Afsuski, yalpi ichki mahsulotda “yashirin” iqtisodiyotning ulushi katta boʻlib, bu
mamlakat rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Soliq yukini kamaytirish, biznes yuritish uchun yanada
qulay sharoitlar yaratish
“yashirin” iqtisodiyotga barham berishning yagona yoʻlidir. Shuning uchun bu
borada taʼsirchan choralarni nazarda tutadigan alohida
dastur ishlab chiqishimiz
zarur.
Bundan tashqari, oʻzimizda ishlab chiqarilgan va
import qilinayotgan yuqori
likvidli mahsulotlar markirovkasini joriy etish boʻyicha jadal ish olib borish talab
etiladi.
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida mamlakat taraqqiyotining tayanchi boʻlgan
insofli, halol soliq toʻlovchilarni ragʻbatlantirish, yashirin faoliyat yuritadiganlarni
esa jazolash koʻzda tutilishi shart.
Maʼlumki, soliq stavkalari pasaytirilishi yoki ayrim soliqlar bekor qilinishi bilan
byudjetga tushadigan mablagʻ albatta kamayadi.
Buni samarali soliq maʼmuriyatchiligi orqali
bartaraf etish va byudjet
barqarorligini taʼminlash mumkin. Aynan shunga erishish birinchi galdagi
vazifamizdir.
Soliq maʼmuriyatchiligi shunday boʻlishi kerakki, qoʻshilgan qiymat soligʻi keng
joriy qilinsa ham bu holat isteʼmol tovarlarining narxi oʻsishiga
olib kelmasligi
shart va zarur.
Moliya vaziri va Davlat soliq qoʻmitasi raisi soliq maʼmuriyatchiligi samaradorligi
hamda byudjet va isteʼmol mahsulotlari narxining barqarorligini taʼminlashga
shaxsan masʼul etib belgilanadi.
Soliq yukini kamaytirish hisobiga barchaga bir xil adolatli soliq rejimini joriy
etish, soliq imtiyozlarini bosqichma-bosqich bekor qilish lozim.
Zero, berilgan imtiyoz raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganini
tadbirkorlarning oʻzlari ham eʼtirof etmoqdalar.
Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda ana shu masala boʻyicha “Yoʻl xaritasi”
ishlab chiqish vazifasi topshiriladi.