Jun gazlamalar. Bularga tabiiy jun va yarim-jun gazlamalar kiradi. Tabiiy jun gazlamalar o'zining issiqni saqlash xususiyati bilan afzal. Ular mustahkam va mayin bo'ladi, lekin yuvishga chidamsiz, suvda kirishadi.
Sof junli ko'ylakbop gazlamalarning katta qismini yuqori uzilishga ega bo'lgan iplardan mayda o'rilishda to'qilgan jilvali “krep” nomli gazlamalar tashkil,qiladi. Pardozlanishi - oqartirilgan yoki sidirg'a rangli. Yarim jun gazlamalar polotno, sarja, mayda va yirik gulli o'rilishda ishlab chiqariladi. Pardozlanishi - sidirg'a rangli, turli rangdagi iplardan yo'l-yo'l yoki kataksimon naqshda to'qilgan va gul bosilgan bo'ladi. Bu gazlamalarning katta qismi sarja o'rilishdagi klassik-kashemir” nomli gazlamalar tashkil qiladi. Ularning yuza zichligi 100 -270 g/ m2.
Yarim-jun gazlamalar jun tolalari va kimyoviy tolalar aralashmasidan iborat (viskoza, kapron, lavsan, nitron). Bu esa ularni sifat ko'rsatkichini yaxshilaydi, ya’ni suvda kirishishi kamayadi, mustahkamligi oshadi. Lekin mayinlik xususiyati kamayadi. Yarim jun ko'ylaklik gazlamalarda junning miqdori 18-80 %, lavsan tolasining miqdori 20-50 % tashkil etadi.
Sintetik tolalarni (lavsan, nitron, kapron) yarim jun gazlamalarga qo'shilishi natijasida ularning sitiluvchanligi yo'qoladi, yirtilishiga chidamliligi ortadi, ishqalanishga sof jun tolalarga nisbatan chidamliligi ortadi. Yarim jun gazlamalarning yuza zichligi 150-320 g /m2 .
Ipak gazlamalar. Ipak gazlamalarini ishlab chiqarish uchun turli xom ashyolar, jumladan tabiiy ipak, sun’iy va sintetik birikkan iplar, sun’iy va sintetik tolalardan olingan iplar kiradi.
Barcha ipak gazlamalarning umumiy hajmiga nisbatan tabiiy ipak iplaridan olinuvchi gazlamalarning miqdori faqat 2-3 % ga yetadi. Biroq bu gazlamalarning nafisligi, mayinligi, tashqi ko'rinishining chiroyligi, yuqori gigiyenik xususiyatlari boshqa tolali ipak gazlamalaridan yuqoridir. Tabiiy ipak gazlamalarning xususiyatlari ko'p vaqt davomida uncha o'zgarmaydi ham. Bu guruhning katta qismini krepdeshin, krep-jorjet, krep-shifon nomli gazlamalar tashkil qiladi. Bu gazlamalarni ishlab chiqarishda yuqori yechilishga ega bo'lgan (krep) iplardan foydalaniladi. O'z navbatida bu iplar chiziqli zichligi 1,56; 2,33 va 3,23 teks bo'lgan xom ipak iplaridan pishitib olinadi. Gazlamalarning o'rilishi polotno bo'lsa ham, tarkibida krep iplari ishlatilgani tufayli, ularning sirtida mayda donli naqsh hosil bo'ladi. Krep gazlamalari oson cho'ziladi, qiyshayib ketadi, iplari to'kiladi. Shu sababli ularni to'quvchilikda ishlatish qiyin. Pardozlash turlari - sidirg'a rangli, oqartirilgan va gul bosilgan bo'ladi. Tabiiy ipak gazlamalarning yuza zichligi 25-190g/ .
Tabiiy ipakdan sirti silliq bo'lgan gazlamalar ham olinadi. Polotno o'rilishda va atlas o'rilishida to'qilgan milliy gazlamaga xon-atlas kiradi. Polotno xom, oqartirilgan va kam miqdorda gul bosilgan holda pardozlanadi. Xon-atlaslar esa abr usulida turli ranglarga bo'yalgan iplardan to'qiladi. Tukli gazlamalarga baxmal kiradi. U ipak tolasidan yigirib olingan iplardan tanda tukli o'rilishda ishlab chiqariladi.