Annotatsiya


-mavzu: Ta’lim tizimi va uni boshqarish metodologiyasi



Yüklə 0,82 Mb.
səhifə4/81
tarix11.05.2022
ölçüsü0,82 Mb.
#57513
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   81
O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi a

2-mavzu: Ta’lim tizimi va uni boshqarish metodologiyasi

Reja:

  1. Ta’lim tizimlari va ta’lim sifatini tadqiq qilishning metodologik asoslari.

  2. Ta’lim tizimli tahlil va modellashtirish ob’yekti sifatida.

  3. Ta’lim sifatini boshqarish ilmiy bilish va amaliyot sohasi sifatida.

  4. Tizimli ta’limning tarkibiy tahlili.


Tayanch tushunchalar: Ta’lim tizimi, ta’lim sifati, modellashtirish, ilmiy bilish.
Ta’lim sifati muammolarini tadqiq qilish metodologiyasi uch xil tahlil darajasini: tadqiqotning umummetodologik, xususiy metodologik va aniq metodikalarini o‘z ichiga oladi.

Metodologiya, metodika va tadqiqot jarayonlari o‘rtasidagi tafovut ob’yektiv ravishda vujudga kelgan vositalar tizimini aks ettiradi. Bunda gap haqqoniylikni o‘rganish va ob’yektga yaqinlashishning turli darajalarida, ya’ni oliy (uning barcha o‘zaro aloqalaridagi jarayonni qamrab oluvchi), o‘rta (ushbu tizimning ma’lum bir tarixiy sharoitlarda ishlashini qamrab oluvchi) va tajriba-sinov darajalarida tahlil qilish usullarini chegaralash haqida boradi.

Umummetodologik daraja o‘rganilayotgan muammoga umumiy ijtimoiy-falsafiy yondashuv bo‘lib, u tadqiqot ob’yektini va predmetini, uning barcha jihatlari, aloqalari va vositalarini har tomonlama o‘rganishni talab qiladi.

Dialektik metod predmetni rivojlanishda, harakatda va o‘zgarishda o‘rganilishini ko‘zda tutadi. O‘rganilayotgan jarayonlar va hodisalarni bilishga bunday yondashuv o‘rganilayotgan tizim, hodisa yoki jarayonning qaror topish va rivojlanish qonuniyatlarini ochish hamda ularni isloh qilish chora-tadbirlarini asoslash imkonini beradi.

Dialektik metod ta’lim sifatini umumdavlat, jamoat va shaxs nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi, umumjahon qonuniyatlari va tamoyillarini e’tiborga oladi, ta’lim sohasidagi milliy madaniy-tarixiy va ma’naviy-axloqiy an’analar hamda qadriyatlarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga oladi. Bundan tashqari, «ta’lim sifati» ham umuman, ham ayrim jihatlari bo‘yicha doimiy «taftish» qilinadigan va to‘g‘rilab boriladigan dinamik hodisa sifatida ko‘rib chiqiladi. Bunda ta’lim sifatining muhim xususiyatlarini birlikda, o‘zaro ta’sirda, o‘zaro bog‘liqlikda va rivojlanishda tahlil qilish ko‘zda tutiladi.

Tadqiqotning xususiy metodologik darajasi ular asosida tad­qiq qilinadigan metodologik tamoyillar yig‘indisidan iborat. Bular tizimli-tarkibiy tahlil, kompleks, dasturiy-maqsadli, shaxsiy-faoliyatli yondashuvlar, nazariya va amaliyot, ong va faoliyat birligi tamoyillari va boshqalardir.

Tizimli-tarkibiy tahlil dastlab XVIII asrda jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy tizimi misolida ishlab chiqilgan. O‘shanda tayyor metodologiya ishlab chiqilmagan edi, biroq u yaxlit o‘rganishda tizimli-tarkibiy tahlil imkoniyatlari va istiqbollarini ko‘rsatdi. Keyinchalik ijtimoiy-falsafiy, psixologik va pedagogik muammolarni ishlab chiqishda ushbu tamoyil tobora keng qo‘llanilmoqda.

Ta’limni tizim sifatida jamiyat tuzilmasidan ajralgan holda ko‘rish imkonini beruvchi mezon uning aniq maqsadga yo‘naltirilganligidir. Tizimli yondashuvda ko‘zda tutilgan maqsadli tahlil ta’limni ijtimoiy-iqtisodiy, demografik, siyosiy va boshqa jarayonlar bilan aloqalari nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish imkonini beradi. Ta’limning har bir tarkibiy qismi ham ana shu aloqaning muayyan jihatini aks ettirgan holda, aniq yo‘nalishdagi maqsadga ega. Masalan, ta’lim sifati, ta’lim tizimining tarkibiy-mazmunli qismi sifatida davlat, jamiyat, shaxsning (ijtimoiy-shaxs buyurtmasi) maqsadli ko‘rsatmalari va qadriyatlar bilan bog‘liq yo‘nalishlari, fan, texnika, madaniyat, texnologiyalarning taraqqiyot darajasi, shuningdek tizimning tegishli tarzda kadrlar hamda resurslar ta’minlanishi bilan belgilanadi.

Ijtimoiy tizimni o‘rganishda «hamma narsa hamma narsadan iborat» tamoyili maqbuldir. Murakkab tizimning tarkibiy unsurlarga bo‘linishi ijtimoiy hodisalar va jarayonlarni tadqiq qilishning eng to‘g‘ri usulidir.

Tizimli - tarkibiy tahlilning qo‘llanilishi quyidagilarni nazarda tutadi.

1. Ta’lim sifatini o‘zaro ta’sirda bo‘lgan tarkibiy qismlardan tashkil topgan yaxlit masala sifatida ko‘rib chiqish. Shu boisdan, ta’lim sifati muayyan bog‘liqlikda va iyerarxiyada bo‘lgan qator tarkibiy qismlarni birlashtiruvchi yaxlit tizim sifatida tahlil qilinadi.

2. Ta’lim sifatini o‘rganishda asosiy e’tibor tarkibiy qismlarning o‘zaro va muhit bilan ta’siriga qaratiladi. Bunda ta’lim sifati tarkibiy qismlarining funksional iyerarxiyasini va ularning bo‘ysunishini aniqlash zarur. Faqat ana shu o‘zaro ta’sir asosidagina birmuncha yuqori darajadagi hal qiluvchi tarkibiy qismlar yanada takomillashgan ta’lim sifatining shakllantirilishini ta’minlaydi. Ta’lim sifatining tashqi omillar bilan o‘zaro ta’sirini o‘rganish, unga ta’sir etuvchi shart-sharoitlarni aniqlash hamda aks ettirilayotganning aks ettirilgani uchun ahamiyatini har tomonlama va chuqur ochib borish imkonini beradi.

3. Ta’lim sifatini dinamik holat sifatida ko‘rib chiqish. U ham shaklan, ham mazmunan va pirovard (kutilayotgan, maqsadli va haqiqiy) natijaga qarab doimiy o‘zgarib turadi. Bu holatlarni keltirib chiqaruvchi sabablarni aniqlash ta’lim sifatini rivojlantirish jarayonini samarali boshqarish imkonini beradi.

Ta’lim sifati va unga ta’sir ko‘rsatuvchi shart-sharoitlarning asosiy tavsiflarini tadqiq qilish rivojlanish istiqbollari haqida fikr yuritish imkonini beradi. Bunday yondashuvda uni o‘zgartirish jarayonida ta’lim sifati tarkibi va mazmunidagi o‘zgarishlarni o‘rganish imkonini yaratadi.

Ta’lim tizimiga ob’yektiv ravishda xos bo‘lgan integral sifat - inersiyalilik - ta’lim va kasb-hunar dasturlarining tegishli tarkibiy qismlarini takomillashtirishga tegishli darajada prog­nozlashtirib yondashish zarurligini anglashda, ularning aniq o‘zlashtirilishini ta’minlashda, shuningdek, tegishli pedagogik tizimga singdirilgan ilmiy bilimlarning bashoratli yo‘nalishi sharoitida hisobga olinishi mumkin. Aynan shu boisdan ham, uzluksiz ta’lim va pedagogika fani sohasida ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-tarixiy, etnopsixologik va boshqa turdagi prognoz qilish natijalarini majburiy tartibda integratsiyalashni ko‘zda tutuvchi uzluksiz ta’limning yaxlit tizimini rivojlantirishni prognozlashga tizimli yondashish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Ta’lim sohasida prognozlash va istiqbolni ko‘zlab rejalashtirish masalalarini eng muhim muammolar qatoriga qo‘shayotgan taniqli olimlar, pedagoglar va ta’lim tashkilotchilarining aksariyat ishlarida ushbu g‘oya qat’iy ta’kidlab o‘tilmoqda. Ammo vazifa ta’lim sohasidagi prognoz tadqiqotlarning zarurligini anglab yetishdan respublikada ta’lim tizimini rivojlantirish uchun amalda aniq ifodalangan ijtimoiy buyurtmani amalga oshirish imkonini beruvchi tadqiqotlarning o‘ziga o‘tishdan iboratdir. Bunda ta’lim-pedagogik prognoz bilan bog‘liq ishlarda istiqbolda ta’lim iqtisodiyotining prognozli muammolariga, masalan, istiqbolli miqdoriy parametrlar, ya’ni pedagogik kadrlarga, malakali ishchilar va mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlashga, turli xildagi ta’lim muassasalarining tegishli miqdori va ixtisosini bashorat qilishga, ularni oqilona joylashtirishga, ilmiy-pedagogik tad­qiqotlar mavzusini istiqbolli rejalashtirishga, ta’lim tizimining ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligini aniqlashtirishga katta e’tibor beriladi. Xususan, uzluksiz ta’limning turli darajalardagi maqsadlarini, ta’lim sifatini, uning mazmunini, usul­lari, o‘quv-tarbiyaviy faoliyat vositalari va tashkiliy shakllarini prog­nozli asoslash bilan bog‘liq pedagogik va didaktik muammolar hamon yetarlicha ishlab chiqilmayapti. Uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirishni bashorat qilishning asosiy metodologik va nazariy muammolariga oid mavzular doirasi juda kengdir.

Avvalo, pedagogik prognozlashning real ilmiy maqomini hamda bilimlarning ushbu tarmog‘i qamrab oladigan o‘sha fan sohasini aniqlash, pedagogik prognozlash mumkin bo‘lgan ob’yektlarni va asosiy yo‘nalishlarni ko‘rsatish zarur. Shundan so‘ng, prog­nozlash ob’yekt­lari va konkret shart-sharoitlarning o‘ziga xos xususiyatini hisobga olgan holda, ta’lim sohasida tashxisli tadqiqotlarni tashkil etishga nisbatan yondashuvlarni belgilovchi me­to­dologik tamoyillar tizimini asoslash lozim. Bunda prognozlash tavsifidagi ishonchli axborot olishni va uning to‘g‘riligini ta’minlaydigan muayyan tadqiqot usullarini tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda pedagogik prognozlash nazariyasi va amaliyotining dastlabki bosqichida O‘zbekistonda uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirishga oid turli prognoz loyihalarni ko‘rib chiqish emas (vaholanki, ularni olish jarayonlari bayon qilinmagan holda bunga urinishlar bo‘lgan), balki shunga o‘xshash loyihalarni isbotlanganlik darajasini oshirish vositalari va usullarini izlash muhim o‘rin tutadi. Shu bois yagona pedagogika fani pedagogik prognozlash doirasida yangi yo‘nalishni, ya’ni barcha bo‘g‘inlarda uzluksiz ta’limning yaxlit, murakkab va dinamik tizimini rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Bashoratli tadqiqotlarning birinchi galdagi vazifalarini hal qilishga va, shu bilan birga, ana shunday tadqiqotlarni samaraliroq o‘tkazish uchun muayyan metodologik yo‘nalishlarni belgilab olishga diqqat-e’tiborni qaratish imkonini beradigan umumlashtirilgan, tartibga solingan ob’yektlarni aniqlash muhim.

Qanday pedagogik tarkibiy qismlar uzluksiz ta’limning yaxlit tizimini rivojlantirish istiqbollarini belgilab beradi, prog­nozlilashni talab qiladi (bu juda muhimdir) va prognozlash mumkin? Bunda, shubhasiz, muayyan pedagogik tizimning va shunga muvofiq ravishda umuman ta’lim tizimining pirovard natijasi bo‘lmish ta’lim sifatini shunday jihatlar sirasiga kiritish lozim. Boshqacha aytganda, ta’lim sifati muammosiga nisbatan olganda, quyidagilar: o‘quv-tarbiya tizimlari (ta’limning har bir bos­qichida) va pedagogik tizim (umuman ta’lim tizimiga nisbatan olganda) pedagogik prognozlash ob’yektlari hisoblanadi.

Ta’limning har qanday darajasida o‘quv-tarbiya tizimi bir qator o‘zaro bog‘langan tarkibiy qismlardan tashkil topgan prognozli tad­qiqotlarning murakkab va ko‘p qirrali ob’yektidan iborat. Ularning har biri bashorat qilishning mustaqil ob’yekti sifatida xizmat qilishi mumkin. Bundan tashqari, tadqiqot maqsadida o‘quv-tarbiyaviy tizimni tarbiyalash va rivojlantirish hamda o‘qitish kabi ikkita kichik tizimga shartli ravishda bo‘lish maqbul. Ushbu kichik tizimlarning har biri, o‘z navbatida, maqsadlari, mazmuni, usullari, vositalari va tashkiliy shakllari, berilgan yoki haqiqiy ta’lim sifati kabi tarkibiy qismlardan tashkil topgan. Aynan tarkibiy qismlar bashoratli tadqiqotlarning keyingi (birmuncha pastroq) darajasida pedagogik prognozlash ob’yektlari bo‘lib xizmat qilishi mumkin (prognoz tadqiqotlar haqida gap borganda, avvalo, ularning murakkabligini, ammo ilmiy, buning ustiga, amaliy ahamiyatini emas, tafovutini nazarda tutamiz). Yuqorida sanab o‘tilgan tarkibiy qismlarni batafsil tekshirish (masalan, ta’lim sifati, umumiy ta’lim, kasbiy yoki maxsus tayyorgarlik mazmuni, o‘quvchilarning bilimini oshirish usul­lari, o‘qitishning axborotga oid yoki pedagogik texnologiyalari va h. k.) tizimning u yoki bu darajasida bashorat qilishning muayyanroq, mahalliy ob’yektlarini aniqlashga olib keladi. Prognoz tadqiqot ob’yekt­larining shu yo‘sindagi bir-biriga bog‘liqligi yaxlit o‘quv-tarbiya tizimlari faoliyatining murakkab tavsifini aks ettiradi, tizimning bir-biriga bog‘liq bo‘lgan barcha tarkibiy qismlarini pedagogik prognozning yagona tadqiq qilish siklida prognozli asoslashga yalpi yondashuv zarurligidan dalolat beradi.

Bunday yondashuv xususiy prognozli tadqiqotlarni qat’iy ravishda muvofiqlashtirishni, ularni umuman o‘quv-tarbiya tizimiga «ishlayotgan» pirovard natijalarga yo‘naltirishni ko‘zda tutadi. Pedagogika nazariyasi va amaliyotida hal etilmagan masalalar va «tang joylar»ning ko‘pligi aksariyat hollarda yagona pirovard maqsad va umumiy tadqiqotchilik tafakkuri bilan birlashmagan ko‘plab mahalliy tadqiqotlarni keltirib chiqaradi. Bunday tadqiqotlar ayrim muvaffaqiyatlarga olib kelishi hamda xususiy masalalarni hal qilish imkonini berishi mumkin. Biroq ularning natijalari, odatda, faqat qat’iy cheklangan hodisalar uchun yaroqlidir va ko‘p jihatdan o‘zgargan sharoitlarda foydalanilmaydi. Shu bois, hozirgi vaqtda tizimli pedagogik tad­qiqotlarni tashkil etishga va bunday tadqiqotlarga nisbatan yalpi, dasturiy-maqsadli yondashuvdan foydalanishga katta e’tibor berilayotganligi bejiz emas.

Kadrlar tayyorlash maqsadlari, sifati va mazmuni ta’lim tizimining tarkibiy qismlari qatorida prognozli asoslashni ancha ko‘proq talab qiladi va, shu bilan birga, ularni oldindan prognozlash nisbatan oson kechadi. Ushbu tarkibiy qismlar yuzasidan qilingan prognozni asoslash va ularga muntazam ravishda tuzatishlar kiritish, asosan, ta’lim usullari, vositalari va tashkiliy shakllarini tanlashga qay yo‘sinda yondashishga bog‘liqdir. Shu boisdan, kadrlar tayyorlash maqsadlari, sifati va mazmunini didaktik prog­nozlash pedagogik prognozni rivojlantirishning ushbu bosqichida pedagogik tadqiqotlarning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Ta’lim sifatini pedagogik prognozlashning metodologik muammolarini tadqiq qilishga kirishgan holda, eng avvalo, pedagogikada ilmiy-prognozlash faoliyati metodologiyasi hal qilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalarni aniqlash zarur.

Ushbu vazifalarni darajasi bo‘yicha ko‘rib chiqish maqbulroqdir.

Birinchi - oliy darajada, gap uning maqbul faoliyatining ko‘p omilliligini e’tiborga olgan holda, ta’lim tizimini rivojlantirishni ilmiy jihatdan anglab yetish jarayonini metodologik asoslash haqida bormoqda. Bunda ushbu sohada ildamlovchi axborotni olishning falsafiy va gnoseologik muammolari hal etiladi, pedagogik prognozlash strategiyasini oldindan belgilovchi boshlang‘ich metodologik tamoyillar aniqlanadi.

Ikkinchi darajada ta’lim sohasida bashoratli tadqiqotlarni o‘tkazishga nisbatan mavjud yondashuvlar metodologiya ob’yekti hisoblanadi. Metodologiyaning vazifasi u yoki bu yondashuvdan foydalanishning to‘g‘riligi va maqsadga muvofiqligini asoslashdan iboratdir.

Uchinchi darajada gap pedagogik bashoratlash ob’yektining u yoki bu tomonlari to‘g‘risida prognozli axborot olishning muayyan prog­nozli metod va usullari haqida boradi. Vazifa u yoki bu usulning asosiy belgilarini ajratish, muayyan pedagogik muammolarni hal qilishda uni amalda qo‘llanish imkoniyatlarini ko‘rsatishdan iboratdir.

Falsafiy nuqtai nazardan ko‘rib chiqilayotgan ilmiy bilish metodologiyasi, ilmiy tadqiqot metodologiyasi va har bir muayyan fan metodologiyasi ilmiy-tadqiqot faoliyatining tamoyillari va usullari to‘g‘risidagi yagona metodologik bilimni tashkil etgani holda, bir-biri bilan uzviy bog‘lanib ketgan.

Ob’yektivlik tamoyili bashorat bilan bog‘liq faoliyatning umumiy strategik yo‘nalishini aniqlash imkonini beradi. Ushbu faoliyat u yoki bu sub’yektiv fikrni majburan qabul qilishdan hamda pedagogik faoliyatning ob’yektiv xossalari va munosabatlarini, shuningdek, ta’lim tizimini rivojlantirishning avvaldan mavjud oqimlarini ko‘r-ko‘rona qayd qilishdan xalos bo‘lgan holdagina muvaffaqiyatli kechadi.

Bilish mumkinligi tamoyiliga muvofiq, kelajakni bilish jarayonni bilmaslikdan bilishga, kam bilishdan ko‘proq bilishga o‘tish sifatida qarab chiqish kerak. Pedagogika sohasidagi prognoz faoliyati, oqibat-natijada, pedagogik prognozning u yoki bu ob’yektida xolis, haqiqiy bilim olishga qaratilgandir.

Pedagogik hodisalarning ko‘p omilliligi bilan boQliq holda masalan, ta’lim sifati ilmiy bashorat tamoyili alohida metodologik ahamiyat kasb etadi. Pedagogikada ilmiy bashorat, rivojlanish tamoyiliga rioya qilingan hollarda, ya’ni pedagogik hodisalarga xos bo‘lgan ziddiyatlar tegishlicha e’tiborga olingan taqdirdagina samarali bo‘lishi mumkin. Ularning ayrimlari o‘quv-tarbiya jarayonining harakatlantiruvchi kuchi sifatida ro‘yobga chiqadi, bosh­qalari esa unga to‘sqinlik qiladi.

O‘tgan yillar tajribasidan foydalanish - o‘z metodologik asosini tarixiylik tamoyilida topadigan har qanday prognozli ishlanmalar uchun tegishli zamindir. Eski va yangi sifat holatlarning ichki bog‘liqligini aniqlash muhimdir.

Nazariya va amaliyot birligi tamoyili ham prognozlashda katta ahamiyatga ega, chunki amaliyot ilmiy-pedagogik prognoz natijalarining to‘g‘riligi va ishonchliligining yagona ob’yektiv mezonidir.

Pedagogik prognozning umumiy metodologik tamoyillarini bilish samaradorligi asosan ularni tashkil etishga yondashuvga bog‘liq bo‘lgan muvaffaqiyatli prognozli tadqiqotlarning zarur, ammo yetarli bo‘lmagan shartidir. Zamonaviy boshqaruv nazariyasida tizimli, kompleks yondashuvni amaliyotga joriy qilish va chuqurlashtirish vositasi sifatida ko‘rib chiqiladigan dasturiy-maqsadli yondashuv ta’limni prognoz tadqiq qilishga eng samarali yondashuvlardan biri hisoblanadi.

Ta’lim tizimi ko‘p shaklli, o‘zaro bog‘langan funksiyalarni amalga oshiruvchi va atrof-muhit bilan muayyan o‘zaro munosabatda bo‘lgan, o‘ziga xos rivojlanish kuchlariga ega murakkab dinamik, o‘zini o‘zi boshqaruvchi, ko‘p darajali yaxlit tizimdir. Bunday murakkab tizimni prognozlashda tadqiq qilinayotgan ob’yektni kompleks idrok etish farqli xususiyati bo‘lgan prognoz shakllarini qo‘llash alohida ahamiyat kasb etadi. Ular ta’limni tadqiq qilishda tizimli tahlilning barcha talablaridan foydalanish, elementlar iyerarxiyasini va ularning bir-biriga teng bo‘ysunish sxemasini aniqlash, funk­sional aloqalarini ko‘rib chiqish imkonini beradi.

Dasturiy-maqsadli rejalashtirish (yoki yondashuv) fundamental fanda ko‘plab keng ko‘lamdagi muammolarni ishlab chiqishda hamda umumdavlat ahamiyatiga molik ilmiy-amaliy jarayonlarni amalga oshirishda o‘zini oqladi. Kadrlar tayyorlash milliy modeli va dasturini ishlab chiqishda undan foydalanilganligi bunga yorqin misol bo‘la oladi.

Ammo shuni ta’kidlash kerakki, pedagogik jarayon juda murakkab bo‘lganligi va qator muhim xususiyatlariga ko‘ra shakllantirishga va o‘lchashga bo‘ysunmasligi bois pedagogika fani va amaliyotida dasturiy-maqsadli rejalashtirishni qo‘llash murakkablashadi.

Odatda, u yoki bu sohada tanazzul vaziyati vujudga kelgan hollarda yirik tadqiqot ishlarini dasturiy-maqsadli rejalashtirishga murojaat qilinadi. Rejalashtirishning bunday metodologiyasi har qanday (ham asosiy, ham ta’minlovchi) ishni bajarishdagi izchillikka, parallel ravishda o‘tkaziladigan tadqiqotlarni bajarishning kelishilgan muddatlariga qat’iy talablar qo‘yadi, chunki, ular yaxlit bir butunlikni tayyorlagan holda (masalan, ta’lim sifati va tegishli ta’lim jarayoni, pedagog kadrlar bilan ta’minlash va h. k.) butlovchi qismlar sifatida bir-biri bilan boQlangan bo‘ladi yoki ulardan biri boshqasini axborot bilan ta’minlaydi.

Ko‘rsatib o‘tilgan metodlarning qay biri asosiy, ularning vazifasi va, xususan, ta’lim sifati muammolarini tadqiq qilishda ulardan foydalanish xususiyatlari nimalardan iborat?

Ularning qisqacha ro‘yxatini keltiramiz.

1. Pedagogik xususiyatga ega jarayonlar uchun fundamental qonunlar mushtarakligiga asoslangan analogiya metodi.

2. Turli xil bilimlar unsurlarining majmuida sintez bo‘lgan pedagogik tizimlar, yangi nazariy tasavvurlarni muayyan maqsadni ko‘zlab tuzish metodi.

3. Yechimi ob’yektiv ravishda mavjud bo‘lgan yangi tushunchalar va tasavvurlar tizimida ilmiy masalalarning boshlanQich ma’lumotlari va pirovard talablarini qayta ta’riflash metodi.

4. Aniqlik (empirik)dan mavhumlikga o‘tish metodi.

5. Mavhumlikdan (nazariy anglangan) o‘tish metodi.

6. Nazariy jihatdan mumkin bo‘lgan vaziyatni modellashtirish metodi (ta’lim sifati, uning tavsiflari, o‘quv mash­g‘uloti tuzilmasi, ta’lim dasturi bo‘limining mazmuni, shaxslararo munosabatlar shakli va mazmuni).

7. Pirovardida tegishli tarkibiy qismlar bilan birga kirishdagi pedagogik jarayonning nazorat qilinadigan tuzilmasi (masalan, bilish faoliyati)ni chiqishda tegishli tarkibiy qismlar bilan taqqoslashga asoslangan metod.

8. Mushohada orqali tajriba-sinov qilish usuli (umuman, yuz berishi mumkin (butunning yangi sifatlarini aniqlash maqsadida butundagi qism­larning funksiyalarini mushohada yo‘li bilan o‘zgartirish).

9. Imkoniyatlardan to‘liq foydalanish metodi.

10. Taqqoslash metodi (muqobillarni istisno etuvchi qarshi kurash).

11. Tadqiqotchi aralashuvisiz tizimning rivojlanishini prog­nozlash.

Farazlar, taxmin qilinayotgan pedagogik vaziyatlar tuzilayotgan, ularning shaxs shakllanishiga, ta’lim faoliyatining (ta’lim sifatining) pirovard natijasiga ta’siri hisobga olinganda, amalda haqqoniy pedagogik shart-sharoitlarni yaratish mumkin bo‘lmagan hollarda nazariy tadqiqotning sanab o‘tilgan metodlari o‘rnini hech narsa bosolmaydi.

Jamiyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda, uning jadallashuvi yoki depsinishida ta’lim rolining ortib borishi, aholining yangi-yangi ijtimoiy guruhlari va qatlamlarining ta’lim faoliyatiga jalb qilinishi olimlar va mutaxassislarning unga e’tiborini kuchaytirishni talab qiladi.



Ta’lim sifati muayyan ma’noda iqtisodiy omildir, chunki u ishlab chiqarish jarayonlariga, fan-texnika taraqqiyotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu munosabat bilan jamiyatda jarayonlarni tahlil qilish va prognozlash vositasi bo‘lgan tizimli yondashuv, tizimli metodlar g‘oyalari va tamoyillarining haqiqiy ijtimoiy faoliyat nazariyasi hamda amaliyotiga joriy qilish muammosi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tizimli tahlil metodlarini ijtimoiy jarayonlarni baholash va prognozlashda qo‘llash muammolarini ko‘rib chiqqan holda butun ijtimoiy munosabatlar majmui yaxlit hodisa sifatida namoyon bo‘layotganligidan kelib chiqish lozim. Bunda, insonning tabiat bilan o‘zaro munosabatlaridan farqli o‘laroq, inson yoki kishilar guruhining ongli, aniq maqsadga qaratilgan faoliyati ob’yekti sifatida jonsiz buyumlar yoki jarayonlar emas, balki ongga ega bo‘lgan va ong­li faoliyat yuritayotgan odamlar va ijtimoiy guruhlar namoyon bo‘ladi.

Ushbu holatda inson yashayotgan tabiiy, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy muhitning birligi va ajralmasligi haqidagi tezis asosiy qoida hisoblanadi. Mamlakatning madaniy, tarixiy, milliy va diniy xususiyatlari sharoitida ta’limning ijtimoiy-iqtisodiy, me’yoriy-huquqiy va boshqa tomonlar bilan jips aloqada bo‘lishi buning oqibatidir.

Ijtimoiy muammolarni tadqiq qilish moddiy ob’yektlarni tad­qiq qilishdan tubdan farq qiladi. Buni, birinchidan, ijtimoiy ob’yektlarning o‘ziga xosligi va tuzilishi haddan tashqari murakkabligi (xususan, ularning tarkibiy elementlari va aloqalari ko‘p funksionalligi) taqozo qiladi. Ikkinchidan, har doim ham bir xilda talqin qilinmaydigan ob’yektlarni tavsiflash an’anasi vujudga kelganligi; uchinchidan, bu ijtimoiy fanlarning o‘zi murakkabligi, ular inson omilining turli jihatlari bilan jips aloqada ekanligini taqozo etadi.

Jamiyatdagi real jarayonlarni o‘rganish, odatda, mavjud ijtimoiy vaziyatni o‘zgartirish yoki ijtimoiy rivojlanishning yangi konsepsiyalarini taklif qilish ehtiyojiga bog‘liq.

Aloqalarning haddan tashqari murakkabligi ta’lim tizimining xususiyatlaridandir. Bunda ulardagi sabab-oqibat aloqalari ba’zan juda qiyin ilg‘andi, shu bois, ilmiy jihatdan tahlil qilinmay qoladi. Binobarin, uning tavsiflovchi sifat qismlarini, element­larini, omillarini va xususiyatlarini umumiy maqsaddan ajratib olish muhim dastlabki shart, mohiyatan ta’lim tizimlari va jarayonlarini ilmiy modellashtirishga doir ishlarning ilk bos­qichi hisoblanadi. Keyinchalik ob’yektiv ravishda o‘lchanadigan kattaliklar yordamida ularga miqdoriy ma’no baxsh etilib, modelda aks ettiriladi, so‘ng ular o‘rtasidagi eng muhim, asosiy, qonuniy aloqalar belgilanadi.

Ushbu tadqiqot ob’yekti - «ta’lim sifati»ning murakkab va ko‘p darajali xususiyati uni tahlil qilishga tizimli yondashuv zarurligini taqozo qiladi. Tizimli yondashuvni tadqiqot metodologiyasi sifatida qo‘llanish ehtiyoji boshqa yondashuvlar imkoniyati tugab bitganligi bilan emas, balki uning pirovard maqsad sifatida tadqiq qilinayotgan jarayonlarni tashkil etish samaradorligini oshirishi bilan izohlanadi. Aynan tizimli yondashuv barcha muayyan vaziyatlar, nuqtai nazarlar va maqsadlarni ijtimoiy-iqtisodiy omillar majmuasida tadqiq qilgan holda, bir qator muammolarni hal etishga yangicha yondashish imkonini beradi. Shu tufayli mavjud axborotdan to‘liqroq va maqsadga yo‘naltirilgan holda foydalanish, uni darajalar bo‘yicha to‘g‘ri taqsimlash, yuz berishi mumkin bo‘lgan nuqson va kamchiliklarni aniqlash, kechayotgan jarayonlarni o‘rganish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni izchillik bilan izlash imkoniyati vujudga keladi.

Ta’lim sifatiga tizimli yondashuv, birinchidan, uni yaxlit bir butun va tashqi muhit bilan sababiy-oqibatli bog‘lagan holatda ko‘rib chiqishni, ikkinchidan, ta’lim maqsadlari va ushbu sohada qabul qilinayotgan qarorlarni o‘rganishni, uchinchidan, unda yuz berayotgan jarayonlarni modellashtirishni bildiradi.

Kitobda tizimli tahlilning asosiy qoidalarini tavsiflash vazifasi qo‘yilmagan, ularning tavsifini e’lon qilingan ko‘plab maqolalardan qiyinchiliksiz topish mumkin. Bunda, maqsad tadqiq qilinayotgan ob’yektda uni qo‘llash imkoniyatlari va chegaralarini ko‘rsatishdan iboratdir.

Turli sohalarda tizimli tahlil metodlaridan foydalanish masalalarini ko‘rib chiqishda ikki xil yondashuv mavjud.

Birinchi yondashuv tarafdorlari tadqiq qilish jarayonida aniq qo‘yilgan muammoni hal qilish uchun turli o‘zgaruvchanlarni va cheklashlarni o‘z ichiga olgan matematik va mantiqiy tenglamalar tizimi vujudga keltiriladigan «tizimli matematik tahlil»ga tayanadilar. Vazifa matematik yoki imitatsion metodlar asosida tizimning tarkibi yoki maqbullikning pirovard mezoni nuqtai nazaridan eng yaxshi bo‘lgan tizimining konstruksiyalanishi yoki amal qilishi rejasini ko‘rsatuvchi miqdoriy belgilangan yechimini topishdan iborat.

Boshqacha yondashuvda asosiy e’tibor «tizimli mantiqiy tahlil»ga qaratiladi. Bunda tizimli tahlil yechimlarni ishlab chiqish vositasi sifatida, avvalo, muammoni tushunish va tartibga solish yoki ayni narsa hal qilinishi lozim bo‘lgan muammoni «tarkiblashtirish» metodologiyasi sifatida ko‘rib chiqiladi.

Ikkinchi yondashuvning tizimli tahlili - bu tadqiq qilish bo‘lib, uning maqsadi qaror qabul qiladigan boshqaruv xodimiga haqiqiy maqsadlarni muntazam o‘rganish, xarajatlarni, maqsadga erishish strategiyasining har bir muqobili bilan bog‘liq samaradorlik va tavakkalchilikni miqdoriy qiyoslash (buni amalga oshirish mumkin bo‘lgan joyda) yo‘li bilan, shuningdek, agar muqobil deb hisoblansa, qo‘shimcha muqobillarni ta’riflash orqali harakat yo‘lini tanlashda yordam berishdan iboratdir.

Bundan, birinchidan, tizimli tahlil qaror qabul qilishga mas’ul bo‘lgan shaxslarning faoliyatiga yordam berish uchun aniq yo‘naltirilganligi va, ikkinchidan, tahlil metodologiyasining maqsadlarini aniqlash, qayta ko‘rib chiqish va anglab yetishni hisobga olgan holda maqsadga erishishga doir imkoni boricha keng ko‘lamdagi muqobil imkoniyatlarni aniqlaydigan, tahlil qiladigan va baholaydigan qilib qurish kerakligi to‘Qrisida xulosa kelib chiqadi. Metodologiyaning aynan ana shu qirralari ilmiy-tahliliy metodlarning turli faoliyat sohalarida (shu jumladan ta’lim sohasida ham) qarorlar qabul qilishga ta’siri to‘g‘risida gapirish imkonini beradi.

Mamlakatimiz va chet ellik yetakchi olimlarning inson faoliyati turli sohalarida tizimli tahlil usullaridan foydalanish metodologiyasiga yondashuvlarini tahlil qilgan holda, har bir muallif o‘zining tahlilini o‘tkazish bosqichlarining u yoki bu ma’nodagi o‘ziga xos tasnifini taklif etayotganiga qaramay, qarashlarda umumiylik mavjudligiga ishonch hosil qilish mumkin.

Ijtimoiy jarayonlarni tahlil qilish asosiga aynan ana shunday yondashuvlar qo‘yilgan bo‘lishi kerak.

Ijtimoiy sohada tizimli tahlilni qo‘llash imkoniyatlari muayyan tarzda cheklangan. Mutaxassislarning fikricha, tizimli tahlilga murakkab vaziyatlarda qaror qabul qilish to‘g‘risidagi fan sifatida qaramaslik lozim. Bu butkul amaliy yondashuv bo‘lib, uning maqsadi rahbariyatga muayyan muddatda taqdim etilishi kerak bo‘lgan aniq tavsiyalarni ishlab chiqishdan iboratdir.

Ta’limda modellashtirish muammolari o‘zgaruvchanligi miqdoriy o‘lchashda vujudga keladi. U yoki bu sifat ko‘rsatkichlarini kiritishdan oldin, jarayonlarning qadriyat tabiati bilan kelishgan holda, ularni o‘zgartirishga yo‘l qo‘yish mumkinligi haqidagi masalani hal qilish zarur.

Faoliyatning aniq turlarini tuzishdan oldin konseptual model yaratiladi. U go‘yo keyingi o‘ziga xos barcha modellarga zamin yaratib, ularni sharhlash va taqqoslashda yordam beradi.

Konsepsiya mazmuni modelda o‘z aksini topadi. Matnga oid tahliliy tavsifda kiritilgan har bir konsept turli talqinlar chegarasini buzmasa, bir-biriga yaqinlashtiradigan kontekst bilan to‘ldirilgan bo‘ladi. Qandaydir bitta o‘zgaruvchanning (konseptual sxema bo‘g‘inining) noto‘g‘ri idrok etilishi butun konstruksiyaning noto‘g‘ri idrok etilishiga olib keladi. Faqat ijodiy izlanish, xilma-xil yondashuvlar orqali chuqur mazmunga ega bo‘lgan samarali universal modelni yaratish mumkin bo‘ladi.

Ta’lim faoliyati favqulodda jo‘shqin bo‘lib, uning elementlari orasidagi aloqalar unchalik bir xilda kechavermaydi, ayni mahalda turli o‘lchamlarda namoyon bo‘ladi. Bitta aloqani aks ettirishga urinib, jiddiylikda kam bo‘lmagan boshqa modelni beixtiyor boy beramiz.

Ta’lim modelida tarkibiy qismlar muayyan jarayonlarning aksi sifatida namoyon bo‘lishi kerak. Shuningdek, ta’lim faoliyati elementlarni qandaydir tartibga, tizimga, uyushishga bo‘ysundirish usuli ekanligiga ham e’tiborni qaratamiz. Aynan ana shu tizimli-tashkiliy jihatni ta’lim tizimi va kadrlar tayyorlash modelida ifodalashga urinib ko‘ramiz.

Ushbu tizim dastavval ikki tomon, ya’ni, tashqi ijtimoiy tashkil etish va tashqining aksi bo‘lgan ichki tashkil etish sifatida namoyon bo‘ladi. Biz «ta’lim» deb ataydigan narsa uning ichki ijtimoiy tashkil etilishidir.

Kadrlar tayyorlash va uzluksiz ta’lim tizimi modelida element­larning uch blokini ajratib ko‘rsatish mumkin. Bular: predmet-funksional va qadriyat yo‘nalishi, tashqi va ichki tashkil etishdir. Predmet-funksional, qadriyat yo‘nalishi unsurlari atrofida faoliyat maydoni hosil bo‘ladigan qandaydir o‘qni tashkil qiladi. Unda, ikkita qutb o‘rtasidagi kabi o‘zaro aks etish va unsurlarning tortishishi yuz beradi.

So‘ng modellashtirishning navbatdagi bosqichi - blok unsurlarini ajratib olish keladi.

Predmet-funksional, qadriyat yo‘nalishida maqsad, funksiya va natijani ajratib ko‘rsatamiz. Ularning ahamiyati quyidagicha, ya’ni faoliyat predmetining qadriyat mazmuni funksiyada aks ettirilishida, predmetning tashqi borlig‘ining sub’yekt ehtiyojining holati bilan aloqasida namoyon bo‘lishi mumkin. Funksiya natijada «buyumlashadigan» ehtiyojda takrorlanadi.

Tashqi tashkil etishda, chamasi, nafaqat sub’yekt harakatlari vositalari tarkibini, balki ular faoliyat turlarida qanday aks ettirilishini, sub’yektga qanday harakat usullarini baxsh etishini izlash muhim. Ushbu blokda quyidagilarni: texnologiyalarni, belgilovchi usullar tarkibini, harakatlarning usullari, tarkibi, izchilligini, belgilovchi texnologiyalarni, metodlarni, so‘ngra ijtimoiy tashkil etishni, ya’ni ijtimoiy kommunikatsiya, boshqa sub’yekt­lar bilan muloqot usullarini, jalb qilinadigan texnologiyalar va vositalarni ijtimoiy tashkil etishning funksiyasini aks ettiruvchi infratuzilmani ajratamiz.

Ichki tashkil etish blokiga quyidagi tarkibiy qismlar kiritilishi mumkin:

1) yo‘nalish - u orqali funksiyaga va uni amalga oshirish vositalariga munosabat, dispozitsiya belgilanadi;

2) undash - u orqali ichki holat ifodalanadi va uning ichki faolligi, o‘zini o‘zi ro‘yobga chiqarishi kelib chiqadi;

3) moslashish va ishlab chiqish - ular orqali, ta’lim sohasiga jalb qilinadigan elementlarning dastavval moslashishi, so‘ngra o‘zgarishi jarayoni shu harakatlar orqali kechadi.

Elementlarning u yoki bu blokka taalluqliligi ular dinamikasining umumiy yo‘nalishigagina urg‘u beradi. Shu bilan birga, biron-bir element tadqiqotchining diqqat markaziga tushsa, tizimning butun tuzilmasi uning o‘z o‘lchovida namoyon bo‘ladi.

Konseptual model uni izohlaydigan tushunchalar sharhiga muhtoj. Konseptual modelni ob’yekt yaxlitligini nazariy tushunish sifatida tasavvur etish mumkin, u tadqiqotning barcha bosqichlarida o‘zi haqidagi tizimli tasavvurlarni qo‘llab-quvvatlaydi, ke­yingi barcha modellar uchun tarkibiy asos bo‘lib xizmat qiladi, nazariy qoidalar va empirik ma’lumotlar asosida quriladi, navbatdagi har bir bosqichda yangi ma’lumotlar munosabati bilan o‘zgaruvchan modellar ma’no-mazmunini aniqlash zarur. Ta’lim tizimi va ta’lim jarayoni real holatining modeli o‘zgaruvchanlarning konseptual modeliga kiritilgan o‘lchov natijasi sifatida berilgan.

Birinchidan, model real aloqalar va imkoniyatlardan kelib chiqadi, ikkinchidan, u yechimning maqbul yo‘llarini topishga, real imkoniyatlarda ko‘proq samara olishga erishishga yo‘naltiriladi. Bunda ta’lim jarayoni ikkita asosiy komponentni - real holat va imkoniyatni o‘z ichiga oladi, ya’ni birga olganda bu ta’limning real mumkin bo‘lgan yoki bo‘lishi mumkin - real holati, demakdir.

Tadqiqotimiz maqsadini e’tiborga oladigan bo‘lsak, u holda ta’lim jarayonlarini ular ta’lim tizimida bajarayotgan rolga ko‘ra tavsiflash o‘rinlidir. Shu asosda quyidagi jarayonlarni ajratib ko‘rsatamiz:


  • ta’lim tizimini shakllantirish;

  • ta’lim tizimini barqarorlashtirish;

  • ta’lim tizimining ish yuritishi;

  • ta’lim tizimining moslashishi, ya’ni o‘zgaruvchan tashqi sharoitlarga moslashuvi;

  • o‘tish jarayonlari (masalan, ta’lim muassasalarini boshqarishni markazlashuvdan xalos etish jarayonlari).

Ta’lim tizimining boshqariluvchanlik darajasi — unga bosh­qariladigan va boshqarilmaydigan o‘zgaruvchanlar nisbati bilan belgilanadigan, umuman olganda maqsadli ta’sir ko‘rsatish imkonini ifodalaydigan o‘zgaruvchandir. Boshqariladigan o‘zgaruvchanlar nechog‘li ko‘p bo‘lsa, tizimning boshqariluvchanlik darajasi shunchalik yuqori, bosh­qarilmaydigan o‘zgaruvchanlar nechog‘li ko‘p bo‘lsa, tizimning boshq­ariluvchanlik darajasi shunchalik past bo‘ladi.

Shuni ta’kidlash kerakki, ta’lim tizimi boshqariluvchanligining real darajasi sub’yekt tomonidan har doim ham mos ravishda aks ettirilmaydi, u yetarli darajada baholanmasligi yoki, aksincha, haddan tashqari yuqori baholanishi mumkin.

Samaradorlik - ta’lim tizimining o‘zgaruvchanligi uni baholash kutilayotgan natija - ta’lim sifati nuqtai nazaridan ifodalanadi. Agar haqiqiy natija kutilayotgan natijaga asosan mos bo‘lsa, u holda samarali jarayon haqida, to‘liq mos bo‘lsa, - maqbul, qisman mos bo‘lsa - kam samarador jarayon ekanligi haqida, mos kelmasa - samarasiz jarayon ekanligi haqida gapirish mumkin bo‘ladi.

Ta’lim jarayoni misolida ta’lim tizimining alohida tarkibiy qismlarini va ularni modellashtirishni tahlil qilamiz.

O‘quv mashg‘uloti va sub’yektning amaliyotda to‘laqonli ishtirok etishga tayyorligi shakllanadigan muayyan hayotiy vaziyat ta’lim sohasidagi barcha jarayonlarning dinamik negizi hisoblanadi.

O‘quvchilar mashg‘ulotlarda o‘zlashtiradigan qadriyatlar tarkibi va mazmuni - muayyan o‘quv predmetlari sohasidagi mutaxassislar va pedagoglarning vakolatiga kirgan ish. Agar ta’lim insonni fao­liyatning muayyan turlarini samarali amalga oshirishga tayyorlash deb qabul qiladigan bo‘lsak, u holda ta’lim va uning har bir fazasini ta’lim jarayonida tayyorgarlik ko‘riladigan kelgusi faoliyatning muayyan modeli sifatida tasavvur etish mumkin.

Ta’limning muhim xususiyati uni mehnatdan farqlaydi. Bu mehnat jarayonida amaliyot inson oldiga qo‘yadigan hayotiy vaziyat; ta’lim, bu - imitatsion model bo‘lib, uning mazmuni muhim tarkibiy qismlarda o‘quvchi tomonidan loyihalashtirilgan bo‘ladi. Ammo ta’lim shunchaki imitatsion model emas, balki o‘quvchi bilan o‘qituvchining murakkab, integratsiyalashgan birgalikdagi alohida faoliyati demakdir. Bunda qadriyatlar aloqasi yuz beradi, ularni o‘zlashtirish mexanizmlari vujudga keladi.

Shunday qilib, ta’limda biz ikki turdagi faoliyatning alohida modeli: o‘quv faoliyati va o‘quvchi faoliyati modeli bilan ish ko‘ramiz. Ta’lim jarayonini hosil qiluvchi faoliyat, metodlar, texnologiyalar tizimi bir turdagi intellektual qadriyatlar kommunikatsiyasi ikkinchi turga o‘tishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ta’lim jarayoni tarkibi uch o‘lchovda taqdim etilishi mumkin.

Birinchidan, faoliyat va ta’limning normativ modellari, ularning talablari va yo‘nalishlarini takror ishlab chiqish va amalga oshirish fazalari va shakllarida. Shunga muvofiq ravishda o‘quv dasturlari, rejalar, metodlar va texnologiyalar, ularning ta’lim tizimida aks ettirilishi va amalga oshirilishi tahlil ob’yekti bo‘lib xizmat qiladi. Ta’lim fanlarining tarkibi va ularni o‘zaro muvofiqlashtirish muammolari tadqiq qilinadi.

Ikkinchidan, ta’lim modeli o‘quvchi bilan o‘qituvchining o‘zaro munosabati sohasini, uning tarkibini qamrab oladi, o‘quv mashg‘ulotlarining haqiqiy turkumidan, ya’ni ta’lim jarayoni texnologiya­sidan iborat bo‘ladi.

Uchinchidan, ushbu struktura o‘quv omillari va o‘quvdan tashqari omillarning keng ko‘lamdagi o‘zaro munosabati nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilishi mumkin.

Ta’lim amaliyotidagi o‘zgarishlar nazariy jihatdan anglab yetilgan, mavjud nazariy modelga yangicha mazmun baxsh etgan taqdirda mustahkam negizga ega bo‘ladi.

Ta’lim modellarini tuzishga bir necha xil yondashish mumkin:

1) ta’lim faoliyatining vujudga kelgan shakllarini tahlil qilish va qayta qurish, ta’limning muayyan shakllari va elementlari o‘rtasidagi aloqalarni, tarkibiy aloqalarni tiklash, ularning o‘quvchilarni ijtimoiy-madaniy rivojlantirishdagi mazmuni va funksiyalarini aniqlash;

2) faoliyatning u yoki bu shakliga xos bo‘lgan muayyan mashg‘ulotlardan kelib chiqqan holda, amaliyot sohasida sub’yektning unumli faoliyati o‘xshashlaridan modelni (va shunga muvofiq ravishda ta’lim faoliyati shakllarini) loyihalashtirish.

Ta’lim tizimini modellashtirishda ham metodologik, ham metodik jihatdan hal etilmagan muammolar ko‘proqdir. Ammo ularning qo‘yilishi ta’limning ushbu muhim sohasini o‘zlashtirish uchun bo‘lishi mumkin. Tayyorlash maqsadlari, mazmuni va shakllarida umumiy ta’lim bilan maxsus ta’limning nisbati shulardan biridir. Qanday mutaxassisni tayyorlash kerak? Ta’limning barcha shakllarida universal ta’lim bilan maxsus ta’lim o‘lchovi qanday bo‘lishi lozim?

Har qanday shakldagi ta’lim shu ma’noda universalki, bunda uning mazmuni mutaxassis tayyorlanayotgan faoliyat turi bilangina izohlanmay, balki inson madaniyatini universal rivojlantirish ehtiyojlaridan ham kelib chiqadi. Kasb ta’limi insonni kasbga tayyorlabgina qolmay, balki uni madaniyatni yaxlit holida o‘zlashtirishga yo‘naltiradi. Shunga muvofiq ravishda kasbiy ta’lim modeli ham kamida ikkita blok, ya’ni, ta’limning umumta’lim va kasb ta’limi tarkibiy qismlaridan iborat bo‘lishi kerak. Universal mazmun jamiyat madaniyati holatidan kelib chiqqan bo‘lib, insonning fundamental o‘zaro munosabatlarini aks ettiradi. Gumanitar, tabiiy-ilmiy, texnologik ta’lim - bu ta’lim uning mus­taqil yo‘nalishlari va uning maxsus shakllaridan har birining muqarrar tashkil etuvchisi, demakdir.

Bizningcha, ta’lim sifatining tarkibiy elementlarini ham aynan shu tarzda ajratib ko‘rsatish lozim.

Gumanitar ta’lim insonda boshqa odamlar bilan muloqot qilish madaniyatini shakllantiradi, unga o‘z hayotining mazmuni va maqsadini belgilab olishda, jamiyatda o‘z o‘rnini topishda, o‘z imkoniyatlarini chamalashda yordam beradi. Tabiiy-ilmiy ta’lim insonning tabiat bilan o‘zaro munosabati mazmunini, uning tabiiy rivojlanish tamoyillari va qonuniyatlarini ochadi, uni o‘zlashtirishning maqbul usullarini topishda yordam beradi. Texnologik ta’lim jarayonida inson nafaqat kasb faoliyatida, balki ijtimoiy hayotning turli sohalarida, madaniy hayotda duch kelish mumkin bo‘lgan fan-texnika yutuqlarini, zamonaviy madaniy hayot tamoyillari, metodlari va texnologiyalarini o‘zlashtiradi.

Ta’limni modellashtirishda ta’lim modelining «zamonaviy» tarkibiy qismini belgilash kabi jiddiy muammo ham mavjud. Zamonaviy ta’lim o‘z mazmuniga ko‘ra ancha murakkab va uzoq davom etadigan jarayon. Ayrim turdagi ta’lim muddatlari bir necha haftadan o‘nlab yillargacha davom etishi mumkin. Ta’lim tizimi (shunga muvofiq ravishda ta’lim sifati ham) hozirdayoq o‘z maqsadiga ko‘ra texnologik va ijtimoiy rivojlanishda amaliyotdan o‘zib ketishi kerak. Lekin bu o‘sish qay yo‘sinda bo‘lishi kerak? Prognozlangan modelni ancha uzoq istiqbolga surib qo‘yar ekanmiz, uning ishonchlilik darajasini pasaytiramiz. Qisqa turkumlarda madaniy tajribani moslashgan o‘quv modeliga, o‘quv ishi metodlari va texnologiyalarini o‘rganishga o‘tkazishda qiyinchiliklar tug‘iladi. Ta’lim siyosatini muvofiqlashtirish uchun ushbu jarayonda muayyan turkumlarni yuzaga keltiruvchi ta’lim modellarini yangilash me’yorlari zarur bo‘ladi.

Shuni qayd qilish kerakki, ta’lim tizimining omilli modeli­ga muvofiq unga quyidagi to‘rt yo‘nalish bo‘yicha ta’sir ko‘rsatish mumkin:

1) tizimning tashqi manbalariga, ya’ni, uning tashqarida faoliyat ko‘rsatishini keltirib chiqaruvchi va belgilovchi sabablariga ta’sir ko‘rsatish;

2) ta’lim tizimining ichki manbalariga, ya’ni uning ichdan faoliyat ko‘rsatishini keltirib chiqaruvchi va belgilovchi sabablariga ta’sir ko‘rsatish;

3) ta’lim jarayoni shart-sharoitiga ta’sir ko‘rsatish;

4) ta’lim jarayoni omillariga, ya’ni uning ayrim o‘zgaruvchan modellariga ta’sir etuvchi sabablarga ta’sir ko‘rsatish.

O‘tkazilgan tadqiqotlar umumlashgan xulosani ta’riflash, ta’lim sohasidagi boshqarish ushbu sohani barqarorlashtirish va o‘zgartirishda muhim o‘rin tutishi haqida amaliy taklif kiritish imkonini berdi.

Kadrlar tayyorlash milliy modelida keyingi paytlarda o‘zaro munosabatlarda vujudga kelgan tizimga oid kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida davlat, jamiyat va ta’lim o‘rtasidagi munosabatlar chegaralari belgilab berilgan.

Bizningcha, bugungi kunda ta’lim va jamiyat ta’sir ko‘rsatishning tizimli-samarali, tizimli-ahamiyatli, tashkiliy-iqtisodiy, o‘quv-ta’lim, ijtimoiy-siyosiy va boshqa chora-tadbirlarni izlab topilishi hamda ularning amaliy hal etilishiga muhtoj. Bu ta’sirlar jamiyat va ta’lim tomonidan o‘zaro to‘ldiriladigan bo‘lishi lozim, ammo ular bir-biriga o‘xshash bo‘lmasligi, ayniqsa, o‘zaro kurash olib bormasligi hamda muvofiqlashtirish mumkin bo‘lishi kerak.

Bugungi kunda ta’lim sohasi, bizningcha, Milliy model asosida ushbu sohani ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat va mamlakatni rivojlantirish istiqbollari bilan muvofiqlashtirish; o‘z kuchiga hamda muayyan darajada mavjud moddiy-texnika bazasiga tayanish; tegishli mutaxassislar tayyorlanishidan manfaatdor bo‘lgan tuzilmalardan qo‘shimcha moliyaviy mablag‘larni jalb qilish yo‘nalishlarida shakllanib bormoqda.

Shunday qilib, o‘zaro munosabatda mavjud bo‘lgan bir-biri bilan bog‘liq asosiy tushunchalar ko‘rib chiqildi. Bunda ta’lim sohasi ijtimoiy institut sifatida berilgan. Jonli ijtimoiy organizm hisoblangan ta’lim sohasi yo‘naltiradigan boshqarish ta’siriga muhtoj.

Ta’lim sohasidagi boshqarishning o‘ziga xos xususiyatlari quyidagicha ifodalangan:



  • uzluksiz ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimining o‘ziga xosligi;

  • ijtimoiy hayotning boshqa sohalari o‘rtasidagi aloqalar;

  • ta’lim sohasi ta’sir ko‘rsatishning tizimli ob’yekti bo‘lib qolganligi uchun boshqarishning tizimliligi;

  • boshqarish ob’yekti goh ta’lim jarayoniga qadar torayib borishi, goh davlat va jamiyat darajasida kengayib borishi;

  • ta’limda boshqarish ob’yekti tashkil etishning ikki: o‘quv - predmetli va ijtimoiy shakli bilan, shuningdek, boshqarish va o‘zini o‘zi boshqarish yaxlit bir butunning ichidagi umumiy va maxsus jihatlar singari birlashib ketishi;

  • ta’lim va jamiyat o‘rtasidagi ta’lim xizmatlarini bevosita boshqarish va marketing bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan tizimli-samarali munosabatlarga o‘tilishi va hokazolar.

Ta’lim sifatini boshqarishga ilmiy yondashuvlarni ishlab chiqish xorijda XX asrning 20-yillarida, mamlakatimizda esa 50-yillarida boshlangan edi. Bizda bu ish uzoq vaqt mobaynida jahonda amalga oshirilayotgan ishlardan ajralgan holda olib borildi. Agar chet elda ta’lim sifatini boshqarish samaradorligini oshirish usullarini izlash ishlari avval boshdanoq ijtimoiy bosh­qaruvning umumiy nazariyasi yutuqlari asosida amalga oshirilgan bo‘lsa, mamlakatimizda asosan pedagogika nazariyasi qoidalariga tayangan edi. Ammo 80-yillarning o‘rtalaridan boshlab bu uzilish jadallik bilan bartaraf etila boshladi.

Ijtimoiy boshqarish fanini rivojlantirish O‘zbekistonda va xorijda ta’limni boshqarish muammolari yechimini nazariy jihatdan idrok etishga va izlashga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Ijtimoiy tashkilotlarni boshqarishning umumiy g‘oyalari ta’lim sohasida boshqarish muammolarini ilmiy ishlab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qildi.



Yüklə 0,82 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   81




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin