘ziga ishonchini
shakllantiradi va mustahkamlaydi.
Hayolilik. Bu me‘yor xulqiy go‘zallikning asosiy belgilaridan hisoblanadi. U, garchand, bir qarashda, uyat
hissi bilan o‘xshash bo‘lsa–da, aslida o‘zini ko‘proq andisha va iboga yaqin fazilat tarzida namoyon qiladi, unda
axloqiy mohiyat estetik xususiyat – nafosat bilan uyg‘unlashib ketadi. Hayodan odatda, inson qizaradi, bu qizarish,
ayniqsa xotin–qizlarda ichki go‘zallikning yuzga tepchib chiqishiga sabab bo‘ladi va alohida bir nafislikni,
mayinlikni vujudga keltiradi. Insonning o‘zi sodir etgan yoki boshqalar vositasida amalga oshirilgan axloqiylikka
zid xatti–harakatlardan noqulay vaziyatga tushishi, o‘ng‘aysizlanishi, mulzam bo‘lishi uyat hissida ham mavjud.
Lekin bu holatlar uyatda ijtimoiylik kasb etgan bo‘ladi, shu sababli ular xatti–harakat sodir qilingandan so‘ng ham
davom etadi va ko‘p hollarda vijdon azobiga aylanadi. Hayotda esa mazkur holatlar sof ma‘naviy tabiatga ega va
vaqt doirasida cheklangan bo‘lib, ular xatti–harakat sodir etilayotgan paytdagina yuzaga chiqadi.
SHarq donishmandlari, xususan, Abu Lays as–Samarqandiy, G‘azzoliy, Navoiy kabi allomalar, keyinroq esa
Avloniy, Fitrat singari jadid mutafakkirlari, hayoni yuksak axloqiy qadriyat sifatida olib qaraganlar, uni ikkiga –
odamlar oldidagi hayoga va Alloh oldidagi hayoga ajratganlar hamda nomusning bir ko‘rinishi deb ta‘riflaganlar.
CHunonchi, «Hayo, – deb yozadi Abdulla Avloniy «Turkiy guliston yohud axloq» asarida, – dilni ravshan
qiladurgan bir nurdirki, inson har vaqt shul ma‘naviy nurning ziyosiga muhtojdir… Iffatning pardasi, vijdonning
niqobi hayodir»
139
.
Darhaqiqat, hayolilik kishining ma‘naviyatli, ma‘rifatli, nomusli, ochiq ko‘ngilli ekanini anglatadi, uning
ziddi behayolik esa, aksincha, ma‘naviyatsizlik, nopoklikka moyillik, qalban qattiqlik kabi illatlar bilan
xarakterlanadi.
Bugungi kunda hayolilik alohida ahamiyatga ega. Turli tsivilizatsiyalarning o‘zaro aloqalari, ba‘zan esa
omuxtalashuvi, urbanizatsiya, modaparastlik singari zamonaviy hodisalar o‘zbek oilasidagi an‘anaviy hayolilikka
ma‘lum ma‘noda salbiy ta‘sir ko‘rsatayotir, ayniqsa xotin–qizlar va yoshlarning o‘zini tutishida, muomalasida,
kiyinishida bu ta‘sirni yaqqol sezish mumkin. SHu sababli oiladagi va maktabdagi tarbiyada hayolilik xulqiy
139
Авлоний А. Ўсон миллат. Т., «Шарқ», 1993, 98-б.
go‘zallik, nazokat; behayolik esa xulqiy xunuklik va qo‘pollik ekanini uqdirish shaxs erkinligining doimo o‘zgalar
oldida mas‘uliyat bilan bog‘liqligini izchil ravishda tushuntirib borish muhim vazifalardan biri.
Insoflilik. Aflotun haqida gap borganida, uning adolatni davlatga xos fazilat, degan fikrini keltirib o‘tgan
edik. Darhaqiqat, adolat mohiyatan davlatning fuqaroga, jamiyatning shaxsga nisbatan munosabati tarzida namoyon
bo‘ladi. Bordi–yu, o‘zaro adolatli munosabatlar haqida gap ketsa, unda odatda yuksak martabadagi tarixiy shaxsning
quyi martabadagi shaxsga munosabati nazarda tutiladi. Insof esa ana shu adolatning tor qamrovli xususiy ko‘rinishi
sifatida namoyon bo‘ladi. U fuqarolar, jamiyat a‘zolari orasidagi o‘zaro munosabatlar me‘yoridir.
Insoflilik ham halollik kabi vijdon tushunchasi bilan bog‘liq, ma‘lum ma‘noda halollikka o‘xshab ketadi.
Lekin bu yuzaki taassurot. CHunki halollik o‘z haqi va haqqini, ya‘ni moddiy va ma‘naviy huquqini o‘zgalarning
haqi va haqqiga xiyonat qilmagan holda ajratib yashashni anglatadi. Insoflilik esa ijobiylikda halollikdan ham bir
qadam olg‘a tashlangan holatdir: unda kishi o‘z halol haqi va haqqidan o‘zganing hisobiga kechadi; «o‘zga»ning
sharoiti o‘zinikidan nihoyatda og‘ir va yomon ekanini hisobga olib, o‘z qonuniy haqi va haqqini yoki ularning bir
qismini ixtiyoriy ravishda o‘zgaga beradi, muruvvat ko‘rsatadi.
Misol tariqasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bir xatti–harakatini olib ko‘raylik: u xorijda nashr
etilgan kitoblaridan biri uchun 30.000 AQSH dollari miqdorida berilgan qalam haqini to‘laligicha mehribonlik uyiga
o‘tkazdi. Vaholanki, mazkur qalam haqi uning halol aqliy mehnati tufayli ishlab topilgan mablag‘, unga hech
kimning da‘vo qilishga haqqi yo‘q. Lekin u, o‘zi va oilasining ijtimoiy–iqtisodiy ahvoli shu 30.000 dollarsiz ham
risoladagidek bo‘lishi mumkinligini, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va tarbiyachilarining sharoiti esa bu
darajada emasligini hisobga olib, muruvvat ko‘rsatdi: o‘zi yoki avlodi uchun halol jamg‘arma tarzida olib qo‘yishi
mumkin bo‘lgan mablag‘dan, insoflilik ko‘rsatib, ixtiyoriy tarzda kechdi.
Bu axloqiy xatti–harakatning Prezidentlik vakolati doirasiga mutlaqo aloqasi yo‘q; Islom Karimov uni
xususiy kimsa, axloqli shaxs sifatida amalga oshirdi. Ana shu insof yuzasidan qilingan muruvvat esa halollikni yana
bir pog‘ona yuksakka ko‘tardi. Qani endi o‘ziga to‘q odamlar, xususan, o‘rta va quyi bo‘g‘in rahbarlari ana shu
namunaga iqtido qilsalar! Zero, insoflilik va muruvvatlilik axloqiy me‘yorlari jamiyat yetishtirgan moddiy
boyliklarni uning a‘zolari o‘rtasida shaxsiy tashabbus asosida, og‘riqsiz, huquqiy holatlarni poymol qilmagan holda
qayta taqsimlanishiga, jamiyatning yanada farovonlashuviga o‘ziga xos hissa qo‘shadi.
Xushfe‟llilik, shirinsuxanlilik, kamtarinlik, bosiqlik singari axloqiy xatti–harakatlar me‘yoriylik nuqtayi
nazaridan g‘oyat muhim. CHunki har bir jamiyat darajasi ma‘lum ma‘noda undagi fuqarolar muomala
madaniyatining yuksakligi bilan ham belgilanadi. Zero, xushfe‘l, shirinsuxan inson o‘zining har bir
muvaffaqiyatsizligiga fojea sifatida qaramaydi, alam yoki g‘azab bilan yomon kayfiyatini boshqalarga o‘tkazishga
intilmaydi; atrofdagi axloqiy muhitni buzmaydi. Natijada o‘ziga ham, o‘zgalarga ham ko‘tarinki kayfiyat, turli–
tuman omadsizliklarning o‘tkinchiligini anglatuvchi hayotbaxsh bir umid bag‘ishlaydi. Jamiyat doimo o‘shanday
odamlarni hurmat qiladi va ulardan o‘rnak olishga intiladi.
Xushfe‘llilik, shirinsuxanlilik qay darajadadir ko‘proq ixtiyor bilan, kishining ma‘lum bir insoniy tabiatga
intilishi bilan bog‘liq bo‘lsa, bosiqlik, kamtarinlik, kamsuqumlik aksincha, ko‘proq iroda kuchi natijasida yuzaga
keladi. Zotan insonning o‘z g‘azabini bosa bilishi, noroziligini barvaqt bildirmasligi; so‘zlagisi, biror–bir gap bilan
o‘zini ko‘rsatgisi kelib qolganda o‘sha xohish–ixtiyorni to‘xtata olishi kuchli irodani talab qiladi. SHu bois
muomalada bosiq, kamtarin, «etti o‘lchab bir kesish» tamoyili asosida ish ko‘rgan shaxslar oqil odamlar sanaladi va
ular jamiyatda ham namunaviylik maqomiga noil bo‘ladilar.
Ayni paytda ba‘zi bir odamlar guruhi uchun me‘yorga aylanib qolgan illatlar ham borki, ular haqida to‘xtalib
o‘tmaslikning iloji yo‘q. Ular ichidan eng keng yoyilgan, ma‘lum ma‘noda yuqumli ma‘naviy kasallikka aylanib
borayotgan ikkitasini – xudbinlik va shuhratparastlikni ko‘rib chiqaylik.
Xudbinlik. U o‘z individual ehtiyojlarini hamma narsadan yuqori qo‘yadigan axloqiy sifat, illatni
anglatuvchi tushuncha; biror – bir insonning moddiy–maishiy manfaatlarining boshqalarnikidan ustun qo‘yilishini
bildiruvchi manfaatparastlikdan va o‘z shaxsini mutlaqlashtirishiga qaratilgan shaxsiyatparastlikning ba‘zi
unsurlaridan iborat salbiy xatti–harakatlar majmuidir.
U sharqona jo‘mardlik axloqiy tamoyili va insoflilik meyo‘rining aksi: agar jo‘mardlik, ko‘rib o‘tganimizdek,
biror shaxs, jamoa yoki jamiyat baxti, farovonligi yo‘lida kishining hatto o‘ziga eng zarur bo‘lgan narsalardan ham
voz kechishiga tayyor turishini anglatsa, xudbinlik o‘z manfaatlari yo‘lida, hech kimni, hech bir jamoani, hech
qanday jamiyatni tan olmaydigan salbiy me‘yor egasining bo‘rtib ko‘zga tashlanadigan xususiyati.
Xudbinlikni inson shaxsining o‘ziga bo‘lgan muhabbati bilan chaplashtirmaslik lozim. Biz Imom G‘azzoliy
muhabbatning besh turi haqida so‘z yuritib, insonning o‘ziga, o‘zining a‘zolariga, salomatligiga bo‘lgan
muhabbatini birinchi o‘rniga qo‘yganini yaxshi bilamiz. Uningcha, bu muhabbat Alloh, ota–ona, qarindosh–urug‘,
do‘st–birodar, muhtoj–ehtiyojmandlar xizmatida bo‘lishga imkon yaratuvchi vosita hisoblanadi. Xudbinlik esa
muhabbat hissiga emas, nafsga, hirsga, rujuga asoslanadi, o‘zini adolatsizlik, insofsizlik va berahmlik xislatlarida
namoyon etadi. To‘g‘ri, hammaning ham qo‘lidan jo‘mardlik kelavermaydi, lekin insonning o‘ziga bo‘lgan
muhabbati, boshqalarning ham o‘ziga shunday muhabbati borligini inkor etmasligi kerak. SHu qoida buzilgan
joydan xudbinlik boshlanadi.
Xudbinlik jinoyat emas, xudbin odam qonunni buzmaydi, aksincha doimo qonun oldida «toza», «faqat
qonuniy haqi»ni qanday sharoitda bo‘lmasin – birovlarning fojeasi ustidami, o‘limi ustidami, – qat‘i nazar, undirib
oladi, xolos. Uning aqidasi: «Go‘zal bino qulasa–qulayversin, men o‘zimga tegishli yuzta g‘ishtni sug‘urib olishim
kerak!»
SHuni afsus bilan qayd etish kerakki, xudbinlik jamiyatda ko‘payib borsa–borayaptiki, kamaymayapti.
CHunki qonunning mustahkamlanib borishi xudbin odamlar uchun qulaylik tug‘diradi: ular qonunning ruhini –
mohiyatini bir chetga surib qo‘yib, uning jumlalaridan – shaklidan foydalanadilar. Avvalgi, an‘anaviy urf–odatlar
hukmron davrlarda xudbin odam jazolanishi – bir chetga chiqarib qo‘yilishi, jamoadan, mahalladan haydalishi
mumkin edi. Endilikda bunday munosabat erkin shaxs huquqlarini poymol qilish, noqonuniy yondashuv deb
hisoblanadi. Demak, xudbinlikni yo‘qotishning faqat bir yo‘li bor, u ham bo‘lsa jamiyatda axloqiy tarbiyani
zamonaviy tarzda keng joriy etish.
SHuh ratparastlik. SHuhratparastlik – shon–shuhrat ketidan quvadigan va bu yo‘lda har qanday
axloqsizlikdan qaytmaydigan insonlar toifasining xususiyati. SHuhratparast odam o‘z nomining doimo atrofdagilar
va jamiyat diqkat markazida turishiga, mashhurlikka, shov–shuvga, maqtovga ichki bir tiyiqsiz ehtiyoj sezadi. Bu
ehtiyoj oxir–oqibat uni jamiyatning axloqiy – ijtimoiy talablari bilan ham, individ sifatidagi o‘z biologik va
ma‘naviy–intelektual imkoniyatlari bilan ham mutlaqo hisoblashmaydigan ijtimoiy nafs bandasiga aylantirib
qo‘yadi.
SHuhratparastlikning axloqiy illat sifatidagi xatarli tomoni shundaki, u ravnaq topib borish xususiyatiga ega:
dastavval kishi o‘z « men»ining boshqa « men»lardan kam bo‘lmasligini talab qiladi, keyin asta–sekin o‘z
« men»ining barcha « men»lardan baland turishini xohlab qoladi va nima qilib bo‘lsa ham shu xohishni amalga
oshirishga intiladi. Natijada u mavjud veqelikni, atrofdagilarning o‘ziga bo‘lgan asl munosabatini real baholay
olmaydi; qaerda uni «ko‘tar–ko‘tar» qilib maqtashsa, o‘sha yerga o‘zini uradi, hayotda asl insoniy vazifasini
bajarishdan chalg‘iydi, tuzatib bo‘lmas xatolarga yo‘l qo‘yadi. SHuhratparastlikka yorqin misol, umumbashariy
timsol sifatida, odatda salkam 2,5 ming yildan buyon Herostratning nomi keltiriladi: u abadiy shuhrat qozonish
uchun olamning yetti mu‘jizasidan biri – Efes shahridagi Artemida ibodatxonasida o‘t qo‘ygan. Uning nomi
hozirgacha taajjub, hayrat, ayni paytda nafrat va la‘nat bilan tilga olinadi.
SHuhratparastlik ham xuddi xudbinlik kabi zamonaviy jamiyatda avj olgan illatlardan hisoblanadi. Agar
xudbinlikning keng yoyilishiga ma‘lum ma‘noda shaxs erkinligining qonuniy muhofazasi, ba‘zi, demokratik
tamoyillar yo‘l ochib bersa, shuhratparastlik uchun zamonaviy ommaviy axborot vositalari ko‘k chiroq vazifasini
o‘taydi: Nitsshe aytganidek, hozirgi paytda har qanday kichkinagina « men», yo‘lini topib, sahnadan, sahifadan yoki
ekrandan o‘zi haqida jahonga jar solish huquqiga va imkoniga ega. Matbuot va so‘z erkinligidan «o‘ziga xos»
foydalanadigan, «mashhurlar» haqidagi shov–shuvlar bilan shug‘ullanadigan o‘nlab gazetalar, ko‘rsatuv va
eshittirishlar shuhratparastlarning yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinlardek paydo bo‘lishini ta‘minlamoqda. Misol
tariqasida ko‘pchilik ommaviy axborot vositalarida aslida horijiy mualliflar musiqalarini, qo‘shiqlarini noqonuniy
o‘zlashtirgani – o‘g‘irlagani (plagiat) uchun jazolanishi kerak bo‘lgan shuhratparast «san‘atkorlar»ning ko‘klarga
ko‘tarilishini keltirish mumkin. SHuhratparstlikning bunday keng yoyilishiga qarshi faqat axloqiy tarbiya vositasida
kurashish qiyin, shu sababli ularga nisbatan axloqiy yo‘l bilan birga ichki va xalqaro huquq me‘yorlaridan ham
unumli foydalangan holda ish ko‘rish maqsadga muvofiqdir.
SHunday qilib, uch bob mobaynida, qisqacha bo‘lsa–da, axloqshunoslikning asosiy tushunchalarini, axloqiy
tamoyillar va me‘yorlar nima ekanini, ularning shaxs hamda jamiyat axloqiy hayotida naqadar muhim o‘rin tutishini
ko‘rib chiqdik. Pirovard natijada quyidagicha xulosa chiqarish maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz: agar
axloqshunoslikning mezoniy tushunchalari bir–biriga bog‘liq bo‘lsa, axloqiy tamoyillarning bog‘liqligi yanada
mustahkamroq – ular biridan ikkinchisiga o‘tib turish xususiyatiga ega; axloqiy me‘yorlar esa bir–biri bilan shu
darajada chambarchaski, ba‘zan birini ikkinchisidan aniq ajratish qiyin, zero ular xulq va odob doirasidagi axloqiy
amaliyotlardir.
Ixtiyor erkinligi va axloqiy tanlov
Ixtiyor erkinligi to‘g‘risida fikr yuritishdan oldin erkinlikning o‘zi haqida mulohaza qilib ko‘rish lozim
bo‘ladi. CHunki «erkinlik» atamasi bir tomondan, sodda, aniq hammaga tushunarli so‘z, ikkinchi tomondan esa o‘ta
murakkab, tumanli, o‘zgarib turuvchi tushuncha; u hammani, ayniqsa yoshlarni ohanrabodek o‘ziga tortadi. «Aslida
esa tarixda erkinlik nomi ostida ko‘p ulug‘ ishlar amalga oshirilgan, lekin aynan shu nom bilan qanchadan–qancha
gunohlar qilingan. Har bir kishining xayoliga kelganida yuragi dukillab urib ketadigan shu nom bilan qanchadan–
qancha jinoyatu nodonliklar, ehtiros aldoviyu so‘qirliklar o‘zini bezadi va bezamoqda»
140
. V.Vindelband fikrini
davom ettirib, erkinlik atamasining mazmuni siyosat va falsafa olamida hozirgacha turli xil bo‘lib kelayotgannini,
«haqiqiy erkinlik» tushunchasi esa nimani anglatishi hali ham ayon emasligini aytib o‘tadi. Bunday
«tushunmovchiliklar»ning sababi, bizningcha, shundaki, inson erkinligi hech qachon yolg‘iz, alohida olingan
erkinlik bo‘lolmaydi, u, Sartr aytganidek, erkinliklar ro‘parasidagi erkinlik. Aynan shuning uchun ham u hech
qachon mutlaqlik kasb etolmaydi, uni doim zamon, makon, inson va narsalar erkinligi – boshqa erkinliklar cheklab
turadi; inson butunlay erkinlikka erisholmaydi, faqat nimadandir, qaysidir bir narsadangina erkin, ozod bo‘lishi
mumkin. M., sport musobaqalarida universitet sharafini himoya qilish uchun boshqa shaharga borgan talaba
darslarga qatnashish majburiyatidan ozod qilingan, lekin u darslarga nisbatan erkinlikka ega bo‘lgani holda,
butunlay erkin emas – sport musobaqalarida qatnashish majburiyatini olgan. SHunday qilib, bir erkinlikning qo‘lga
kiritilishi ikkinchi erkinlikdan – sport musobaqalarida qatnashmaslik erkinligidan voz kechishga olib keladi.
Demak, bir tomondan erkinlik zaruriyatsiz, zaruriyat esa erkinliksiz mavjud emas, ikkinchi tomondan, shuning
uchun ham, har qanday erkinlik cheklangan holdagina voqe bo‘ladi.
140
Виндельбанд В. О свободе воли. Минск - Москва, «Харвест» - АСТ, 2000. С. 8.
Endi ixtiyor erkinligi nima, degan masalaga to‘xtalamiz. Dastlabki muammo atama bilan bog‘liq. O‘zbek
tilidagi falsafiy adabiyotlarda asosan «iroda erkinligi» degan noto‘g‘ri ibora qo‘llaniladi. Buning sababi – rus
tilidagi «volya» so‘zining mantiqan xato, «sila voli» tarzida tarjima qilishida, vaholanki «volya» – «erk»,
«erkinlik», «sila voli» – iroda («iroda kuchi» emas) ma‘nolarini anglatadi. Bizda «iroda falsafasining» otasi deb
nom olgan Artur SHopenhauerning mazkur falsafani asoslab bergan to‘rt jildlik fundamental asarida gap iroda
haqida emas, balki ixtiyor haqida boradi. Asar olmonchadagi asliyatda «Die Welt als Wille und Vorstellung» deb
ataladi, o‘zbekchasiga bu «Olam ixtiyor va tasavvur sifatida» (ruschasiga «Mir kak volya i predstavlenie») deb
tarjima qilinadi. Zero Wille – ixtiyor degani, iroda esa – Willenskraft yoki Willensstarke (ruschasiga «sila voli»).
Falsafiy adabiyotlarimizdagi atama borasidagi bunday mantiqsizlik o‘ylab o‘tirmasdan ruschadan «shartta ko‘chirib
tashlash» ning oqibatidan boshqa narsa emas.
Mantiqsizlik deganimizning ma‘nosi shundaki, ixtiyor – xohish, istak demakdir, iroda esa o‘sha xohish,
istakni bosib turuvchi, uning amalga oshishiga yo‘l qo‘ymaydigan kuch, ya‘ni ixtiyor g‘ildirak bo‘lsa, iroda –
tormoz. M., siz chekishni tashladingiz, lekin juda bo‘lmaganda, «bir tortib» qo‘yishni nihoyatda xohlaysiz, shunda
iroda vositasida bu xohishdan voz kechsangiz, irodali odam deb atalishga loyiqsiz, akasincha esa, siz irodasiz
insonsiz. Demak, ixtiyor – erkinlik, iroda – zaruriyat sifatida namoyon bo‘ladi. To‘g‘ri, «ixtiyor» va «iroda» so‘zlari
bir mazmunni anglatadigan holatlar ham mavjud. Lekin ular juda kam, sanoqli, faqat mislsiz qudratning xohishigina
bir vaqtning o‘zida iroda bilan mustahkamlanadi, bunda iroda xohishning yuksak darajasi sifatida talqin topadi.
Bunday talqin to‘rt narsaga xos: gap Xudo, xalq, ota–ona, podsho haqida borgandagina biz «Xudoning xohish–
irodasi», «xalqning xohish – irodasi» v.h. deyishimiz mumkin xolos. Boshqa barcha hodisalarda ixtiyor bilan iroda
bir–biridan muxtor tarzda va bir–birining ziddi sifatida namoyon bo‘ladi. SHunday qilib, falsafa va
axloqshunoslikdagi eng murakkab muammolardan biri «iroda erkinligi» emas, balki «ixtiyor erkinligi» degan istiloh
bilan atalishi maqsadga muvofiqdir.
Ixtiyor erkinligi eng avvalo ixtiyorning uch bosqichda voqe bo‘lishi bilan bog‘liq. Birinchi bosqich – ichidan
faqat bittasini tanlab olish va harakatga aylantirish mumkin bo‘lgan alohida xohish–istaklarning tug‘ilishidan iborat.
Ikkinchi bosqichda mazkur xohishlarning o‘zaro bir –birini tutib turishi, teng holatga keltirishi yuz beradi va bu –
tanlov oraqali bir qarorda to‘xtash imkonini yaratadi. Uchinchi bosqich tanlangan xohishning o‘ziga mos jismoniy
harakatga o‘tishi bilan belgilanadi.
Erkinlikka kelsak, shuni aytish kerakki, muayyan ixtiyorga berilgan erkinlik faqat tanlovning boshlanishida
va tanlov jarayonidagina mavjud bo‘ladi. Tanlov jarayoni tugashi bilan, ya‘ni ikki narsadan birini tanlaganingiz
zahoti ixtiyoringiz uchun berilgan erkinlikning vakolati tugaydi: siz ixtiyor qilib bo‘ldingiz, bundan buyog‘iga erkin
emassiz, endi tanlagan narsangizga mos harakatni boshlashingiz kerak. Demak, ixtiyor erkinligi tanlanayotgan ikki
narsa oralig‘idagi fikrlash mobaynidagina voqe bo‘ladigan hodisadir.
Tanlovning o‘zi esa ikki xil xohish o‘rtasidagi kurashdan iborat. Bu kurashda faqat bitta hohish – qaysinisi
kuchli bo‘lsa, o‘sha g‘alaba qozonadi: ham unisining, ham bunisining baravar tanlanishi mumkin emas.
Ruhshunoslik nuqtayi nazaridan tanlov hissiyotga asoslangan, qanday sabab orqali vujudga kelishi ahamiyatsiz
bo‘lgan ruhiy omil. Axloqshunoslikdagi tanlov esa qadriyat bilan bog‘liq, aqlga asoslangan tushuncha. Birinchisi –
bor narsa, ikkinchisi – bo‘lishi kerak deb hisoblangan narsa; birinchisi –mavjud omilni, ikkinchisi – idealni,
me‘yorni anglatadi. SHunday qilib, insondagi ixtiyor erkinligi zaruriyat talabi bilan oqilona, aqlga bo‘ysundirilgan
ravishda, ideal va me‘yorlarga mos tarzda cheklanadi. Aks holda, muayyan bir yo bir necha inson yoki guruhning
betiyiq erkin ixtiyori na faqat boshqa insonlar va guruhlar, balki nabotot, hayvonot olami, butun dunyo uchun
fojeaga aylanishi mumkin.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, ixtiyor erkinligi tufayli inson har qadamda axloqiy tanlov muammosiga duch
keladi. Bu muammo kishida mas‘uliyat hissi mavjudligidan dalolat beradi. Mas‘uliyatni, o‘zgalar va o‘z vijdoni
oldida javobgarlikni sezmagan kishi xohlagan ishga qo‘l urishi mumkin – uni o‘z qilmishining oqibati qiziqtirmaydi,
u faqat manfaat ustuvorligini tan oladi, xolos. Unday odamni axloqsiz deb ataydilar. Zero inson yo ezgulikni, yo
yovuzlikni tanlashi tufayli nimanidir ixtiyor etadi: axloqiy tanlov – har bir xatti–harakat, har bir qilmishning ibtido
nuqtasi.
Umuman, inson hamda jamiyat axloqiy hayotida ixtiyor erkinligi va tanlovning ahamiyati beqiyos. Masalan,
tarixdagi bir ta‘sirchan voqeani olib ko‘raylik: bozorda mutasavvif alloma, ozarboyjon, eski o‘zbek (turkiy), fors
tillarida o‘lmas asarlar yaratgan buyuk shoir Imoiddin Nasimiyning g‘azalini yod o‘qiyotgan bir yosh yigitni kufrda
ayblab, hibsga oladilar. Yigit oldida ikki yo‘ldan birini tanlash turardi: yo piri Nasimiyni sotish va tavba qilib,
banddan ozod bo‘lish yoki g‘azalni o‘zimniki, deb o‘limga tik borish. Pokdomon, or–nomusli yigit ikkinchi yo‘lni
tanlaydi. Qozi uning terisini shilishga buyuradi. Olomon–tomoshabinlar yig‘iladi. SHu payt Nasimiy kelib qoladi.
Voqeadan xabar topgan Nasimiy oldida ham endi tanlov turardi – tanlamaslikning iloji yo‘q edi: yo o‘zini oshkor
qilib, yosh yigitni jallod qo‘lidan qutqarishi va uning o‘rnini egallashi, yoki olomon orasidan sekin sirg‘alib chiqib
ketib, muridining o‘limga mahkum etilishi evaziga o‘z jonini asrab qolishi kerak. Buyuk mutasavvif shoir birinchi
yo‘lni tanlaydi: o‘zini jallod qo‘liga tutqazib, begunoh yigitni ozod etadi. Qozi endi Nasimiyning terisini shilishga
buyuradi. Jallod ishga kirishadi, atrofga qon sachraydi. SHunda qozi odamlarga, nari turinglar, bu kofirning tomchi
qoni biror yeringizga tegsa, o‘sha yerni kesib tashlash kerak bo‘ladi, deydi. Qozi gapini tugatar–tugatmas, Tangri
irodasi bilan bir tomchi qon sachrab uning jimjilog‘iga tegadi. Olomon qozidan barmog‘ini kesib tashlashini talab
qiladi. Endi qozi oldida tanlov turardi: yo barmog‘ini kesishga berib, gapining ustidan chiqishi yoki gapidan qaytib,
sharmisor bo‘lishi kerak. Qozi axloqan nopok, qo‘rqoq va xudbin odam sifatida gapidan qaytadi. Nasimiy esa
qiynoqqa mardonavor chidab, churq etmaydi, aksincha, qozining ahvolini ko‘rib, istehzoli kuladi va so‘nggi
g‘azalini yoddan aytadi. Nasimiyning bu jasorati asrlardan–asrlarga o‘tdi, ne–ne shoirlarning she‘rlarida madh etildi,
o‘zi esa insoniy poklik va yuksak axloqiylikning o‘lmas timsoli bo‘lib qoldi. Bir namuna sifatida buyuk turkman
shoiri Maxtumqulining «Aytishuv» she‘ridan quyidagi sakkiz satrni keltirish mumkin:
M a h t u m q u l i – U nimadir, yemadilar – to‘ydilar?
U nimadir, ulug‘ kunga qo‘ydilar?
Ul kim edi tovonidan so‘ydilar?
SHoir bo‘lsang, shundan bizga xabar ber!
D u r d i sh o i r – U diydordir, yemadilar – to‘ydilar,
U namozdir, qiyomatga qo‘ydilar,
Nasimiyni tovonidan so‘ydilar,
Bizdan salom bo‘lsin, javob shul erur!
SHunday qilib, ushbu misolda uch xil tanlovni, uch xil mas‘uliyatni va ixtiyor erkinligidan uch xil
foydalanishni ko‘rdik. Demak, har bir insonning bu dunyoda axloqiy tanlov sinovidan o‘tmasligi mumkin emas.
Dostları ilə paylaş: |